Davlat siri

0
367
marta koʻrilgan.

Ancha yillar ilgari roʻy bergan bir voqea esimdan chiqmaydi. “Toshkent oqshomi” gazetasi xodimlaridan toʻrt-besh kishi shahardagi oshxonalardan biriga kirdik. Ovqatlanib boʻlgach, choyxonachidan choy soʻragan edik, “Choynakni oʻzlaring top!” deb jerkib berdi. Direktorni chaqirdik. Voqeani aytishimiz bilan direktor choyxonachiga baqirib ketdi: “Qanaqa odamsan oʻzi, nega choynakni yashirib qoʻyasan, darrov choy damla, yangi choynakka, uqdingmi?” dedi-da, xonasiga kirib ketdi.

– Akalar, – dedi choyxonachi bu gal tavoze bilan, – iltimos, choynak topib kelinglar.

– Qiziq ekansiz-ku, direktor nima dedi? – desak, choyxonachi ovozini pasaytirdi.

– Choynak yoʻ-oʻq, jon akalar, ishoninglar, choynak yoʻq!

– Nega shu gapni direktorning oldida aytmadingiz?

– Nima deb aytaman? Menda til yoʻq, xoʻpmi, til kesilgan…

…Oʻshandan keyin majlisdami, boshqa yerdami, kerakli gapni aytmasdan mum tishlab oʻtirganlarga, sen ham “choyxonachi”ga aylanibsan, deb hazillashadigan boʻldik.

Doʻppini yerga qoʻyib, oʻylab qarasak, mana, yetmish yildan oshdi, hammamiz “choyxonachi” boʻlib yurgan ekanmiz. Bugungi oshkoralik zamonida aytsak boʻladi, shekilli, sovet davlatining eng kuchli qurollaridan biri – davlat siri boʻlib kelgan. Tilini tiymaganlarga qoʻyiladigan moddalardan biri – davlat sirini ochish degan aybnoma boʻlgan. Ne-ne adib va shoirlar, olim va zukkolar oʻz yurtining oʻzgalar tomonidan bosib olinganini yozgani va bu bilan davlat sirini fosh qilgani uchun “millatchi” sifatida otilgan.

Oldiniga 37-yillardagi, soʻng 50-yillardagi ommaviy qatagʻonlar millionlab insonning yostigʻini quritdi. Bularning barchasi davlat nomidan amalga oshirilgan. “Davlat siri”, “davlatga qarshi qoʻporuvchilik”, “davlatga qarshi tashviqot” degan qandaydir mavhum, sirli va vahimali tushunchalar odamlar boshida qilichdek muallaq turgan.

Albatta, har bir davlatning oʻz siri boʻladi. Deylik, hech bir davlat, hatto eng yaqin qoʻshnisiga ham oʻzining mudofaa sirlarini aytmaydi va toʻgʻri qiladi. Ammo esli-hushli, koʻzi ochiq har bir odam koʻrib turgan narsani “davlat siri”ga aylantirish va, hatto qorani oq, oqni qora, deb talqin qilish oxir-oqibat oʻsha davlatning, oʻsha jamiyatning obroʻsini toʻkadi.

Bundan qariyb yuz ellik yil burun chor Rusiyasi Turkistonni bosib oldi. Qilich bilan, miltiqlaru zambaraklar bilan. Bu – Rossiyaning mashhur podshohlaridan biri Pyotr Birinchi orzuining roʻyobga chiqishi edi. Har qanday bosqinchilik urushida boʻlgani singari qon toʻkildi, minglab odamning yostigʻi quridi.

Aholining bir azobi ikki boʻldi. Bir tomondan, oʻzimizning boshliqlar zugʻumi, ikkinchi tomondan, duch kelgan mahalliy xalq vakillarini bemalol savalaydigan kelgindi “toʻralar” va “mirshablar”. Ustiga-ustak, vabo tarqadi. Oxir-oqibat 1882 yil yozida Toshkentda “Vabo qoʻzgʻoloni” boshlandi.

Oqposhshoning askarlari eski shaharga kirib qirgʻin boshlay deb turganida butun Turkiston oʻlkasida katta obroʻ qozongan muhtaram Abulqosim eshon oʻsha paytdagi Turkiston general-gubernatori Vrevskiy huzuriga ariza yozib kiradi va chor askarlari tinch aholini qirsa, har ikkala tomon uchun ham natijasi ayanchli boʻlishini yotigʻi bilan tushuntiradi. Shu tariqa Toshkent bir qirgʻinbarotdan omon qoladi.

