Bolada ham qalb bor yoki oʻzbek multiplikatsiyasi haqida oʻylar

0
297
marta koʻrilgan.

Bugun ommaviy axborot vositalari, radio-televideniyeda animatsion filmlar mavzusida koʻp gapirilmoqda, maqolalar chop etilmoqda, turli shoularu bahslar uyushtirilyapti. Baʼzan biri ikkinchisini mutlaqo inkor etadigan mulohazalar bildirilmoqda. Bu kishini bir qadar mamnun etadi, albatta. Zero, hamma zamonlarda ham sanʼatning biror sohasiga alohida eʼtibor, kuyunchaklik bilan munosabatda boʻlish oʻzining ijobiy samarasini bermay qolmagan, oxir-oqibat haqiqiy sanʼat durdonalari yaratilishiga turtki vazifasini oʻtagan.

 

Hozirgi yosh avlod bundan bir necha yil avvalgi bolalar emasligi maʼlum. Jamiyat rivojlangani sayin bolalarimizning ham ongi, fikr tarzi, did va talablari oʻsib, oʻzgarib borar ekan, kino va yosh tomoshabin oʻrtasidagi munosabatda qator muammolar kelib chiqishi tabiiy. Bolalar filmi ularning fikrini ifodalay olishi, didi va talablariga javob berishi lozim. Ayni paytda masalaning boshqa tomoniga ham eʼtibor qaratish darkor. Keyingi paytlarda bu mavzuda namoyish etilayotgan koʻrsatuvlar, efirga uzatilayotgan eshittirishlar, bosma va elektron nashrlardagi chiqishlarda sohaning malakali, professional mutaxassislarining ovozlari yetarli darajada eshitilmayapti, nuqtai nazarlari deyarli aks etmayapti. Vaholanki, bola qalbiga sanʼat urugʻini sochishda yaxshi filmlarning mazmuni va estetik shakli haqida gapirib, ularni tarbiyalashda ota-ona, oʻqituvchi bilan birga mutaxassislar va kinotanqidchi ham muhim rol oʻynaydi. Tomoshabin didi va saviyasini kinotan-qidchi tarbiyalaydi, degan gap bejiz aytilmagan.

Toʻgʻri, sanʼatning barcha sohalaridagi kabi, animatsion filmlar yaratilishi borasida ham yetarlicha muammolar mavjud. Buni hech kim inkor etmaydi. Lekin tanqid ochiq darvozaga gol urishdan iborat boʻlib qolmasligi kerak.

Shukrki, mamlakatimiz bolalar uchun multfilmlar ishlab chiqarish doimiy eʼtiborida boʻlgan kam sonli davlatlar safida turibdi. Hukumatimizning maxsus qarori bilan har yili 10 ta bir qismli (oʻn daqiqalik) multfilm ishlab chiqarish uchun mablagʻ ajratiladi. Mana shu gʻamxoʻrlik samarasi oʻlaroq, 50 yillik tarixga ega oʻzbek multiplikatsiyasi namunalari, jumladan, “Kulol”, “Bor baraka” (rejissyor D. Vlasov), “Ur, toʻqmoq!” (rejissyor S. Chufarnov), “Qush”, “Farhod va Shirin” (rejissyor N. Toʻlaxoʻjayev), “Bulbul”, “Sher ila durroj” (rejissyor M. Mahmudov) kabi filmlarimiz xalqaro tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, qator sovrinlarni qoʻlga kiritdi.

Mana, bir yildan ortiqroq vaqt boʻldiki, oʻzbek professional multiplikatorlari ilk bor toʻliq metrajli, bir yarim soat davom etadigan animatsion filmga qoʻl urishdi. Ayni kunlarda ijodiy jarayon qizgʻin kechmoqda. Kelasi yil bahorida kichik va umid qilamizki, katta yoshdagi tomoshabin ham “Noʻxatpolvon” deb atalgan ushbu filmimizga oʻzlarining bahosini beradi.

