Bizning odatlar (yoki ofatlar)

0
383
marta koʻrilgan.

Yarim asrlik umid

Mazkur maqola bundan qariyb ellik yil muqaddam – 1970 yilda yozilgan. Lekin unda koʻtarilgan mavzular hanuz dolzarbligini yoʻqotmagan.

Ayni damda yana qizgʻin muhokama va tortishuvlarga sabab boʻlmoqda. Muallif maqolada aqli bor insonlar uchun tushunarli va taʼsirchan dalil va misollar keltirgan. Kuzatish va tahlillarini bayon qilgan. Shuningdek, maqola soʻnggida bunday keraksiz odatlar bir kun kelib yoʻq boʻlishidan umidvorligini ham bildirgan.

Shoir orzu qilgan kunlar, mana, qariyb ellik yildirki, hali-hanuz armon boʻlib qolyapti. Maqolani oʻqib, biz ham muallifning umidiga sherik boʻlamiz.

Tahririyat

 

Odatlar xalq tabiatining koʻzgusidir. Hech bir xalqning hech bir odati ayrim odamlarning istak-xohishi bilan, shunchaki bir oʻtkinchi havasi bilan dunyoga kelgan emas. Odatlar aslida ezgu niyatlarning ifodasi sifatida, insonlarning bir-biriga mehr oqibati namoyishi sifatida tugʻiladi, ular aslida xalq donishmandligining bir koʻrinishidir. Shuning uchun ham odatlar uzoq yashaydilar. Hatto zamon-zamonlar oʻtib bu odatlar yangicha hayot qoidalariga mos kelmay qolganda ham bir necha oʻn yillar davomida yashab kelaveradi. Masalan, dogʻistonliklarda shunday odat bor. Bir uyda qiz boʻyga yetganda yigitlar qizlik uyning hovlisiga papoqlarini otadilar. Qiz papoqni qaytarib otsa, yigitga koʻngli yoʻqligini, agar olib qolsa, koʻngli borligini, uyga taklif qilganini bildiradi. Bu odat qadim zamonlarda qiz bilan yigit koʻchada oʻzlaricha koʻrishish imkoniyati boʻlmagan paytlarda dunyoga kelgan, qiz qadrini ulugʻlash, uning qalbi bilan hisoblashish niyatida tugʻilgan. Lekin hozir ham, yigit bilan qiz tanishib, kinolarga borib, tansalar tushib, bir-birini obdan sinab turmush quradigan boʻlganlarida ham toʻyga yaqin yigit qizning hovlisiga papogʻini otmasa boʻlmaydi. Qizning ota-onasi, qavmu qarindoshlari busiz toʻyga rozi boʻlishmaydi. Papoq otish qizning shaʼni uchun kerak deb hisoblashadi. Bamisoli bizdagi toʻy kuni qizning eshigi oldida surnay chalinishi odat boʻlganday.

Bizning baʼzi oʻzbekcha odatlarimiz ham oʻsha qiz oʻgʻirlash, papoq otishga oʻxshab eskirib qolgan. Lekin qiz shaʼni, yigit obroʻsi, ota-ona orzusi deb hanuzgacha davom ettiramiz. Masalan, ilgari zamonlarda qiz bola dunyoga kelgandan boshlab, otani “holva” deb tabriklashgan kundan boshlab, “qizni beshikka, molini teshikka”, degandek boʻlajak kelin uchun kerakli narsalar – bir necha bosh-oyoq kiyim, choyshab, palos singari narsalar gʻamlash odat boʻlgan. Bu yaxshi niyat bilan qilingan. Lekin bizning zamonda kiyim-kechak u yoqda tursin, mebellarga boʻlgan urf ham yil sayin oʻzgarib turgan bir vaqtda, qirq, elliklab koʻylak qilishlar, shunday toʻqlik zamonida yetti mahallani xabarlab osh berishlar yoki ayollarning toʻyga osh xomi koʻtarib borishlari hozirgi turmush tarzimizga oʻtirishmaydigan odatlar. Lekin ular davom etmoqda. Biz bu odatlarga oʻrganib qolganmizmi, har qalay oʻzimizga uncha bilinmaydi. Lekin chetdan, boshqa xalqlar nazari bilan qaralsa, haligi papoq otish yoki qiz oʻgʻirlash kabi gʻayritabiiy, kulgili boʻlib tuyuladi.