Oʻtgan asr oxirida esa Dukchi eshon qoʻzgʻoloni boʻldi. Qoʻzgʻolonchilar bosqinchi askarlardan 23 nafarini oʻldiradilar. Tabiiyki, qoʻzgʻolon bostirildi. “Fitnachilar markazi” hisoblanmish Mingtepa qishlogʻi toʻpga tutildi. Kampirlaru chollar, onalaru beshikdagi bolalar qirib tashlandi. Dukchi eshonning oʻzi u yoqda tursin, umuman, qoʻzgʻolonga aloqasi boʻlmaganlar ham dorga osildi. Jazo marosimiga minglab odamlar haydab kelindi. Dorning roʻparasiga eng begunoh vujudlarni – besh-olti yashar oʻgʻil va qiz bolalarni turgʻazib qoʻydilar. Tirik odamning tipirchilab oʻlayotganini koʻrgan goʻdaklar dod solsa, qoʻrqib qochmoqchi boʻlsa, “tomosha”ni oxirigacha koʻrishga majbur qildilar. Koʻrsin! Qoʻrqsin! Qancha qoʻrqsa, shuncha yaxshi…

Keyin yanayam “qiziq” hangomalar boshlandi. Turkiston oʻlkasida qalam qirtillatgan ayrim maddoh “shoiri zamon”lar yarim podshoning buyrugʻi bilan Dukchi eshonni magʻzavaga qorib, hajv bitdi.

Inqilobdan keyin birmuncha muddat bu yurish bosqinchilik urushi boʻlganligi tarixan toʻgʻri baholandi. Biroq vaqt oʻtishi bilan mazkur voqea “davlat siri” pardasiga oʻraldi. Tarixchilar “Oʻrta Osiyoning Rossiyaga qoʻshilishi” degan iborani oʻylab topdilar. Bu ham kamlik qildi chogʻi, “Oʻrta Osiyoning Rossiyaga ixtiyoriy qoʻshilishi” degan gap chiqib qoldi. Bundan oʻttiz yillar avval, hatto ana shu qonli sananing yuz yilligini bayram qilishni taklif etgan “donishmandlar” ham chiqib qoldi. Balki qonga botirilgan Toshkent aholisi oʻz “xaloskorlarini” guldastalar bilan kutib olgandir? Karnay-surnay chalib, bayram qilgandir? Unaqa desak, janglarda qoʻlida qilich bilan shahid boʻlganlarning qoni tutmaydimi? Kaufman, Skobelev, Golovacheev, Chernyaev, Veryovkin va yana talay qonxoʻr generallar buyrugʻi bilan otilgan, osilgan, chopilgan minglab begunohning ruhi nima boʻladi?

Abdulla Qodiriyga qoʻyilgan eng katta ayb nimada edi? Shunda ediki, “Oʻtkan kunlar” qahramoni Otabek Avliyoota yaqinida chor askarlari bilan urushda qahramonona jang qilib, shahid boʻladi. Birgina jumla! Qodiriy bu gap bilan rus xalqini haqorat qilgani yoʻq, faqat Chor Rusiyasi bosqinchilarini “bosqinchi” deb oʻz nomi bilan atadi.

 

* * *

Mantiqan oʻylab koʻraylik: qaysi davlat boshqa bir davlat ustiga azbaroyi oʻsha xalqni baxtiyor qilish uchun azza-bazza qilich tortib boradi? Maqsad bitta: yurtning boyligini talash. Xalqni asoratga solish. Qul qilib ishlatish. Leninning oʻzi aytib qoʻyibdi-ku, Chor Rusiyasining Turkistonni istilo qilishi bosqinchilik, mustamlakachilik urushi edi, deb! Toʻgʻri, asrimiz boshlarida Turkistonda boyvachchalar uchun ochilgan “rus-tuzem” maktablarida mahalliy millat bolalariga Yevropa andozasidagi dunyoviy bilimlar oʻrgatila boshlandi. Mazkur maktablarning taraqqiyparvar xizmatidan koʻz yumish insofdan emas. Afsuski, bu oʻrinda ham tishga tegadigan nozik bir holat bor. “Tuzemets” degani ruscha-oʻzbekcha lugʻatda “mahalliy xalq”, “tub aholi” deb tarjima qilingan. Mashhur rus olimi Vladimir Dalning “Velikorus jonli tilning izohli lugʻati” kitobida ham asl maʼno shunday. Biroq mazkur lugʻatda mana bunday jumlalar ham bor: “Tuzemets. Mestniʼy, otnosyashʼiysya do izvestnoy straniʼ… Tuzemniʼe jiteli chasti Okeanii stoyat na nizshey stupeni chelovechestva”. (V. Dal. “Tolkoviʼy slovar jivogo Velikorusskogo yaziʼka”. Moskva. “Russkiy yaziʼk” nashriyoti. 1980 yil. 4-jild. 440-sahifa).