Bolalar tez ulgʻayishadi. Ayniqsa, bugunning bolalari. Ular televideniyedan tashqari internet, turli disklar orqali ham dunyo multiplikatsiyasi bilan yaxshi tanishib ulgurishadi. Bunday keskin raqobat muhitida milliy ruhdagi multfilmlarimiz bilan bolaning qalbi va ongini egallash oson kechmasligi aniq. Multfilm endigina hayotga qadam qoʻya boshlagan kichkintoylar tezda oʻzlashtirib oladigan, obrazlar yorqin talqin etiladigan, yaxshi-yomonning chegarasi aniq ajratilgan murakkab kino janridir. Shu sababli ham “Multbirlashma” ijodkorlari yaratayotgan har bir asar bolalarda insonga va hayotga muhabbat tuygʻularini tarbiyalovchi, goʻzallikni tushunishga yordam beruvchi muhim sanʼat vositasi boʻlib xizmat qilishiga harakat qilishmoqda. Ammo bu borada muammolarimiz ham yoʻq emas. Shulardan biri multstsenariylar taqchilligi! Toʻgʻri, bolalar uchun boy badiiy adabiyotimiz, undan-da boy ertak-afsonalarimiz bor. Lekin bu bolalar uchun moʻljallangan har qanday asarni sahnalashtirish mumkin, istalgan bolalar yozuvchisi multfilm stsenariysini yoza oladi degani emas. Hattoki bemalol aytish mumkin, multfilm uchun stsenariy bolalar adabiyotidan tubdan farq qiladi, chunki multiplikatsiya – bu dinamika, voqealar boyligi, qiziqarli personajlar hamda turli-tuman xarakterlar toʻqnashuvini nazarda tutuvchi vizual sanʼat. Lekin nimagadir bizning stsenarist-yozuvchilarimiz oʻz asarlarida koʻproq tarbiyaviy jihatga eʼtibor qaratishadi. Aslida, har bir badiiy asarning tarbiyaviy tomonlari boʻlishi tabiiy. Ammo bizning stsenarist-yozuvchilarimiz bolalarga xos turli voqea-sarguzashtni qiziqarli va jonli yozish oʻrniga, nasihatgoʻylikka oʻtib ketishadi. Bolalar esa jonli oʻxshatishlarga qarab fikr yuritadi. Shuning uchun ham haqqoniylik, insoniylik, odillik kabi tushunchalarni “bu yaxshi, bu yomon” deb toʻgʻridan – toʻgʻri aytmasdan, amalda koʻrsatish kerakki, bola oʻz his-tuygʻulari bilan yaxshi va yomonni tushunib yetsin, oʻzi mustaqil xulosaga kelsin. Qisqasi, multfilm qanchalik sarguzasht-voqealarga boy, kulgili va qiziqarli boʻlsa, bolaga shu qadar kuchli taʼsir qiladi. Nasihatgoʻylik, didaktika esa bolani zeriktiradi.

Animatsiya sohasida ishlagan odam biladi, bor-yoʻgʻi oʻn daqiqalik animatsion filmni tayyorlash uchun sakkiz oy, baʼzida bir-bir yarim yil fursat ketadi. Har qanday ijodiy jarayonda – u xoh oʻn daqiqalik, xoh yarim soatlik multfilm boʻlsin, ijodkorlar katta guruhi mehnat qilishi lozim. Lekin baʼzida shunday boʻladiki, kadrlar yetishmasligi tufayli bir nechta ishni (har birini professional mutaxassis bajarishi lozim boʻlgan!) bir kishi bajarishiga toʻgʻri keladi. Animatsiyada eng muhim ishni jonlantiruvchi rassom bajarishini hisobga oladigan boʻlsak, bizning sakkiz oy-bir yil davomida bor-yoʻgʻi bitta-ikkita animator bilan ishlagan filmlarimizning badiiy sifatini oldindan tasavvur qilish qiyin emas!

