Choʻllanish jarayoni: oʻsimliklar dunyosi halokat yoqasidami?

0
794
marta koʻrilgan.

Yurtimiz hududining deyarli uchdan ikki qismi choʻl va chalachoʻl boʻlib, bu joylardan qadimdan oʻtloq va yaylov sifatida foydalanib kelinadi. Chorvachilikning barqaror rivojlanishida ana shu mintaqalardagi tabiiy oʻsimlik yaylovlarining oʻrni katta. Ular chorvani yil davomida tabiiy va arzon yem-xashak bilan taʼminlashning yagona manbai hisoblanadi. Afsuski, hozirda choʻl va chalachoʻl oʻsimliklar qoplami qoniqish hosil qiladigan darajada emas. Chunki koʻp yillar davomida antropogen omillar taʼsirida yaylovlarning tabiiy holati inqirozga yuz tutayapti. Eng kuchli antropogen omillar qatoriga chorva mollarining boqilishini kiritish mumkin. Bu oʻsimliklar qoplami tabiiy tuzilishining keskin oʻzgarishiga olib kelmoqda.

“Qizil kitob”ga kiritilgan oʻsimlik turlarining qariyb 40 foizi bevosita chorva mollarining betartib hamda haddan ziyod koʻp boqilishi oqibatida flora tarkibidan yoʻqolib bormoqda. Aholining tabiiy manbalarga boʻlgan ehtiyojining ortib borishi va ulardan foydalanish toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmagani tufayli ham shunday hol yuz bermoqda.

Chorva mollari taʼsirida oʻsimliklar qoplamining inqirozga uchragan oʻchoqlari aholi maskanlarining 3-4 km. radiusdagi maydonlari va suv manbalari – quduqlar atrofidagi yaylovlarda yaqqol koʻzga tashlanadi. Ushbu joylarda yem-xashak turlari oʻrnini tabiiy yaylovlar uchun xos boʻlmagan begona oʻtlar egallayapti (isiriq, kakra, eshakmiya, qoʻziquloq, qurtqasoch va boshqalar).

Albatta, choʻl va adir yaylovlarining yomonlashuvi oʻz-oʻzidan sodir boʻlayotgani yoʻq. Masalan, choʻl yaylovlari atroflarida joylashgan Buxoro, Navoiy, Gʻijduvon, Qorakoʻl kabi hududlarda yashaydigan aholi yaylovlarda keng tarqalgan singren, qora saksovul, partak, shuvoq turlarini oʻtin yoqish yoki ipak qurtining pilla oʻrashi va dasta uchun ildizi bilan chopib olib ishlatayotganini nima bilan izohlash mumkin?

Bu holat soʻnggi yillarda koʻplab kuzatilmoqda. Natijada yil sayin yaylovlarimizda ochiq yoki oʻsimliklardan xoli maydonlar tobora kengayib bormoqda. Qizilqum choʻlida amalga oshirilgan tadqiqotlar davomida aholi tomonidan nafaqat shuvoq turlarining chopilishi, balki ildizi bilan sugʻurib olish hollariga guvoh boʻldik. Shuvoq turlari ketmon bilan chopilsa yoki ildizi bilan sugʻurib olinsa, u qayta tiklanmaydi.

Bundan tashqari, keyingi 25–30 yil davomida Qizilqum, Ustyurt kabi hududlarda bir necha zamonaviy shahar va posyolkalar qurilishi, avtomobil, temir yoʻllari, suv, gaz quvurlari oʻtkazilishi oqibatida bir necha ming gektar sifatli oʻtloq va yaylovlarga qiron keldi. Qolaversa, maʼlum hududdagi yaylov va oʻtloqlar ekinlar ekish uchun oʻzlashtirilib yuborilgan. Koʻrinib turibdiki, insoniyat oʻzi anglagan holda yaylovlarni kengaytirish yoki yaxshilash oʻrniga ular sifati buzilishi, maydonlarning qisqarishiga xizmat qilmoqda.

Shu tariqa choʻllanish jarayoni tobora jadallashmoqda. Yaylov inqirozining 44 foizi chorva mollarining haddan ziyod boqilishi, 25 foizi butalarning oʻtin sifatida chopilishi orqali roʻy berayotir. Qolgan omillar (qurgʻoqchilik, shamol eroziyasi, sanoat-qurilish ishlari) inqirozga olib keladigan sababiyatning uchdan bir qismini tashkil qiladi.

