Mulkdan foydalanish madaniyati

0
185
marta koʻrilgan.

(Feletonnamo)

Dam olish kunlarining birida eshik qoʻngʻirogʻi asabiy jiringladi. “Svet”dan kelishgan ekan. “Falon ming soʻm qarzlaring bor”, degan “xushxabar”ni yetkazishdi. Uch kun oldin elektr energiyasi haqini toʻlab kelgan boʻlsak, qanday qarz boʻlishimiz mumkin? Toʻlov qogʻozlarini koʻrsatdik. Harqalay, tokni uzib ketishmadi.

Oradan biroz oʻtib, qoʻngʻiroq yana jiringladi. Bu safar qattiqroq va uzunroq. Chiqsak, endi issiq suvdan ekan.

– Falon ming soʻm qarzlaring bor, falon oydan beri toʻlanmagan, mana!

Qarasak, chindan ham shunday yozilgan. Yana hayronmiz. Uch kun avval issiq suv haqiniyam toʻlagan boʻlsak…

– Qanaqa qarz boʻlishi mumkin? Kommunal haqlarni har oy toʻlab boramiz…

– Yoʻq, aka, qarzlaringiz bor. Hozir toʻlamasangiz, keyin sudda toʻlaysiz baribir.

Oʻzbekchilik emasmi, bunday soʻzlarni eshitganda odam sergak tortadi. Lekin rost, oyma-oy toʻlovlarni toʻlab borsak, nega bular qarzni boʻyinga ilayapti?..

Xullas, u boʻldi, bu boʻldi, qoʻlda kvitansiya bilan yozning issigʻida bir haftamiz issiq suvdan “qarzdor emas”ligimizni isbotlashga ketdi.

Savol tugʻiladi: nega shunday boʻldi? Buning nomi nima? Bizning oʻz huquqimizni yaxshi bilmasligimizmi yoki uni himoya qilishdagi ojizligimiz? Kommunal toʻlovlarni undiruvchi idoralarda ishlovchi ayrim xodimlarning, oʻzlarining tili bilan aytganda, shunchaki “anglashilmovchilik tufayli “adashish”larimi?

Yoʻq, muammoning asl sababi, bizningcha, bular emas. Oʻylashimizcha, mulkdan foydalanish madaniyati bilan bogʻliq ogʻriqli joylarimiz bor. Keling, shu haqda fikrlashamiz.

 

Orqaga yuradigan hisoblagich

Dunyoda bizdek innovatsion gʻoyalarga boy odamlar kam boʻlsa kerak. Esingizda boʻlsa, bir paytlar qishloq joylarda elektr hisoblagichni orqaga aylantirib qoʻyishardi. Qasam ichib aytish mumkin, oʻsha asbobni ixtiro qilgan olim yoki uni ishlab chiqargan muhandis-texnologlar ham buni koʻrsa, hushidan ketib qolishi hech gap emasdi. Ammo bu yangilikka oʻch odamlar uchun oddiy gap edi. Qoyil qolasiz, “uchyorchik”ni toʻxtatib qoʻyish yoki orqaga yurgizish uchun unga choʻp tiqisharmidi-yey, sim oʻtkazib qoʻyisharmidi-yey, ishqilib, nima qilsa, qilishardi. Mahallaga “svet”dan odam kelib qolsa, koʻring edi tomoshani. Hamma uyiga yugurgilab qolardi. Ishlatgan elektr energiyasi haqini toʻlab qoʻyish uchun emas, albatta. Tezda borib, elektr hisoblagichdan choʻpni sugʻurib qoʻyish uchun! Ulgurmaganlari kelgan montyorning (elektrdan kelgan odamni shunday atashardi) oyogʻiga yiqilgudek boʻlib, yalinardi. “Montyor” ham yaxshi odam boʻlardi. Yaxshi muomala, qolaversa, chap choʻntagiga tushib turgan toʻrt-besh soʻm choychaqaning tafti tufayli, odamlarga “muruvvat” koʻrsatardi. Hatto, “kelishish”ning evini qilganlarning uyidagi “uchyorchik”ning qulogʻini oʻzi burab berardi. Shunday burardiki, hisoblagich zingʻillab ortga chopqillardi…

Bugun bu tomoshalar yoʻq. Aytishlaricha, yangi chiqqan raqamli hisoblagichlarning qulogʻini burab boʻlmaydi. Ammo tomoshaning ikkinchi pardasi namoyish etiladi hozir. U mahalla idoralarida qoʻyiladi. Har bir seans oyning muayyan kuniga belgilangan boʻlib, uning ijrochilari – bolalar va kam taʼminlangan oilalarning nafaqa pullarini tarqatuvchi shaxslar, kommunal toʻlovlarni undiruvchilar va nafaqani olishga kelgan kishilar boʻladi.

