Bobur qurdirgan maqbara topildi

0
363
marta koʻrilgan.

Birinchi maqola

Bobur Mirzo bizning bobomiz, bizning qonimiz, bizning bolalarimizga gʻurur bilan aytadigan buyuk ajdodimizdir. U Andijonda tugʻildi, Andijonda kamol topdi. Mana shunday ajdodlarimiz borligi, mana shular Andijon farzandi ekanligini hech qaysimiz, hech qachon unutmasligimiz kerak. Oʻzligimizni anglashni shundan boshlashimiz lozim.

                                                                                                                                                  Sh.M.MIRZIYOYEV

Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasining 2017 yil dekabr oyidagi safari Qirgʻiziston Respublikasining Olabuqa tumani Oqtom kenti fuqarolar yigʻiniga qarashli Safedbulon qishlogʻiga qaratilgan edi. ­Ekspeditsiya Oʻsh shahri boʻsagʻasidagi “Doʻstlik” (Oʻzbekiston — Qirgʻiziston) chegara bojxona postidan oʻtib, Oʻshni oʻng qoʻlda qoldirib, Oʻzgand tomon yoʻlga tushdi. Oʻzgandga yetganda shahardagi eng qadimiy qabristonning chekkarogʻida XI asrda yashab oʻtgan ulugʻ siymo — Burhoniddin Qilich qabr-maqbarasini ziyorat qildik. Maʼlumotlarga koʻra, mazkur shayx va mudarrisning umri asosan Oʻzgand, Andijon va Xoʻjand madrasalarida kechgan. “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi”da ham Boburning piri Xoja Mavlono Qozi shajarasi Burhoniddin Qilichga borib bogʻlanishi alohida qayd etilgan va Burhoniddin Qilich xususida  quyidagi maʼlumotlar berilgan: “Shayx Burhoniddin Qilich Oʻrta Osiyolik shayx, sayyidlar tomonidan Ilikxonlar avlodi, Oʻzgandda tugʻilgan Qoraxoniylardan Bugʻroxon Abu Ali al-Hasan ibn Sulaymonga (1059 — 1077 yillar) zamondosh boʻlgan. Fargʻona vodiysi, Koshgʻar, Samarqand va Badaxshonda katta obroʻ-eʼtibor qozongan. Rivoyatlarga koʻra, u oʻziga yasab olgan yogʻoch qilichi poʻlat qilichday keskir boʻlgani uchun “Qilich” laqabini olgan”.

Xoja Mavlono Qozi Shayx Burhoniddin Qilich avlodi sifatida “Bobur ensiklopediyasi”da tilga olingan. Boshqa xorijiy ensiklopediyalar va qoʻlyozma manbalarda ham uning Andijon va Xoʻjand­da koʻp marotaba va uzoq muddat boʻlgani haqida maʼlumotlar qayd etilgan. Bizningcha, Shayx Burhoniddin Qilichni Andijon va Xoʻjand diniy-maʼrifiy va madaniy-adabiy muhiti koʻproq oʻziga jalb etgan boʻlsa kerak.

Oʻzganddagi Shayx Burhoniddin Qilich maqbarasidagi bir qayroqtosh diqqatimizni tort­di. Undagi yozuvdan hozircha “Shayx Burhoniddin” soʻzlarini hijjalay oldik, xolos. Buni oʻrganish ham galdagi vazifalarimizdan.

Soʻngra Jalolobodga joʻnadik. Jalolobod shahrida “Shoh Fazl tarixiy-meʼmoriy majmuasi” qarorgohini topib, majmua direktori Erkin hoji Begimqulov bilan uchrashdik. Majmua rahbari shahidlar manzili nomida oʻn uch asrdan buyon mashhur boʻlgan mazorat va Shoh Fazl tarixiy-meʼmoriy majmuasi haqida bilganlarini gapirib berdi va oʻz qalamiga mansub “Shahidlar makoni”, “Ollohga shukur” kitoblarini bizga taqdim etdi. Shu oʻrinda Erkin hojining quyidagi fikrlarini alohida qayd etishni lozim topdik:

