Buyuk sarkarda va uning benazir jang sanʼati

0
750
marta koʻrilgan.

Harbiy, tarixchi va mutaxassislar buyuk sarkarda, har tomonlama kuchli va markazlashgan davlat asoschisi Sohibqiron Amir Temur jahon harbiy sanʼati rivojiga salmoqli hissa qoʻshganini haqli ravishda eʼtirof etishadi.

Negaki, Sohibqiron intizomli qoʻshin tuzish va uni mohirona boshqarish, jang taqdirini hal etadigan joylarga harbiy kuchlarni tezkorlik bilan yoʻllash, mavjud toʻsiq va gʻovlarni tadbirkorlik bilan bartaraf etish hamda qoʻshindagi jangovar ruhni yuksak darajada tutib turishga erisha olgan.

U nafaqat harbiy qudratga erishdi, balki mavjud jangovar sanʼatni turli strategiya, taktika va tadbirlar orqali yanada kuchaytirdi, yuksak darajaga koʻtardi. Amir Temurning oʻzga sarkardalardan farqli jihati – u oʻta mushkul vaziyatlarda ham sira oʻzini yoʻqotmagan, aksincha, oqilona yechim va tadbirlar orqali ulardan chiqish choralarini oldindan belgilay olgan. Buni amerikalik olim Richard Nelsonning quyidagi soʻzlari ham asoslaydi:

“Temurda jang paytida eng zarur joyda boʻla olishdek ajoyib xususiyat mavjud edi. Bu unga dushmanlari maqsadini uqib olishga ulgurmasdan oʻz vaqtida oqilona qarorlar qabul qilish va uning bajarilishini nazorat qilish imkonini beradi. Boz ustiga, jang maydonida uning shaxsan oʻzi ishtirok etishi ogʻir damlarda jangchilarini muqarrar magʻlubiyatdan   qutqarib qolgan”.

Oʻtmishda kuchli intizom va tartib-qoida joriy etilgan qoʻshin  eng qudratli qoʻshin sanalgan. Eʼtiborli jihati, Amir Temur shunday qoʻshinga ega boʻlgan kam sonli sarkardalardan biri boʻlgan. Uning qoʻshinidagi jangovar tartib rivojlanib borgan, oʻz navbatida, qoʻshin zamonasining eng ilgʻor qurol va harbiy texnikalari bilan taʼminlangan, qismlar bir-biridan kiyim-boshi, bayroq va tugʻi bilan ajralib turgan. Bunday farqlanish jang paytida qoʻshinni boshqarishda qoʻl kelgan. Shu bois ham Sohib-qiron olib borgan jangu jadallarida biror marta ham yengilmagan. Bu esa uning boʻlajak janglarga jiddiy tayyorgarlik bilan kirishganini isbotlaydi, yaʼni uning xatti-harakatidagi tezkorlik, kengash, maxfiylik, qulay  vaziyatni qoʻldan bermaslik va toʻgʻri tadbir qoʻllash fazilatlari hamma vaqt oʻzini oqlagan.

Amir Temur Sharqda birinchilardan boʻlib qoʻshinga oʻtsochar qurolni olib kirgan. Temuriylar davrida  keyinchalik bu qurolning zarbzan, farangi, qozon, hok kabi boshqa turlari keng yoyildi. Qoʻshin tarkibida togʻli hududlarda samarali va tezkor jang olib boruvchi maxsus harbiy qism va boʻlinmalar tashkil etilgan. Shu bilan birga, buyuk sarkarda harbiy sanʼat tarixida ilk bor qoʻshinni jang maydonida anʼanaviy besh boʻlakdan farqli holda yetti qoʻlga boʻlib joylashtirish tartibini joriy etgan.

Tarixchi Ibn Arabshohning guvohlik berishicha, Sohibqiron qoʻshinida ayollardan iborat boʻlinmalar ham boʻlib, ular erkaklar bilan bir safda jang qilgan. Shuningdek, uning qoʻshinida aygʻoqchilik, zamonaviy tilda aytganda, razvedka aʼlo darajada yoʻlga qoʻyilgan. 1830-1840 yillardagi Xiva ekspeditsiyasi qatnashchisi, harbiy mutaxassis Mixail Ignatyevich Ivanin “Ikki buyuk sarkarda: Chingizxon va Amir Temur” asarida shunday yozadi:

“Chegaradosh davlatlar toʻgʻrisidagi kerakli maʼlumotlarni Amir Temur 1000 kishilik yengil boʻlinmalar vositasida toʻplardi. Bu boʻlinmalar suvsiz choʻl yerlarda tuya minib, boshqa joylarda esa otliq va piyoda holda harakat qilardi… qoʻshni davlatlar kimga qarshi va qachon urush boshlash niyatlari borligiga, shu davlat hokimlarining maqsadlarini bilib olishga harakat qilinardi. Mazkur boʻlinmalar keltirgan maʼlumotlarga qarab Amir  Temur tegishli chora-tadbirlar koʻrardi. Bunday maʼlumotlar savdo munosabatlari bahonasida ham toʻplanardi. Amir Temur Chingizxon singari savdo karvonlarini Oʻrta Osiyoning turli oʻlkalariga, Xitoy, Hindiston, Misr, Saudiya Arabistoni,  Suriya, Gurjiston va hatto Yevropa davlatlariga ham yuborar edi. Karvon qaytib kelganidan keyin darvesh shaklida savdogarlar bilan karvonga qoʻshilgan aʼyonlar yoʻl davomida koʻrgan davlatlaridagi shart-sharoit, shu davlatda yashovchi xalq urf-odatlari va eng asosiysi – oʻsha davlat hukmdorlarining oʻz fuqarolariga boʻlgan munosabatlari haqida maʼlumot berardilar.

Amir Temur sayohatchilarga, savdogar va karvonboshilarga alohida homiylik qilar, ulardan oʻzlari koʻrgan mamlakatlarining holati haqida muhim maʼlumotlarni bilib olardi”.

Qayd etish joiz, Sohibqiron raqiblari bilan janglarda har safar turli harbiy taktika va tadbirlarni qoʻllagan. Undagi bu benazir xislat va harbiy salohiyatni hali u hokimiyat tepasiga kelmasidan turib, misol uchun, uning kam sonli qoʻshini bilan tajribali moʻgʻul hukmdori Ilyosxoʻjaning koʻp sonli lashkariga qarshi jangda ham koʻrish mumkin. Oʻsha jang oldidan Temur va Ilyosxoʻja bir-birining ustun hamda zaif tomonlarini oʻrganishga intiladi. Xususan,  Ilyosxoʻja Amir Temurning qoʻshini haqida maʼlumot toʻplashni koʻzlab, u yerga elchi yuboradi. Oʻz navbatida,  Temur vaziyatdan unumli foydalanib, elchini chalgʻitish uchun qoʻshinni qayta-qayta uning oldidan oʻtkazadi. Bundan elchi “Temurning qoʻshini koʻp ekan”, degan xulosaga keladi.

Sohibqiron bunga qoʻshimcha ravishda yana bir harbiy taktika qoʻllaydi, yaʼni u dushman koʻngliga vahima solish maqsadida otlarga shox-shabba bogʻlab, kam sonli qoʻshinini jang maydonidan chetroqda qayta-qayta yugurtiradi. Vahimali shovqin-suron, quyuq chang-toʻzon koʻtariladi. Bu esa dushman tomonga elchi yetkazgan maʼlumotlarni tasdiqlagan boʻladi. Bundan tashqari, tunda har yer-har yerda  ulkan gulxanlar yoqiladi. Amir Temur tomonidan oʻylab topilgan bu tadbir ham oʻz samarasini bergan, dushmanning jang qilishga yuragi betlamay, Movarounnahrni tark etgan.

Uning harbiy tadbirlaridan yana biri – jang paytida qoʻshin qanotlarini dushman hujumidan muhofaza qilish, shuningdek, oʻz oʻrnida, dushman kuchlarini yon tomondan aylanib oʻtib, ortidan zarba berish maqsadida tuzilgan otliq qismning joriy etilishi tahsinga loyiq. Bunday harbiy qism Aleksandr, Gannibal, Chingizxon, Lyudovik XIV, Buyuk Fridrix kabi ulugʻ sarkardalar qoʻshinida ham uchramagan.

Bir soʻz bilan aytganda, Amir Temurning harbiy amallari uning kelajakda erishishi mumkin boʻlgan obroʻ-eʼtibor, shon-sharaf va gʻalabalariga zamin yaratgan, mustahkam poydevor vazifasini bajargan. Eng muhimi, uning yutuqlari Osiyo va Yevropa davlatlarining tinch-totuvligi va  farovonligi uchun xizmat qilgan.

 

Azizbek NOROV tayyorladi.

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.