– Falonchiyeva, tez pulingizni oling-u, “svet”ning pulini toʻlang!

“Svet” puli qishloqlarda, negadir, standart qilib belgilangan. Hamma – uch xonali uyi borlar ham, olti xonali uyi borlar ham bir xil, deylik, oyiga yigirma ming soʻmdan toʻlaydi. Mahalladagi tomoshaga qaytamiz.

– Nima, toʻlab ahmogʻingiz bormi, akasi? – deydi Falonchiyeva. – Kuniga oʻn soat chiroq oʻchiq boʻladi-yu, men sizga pul toʻlarkanmanmi?

– Koʻp gapirmang, – deydi “mutasaddi”. – Eringiz ishlaydi, qaynotangiz ishlaydi, tagʻin yil boʻyi davlatdan nafaqa olasizlar. Toʻlang, boʻlmasa, bolalaringiz pulini oʻchirtiraman!..

Kun davomida, nafaqa pullari to oxirigacha toʻlab boʻlingunga qadar, u yerdan “qiy-chuv”, “sen-men” tugamaydi.

Birorta insofli oqsoqol turib aytmaydiki, ey, birodarlar, davlat mulki, bu – xalq mulki! Tok boʻladimi, gaz boʻladimi, suv boʻladimi, xonadoningizga oʻzi kirib borayotgan boʻlsa, undan foydalanyapsiz, shu aziz neʼmatlarning hurmati, ishlatganingiz haqini toʻlab qoʻying! Kambagʻal boʻlib qolmaysiz! Elektr ham yerning ostidan buloqdek oqib chiqmaydi, uni paydo qilish uchun milliardlab mablagʻ sarflanadi. Ming-minglab qorakoʻz insonlar sogʻligʻidan kechib, mehnat qiladi. Gaz ham shunday. Suvni-ku aytib oʻtirmaylik. Manaman degan rivojlangan mamlakatlar ham ichimlik suvini oltin narxida sotib oladi. Siz uyingizda, qoʻpol boʻlsa ham aytaman, yotib olib, suv ichayapsiz-ku. Baraka topkurlar, shuning shukrini qilmaysizlarmi?..

Yoʻq, shukr qilish tuygʻusi koʻpchiligimizdan yiroqlashib ketgan. Keling, tan olaylik, bizda yomon bir illat bor. “Ha, bu davlatniki-da”, deymiz. “Davlat mening bir soʻmim bilan boyib yo kambagʻallashib qolarmidi”, deymiz.

Koʻrgan boʻlsangiz, baʼzi avtobus oʻrindiqlarining orqasiga qarab boʻlmaydi. Ularga nomaʼlum “rassom”larning “shedevr kartina”lari tushirilgan. Betayin “muallif”larning “+”, “-” “asar”lari bilan toʻldirib tashlangan oʻrindiqlarniyam koʻp uchratganmiz. Shu ishni qilayotgan oʻspirin yaxshi oilada tarbiya topyapti deb oʻylaysizmi? Ota-onasi unga: “Bolam, koʻcha-koʻydagi narsalar davlatniki, davlatnikimi, demak, shu xalqniki, uni eʼzozla, undan toʻgʻri foydalan”, deya nasihat qilib turadimi? Bu gaplar ular uchun kulgili-ku!

Eʼtibor berganmisiz, birovning avtomobilini ijaraga olib yurgan koʻp haydovchilar moshin jonivorni eshakdek boshqarishadi. Ariqlardan sakratib oʻtib ketayotgan, joyidan yerni kavlatib qoʻzgʻatayotgan, chiyillatib tormoz berayotgan (katta shaharlarimizda tunlari ana shunday “chiyillash”lardan quloq bitib qolay deydi) haydovchilarni koʻrsangiz, bilingki, yo mashina ularniki emas, yo boʻlmasam, ular mashinaga orqasi terlab mehnat qilib erishmagan.