Demak, “tuzemets” deganda “oʻzga yerlik” degandan tashqari “qoloq, yarim yovvoyi”, degan maʼno anglashiladi. Ajab, necha asrlardan beri jahon ilmiga beqiyos ulush qoʻshgan Beruniy va Ibn Sino, Xorazmiy va Ulugʻbek singari allomalar vatani boʻlgan Oʻrta Osiyo xalqlarini jahonning bir chekkasi – Okeaniyadagi yovvoyi qabilalar bilan bir qatorga qoʻyish ashaddiy shovinizm emasmi?

Bir xalqning ikkinchi bir xalqqa “madaniyat taqdim etishi” haqidagi fikrga kelsak, uni tarafkashlik bilan talqin qilish mumkin emas. Daryo jilgʻalardan paydo boʻlganidek, xalqlar madaniyati hamisha bir-birini boyitib boradi. Toʻgʻri, keyingi asrlarda xonlik va amirliklarga boʻlinib ketgan Turkiston madaniy taraqqiyot, ilm-fan rivoji masalasida ancha oqsab qolgan edi. Biroq bu sohada Rossiyaning uzoq-yaqin guberniyalari ham Oʻrta Osiyodan qolishmasdi.

Atoqli rus adibi Mixail Bulgakovning “Jaholat” (“Tma Yegipetskaya”) degan hikoyasi bor. Shahardan olis rus qishlogʻiga borgan ikki nafar doʻxtir oʻzlari guvoh boʻlgan hangomalar haqida gapirishadi. Ulardan biri gʻalati voqeani aytib beradi. Qish kunlaridan birida doʻxtirning huzuriga pocha-poʻstin kiygan, koʻrinishidan anchayin madaniyatli odam kiradi. Oʻpkasi shamollab qolganini aytib, davolashni soʻraydi. Doʻxtir uning oʻpkasini eshitib koʻradi. Qoʻliga Fransiyada chiqqan xantal qogʻoz (gorchishnik) berib, shuni kuragingizga yopishtirib yotsangiz, tuzalib ketasiz, deydi. Uch kundan keyin boyagi bemor qaytib keladi. “Nega meni aldading, bergan doring foyda qilmadi, pulimni qaytar!” deb daʼvo qiladi. Doʻxtir qarasa, bemor xantal qogʻozni pocha-poʻstin ustidan yopishtirib yurgan ekan.

Bu hikoyaga javoban ikkinchi doʻxtir yanayam gʻaroyib hangomani aytib beradi. Sovuq qish kechalaridan birida olis qishloqda yosh bir ayol uch kundan beri tugʻolmay qiynalayotganini aytib, yordam berishni iltimos qilishadi. Doʻxtir chanaga oʻtirib, manzilga borguncha bir oʻlimdan qoladi. Chana oʻrmonda adashib ketadi. Bir amallab manzilga yetadilar. Doʻxtir behush yotgan juvonni tekshirib koʻradi. Qarasa, bola tugʻiladigan joyga qand tiqib qoʻyilganmish. “Bu nima qiliq?..” desa, unga tushuntirishadi: “Xutordagi doya kampir shunday qildi. Yosh bola shirinlikka oʻch boʻladi, chaqaloq qandga andarmon boʻlib, tezroq chiqarmikan, deb shunday qildik”.

Yozuvchi sifatida ishonch bilan ayta olamanki, bunaqa hikoyalarni oʻylab topish mumkin emas. Oʻsha pallada Rossiyada oddiy xalq madaniyati qay ahvolda boʻlganini Chexov, Gogol asarlaridan ham istagancha topish mumkin.

Stalin zamonida rost gapirish taqiqlandi. Hamma narsa “sirli” boʻlib qoldi. Shuning uchun ham Bulgakov asarlari qatagʻon qilindi. Shuning uchun Qodiriylar, Choʻlponlar oʻldirildi. Shuning uchun butun boshli xalqlarning imlosi necha karra oʻzgartirildi. Tili, urf-odatlari, dini yakdil boʻlgan xalqlar oʻrtasida chegaralar tortildi.

