Buyuk bunyodkor

0
147
marta koʻrilgan.

XIV asrning 70-yillarida Amir Temurning hokimiyatga kelishi bilan Movarounnahr shaharsozligida shu paytgacha uchramagan yangicha uslub paydo boʻlgan. Yaʼni, shaharda nafaqat mudofaa devori va istehkomlari, balki yirik saroylar, bogʻlar, madrasalar, hunarmandlik markazlari qurilgan. Bu inshootlar shunchaki qurilmagan, har tomonlama mukammal ishlangan tarh asosida aniq reja, maqsad bilan mahoratli meʼmor ustalar tomonidan bunyod etilgan. Sohibqiron har bir qurilish oldidan mashhur meʼmoru ustalar, olimlar bilan kengashib, ularga gʻoya bergan va shu gʻoyalar boʻyicha quriladigan inshootlarning tarhi yaratilgan. Tarh-reja har tomonlama muhokamadan oʻtib, mukammal holga keltirilgach, quriladigan inshoot uchun shaharning nisbatan balandroq, sel va toshqinlar xavf solmaydigan qismidan yer tanlangan. Oʻz navbatida, tuproq tarkibi, zichligi, yer osti suvlarining sathi, shamolning doimiy yoʻnalishi kabi omillar ham hisobga olingan. Tanlangan maydondagi sizot suvlarini qochirish uchun maxsus yer osti ariqlari qazilgan. Shundan soʻng poydevor uchun handaqlar qazilib, suvga toʻldirilgan va shibbalangan.

Olimlar Amir Temur davrida barpo qilingan ulugʻvor meʼmoriy inshootlarning poydevori chuqurligi haqida turli fikrlar bildirganlar. Masalan, Samarqanddagi Amir Temur jomeʼ masjidi (hozir Bibixonim masjidi deb yuritiladi) ning poydevori oʻrganilganida, uning balandligi 6-7 metr boʻlgani va Choʻponota tepaliklaridan keltirilgan maxsus toshlardan foydalanilgani aniqlandi.

1936 yilda arxeolog S. Kabanov va meʼmor M. Mauerlar Shahrisabzdagi Oqsaroyning poydevorini oʻrganganda 7 metr chuqurlikdan yer osti suvlari sizib chiqa boshlagan. Lekin shunga qaramay olimlar qazishmalarni davom ettirib, saroyning poydevori 7-8 metr balandlikda katta toshlardan, ganch, kul va koʻmirdan tayyorlangan qorishma bilan terilganligini aniqlagan. Bu qorishma namga chidamliligi va namni oʻzidan qochirish xususiyati bilan maʼlum. Shuningdek, qazishmalar paytida yer osti suvlarini qochirishga moʻljallangan yer osti ariqlarning qoldiqlari ham uchratilgan.

Inshootlarning gumbazi, ichki va tashqi devorlari sirtini moviy rangli koshinlar va mozaikalar bilan qoplash usuli Amir Temur davridan boshlangani tarixiy manbalar orqali isbotlangan dalil. Devoriy rangtasvir sanʼatining XIV-XV asrlarda qayta tiklangani ham Sohibqiron bunyodkorlik ishlari bilan bevosita bogʻliq. Maʼlumki, saroy devorlariga surat chizish anʼanasi Samarqandda VII-VIII asrlarda keng tarqalgan. Buni 1965 yilda Afrosiyob tepaliklaridagi arxeologik qazishma ishlari chogʻida topilgan hukmdor Varxuman saroyi devorlariga chizilgan jang tasvirlari, elchilar qabuli, toʻy marosimi suratlari ham isbotlaydi. Amir Temur davrida Samarqandda barpo etilgan bogʻ-saroylarning devorlarida ham buyuk jahongirning Dashti Qipchoq, Eron va Hindistondagi janglari sahnalari, bayramlar, bazmlar, elchilarni qabul qilish marosimlari mohirona ishlangan. Bu Amir Temur va temuriylar davrida Samarqandda gurkirab rivojlangan shaharsozlik, meʼmorchilik, sanʼat va madaniyat uchun andaza chetdan emas, aynan Samarqandning oʻtmishidan olinganligini anglatadi.

Amir Temur davrida meʼmorchilikning misli koʻrilmagan darajada rivojlanganligi turli omillar bilan izohlanadi. Bunda, avvalo, har bir inshootning rejasini sohibqironning oʻzi tasdiqlaganligi va qurilish jarayonini nazorat qilganligi taʼkidlanadi. Yana bir muhim omil esa Amir Temurning turli mamlakatlardan zamonasining mashhur sangtarosh, meʼmor, ustalarini poytaxt Samarqandga olib kelgani va ularning mahalliy meʼmorlar bilan birgalikda mehnat qilganida. Shu tarzda Samarqand ulkan ijodiy-ilmiy laboratoriyaga aylangan. Bu yerda gʻoyalar tugʻilgan, amaliyotga aylangan, tajribalar, sinovlar oʻtkazilgan va shu tariqa yuksak samaralarga erishilgan. Tosh va yogʻochga naqsh solish sohasi shu darajada yuksak rivojlanganki, bu sanʼat turlarining bizgacha yetib kelgan namunalari bugun ham barchani hayratga soladi.

 

Amriddin BERDIMURODOV,

arxeolog

 

zarnews.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.