Bu holat nimadan? Davlat mulkiga “oʻzganing mulki” sifatida qarashdan, birovning mulkiga “ha, endi birovniki-da, oʻzimniki boʻlsa, shunday qilarmidim?” degan insofsizlarcha munosabatdan, umuman olganda, mulkdan foydalanish madaniyatining pastligidan emasmi?

 

Taklif

Oʻylab koʻrsam, shu paytgacha maktabda ham, litseyda ham, universitetda ham hech kim menga mulkdan foydalanish madaniyatidan saboq bermagan ekan. Maktabda sinfdoshlar oʻynab-oʻynab, necha marta maktab deraza oynalarini chil-chil qilganmiz. Oʻrniga olib kelganmiz-u, lekin olgan saboqlarimiz koridorlarda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosarining koyigani, ota-onamizning dakkilaridan nariga oʻtmagan.

Oʻynab-oʻynab, nechta partaning ustiga ruchka-qalam bilan “bezak” berganmiz. Hatto baʼzi stol-stullarning “naqqoshlik” sanʼati namunalari bilan toʻla ekanini koʻrardik. Lekin ana shu qilgʻiliqni qilgan birorta oʻquvchining tuzukroq jazoga tortilgani toʻgʻrisida eshitmaganmiz. Demak, bu kabi holatlarga, juda ham jiddiy qaralgan, deb boʻlmaydi.

Ehtimol, maktabgacha taʼlim muassasasidan boshlab mulkdan foydalanish madaniyati haqida saboq berilishi kerakdir, deb ham oʻylab qolasan, kishi. Masalan, oʻynab oʻtirib, qalamini “choʻrt” ikkiga boʻlib qoʻygan bolakayga, qalam uning mulki ekani, uni ehtiyot qilib ishlatishi zarurligi, boʻlmasa yomon boʻlishini aytish qanday yaxshi. Ayrim yosh onalardek quloq-chakkasiga “shart” etkazib shapaloq tortib yuborish qayerdayu kattalarga muomala qilgandek mulkdan foydalanish madaniyatidan saboq berish qayoqda? Yo bir qiziqchimiz aytgandek, mashinasini simyogʻochga “qars” etib urib olgan oʻgʻillarga: “Qoʻyavering, oʻgʻlim, xuddi shu rangidan boshqa mashina olib beraman”, deyish kerakmi?..

 

Xulosa

Fikrimizcha, yaxshiliklar bizga uni suiisteʼmol qilishimiz uchun ato etilmaydi. Xuddi shuningdek, neʼmatlar ham ularni isrof etishimiz uchun berilmagan. Ular bizga yaxshi foydalanish, oʻrni kelganda, haqini ado etish, shukr qilish uchun beriladi.

Farovonlik, toʻkin-sochinlikning boriga shukr! Lekin ularing borligi, neʼmatlarning qoʻlimizga yaqinligi, nima istasak, unga yetisha olishimiz hech birimizga ularni toptash, xor qilish, isrof etish huquqini bermaydi-ku.

 

PS. Issiq suvdan kelib, bizni bir hafta sarson qilgan yigitdan xafa boʻlganimiz yoʻq. U ham nima qilsin, uyma-uy yuradi, baʼzi xonadon egalari bilan “mushuk-sichqon” oʻynaydi. Kommunal toʻlov uchun kelishganini bilib qolsa, uyiga berkinib, oʻzini uyida yoʻqdek koʻrsatadigan kimsalar ham bor. Tagʻin, hech kimga sir emas, oʻsha issiq suv, issiqlik energiyasi haqidan qarzdor xonadonlar ham juda koʻp. Shular haqida oʻylaganda, yana va yana bir bor kommunal haqlarni undiruvchi tashkilotlar va foydalanuvchilar oʻrtasidagi munosabatlarda muammo borligini payqaysiz. Bu ham boʻlsa, ayrim odamlarning oʻsha eskidan qolgan “davlat mulki – cheksiz” qabilidagi xato fikr domidan qutula olmaganini koʻrsataadi.

Nima ham derdik. Bu munosabatlar vaqti kelib, barqaror iziga tushishiga umid qilamiz. Ana shunda haligi aytgan “mushuk-sichqon” oʻyinlari ham tugaydi.

Axir har qanday oʻyinning ham oʻz yakuni boʻladi-ku!

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.