Bobur saltanatni qanday boshqargan?

0
68
marta koʻrilgan.

Amir Temurdan soʻng temuriy shahzodalar ichida mukammal davlatchilik siyosatini olib borgan, buyuk Sohibqironga har tomonlama munosib izdosh boʻla olgan avlodlaridan biri Zahiriddin Muhammad Boburdir.

Boshqa shahzodalardan farqli ravishda Bobur davri eng murakkab bir paytga toʻgʻri keldi va unga oʻz yurtida hukmronlik qilish nasib etmadi. Ammo mustahkam iroda, sabr-bardosh, yuksak aql va idrok, beqiyos jasorat va matonatga ega Bobur oʻzga yurtda boʻlsa-da, oʻz saltanatiga asos soldi. Bu saltanat tarqoq mamlakatning siyosiy birligini taʼminladi, uning gullab-yashnashi uchun asrlar osha ijobiy taʼsir koʻrsatdi.

Xoʻsh, u bunga qanday erishdi? Tarixchi va siyosatchilar buning asosiy sabablaridan biri Zahiriddin Muhammad Boburning oʻz saltanatida maʼmuriy boshqaruv tizimini toʻgʻri yoʻlga qoʻygani, ishlarning tartibli va oʻzaro maslahat bilan amalga oshirilganida deb hisoblashadi.

Bobur va boburiylar davlatida saltanat ishlari quyidagi vazirlik va idoralar orqali boshqarilgan:

Moliya vaziri (xazinabon) va u rahbarlik qiladigan soliqlar boʻlimi. Bu idora boshligʻi “Devoni aʼlo” deb atalgan.

Saltanat ichki ishlari ish boshqaruvi idorasi. Bu idora “Xoni zamon” yoki bosh dorugʻa tomonidan boshqarilar edi.

Harbiy moliya ishlari boshqarmasi. Bu boshqarma harbiy lavozim egalariga maosh toʻlash va ushbu tizimning sarf-xarajatlarini hisob-kitob qilish bilan shugʻullangan.

Adliya ishlari idorasi. Bu idora fuqarolik va jinoiy ishlarning hal etilishini nazorat qilgan, u “qozi ul-quzzot”, yaʼni bosh qozi nazorati ostida ish olib borgan.

Xayriya ishlari boʻlimi. Bu boʻlim diniy tashkilotlarga tushadigan kirimlar, yaʼni xayriya va ehsonlar hisobini olib borgan. Bu ishlar uchun “Sadr us-sudur”, yaʼni bosh sadr mutasaddi etib belgilangan.

Maʼnaviyat boʻlimi. Bu idoraga bosh muxtasib rahbarlik qilib, uning jamoasi fuqarolarning axloq qoidalariga, eʼtiqodga amal qilishi kabi holatlarni kuzatib borgan.

Harbiy artilleriya (toʻpxona) boʻlimi. Bu idora harbiy qurol-aslaha zaxirasi bilan shugʻullanar edi. Uning rahbari esa “Miri otish” yoxud “Dorugʻai toʻpxona” deb atalgan.

Axborot va xufiya xabarlar boʻlimi. Boʻlim boshligʻi “Dorugʻai darak shavqi” deb atalib, u mamlakatda boʻlib oʻtayotgan voqea-hodisalardan podshohni xabardor qilib turish uchun masʼul boʻlgan.

Pul zarb qilish boshqarmasi. Bu idoraga ham maxsus dorugʻa rahbarlik qilgan.

Ahamiyatli tomoni, oʻz davridagi boshqa hukmdorlardan farqli ravishda, Bobur saltanatida bu boʻlimlarning har biri davlat ishlarida oʻz oʻrni va mavqeiga ega boʻlgan. Ularga oʻz tizimidagi barcha ishlar uchun javobgarlik va masʼuliyat yuklatilishi bilan bir qatorda, maʼlum bir qaror oldidan har birining fikri tinglanib, eng maqbul takliflar inobatga olingan.

 

Bahorgul NOMOZOVA,

viloyat yuridik kolleji maʼmuriy huquq fani oʻqituvchisi

 

qashqadaryogz.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.