— Hozir Safedbulon deb nomlangan qadimiy qishloq hududlarida VII — X asrlarda yirik tarixiy hodisalar roʻy bergan, bu yer butun Axsi vohasi hamda Fargʻona vodiysi shahar va qishloqlariga islom dinini yoyish va barqaror etish markazi boʻlgan. Hozirgi vaqtda biz Boburning otasi Umarshayx mirzoning Shoh Fazl maqbarasiga koʻmilgani va bu muhtasham yodgorlik bilan bogʻliq koʻplab tarixiy faktlarni yigʻish bilan mashgʻulmiz. Oʻylaymanki, Oʻrta Osiyo Uygʻonish davrining buyuk vakili Zahiriddin Muhammad Bobur adabiy-ilmiy merosini oʻrganayotgan jamoalar bilan hamkorlikda bu muammolarning yechimiga erishamiz.

Erkin hoji tadqiqot ishlari natijalari, risolalari, tosh bitiklarga yozilgan ilmiy matnlar, Shoh Fazl majmuasi tarixi, arxeologiyasi, epigrafikasiga doir materiallaridan, boshqa mualliflar kitoblaridan  bir nusxadan bizga ­sovgʻa qildi.

Guruhimiz salkam 400 km. yoʻl bosib, Safedbulon qishlogʻiga yetib keldi. Safedbulondagi Shoh Fazl tarixiy-meʼmoriy majmuasi direktori oʻrinbosari Tojixon Toshpoʻlatova jamoasi bilan bizni kutib oldi. Qosh qorayib qolgani uchun ziyoratni ertangi kunga qoldirib, Tojixon aya uyida mehmon boʻldik. U kishi Safedbulon qishlogʻi hamda ziyorati toʻgʻrisida mufassal maʼlumotlar berdi. Shoh Hakim Xolisning “Safedbulon qissasi” (“oʻazotnomai Shoh Jarir”) dostonini va mazkur tarixiy-meʼmoriy majmuaning sobiq rahbari, tarixchi Tursunboy hoji Abdunabi oʻgʻlining “Safedbulon tarixi” kitoblarini bizga sovgʻa qildi.

Olabuqa tumani Oqtom kentiga qarashli Safedbulon qishlogʻidagi Shoh Fazl tarixiy-meʼmoriy majmuasi juda qadim tarixga ega ulkan ziyoratgoh boʻlib, uning tarkibiga quyidagilar kiradi: Shoh Fazl maqbarasi, Bulon maqbarasi (Safedbulon ismli xizmatkor qiz qabri), Qirgʻin masjid, Kallaxona, Mozor tepa, Xoja Alamdor (arab lashkarining bayroqdori va uning oʻgʻlining) qabrlari, Doʻlana shahar, Jomeʼ masjidi, arab va fors tillaridagi bitiktoshlar.

Shoh Fazl majmuasining markazida darvishlar kulohi shaklidagi bir ulkan obida (balandligi 15,7 metrli gumbazli maqbara) bor. Safedbulon qishlogʻida yillar davomida kompleks tadqiqotlar oʻtkazgan professor V.D.Goryacheva bu haqda  kitob yozgan, Safedbulon qishlogʻidagi ulkan maqbara X — XI asrlarga mansubligini qayd etgan.

Oʻrta Osiyo meʼmorchiligining durdonalaridan biri Shoh Fazl maqbarasi turkiy xalq­lar madaniyati, sanʼatini oʻzida mujassamlashtirib turgan tarixiy, meʼmoriy inshoot hisoblanadi. Ushbu oʻzgacha meʼmoriy uslubdagi mahobatli yodgorlikning yaratilishi haqida olimlarning fikrlari turlicha. ­Ayrimlari yodgorlik X — XI asrlarga mansub boʻlib, qoraxoniy hukmdor  Muiz-ad-davla Arslon tegin Abulfazl Abbos bin Muhammad tomonidan otasi Muhammad ibn Nasrga atab qurilganini tasdiqlashsa, boshqa bir qismi esa bu ulkan yodgorlikni tiklash Amir Temur buyrugʻi va mablagʻi evaziga shahid ketgan islom dini fidoyilari uchun qurilgan va qurilish Sohibqironning oʻgʻli, Fargʻona viloyatining hukmdori Umarshayx mirzo  nazoratida boʻlgan, deb hisoblashadi.