Maqsad, bir tomondan, ularni tarixdan judo qilish, ikkinchi tomondan – oraga rahna solish edi. Tarixdan uzilgan xalqning kelajagi boʻlmaydi. Yuriy Sezar davridagi shior ish berdi: maydalab tashlagin-da, hamkorlik qilaver!

Tarixni “suv qilib” ichib yuborgan “mutaxassislar” Oktyabr inqilobidan avval Oʻzbekistonda faqat ikki foiz odam savodli boʻlgan, deb “isbotladilar”, unday boʻlsa, yuzlab madrasalardagi mudarrislar, mahalla va qishloqlardagi yuz minglab domlalaru otinoyilar odamlarga ilm-saboq bermasdan nima qilib yurgan ekan? Oxir-oqibat ayon boʻldiki, Oʻzbekistonda salkam oʻttiz foiz aholi, voyaga yetgan erkaklaru ayollarning qariyb uchdan biri oʻqish-yozishdan xabardor, yaʼni, savodi chiqqan ekan. Odamni oʻkintiradigan joyi shundaki, boshqalarni qoʻya turaylik-ku, oʻzimizdan chiqqan “balolar” – oʻzbek olimlari ham yaqin oʻtmishda biz gʻirt savodsiz edik, deb yozishdan uyalmadilar. Ular uchun “nomzodlik” yoki “doktorlik” dissertatsiyasi yoqlab, tezroq “olim” boʻlish, koʻproq maosh olish muhim edi… Baraka topgurlar, biz shunchalik notavon boʻlsak, Beruniy va Xorazmiylar, Ibn Sino va Ulugʻbeklar, Navoiy va Boburlar qayoqdan kelgan, degan savolga javob yoʻq. Basharti shunday deb soʻrasangiz, “millatchi” boʻlar edingiz.

Oltmish yillar narida sunʼiy ravishda qilingan chegara tortishlar bugunga kelib, oʻzining achchiq mevasini beryapti. Bermasa, berdiradigan, xalqlarni shunga daʼvat qilib, gijgijlaydiganlar, afsuski, hamon bor. Togʻli Qorabogʻda, Moldaviyada, Oʻzgan va Oʻshda xunrezlikni boshlaganlar kim? Nima uchun millatlararo munosabatlar bunchalik keskinlashib ketdi? Sababini qayerdan izlash kerak?

Nahotki ming yillardan beri qon-qardosh, quda-anda boʻlib yashagan xalqlar bir-biri bilan qirpichoq boʻlsa? Oddiy odamlarning soddaligidan foydalanayotgan kuchlar yoʻqmikin? Ehtimol xuddi shuning oʻzi ayrim kuchlar qoʻlida qurol boʻluvchi davlat siridir. Ikki qoʻchqor suzishsa, boʻrining nasibasi butun boʻladi, degan maqol bor…

Xalqlar, millatlar oʻrtasidagi doʻstlik – yuksak insoniy fazilat. Ikkinchi jahon urushini eslaylik. Jang maydonlarida barcha millat vakillari birdek jon olib-jon berdi. Urush boʻlayotgan joylardan yetim qolgan yuz minglab bolalar Oʻzbekistonga keltirildi.

Yanayam nariroqqa nazar solsak, Oktyabr inqilobidan keyin Oʻzbekistonga kelgan bir qancha atoqli rus olimlari tariximizni oʻrganish, fan va texnikani rivojlantirishga salmoqli hissa qoʻshdilar. Ular mahalliy xalq tilini, udumlarini, tarixini chuqur hurmat qilar edilar. Shu bilan birga, sovet mamlakatida dahshatli ocharchilik avj olgan kezlari Toshkentga yopirilib kelgan, talonchilik qilganlar ham boʻlgan. Biroq ular haqida yozish u yoqda tursin, gapirish ham mumkin emas, bu davlat siri edi. Aslida bular davlat siri emas, aynan davlatning oʻzi vujudga keltirgan fojialarning mevasi edi.

Kezi kelganda, oʻzimcha kuzatganim bir xulosani aytgim keladi. Urush arafasi va urush yillari Oʻzbekistonga kelgan qardoshlarimiz soʻnggi yillarda “Oʻzbek ishi” degan bahona bilan bu yurtda “tartib oʻrnatish” uchun bostirib kelganlardan keskin farq qiladi. Bir misol. Chilonzordagi “dom”imizning birinchi qavatida Klava xola degan kampir yashaydi. “Dom”dagi jami bola uni oʻz onasidek yaxshi koʻradi. Bir kun qarasangiz, rus qizalogʻini, ertasiga oʻzbek bolasini koʻtarib yurganini koʻrasiz. Ajab! Baʼzi qarindoshlarimiz qizimizning tugʻilgan kunini unutsa unutadi, Klava xolaning esidan chiqmaydi. Nafaqasidan pul ajratadi-da, aqalli bir boʻlak shokolad koʻtarib, azza-bazza tabriklagani kiradi. Rus qoʻshnilarimiz orasida oʻzbekning toʻyida xizmat qiladigan, azasida eshik oldida taʼzim qilib turadiganlar oz emas.