Albatta, toʻylarning chiroyli tantana boʻlgani yaxshi. “Toʻy umrda bir boʻlajak siyrak tantana” degan Gʻafur Gʻulom. Qudalarning bir-biriga izzat ikromi, ikki oilaning yaqinlashuvi uchun qilinadigan tadbirlar yaxshi. Bular yangi qurilgan oilaning mustahkam boʻlishini koʻp jihatdan taʼminlaydi. Lekin bu yaxshi odatlar manmanlikka, boylik namoyishiga aylansa, albatta, atrofdagilarning gʻashini keltiradi. Tongotar radiokarnayli bazmlarimizga nahorgi osh ashulalari ulanib ketsa, bir xonadonning toʻyi bir kilometr radiusdagi xaloyiqqa uyqu bermasa, ayniqsa, bitta toʻy bir oilani umrbod qarzga botirsa, eng yomoni, odat hukmi turli yoʻllar bilan qoʻshimcha daromad topishga majbur qilsa, boʻynimizga taʼnalar yukini ortsa, sogʻliqni puturdan ketkazsa, bu odatning ofatga aylanganidir.

Yana bir gap. Toʻy qilgan ota-ona, oʻz farzandi uchun osmondagi oyni olib sovgʻa qilishga tayyor. Yulduzlarni terib marvarid qilib osishni istaydi. Zero, ota-onaning moli tugul joni farzandga fido. Lekin nima uchun biz hadyalarimizni koʻz-koʻz qilishimiz kerak? Barcha qarindosh-urugʻ, qoʻni-qoʻshni ayollarni chaqirib – mol yoyib, – mana, men farzandimga bunday qildim, kelinimga yo kuyovimga shunday sovgʻalar yuboryapman, deb maqtanishimiz kerak?

Aziz va muhtarama onalar! Sizning ezgu niyatlaringizni butun dunyo onalari tushunadi. Qaysi ona oʻz farzandining qadri boshqalarnikidan kam boʻlishini istaydi? Qaysi ona oʻz farzandi baxtini koʻz-koʻz qilishni istamaydi. Ammo oʻzingiz yaxshi bilasizki, bizning zamonda baxt, qadru qimmat mol-dunyo bilan oʻlchanmaydi. Shunday ekan, nega endi siz farzandingiz, boʻlajak kelin yo kuyovingizga atab umr boʻyi yiqqan narsalaringizni mol taxlar qilib, sep yoydi qilib hammaga koʻz-koʻz qilishingiz kerak? Axir, siz yiqqan narsalarga teng mol-mulki bor odamlar ham, yoʻq odamlar ham boʻladi-ku. Besh qoʻl barobar emas. Ne-ne boshida eri yoʻq, qoʻl uchida kun koʻrayotgan, maoshini u oydan bu oyga zoʻrgʻa yetkazadigan ayollar bor. Ular siz koʻz-koʻz qilgan mollarni koʻrib sizning baxtingiz uchun-ku sevinar, lekin oʻz farzandlari uchun yuraklari zil ketmaydimi?

Biz otalar xuddi siz kabi oʻz bolamiz uchun dunyoni berib yuborishga tayyormiz. Sizning orzu havasingiz bizning ham orzu-havasimiz:

 

Nima bor men uchun farzanddan aziz,

Arzir har soʻziga jon fido etsam.

Dunyoda nimaki boʻlsa eng laziz

Faqat uning uchun muhayyo etsam.

 

Kiprigiga zarra qoʻnmasa qaygʻu,

Baxti komil boʻlsa, tolei bekam.

Koʻrsa men koʻrmagan shodliklarni u,

Yetsa men yetmagan niyatlarga ham.

 

Lekin u bir umr boʻlmay oshino,

Tiriklik deganning qaygʻu dardiga,

Bila olarmikin nadir bu dunyo,

Yeta olarmikin hayot qadriga?

 

Biz mana shuni ham oʻylashimiz kerak. Bir necha yilga yetgulik hamma narsani badastir qilib qoʻysak, yosh kelin-kuyovga intilish yoʻlini berkitmaymizmi? Mehnat qilib topilgan narsaning qadriga yetish tuygʻusini oʻldirmaymizmi? Ota-onalari shuncha sovgʻa tayyorlagan, oʻzi ham bir dunyo sep bilan kelgan kelinni kuyov yigit endi nima olib berib xursand qilishi mumkin! Axir, hayotning qizigʻi intilishda-ku!

