Don Kixot timsoli

0
1663
marta koʻrilgan.

Atoqli ispan adibi Migel de Servantes (1547–1616)ning qahramoni Don Kixot yozuvchining oʻzidan ham mashhur, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Oʻz davrining mashhur ritsarlik romanlariga parodiya tarzida yozilgan “Don Kixotning sarguzashtlari” asarida reallik ulugʻlanadi. Bu boqiy kitob yaratilganidan soʻng ritsarlik romanlarining umri tugab, realistik nasrga keng yoʻl ochildi. “Donkixotlik” atamasi deyarli barcha tillarda “soddadillik”, “xayolparastlik”, “xomxayollik” soʻzlari bilan yonma-yon qoʻllanila boshladi. Asli, ispan tilida ham “Don Quijote” soʻzi “behuda orzularga beriluvchi, begʻubor idealist” maʼnosini anglatadiki, muallif asar qahramoni – Kexana ismli idalgo(zodagon)ga bu nomni tanlagani bejiz emas.

Don Kixot sermubolagʻa ritsarlik romanlari mutolaasiga mukkasidan ketib, axiyri oʻzi ham sarguzashtlar ishtiyoqiga tushib qoladi. U dunyoni, oʻz davri va hayotini tubdan oʻzgartirishni istaydi. Bu yoʻldagi urinishlari esa chappasiga aylanib, kitobxonda beixtiyor kulgi uygʻotadi. “Savobli” saʼy-harakatlari oxir-oqibatda yomonlikka xizmat qiladi. Shu maʼnoda Don Kixot ezgulikning omadsiz kurashchisidir.

Don Kixot va Sancho Panso komik juftligi oʻrtasidagi tafovut voqealar rivoji davomida yaqqol koʻrinadi. Olijanob xayolparast ritsar va sodda mugʻombir qurolbardori oʻzaro qarama-qarshi ikki dunyoqarashni ifodalaydi. Adabiyotshunos olim Uzoq Joʻraqulov bu haqda:”… insonning ideal dunyosi va real dunyo uchrashgan nuqtada fojia – Hazrati Inson fojiasi maydonga keladi”, deb yozadi. Shu jihatdan Don Kixot hayot va xayolning koʻrinmas chegaralarida adashgan inson qiyofasini namoyon qiladi.

Har davrning oʻz donkixotlari bor. Ehtimol, shuning uchun ham bu obraz butun yer yuzida oʻlmas timsolga aylangandir.

 

Dilrabo MINGBOYEVA

 

“Yoshlik”, 2016 yil 2-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.