Qiziq! Shuncha yillardan beri Oʻzbekistonga qancha odam koʻchib kelyapti? Kim ular? Ittifoq tasarrufidagi korxonalar nima oʻzi? Nima ishlab chiqaradi? Ularda qancha odam ishlaydi? Kimlar ishlaydi? Mahsuloti qayoqqa ketadi? Respublikamizning suvidan, yeridan, uy-joylariyu meva-chevasidan, energiya quvvatidan foydalangani uchun, ekologik muhitni buzgani uchun bu oʻlkaga haq toʻlaydimi-yoʻqmi?

Bular hammasi uzoq yillar davlat siri boʻlib keldi. Ittifoqqa qarashli zavodmi, demak, davlat ahamiyatiga molik. U yogʻi bilan ishing boʻlmasin. Tamom-vassalom!

Turib-turib hayron qolaman. Masalan, Janubiy Afrika Respublikasida bir yilda qancha olmos qazib olishini bilamiz. Matbuotda chiqqan. Ammo Oʻzbekistondan har yili qancha yer osti boyliklari olislarga tashmalab ketilishini soʻrash mumkin emas edi. Davlat siri.

Paxtani “oq oltin” deb ataymiz. Oʻzbek dehqoni bir tonna paxta yetishtirish uchun qanday mehnat qilishini bilamiz. Ammo markaziy hududlarga olib ketilgan millionlab tonna “oq oltin”ni qayta ishlash natijasida davlatga necha milliard daromad kelishini soʻrash ham mumkin emas: davlat siri!

 

* * *

“Olisdagi poytaxt” matbuoti keyingi paytlarda Oʻzbekistonga, oʻzbek xalqi boshiga yogʻdirmagan malomat toshi qolmadi. Biz “tekinxoʻr” boʻldik, “boqimanda” boʻldik, “qoʻshib yozuvchi” boʻldik. Aniqlab koʻraylik: kimning nonini tekinga yebmiz? Kimga “bizni boqib ol”, debmiz? Oʻsha yoqdan kelgan “qonun himoyachilari” “oʻzbek ishi” degan iflos iborani olamga doston qiladilar. Gdlyan, Ivanov degan zolimlar minglab begunoh insonlarni qamoqqa tiqdi. Bu Stalin zamonidagi xunrezlikning takrori emasmi? “Oʻzbek ishi” degan iflos tamgʻani oʻylab topganlar va yurtimizda fashistdan battar qirgʻin boshlagan “qonun himoyachilari”ning “siri” fosh boʻlib qoldi.

Bir narsaga shukrona qilsak arziydi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov “oʻzbek ishi” degan tuhmatning ildizi qayerdaligini aniqlash va begunoh qamoqqa olinganlar qismatini oʻrganish haqida Respublika Oliy sudiga maxsus topshiriq berganidan minglab begunoh insonlar tergov paytida, qamoq kameralarida azob chekayotgani ochilib qoldi. Adolatni tiklashga shaxsan I. A. Karimovning oʻzi boshchilik qilayotganini koʻrgach, “u yoqdan” maxsus topshiriq bilan kelgan gdlyanchi jallodlar (ularni boshqacha nom bilan atab boʻlmaydi) dumini qisib qoldi.

 

* * *

Oʻzbekistonni yomonotliq qilganlar boshqa jabhalar qatori maʼnaviy hayotimizga ham putur yetkazganlar.

Yaqinda “Sredazgiprovodxlopok” degan institutda boʻldim (nomining zoʻrligini qarang: aytishga tilingiz kelishmaydi). Bunisi-ku, mayli. Shunday katta dargohda bironta oʻzbekcha yozuv yoʻq! Holbuki, institut mahalliy aholi eng zich boʻlgan eski shaharning qoq oʻrtasida joylashgan. U yoq-bu yoqdan gaplashgach, direktordan soʻradim:

– Nima uchun institutda bironta oʻzbekcha yozuv yoʻq?

