Doʻst yodi

0
107
marta koʻrilgan.

 

Bugun yana bir doʻstimiz, xassos shoir, mutarjim, noshir, kamtarin inson Usmon Qoʻchqorni soʻnggi yoʻlga kuzatdik. Ogʻir judolik boʻldi hammamiz uchun, ayni ijodiy balogʻat yoshida u yorugʻ olamni tark etdi. Hali rejalari koʻp edi, oxiriga yetmagan sheʼriy turkumlari, dostonlari, tarjimalari  ish stolida qoldi. U hali yashasa, bearmon ijod qilsa, farzandlari, nabiralari  orzu havasini koʻrib, ularning totli tashvishlari ila yelib-yugursa boʻlardi. Ammo oʻlim haq, u hamisha ham sening orzu-istaklaring bilan hisoblashavermas ekan.

Usmon Qoʻchqor 1953 yil 5 iyulda Buxoroyi sharifning sharif farzandlari dunyoga kelgan Shofirkon tumanida tavallud topdi. Adabiyotga, sheʼriyatga boʻlgan havas etagidan tutib, 17 yoshida ona qishlogʻi Novaboshidan olis yoʻlga otlandi. Toshkentda tahsil oldi. Bir muddat (1975-1977) Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida xizmat qildi va muayyan sabablarga koʻra yana Shofirkonga, ona qishlogʻiga qaytdi. Oʻrta maktabda  ona tili va adabiyotidan dars berdi (1977-1979). Biroq adabiyotning sohir olami, ijodkor doʻstlar davrasi uni yana poytaxtga chorladi. U yangi kuch- gʻayrat va ilhom bilan ijod olamiga shoʻngʻidi.

Birinchi sheʼriy toʻplami “Hayajonga koʻmilgan dunyo” (1982) nomi bilan chop etildi. Soʻngra “Akssiz sadolar” (1986), “Uyqudagi minora” (1987), “Ogʻir karvon” (1991) kabi sheʼriy majmualari, “Chamangul” (1989) ertak-dostoni, “Shiroq” (1997) rivoyat-dostoni dunyoga keldi.

 Usmon Qoʻchqorning «Ogʻir karvon» nomli sheʼriy toʻplamiga kirgan koʻpchilik sheʼrlari inson ruhiyati, ruhiy olami, maʼnaviyati haqida bitilgan goh qasida, goh pamflet boʻlib yangraydi. “Quvgʻin” dostonida shoir qatagʻon davri iztiroblari va alamlari haqida hikoya qiladi. Har qanday sharoitda ham inson inson boʻlib qolishi, oʻz feʼli-tabiatidagi yuksak odamiylik jihatlarini namoyon etishi kerak. Ana shu ezgulikka, olijanoblikka yoʻgʻrilgan omil inson xarakterida beqiyos qadriyat ekanini tasdiqlaydi.

Shoir tarjimon sifatida ham samarali ijod qildi. U qardosh ozarbayjon adabiyotidan Sayyid Imomiddin Nasimiy, Husayn Jovid, Yusuf Samad oʻgʻli, Anor,  Sobir Rustamxonli, Hidoyat asarlarini mahorat bilan ona tilimizga oʻgirdi.

U “Oʻzbekiston” (1979-1986), “Choʻlpon” (1986-1989), Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat (1991-1997) hamda “Maʼnaviyat” (2002-2011) nashriyotlarida, “Yoshlik” (1989-1991),  “Jahon adabiyoti” (2011-2013) jurnallarida xizmat qilib, oʻzining butun qalb qoʻri va koʻz nurini milliy adabiyotimiz rivojiga baxshida etdi. U qaysi ijodiy jamoada ishlamasin, oʻzining oliyjanob insoniy fazilatlari, mehnatsevarligi, halolligi, mehr-oqibati bilan hamkasblari qalbidan joy oldi, jamoatchilik hurmat-eʼtiborini qozondi. U bir sheʼrida inson umri mohiyati haqida soʻz yuritib shunday satrlarni bitgan edi:

Kel, bu ayshni koʻraylik baham,

Deya qoʻymang bizga qil tuzoq.

Hali boshqa dunyolarga ham

Borishimiz kerak…

Yoʻl uzoq… —

degan edi. U oʻz hayot yoʻlini mardona bosib oʻtdi.

Shoir bugun oramizda yoʻq. Biroq, u betakror asarlari bilan muxlislari,  yoru doʻstlari, farzandlari qalbida yashashda davom etadi.

Aziz doʻstimizning oxirati obod boʻlsin.

 

Orziqul ERGASH,

Rustam Musurmon

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.