Har ikkala fikrni oʻrtaga tashlab, muhokama qilgan V.D.Goryachevaning oʻzi ham yodgorlikning ichki qismining ingichkaligini, nomutanosibligini hisobga olib, yodgorlik vayrona holatga kelib, qayta tiklangan, deb yozadi. Shuningdek, u A.N.Bernshtam fikrini ham inobatga olib, yodgorlik XIV asrda tiklangani ehtimolini ham qayd etadiki, bundan sohibqiron Amir Temur xizmatini koʻrish mumkin.

V.D.Goryacheva olimlarning bu boradagi mulohazalarini tahlil qilarkan, yana bir yangicha yondashuvga diqqatimizni tortadi. Uning­cha, bu binoning pastki qismi ilgari soʻfiylar uchun xonaqoh sifatida qurilgan. Chunki ikki tomonida unga tutash binolar boʻlgan. Keyinchalik shu yerlik biror aziz avliyo yoki  arbobga atalib, ustki qismi bilan qayta qurilgan va binoga maqbara maqomi berilgan boʻlishi ham mumkin. Muallif bu fikrini Safedbulon qishlogʻi haqida ilk maʼlumot qayd etilgan Jamol Qarshiyning “Mulhaqot us-Suroh” kitobida (XIII asr) shahidlar haqida maʼlumot borligi, biroq unda Shoh Fazl yodgorligi tilga olinmagani bilan dalillaydi. “Demak, Shoh Fazl shaxsi hali lozim darajada eʼtirof etilmagan boʻlsa kerak”, degan mulohazani ham aytadi. Fikrlardagi bu kabi har xillikka Tursunboy Abdunabiyevning “Safedbulon tarixi” kitobida qisman aniqlik kiritilganday: “Bu haqda “Safedbulon qissasi” asarida Mirzo Boburning otasi Umarshayx mirzo tomonidan taʼmirlangani aytiladi”, deb yozadi muallif.

Ushbu qissadagi maʼlumotga ishonsak, Umarshayx mirzo ibn Abusaid mirzo emas, balki uning oʻgʻli — Zahiriddin Muhammad Bobur bu qishloqqa kelib Shoh Fazl maqbarasiga “…gunbaz ayladi. Uch yuz ellik tillo berdi, anga marqad ayladi. Gunbazini biturub, koshin qilay deb chogʻladi”. Buni oʻqib hayratga tushdik, xursand boʻldik.

Endi “Safedbulon” qissasi kitobidan Shoh Fazl maqbarasi egasi kimligi haqidagi badiiy maʼlumotga kelsak, quyidagi parcha Bibi Ubaydaning oʻgʻli Shoh Fazlni qabrga qoʻygandagi nolasidan:

Kelturub oxir sani yoʻl boshida goʻr ayladim,

Motamingda yigʻlay-yigʻlay koʻzlarim koʻr ayladim,

Furqatingda oqibat oʻzimni ranjur ayladim,

Gumbaze qilsa bino deb elga mashhur ayladim.

 

Necha yil soʻng Mirzo Bobur keldi, gunbaz ayladi,

Uch yuz ellik tillo berdi, anga marqad ayladi.

Gunbazini biturib, koshin qilay deb chogʻladi,

Fatarot boʻldi zamona, aygʻonidek boʻlmadi,

Bu shahidlar ichida mashhur mazorim, yolgʻuzum.

(“Safedbulon qissasi”, 143-bet.)

Koʻryapmizki, Tursunboy hoji negadir ushbu Bobur qurdirgan “mashhur mazor” – gumbazli maqbara va sagʻana haqidagi aniq maʼlumotni hisobga olmay, asarda boʻlmagan holat — Umarshayx mirzo taʼmir qilgani haqida soʻz yuritgan. Shu oʻrinda dostonning uch-toʻrt misrasiga eʼtibor qarataylik. Ona oʻz oʻgʻli Shoh Fazlni tuproqqa topshirdi: “Kelturub oxir sani yoʻl boshida goʻr ayladim”. Demak, hali gumbaz yoʻq. Ona niyat qilmoqda: “Gumbaze qilsa bino deb elga mashhur ayladim”. Hanuz gumbaz qurilmagan. Ona va muallif orzusini eshitdik. Endi kitob muallifi va ona maʼlumotlari mujassami:

Necha yil soʻng Mirzo Bobur keldi gumbaz ayladi.