– Bilasizmi, – dedi direktor chaynalib. – Bu yerda asosan russkoyazichniy xodimlar ishlaydi. Gʻashi kelishi mumkin.

– Nega gʻashi kelarkan? Men sizga ruscha yozuvlarni olib tashlang deyayotganim yoʻq. Faqat, tepasiga oʻzbekchani ham yozib qoʻysanglar boʻlmaydimi?

– Boʻladi-ku… – direktor tagʻin chaynaldi. – Gap shundaki, yaqinda bir xodimimiz yonboshimizdagi bozordan somsa olishga borsa, somsapaz: “Oʻzbekcha gapirmasang, somsa sotmayman”, debdi. Shu toʻgʻrimi?

– Notoʻgʻri! Lekin sizlar somsapaz emas, ziyoli odamlarsiz!

– Umuman toʻgʻri… Faqat odamlarning gʻashi kelishidan qoʻrqamiz.

Hayron boʻldim. Nahotki til bilish shunchalik yomon narsa boʻlsa?!

Nahot institut xodimlari eshik tepasiga yozib qoʻyiladigan “Xush kelibsiz!” degan gapga ham ensasi qotsa!

Albatta, gapni maydalashtirib oʻtirishdan naf yoʻq edi. Suhbatdan ayon boʻldiki, institutda ishlaydigan mutaxassislarning asosiy qismi “russkoyazichniy” xodimlar ekan. Qiziq, Toshkent irrigatsiya institutini bitirayotganlar orasida mahalliy xalqqa mansub boʻlgan bironta esli odam yoʻqmi?

Bu voqeani bejiz eslamadim. Moskva olimlari, boringki, oʻzimizning tilshunoslar ham “avliyodek” hurmat qiladigan akademik D. Lixachyov ham goʻyo mamlakatda boʻlayotgan toʻs-toʻpolonlarning bosh sababi jumhuriyatlarda milliy tilning davlat maqomini olishidir, degan daʼvo bilan chiqdi. Boshqa jumhuriyatlarni bilmadim-ku, Oʻzbekistonda oʻzbek tilini rivojlantirish boshqa biron tilni kamsitish hisobiga boʻlayotgani yoʻq. Aksincha, barcha millat vakillarining madaniyat markazlari, teatrlar, saroylar ishlab turibdi. Qardosh tillarda maktablar ochilyapti. Bundan koʻz yumish oʻta nonkoʻrlik boʻlur edi.

Shuhasiz, “dom”dagi barcha millat bolalarining buvisiga aylanib qolgan keksa ayol Klava xolaga “Oʻzbek tilida gapirmasangiz, koʻchib keting”, deyish borib turgan noinsoflik boʻladi. Biroq Oʻzbekistonda umrbod yashashga qaror qilgan ziyoli odam, birinchi navbatda, kattayu kichik amaldor shaxslar davlat tilini oʻrganishi kerak!

Soʻnggi paytlarda Moskvadagi talay gazeta va jurnallar tagʻin Oʻzbekistonni nishonga olib qoldilar. “Voydod, Oʻzbekistondan odamlar qochib ketyapti! Voydod, millatchilik avjiga chiqdi!”. Qachon? Kim? Qayerda? Qaysi oʻzbek qaysi qoʻshnisiga koʻchsang koʻch, yoʻqsa, oʻldiraman, debdi?

Ajab! Yetmish yildan beri bu yoqqa qancha odam koʻchib kelayotgani “davlat siri” edi-ku? Nega endi ketish “sir” boʻlmay qoldi? Gazetalarda allaqanday vahimali raqamlar ham paydo boʻldi. Oʻzbek xalqi qanchalik baynalmilalchi xalq ekanini dunyo biladi. Pashshadan fil yasashga harakat qilayotganlar respublikamiz xalqlarini va, birinchi navbatda, oʻzbek bilan rusni gijgijlashga urinayotgan qora niyatli shaxslardir. Ular aqalli bir narsani tan olgisi kelmaydi. Oʻzbekistondan koʻchib ketayotganlarning aksariyati Stalin zugʻumi bilan yurtidan haydalgan, endi oʻz Vataniga talpinayotgan baxtiqaro qirim tatarlardir! Oʻzim guvoh boʻlgan bir voqeani aytishim mumkin.