Bolalar filmi, ayniqsa, animatsion filmlarning spetsifikasi faqat tajriba orttirish davomidagina oʻzlashtirib boriladi. Bu esa animatsion filmlar ustida ishlovchi rejissyor va rassomlarni tarbiyalab yetishtirish masalasini ham oʻrtaga tashlaydi. Animatsiyaning mana shunday oʻziga xos tomonlarini hisobga olgan holda, mana bir necha yildan buyon Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn instituti va rassomlik kolleji qoshida animator-rassomlar (magistrlar emas!) tayyorlovchi maxsus guruh yoki boʻlim ochishga harakat qilinmoqda. Afsuski, hozirgacha ushbu takliflarimiz eʼtiborsiz qolayotir.

Qolaversa, multfilmning badiiy sifati nafaqat moddiy-texnik bazaga, balki bajarilgan ishlarni qabul qilish va sifatini baholashga ham bogʻliq. Keyingi vaqtlarda yaratilayotgan multfilmlarni qabul qilishda koʻpincha, uning voqealarga boyligi, qiziqarliligi, personajlar shakl-shamoyili va xatti-harakatiga emas, tarbiyaviy tomonlariga eʼtibor qaratilyapti. Holbuki, animatsiyada har bir rang, shakl, obraz va musiqa aniq bir vazifani bajaradi, asar gʻoyasini ochishda yordam beradi. Shuning uchun ham multfilm oʻz nomi bilan kichkina film boʻlgani bilan uni tushunish va his qilishda juda katta eʼtibor va masʼuliyat talab qiladi.

Toʻgʻri, raqobatsiz rivojlanish boʻlmaydi. Bu oʻzbek multiplikatsiya sohasini ham chetlab oʻtgani yoʻq. Yaʼni yildan-yilga aynan animatsion film-lar yaratishga ixtisoslashgan xususiy studiyalar soni ortmoqda, ular yaratgan asarlar ekranlarimizda namoyish etilmoqda. Ammo, taassufki, bu jarayonda malaka, professional animator, rejissyorlar yetishmasligi oʻz soʻzini aytmoqda. Gap kelganda ochigʻini aytish lozim, personajlarni harakat qilishga majburlash bu hali animatsiya emas. Animatsiya bu – obrazga jon va ruh bagʻishlash, unga qandaydir faqat oʻziga xos xususiyatlarni, farqli jihatlarni berishdir. Toki, yosh tomoshabin qahramonni tushunsin, uning har bir harakati, nigohini anglasin; kulsa – u bilan qoʻshilishib kulsin, yigʻlasa – birga yigʻlasin… Ammo bugungi kunda animatsiyaga boʻlgan munosabat shuni koʻrsatmoqdaki, kompyuter va “3D” dasturini yaxshi oʻzlashtirgan mutaxassis, professional bilim va koʻnikmasi bor-yoʻqligidan qatʼi nazar, animatsiyaning oʻziga xos qonun-qoidalaridan bexabar holda, skaner va biror-bir “flash-das-tur”ga ega boʻlsa bas, magʻrurlik bilan oʻzini animator, deb aytishi mumkin boʻlib qoldi.

Ammo biz buni tabiiy jarayon sifatida qabul qilamiz. Eng muhimi, oʻzbek animatsiyasi sohasi bir joyda toʻxtab qolgani yoʻq, u doimiy intilishda, izlanishda. Mavjud muammolar asta-sekinlik bilan boʻlsa ham hal etilyapti. Demak, ishonch bilan aytishimiz mumkinki, biz bolalarning muhabbatiga sazovor boʻladigan, ularning vatanparvar, yuksak maʼnaviyatli, turli xurujlarga qarshi mafkuraviy immunitetga ega, bir soʻz bilan aytganda, komil insonlar boʻlib yetishishiga oʻz hissasini qoʻsha oladigan animatsion filmlar yaratishda davom etaveramiz.

 

Mavzur MAHMUDOV,

“Oʻzbekfilm” AJ qoshidagi “Multbirlashma” badiiy rahbari,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi,

Zulfiya YOʻLDOSHYeVA,

“Multbirlashma” muharriri

 

“Hurriyat”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.