Uch yuz ellik tillo berdi anga

marqad (sagʻana) ayladi.

Gumbazini biturub, koshin qilay deb chogʻladi…

Demak, Mirzo Bobur kelib Shoh Fazlga maqbara bunyod etib, sagʻana qoʻygan va ichu tashini koshin qilishga navbat kelganda harbiy toʻpolonlar ishni toʻxtatib qoʻygan.

Biz “Safedbulon qissasi” dostonidagi badiiy haqiqat: Mirzo Boburning bu yodgorlikka gumbaz qurdirgani, uch yuz ellik tillo berib marqad (sagʻana) bunyod ettirgani, endi koshinlashga navbat kelganida favqulodda harbiy vaziyat yuzaga kelib, soʻnggi niyat chala qolgani haqidagi maʼlumot bilan ham tanishdik.

Dostonda muallif ziyoratchilarga yoʻl koʻrsatib, shahidlar mozorida Qurʼon tilovat qilishga daʼvat etarkan, gumbaz ichiga kirib Shoh Fazlga ham fotiha oʻqishni taʼkidlaydi:

Oʻqub “Qurʼon” alarga ham duo qil

Ki andin soʻng kirib gunbazga, ey yor,

Qiling Shoh Fazlga fotiha bisyor.

Maʼlum boʻladiki, bu ulkan yodgorlik Qoraxoniy hukmdorga emas, balki Shoh Fazlga atalib, Zahiriddin Muhammad Bobur tomonidan bunyod etilgan maqbara ekan.

Xullas, tarixiy-adabiy tadqiqotlarga koʻra, Oʻrta Osiyoda meʼmoriy shakli jihatidan oʻxshashi boʻlmagan ushbu ulkan obida oʻsha zamonda xalq orasida islom dinini tarqatish markazi boʻlganligi va uning yaratilishida islom diniga oʻta yuksak eʼtiqodli sohibqiron Amir Temur, oʻgʻli Umarshayx mirzo va Zahiriddin Muhammad Boburning buyruqlari, moddiy ehson va eʼtiborlari muhim ahamiyat kasb etgani aniqdir.

Biz hozirgacha Boburning Oʻshdagi Sulaymon (Barokoʻk) togʻida oq uy – hujra qurdirganini “Boburnoma”dan bilardik va Oʻshga borib, ziyorat ham qilgan edik. Mana, Boburning oʻz vatanida amalga oshirgan bunyodkorligining ikkinchi bir namunasi sifatida bugun koʻz oʻngimizda bor boʻy-basti bilan, sharqona meʼmoriy uslubda qad koʻtarib turibdi.

Xoʻsh, Shoh Fazl kim edi? Nima uchun Bobur mirzo uning qabri ustiga maqbara tiklagan va sagʻana toshi qoʻygan?

“Safedbulon qissasi”da aytilishicha, ushbu mungli qissa asli arab tilida yozilgan. Uni Xoʻjandiy taxallusli shoir fors tiliga tarjima qilgan. Shoh Hakim Xolis bu tarjimadan qoniqmagan va oʻzi dostonni qayta 1811 milodiy (1226 hijriy) yilda oʻgirgan. Oldingi tarjima masnaviy shakldagi doston holida boʻlsa, Shoh Hakim Xolis oʻz tarjimasiga – doston mazmuni yanada taʼsirchan chiqishini koʻzlab muxammas va murabbaʼlar kiritgan.

Bu dostonni tarix fanlari doktori, professor Mahmud Hasaniy va Tursunboy Nabiyev uch nusxa qoʻlyozmani taqqoslab nashrga tayyorlab, 1994 yili oʻafur oʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida chop ettirgan.