Fargʻonaga borganimda kursdosh doʻstimnikiga kirdim. Qarasam, yoshi elliklarni qoralab qolgan bir ayol doʻstimning onasini quchoqlab yigʻlayapti. “Men sizni onam deganman, opajon, qilgan yaxshiliklaringizni unutmayman, bergan non-tuzingizga rozi boʻling!” deydi. Keyin bilsam bu ayol oʻsha zugʻumli zamonda Oʻzbekistonga badargʻa qilingan qrim tatarlardan biri ekan. Nihoyat oʻz Vataniga qaytish yoʻli ochilgach, Qrimga joʻnab ketish oldidan doʻstimning onasi bilan xayrlashayotgan ekan.

 

* * *

Sovet mamlakatida koʻp yumushlar doim katta-kichik “kampaniyavozliklar” bilan boshlangan. Bundan ikki-uch yil avval Rossiyaning egalari tashlab ketgan noqoratuproq yerlarni obod qilish uchun tajribali dehqonlarni jalb etish “kampaniya”si avjiga chiqdi. Oʻrta Osiyoda, shu jumladan, Oʻzbekistonda ham oʻsha yerlarga borib ishlashga ragʻbat bildirganlar boʻldi. Ularning niyati – egasi tashlab ketgan maydonlarda halol ishlab, obod qilish edi. Buni qarangki, bunday xolis niyatga qarshi qaratilgan “dod-voy”lar boshlandi. Tagʻin oʻsha markaziy matbuotda! Quyida keltirilgan misolni aytishga irganadi kishi. Lekin dalil sifatida aytish kerak.

Mana, moskvalik “millatparast” Sharapov degan kimsaning fikrlari: “Men yaqinda Pushkin qadamjolari boʻylab avtobus safarida ogʻir his-tuygʻular bilan qaytdim. Negaki, bir necha bor qulogʻimga chalingan va oʻqigan narsalarimni oʻz koʻzim bilan koʻrdim. Bizning rus qishloqlarimizga Oʻrta Osiyoning tub aholisi joylashib olmoqda. Bu hodisalarga qarab turib yuraging oʻrtanib ketadi. Bundan taxminan bir yil avval Kirov oblastiga oʻzbek pudratchilari kelayotgani haqidagi xabarni radiodan eshitgan edim. Endi esa Nelidovskiy rayonidagi chinakam rus yerlari oʻrtaosiyoliklar millatiga mansub kishilarga berilayotganini oʻz koʻzim bilan koʻrdim.

Avvaliga kolxoz-krepostnoylik huquqi vositasi bilan bizni oʻz yerlarimizdan haydadilar… Keyin esa bizning tarixiy ota yurtimizga begona xalqlarni joylashtirishga kirishdilar. Hukumatimizning bu qiligʻi meni hayron qoldiradi. SSSRdan koʻchib borgan emigrantlar arab yerlariga joylashsa BMTdan turib “Bu odamlar ushbu yurtda avval yashamagan”, deb eʼtiroz bildiradi. Ayni pallada haqiqiy rus yerlarini bu yurtda HECh QACHON yashamagan xalqlar egallab olsa, miq etmaydi.

…Bizga birovning yeri kerak emas. Shunday ekan, boshqalar ham bizning yerlarimizni egallamasin. Bu tadbir, xohlaymizmi-yoʻqmi, rus xalqini etnik jamoa sifatida yoʻq qilishga qaratilgan.

Osiyolik kelgindilar rus dehqonlarinigina emas, rus madaniyatini ham yoʻq qiladi, negaki bizning qishloqlarimiz – hammamizga obihayot berib turgan rus madaniyatining buloqlarini rus boʻlmaganlar egallab oladi. Bizni buloqlarimizdan judo qilishyapti! Kirov oblastiga koʻchib kelgan oʻzbeklar rusning qiyiq yoqa koʻylaklarini hech qachon tikmaydi, turklar esa rus cholgʻularini chalmaydi va yeletsk kashtalarini toʻqimaydi. Xoʻsh, keyin nima boʻladi? Kamida Oʻshdagiga oʻxshash janjallar chiqadi. Ish yomonlikka borib yetsa, oxir-oqibat bizni yerimizdan siqib chiqarishadi…” (S. V. ShARAPOV. Moskva. “Nash sovremennik” jurnali. 1990 yil, 9-son. 190–191-betlar.)