Men shunday toʻyni bilaman. Ikki badavlat oila bir-biriga quda boʻldi. Yigitning ota-onasi yosh oilaga yangi koʻp xonali kvartiraning kalitini sovgʻa qildilar, mingga yaqin odam chaqirib, bir necha mingni toʻy dasturxoniga toʻkdilar. Kelinning ota-onasi oʻsha koʻpxonali kvartirani aytib tugatib boʻlmaydigan mebellar, gilamlar, koʻrpa-toʻshak, chinniyu billur asboblar bilan toʻldirdilar. Kelinning sepini, kuyovga qilingan sovgʻalarni koʻrgan ayollar bir yilgacha es-hushlarini yoʻqotib boshlarini sarak-sarak qilib yurdilar. Lekin kelin-kuyovning totuv hayoti bir yilga bormadi. Mojaroga nima bahona boʻldi, bilmayman, lekin sabab, oʻylaymanki, toʻqlikka shoʻxlik, ikki badavlat va manman oilaning bolalari bir-biriga boʻyin egmaganida va asosiysi yoshlarga hayotning qizigʻi qolmaganida.

Toʻy bilan bogʻliq odatlarimiz ichida chorlar va quda chaqiriq deb atalgan, har biri oʻziga xos toʻychiq boʻlgan marosimlarimiz bor. Bu – erkak, ayol qudalarning, har ikki tomon yaqinlarining bir-biri bilan tanishuvi uchun qilingan, oʻz vaqtida yaxshi niyatga qurilgan odat. Lekin hozirgi zamonda shularning ortiqchaligi sezilmoqda. Avvalo, hozirgi qudalarning koʻpchiligi toʻygacha ham bir-birlarini tanib-bilib, hatto bordi-keldi qilib yurgan odamlar. Avval tanish boʻlmaganlari ham toʻy munosabati bilan yaqinlashib oladilar. Qoʻshimcha tanishuvga ehtiyoj yoʻq. Ikkinchidan, odamlarning vaqti ziq, toʻylar koʻp boʻlgan hozirgi paytda toʻy ustiga toʻychiqlar qilish joizmikin? Agar shunday uchrashishga ehtiyoj boʻlsa, toʻydan keyin qudalar oʻzlari er-xotin boʻlib bir-birlarinikiga borsalar boʻlaveradi. Toʻgʻrisini aytganda, hozirda na kelin tomon, na kuyov tomon quda chaqiriq qilaman, yoki quda chaqiriqqa borib toʻn kiyib kelaman degan orzu-havasni qilmaydi. Bu har ikki tomon uchun ham, har ikki tomonning yaqinlari uchun ham ortiqcha chiqim, ortiqcha urinish, ortiqcha vaqt sarflash, faqat odat boʻlgani uchungina qilinadigan tadbir.

Men shu soʻzlarni aytib turibmanu bir narsani oʻylayman. Mening ham boʻyi boʻyim bilan baravarlashib qolgan farzandlarim bor. Koʻnglimda ularning orzu-havasi ham yoʻq emas. Taqdir bizni shunday yaxshi kunlarga yetkazsa, ixcham, chiroyli toʻy qilamiz, ortiqcha dabdabali marosimlardan voz kechamiz degan niyatimiz bor. Niyat qilamizki, u paytgacha toʻy qoidalarimiz oʻzi tartibga tushib qolar, baʼzi ortiqchaliklarni inkor qilish, bizlarga, yoki kelajak avlodlarga qolmas. Buning uchun xalqimizda koʻpni koʻrgan zukko odamlar bor. Buning uchun dono, farosatli, har tomonni hisob-kitob qiladigan, erkaklarni yoʻlga soladigan ayollarimiz bor. Vaqt kelarki, toʻylarimiz ortiqcha bordi-keldisiz, faqat shodlik va baxt tantanasi boʻlib qolar. Shunda bugungi qilayotgan sarfu xarajatlarimiz, nooʻrin odatlarimizni kulib-kulib eslarmiz.

 

(1970 yil)

 

od-press.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.