“Safedbulon qissasi” mazmuniga koʻra, hazrati Usmonning farzandi Shoh Jarir Oʻrta Osiyoga koʻp mingli lashkar bilan kelib, Kosonsoyni oladi va Oʻngʻor hokimi Karvonbasga maktub yoʻllaydi. Kosonsoy hokimi Ixshid Karvonbas bilan til biriktirib, Shoh Jarirga boʻysunish va musulmon boʻlishga tayyor ekanliklari haqida soxta maktub yoʻllashadi. Hatto ishonchni qozonish uchun Karvonbas qizi  Ubaydani Shoh Jarirga uzatgan ham. Aslida yerli hokimlar qulay fursat ­kutib, bir juma kuni namoz paytida islomga chorlash uchun kelgan 2772 nafar arab lashkarini qirib tashlagan. Shoh Jarir Bibi Ubayda bilan qochib, Madinaga borishgan. U yerda Shoh  Jarir vafot etadi. Bibi Ubayda norasida oʻgʻli Fazlni kamolga yetkazgan. Oʻgʻil qirq yoshga yetib, Kosonsoy va Oʻngʻor  xalqini islomga qaytarish uchun lashkar tortib kelib, Axsi vohasini egallagan. U ham Kosondan uylanib, oʻgʻli oʻn ikki yoshga yetganda, uni Kosonsoyga hokim tayinlab toʻy bergan va toʻyda Shoh Fazl ham oʻldirilgan. Bibi Ubayda Shoh Fazlni tuproqqa topshirib, oʻn ikki yoshli nevarasini olib, Arabistonga qaytayotganida Qoʻqon atrofidagi hozirgi Buvayda qishlogʻidagi choʻlda qor boʻroniga uchrab xalok boʻlishadi. Doston  Bibi Ubaydaning  Shoh Fazlni koʻmgani va aza tutgani haqidagi fojeali voqea bilan yakunlanadi.

Buvayda tumanidagi ziyoratgohlar Bibi Ubayda va Shoh Fazlning farzandi Jarir Muhammad bilan aloqador ekanligi elga maʼlumdir. Xalq yodi va tilida Jarir soʻzi Jalil holiga kelib qolgani ham sir emas.

Zahiriddin Muhammad Bobur Safedbulon qishlogʻidagi shahidlar mozori va Shoh Fazl qabri ziyoratidan kuchli taʼsirlangan va elni islom nuri bilan munavvar aylagan Shoh Fazl maqbarasini taʼmirlab, gumbazli qilib yuksaltirib, sagʻana qoʻygan.

Tarixiy maʼlumotlarga koʻra, Safedbulon qishlogʻining qadimiy nomi Ispidbulon boʻlib, keyinroq XX asrdagi  nomi Mazor edi. Soʻng u Guliston nomiga almashtirilgan va nihoyat, hozirgi nomi Safedbulondir.

Safedbulon ismli qiz Shoh Jarir va Bibi Ubaydaning xizmatkori boʻlgan. U qirgʻin paytida boshqa joyda boʻlgan va kelib  Shoh Jarir hamda Bibi Ubaydaning boshlarini topish uchun minglab kallalarni yuvgan, deyiladi dostonda. Chunki u Shoh Jarir va Bibi Ubaydaning qochib qutilganliklaridan bexabar boʻlgan. Bu xizmati uchun boʻlsa kerak, bora-bora shahidlar mozori “Safedbulon” nomi bilan shuhrat qozongan.

“Safedbulon” ziyoratgohining hozirgi qiyofaga kelishida Erkin hoji Begimqulov va Tojixon Toshpoʻlatovaning savobli xizmatlarini  qayd etib, bu xayrli ishlarida ularga omadlar tiladik. Oʻylaymizki, davlatimiz rahbarining oqilona siyosati tufayli Qirgʻiziston bilan Oʻzbekiston xalqlari hamdoʻstligi kuchaygan bir paytda “Safedbulon” majmuasi kelgusida butun Oʻrta Osiyo xalqlari uchun aziz ziyoratgohlardan biriga aylanishiga shubha yoʻq.

(Ushbu maqolamiz davomida Zahiriddin Muhammad Boburning otasi, ziyoli podshoh Umarshayx mirzoning qabri qayerdaligi haqida soʻz boradi.)

 

Zokirjon MASHRABOV,

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi,

Boqijon MATBOBOYEV,

tarix fanlari doktori, professor,

Vahob RAHMONOV,

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, boburshunos olim

 

uzas.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.