“Oʻrtoq” S. V. Sharapovning maqolasini oʻqigan odam dahshatga tushadi. Demak, allaqayoqdan kelgan osiyolik “yovvoyi”lar rus yerlarini egallab olmoqda, mahalliy aholini siqib chiqarmoqda…

Maqola muallifi shovinist boʻlmasa, oddiy bir haqiqatni tushungan boʻlar edi. Gap shundaki, Oʻzbekistonning ayrim viloyatlaridan bir qancha tajribali dehqonlar Rusiyaning baʼzi oblastlaridagi sagʻiz (“nechernozemye”) – noqoratuproq, aniqroq qilib aytadigan boʻlsak, hosil bermaydigan yerlariga peshona teri toʻkib obod qilish niyatida borganlar. “Oʻrtoq” Sharapov Kirov oblastining tub aholisi oʻz joyini tashlab nima uchun shaharga qochib ketganini nega yozmaydi? Bu bexosiyat joylarni oʻzbek dehqoni borib obod qilsa, “bosqinchilik” boʻladimi? Nima, endi ular toʻnini yechib tashlab sarafan kiysinmi? Atlas oʻrniga kashta toʻqisinmi? Dutor emas, balalayka chalsinmi?

Maqola muallifining yodidan koʻtarilgan boʻlsa, eslatib qoʻyishga toʻgʻri keladi. Oʻtgan asrda Chor Rossiyasi Oʻrta Osiyoni bosib olgach, katta shaharlarga, bu oʻlkaning eng serhosil yerlariga minglab oʻta jangari, aroqxoʻr va dangasa mujiklarni koʻchirgan. Hatto ularga cherkovlar ham qurib bergan. Mahalliy aholi ulardan bezor boʻlib yaqiniga yoʻlamagan. Hech kim ulardan “kimsan, nega kelding”, deb ham soʻramagan. Ehtimol Sharapov Kirov oblastida halol mehnat qilish niyatida borgan oʻzbek dehqonlarini ham bundan bir yarim asr avval Chor Rusiyasi podsholigi tomonidan “tuzemetslar” yurtiga badargʻa qilingan janjalkash va aroqxoʻr “mujiklar”ga oʻxshatayotgandir. Xalqimizning feʼlini butun dunyo biladi. Marhamat, “oʻrtoq” Sharapov! Xohlasangiz bugun, xohlasangiz ertaga Oʻzbekistonga keling! Mahalliy xalq bilan ogʻa-ini boʻlib ketgan birodarlarimizdan soʻrab koʻring, biron kishi rus, belorus, ukrain, koreys yoki latish qoʻshnisidan, sen nega surnay chalmayapsan, sen nega toʻn kiymayapsan, sen bolangni nega oʻzbek maktabida oʻqitmayapsan, deb aqalli biron marta soʻraganmi? Soʻramagan va soʻramaydi ham!

Odamning yaxshi yoki yomoni boʻlishi mumkin. Biroq xalqning, millatning yomoni boʻlmaydi. Xalqlar orasiga nifoq soluvchilar esa eng ashaddiy kimsa boʻladi. Sharapovning qitmir maqolasidan shuning hidi kelyapti.

Men bir inson va bir qalamkash sifatida xalqlar doʻstligini hamisha yuksak tushuncha deb bilganman (hazrat Navoiy qalamidan qolgan meros). Har narsadan bir “ishkal” topadigan ayrim “doʻstlarim” meni mahalliychilik va, Xudo asrasin, millatchilikda ayblamasligi uchun aytib qoʻyay: barcha millat vakillarini, jumladan, qardosh rus xalqini teran hurmat qilaman. Oʻnlab rus birodarlarim bor. Qolaversa, boshqa qalamkashlar qatori men ham jahon adabiyoti durdonalari bilan aynan rus tili orqali oshno boʻlganman. Boshqalar qatori oʻzimning bir qancha asarlarim ham, avvalo, rus tili orqali xorijiy tillarga oʻgirilgan. Ammo milliy munosabatlar taranglashib turgan hozirgi pallada markaziy matbuotda bizning yurtimiz, xalqimizga tuhmatdan iborat chiqishlar koʻpayib ketganini koʻrganda yuragim orqaga tortib ketadi. Eslab koʻring, yaqin orada oʻsha gazeta va jurnallarda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ezgu yumushlar, xalqimiz fazilatlari haqida bironta nurliroq maqola chiqdimi? Yolgʻon boʻlmasin, u yoqdagi gazetalardan birida yaqinda “sensatsion” maqola eʼlon qilindi. Oʻzbekistonda aroq “pachti tekin” emish, yegulik-ichguliklar serob, mevani “it iskamas” emish.

Ha, Oʻzbekiston chindan ham Hizr nazar solgan yurt. Sodda va mehnatsevar, mehmondoʻst xalqi bor. Biroq hamma joyda boʻlganidek, bizda ham “tosh-tarozu” bor. Ishlagan – tishlaydi!

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

1990 yil

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.