Eng koʻp sotilayotgan kitob – bu eng yaxshi kitob deganimi?

0
584
marta koʻrilgan.

“Nima oʻqiyotganiga qarab insonning kim ekani haqida baʼzi bir xulosalarni chiqarish mumkin”, degan gapni eshitganman. Shuning uchun boʻlsa kerak, baʼzan koʻchadami, ulovdami kimdir kitob oʻqib ketayotganini koʻrsam, darrov uning qanday kitob oʻqiyotgani bilan qiziqaman.

Bashang kiyingan, bamaʼniga oʻxshab koʻringan odamlarning koʻpchiligi faqat shunchaki oldi-qochdi kitoblarni berilib oʻqiyotganini koʻrganda, toʻgʻrisi, baʼzan ularga tushunolmayman. Bunday kitoblar pul ketkazib sotib olishga, koʻz nurini, vaqtni, umrni sarflab oʻqib chiqishga arzirmikan, degan savol xayolimda aylanaveradi.

Kitob doʻkonlariga kirganimda bugun qaysi kitoblar eng koʻp xarid qilinayotganiga qiziqaman. Odamlar nimalarni talashib-tortishib oʻqiyapti ekan, deyman. Ular oʻqiyotgan kitoblardan men ortda qolib ketmadimmikan, deb xavotirga ham tushaman. Qaysi kitobning xaridori koʻpligini baʼzan sotuvchilardan soʻrab-surishtiraman. Ayrim mualliflarga kitob doʻkonlarida butun boshli rasta ajratilganini koʻrganimda bular juda zoʻr kitob boʻlsa kerak, degan oʻyga boraman.

Bugun yangi-yangi kitoblar nashr etilayotgani, ularga kitobxonlar talabi ortib borayotgani, kitob tanlashda har kim oʻz ixtiyoriga ega ekani juda xursand boʻlarli holat, albatta. Endi, nazarimda, bugun koʻplab nusxalarda qayta-qayta chop etilayotgan va kitobxonlar qoʻlidan qoʻymay oʻqiyotgan baʼzi bir kitoblarga soha mutaxassislari, olimu noshirlarning munosabatiga ham ehtiyoj borday tuyiladi.

Balki sizning ham koʻzingiz tushgandir, bugun hamma kitob doʻkonlarida amerikalik pedagog Deyl Karnegining kitoblari alohida rasta qilib terib qoʻyilgan. Sotuvchilarning aytishicha, bu kitoblarga talab juda katta emish.

Men ham shu kitoblardan ayrimlarini sotib olib oʻqib chiqdim. “Doʻst orttirish va odamlarga taʼsir koʻrsatish” “Mansab pillapoyalaridan qanday koʻtarilish mumkin?”, “Bezovtalikdan xalos boʻlish va yangi hayot boshlash sirlari”, “Oʻz-oʻzidan ishonch hosil qilish va omma oldida soʻzlash sanʼati”, “Odamlarga yoqishning olti usuli” kabi kitoblarni oʻqib, toʻgʻrisi, oʻzim uchun alohida bir yangi dunyo kashf etolganim yoʻq. Bularning bari oʻzimizning allomalarimiz aytgan sara-sara bilimlarning bir uvogʻidek boʻlib koʻrindi. Biz asrlar davomida turli fan sohalari boʻyicha butun dunyoga dars berib kelgan alloma zotlarning zurriyotlarimiz. Nahot, yangi asrga kelib, ota-bobolarimizning taʼlim-tarbiya, maʼnaviyat va axloq haqidagi mustahkam qarashlari bizga foyda bermay qoʻydi? Nahot, ularning pand-nasihat va oʻgitlari bizga oʻz-oʻzimizni idora etish, doʻst tanlash, boshqalar bilan muomala qilishni oʻrgata olmay qoldi? Bugun hatto xitoy, nemis, ingliz yo yaponlar bizning ajdodlarimiz merosini oʻqish uchun tilimizni oʻrganayotgan bir pallada, bu masalaga bizning munosabatimiz qanday? Qachondan beri bizga yetti yot begona bir “maʼnaviyat” ming yillardan beri targʻib qilib kelinayotgan urf-odat, qadriyat va anʼanalarimizga zid ravishda pichoqni oʻng qoʻlda, sanchqini chap qoʻlda ushlab, chap qoʻl bilan ovqatlanishdan taʼlim beradigan boʻldi?

Menimcha, bu kabi masalalarda olimlar, soha vakillari, mutaxassislar oddiy oʻquvchiga toʻgʻri yoʻl-yoʻriq koʻrsatib, har bir kitobning asl qiymatini koʻrsatib berishi zarur.

 

Abdusattor ZUFAROV,

Samarqand viloyati

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.