Chorva mollarining katta miqdori, odatda, bahor va yoz mavsumlarida qishloqlardan uzoqroqdagi togʻ oldi hududlarida oʻtlatiladi. Kam sonli chorva mollari esa qishloq atrofida boqiladi. Ayniqsa, yoz mavsumida suv tanqisligi tufayli chorva mollari qishloqlardan uzoq masofaga bormasligi va qishloqdan 3-4 km. radiusdagi maydonlarda oʻtlashi oʻsimliklar qoplamining keskin oʻzgarishiga olib kelmoqda. Maʼlumki, quduqlardan yiroq boʻlgan yaylov maydonlarida chorva mollarini suv bilan taʼminlash Oʻzbekiston choʻl hududlaridagi asosiy muammolardan biri boʻlib qolmoqda. Chorva boqilishi bosimi yoki taʼsiri masofa boʻyicha suv manbalaridan uzoqlashgan sari kamayadi va oʻsimliklar qoplamida qator oʻzgarishlar sodir boʻlishiga sabab boʻladi. Uzoq masofadagi yaylov maydonlarida chorva mollarining suv tanqisligi sababli boqilmasligi oʻsimliklar oʻsish faolligining sustlashishiga olib keladi, hayotchanlik formasini yoʻqotadi, natijada bu yaylov maydonlarining ham inqirozi tezlashadi.

Kezi kelganda turlar tarkibida zararli, zaharli hamda chorva mollari tomonidan yeyilmaydigan begona oʻsimliklarning uzoq yillar davomida koʻpayib borayotganini ham taʼkidlash joiz. Bu esa oʻsimliklar qoplamining chorva boqilishi taʼsiri ostida keskin oʻzgarishini isbotlaydigan yana bir dalildir.

2012–2017 yillar Qizilqum choʻlida amalga oshirilgan geobotanik tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, choʻllanishni vujudga keltirayotgan asosiy kuch tabiiy va antropogen omillardir. Oʻtkazilgan tadqiqotlar ekosistemalarning choʻllanishi oʻz-oʻzidan boʻlmasligini tasdiqladi. Asosiy antropogen omillar – yangi koʻllar paydo boʻlishi, tuproq eroziyasi, yoʻllar, karyerlar, shoʻrlanish, chorva mollarining meʼyoridan ortiqligi, yangi shahar va qishloqlarning kengayishi, buta va daraxtlarning yoqilgʻi sifatida chopilishi, manzarali, dorivor, ziravor oʻsimliklarning rejasiz terib olinishi, yoʻl qurilishi, yangi yerlarning oʻzlashtirilishi boʻlib, bular natijasida yaylovlar mahsuldorligi pasayib, turlar soni kamaymoqda. Toʻqay ekosistemasida oʻzgarishlar yuz berib, ikkilamchi oʻzgargan antropogen fitotsenozlar hosil boʻlmoqda.

Eng kuchli choʻllanish qishloq va quduq atrofi, chorva mollari doimiy bir joyda boqiladigan yaylovlarda kuzatildi. Bunday maydonlar keyinchalik oʻsimliklar qoplami bilan tiklanmaydigan taqir joylarga aylanishi tajribadan maʼlum. Eng kuchsiz choʻllanish hududning shimoliy qismi qishloqlardan ancha uzoq masofada boʻlgani sababli chorva mollarining kamligi, antropogen omillarning kam taʼsiri natijasida kuchsiz payhonlangan. Birlamchi paydo boʻlgan shuvoqlar oʻrnida ikkilamchi isiriqzor, qurtqasochzor, qoʻziquloqzor, eshakmiyazor jamoalari paydo boʻlgani kuzatildi. Shuningdek, galofit toʻqay oʻsimliklaridan boʻlgan yulgʻun, oq changal, oq chingʻil, shoʻrajriq, bir yillik shoʻralar aniqlandi. Bunday misol va sababiyatlarni sanashda uzoq davom etish mumkin. Maqsadimiz – yaylov inqirozi tub aholi turmush tarzining jiddiy muammosiga aylanayotgani, bunga bundan buyon aslo yoʻl qoʻyib boʻlmasligidan ogohlantirishdir.

Xulosa oʻrnida aytadigan boʻlsak, inson tomonidan yaylovlarga nisbatan oʻtkazilayotgan bosimning ortib borishi sharoitida tabiiy oʻsimlik resurslaridan oqilona foydalanish dolzarb vazifadir. Bunda tegishli talab va qoidalarga amal qilinmasa, yaqin kelajakda bu tabiiy boyliklarning qaytarilmas holatga kelishi achchiq haqiqatdir. Binobarin, mamlakatimizning tabiiy yaylovlari mahsuldorligi va sifatini yaxshilash birlamchi yumush hisoblanadi. Buning uchun chorva mollarini fasllar boʻyicha almashlab boqishni yoʻlga qoʻyish lozim. Chunki hamisha bir joyda mol boqilaversa, oʻtloqlar tez ishdan chiqadi. Shuningdek, chorva mollarini sugʻorish uchun rejali ravishda suv quduqlari sonini koʻpaytirish talab etiladi. Kamhosil, degradatsiyaga uchragan yaylovlar oʻrnida olimlar tavsiya qilayotgan usullar bilan sunʼiy yaylov va pichanzorlar tashkil etish maqsadga muvofiq.

 

Toshxonim RAHIMOVA,

biologiya fanlari doktori,

professor

 

“Ishonch” – “Doveriye” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.