Bizning bolalar…

0
180
marta koʻrilgan.

Bugungi zamon kishisi turfa axborot oqimi oʻrtasida turganga oʻxshaydi. Bu oqimga qorishib ketgan “ommaviy madaniyat” toʻfoni davr odamining ongi-tafakkurini butkul yuvib, oʻrnini oʻzining quyqalari bilan toʻldirishga urinayotir. Bu toʻfon xurujini qaytarish uchun odamga maʼnaviy immunitetning mustahkam toʻgʻoni kerak.

Sergey Valsev – “olomon madaniyati”ning Gʻarbdagi xurujini chuqur oʻrgangan rossiyalik tadqiqotchi, sotsiolog va ruhshunos. Uning fikricha, maʼnaviy immunitet xuruji avjiga chiqayotgan “ommaviy madaniyat”ning asl maqsadini anglash tufayli yuzaga keladi.

Quyida tadqiqotchining “Bashariyat intihosi” asarida keltirilgan “olomon madaniyati”ning yosh bolalar ongiga taʼsiri haqidagi bobidan parcha keltirdik.

 

Ota-onaning birinchi vazifasi – bolalariga baodob jamiyatda oʻzini qanday tutishni oʻrgatish; ikkinchi vazifasi esa – shunday jamiyatni topish.

R. ORBEN

 

ENG KICHIKLAR NIMANI TOMOSHA QILISHAYAPTI?

Zamonaviy odam ongiga bolaligidanoq ruhiy aynish buhronlari yopiriladi. Hozirgi multfilmlarning aksariyatida zoʻravonlik, shafqatsizlik, haqiqatdan yiroq turmush, jinsiy patologiya va illatlar targʻib qilinadi.

Disney multfilmlarining anʼanaviy syujeti: mushuk sichqonni tutib oladi va uni moʻmaygina dollarga pullaydi, soʻng esa topgan pulini yashirib qoʻyadi-da, mushukxonimlar bilan dengiz boʻyida koʻngil ochish haqida xayol suradi. Mana, bola ongiga murgʻakligidan singdirilayotgan xulq-atvor modeli: tutish, pullash, boshqalardan yashirish va bor pulini koʻngilxushlikka sarflash. Yana boshqa, zamonaviyroq syujet esa, bizda bir vaqtlar aytilganidek, “eng yoshi kichiklar” uchun: bu animatsion filmdagi superqahramon qiz klubda striptiz raqqosasi, “ish”dan boʻsh vaqtida esa “69-maxfiy agent” vazifasini bajaradi va jinoyatchilikka qarshi kurashadi (“Striperella” multseriali). “69-agent”ning siynasi oʻziga xos yolgʻonni aniqlovchi detektor, oyoqlari bilan esa u dushmanining boʻynidan mahkam qisib oladi va boʻgʻib oʻldiradi. Bu multqahramonga pornomodel ovoz bergan. “Men Striperella bilan juda faxrlanaman, – deya taʼkidlagandi u “Reuters” agentligiga bergan intervyusida. – U mening uchun alter ego – kuchli, aqlli, jozibador, bundan tashqari, keling, haqiqatga tik boramiz, biroz yengiloyoq ham…”

Zamonaviy animatsion filmlarning aksariyatini monstrlar (beoʻxshov, mutant maxluqlar), fazoviy kelgindilar va boshqalar haqidagi multfilmlar tashkil qiladi, qaysiga qaramang qotillik, zoʻravonlik. Syujeti kosmik janglaru, obrazlari superqahramonlardan iborat koʻpgina multseriallar kichkintoydagi tugʻma ezgulik hislariga putur yetkazadi. Multfilm va kompyuter oʻyinlari uning ongiga zoʻravonlikni tiqishtiradi. Bola shuuri beixtiyor oʻz raqiblarini turli-tuman yoʻl-usullar (otish, portlatish, boʻlaklarga boʻlish, olovda yoqish, suvda choʻktirish) orqali oʻldirib, osongina bir yoqli qilayotgan superqahramonga taqlid qilishga intiladi. Zoʻravonlik va qotillikdan iborat oʻyinlar dunyosiga kirgan goʻdak ulgʻaya borgani sari mushtumzoʻrlikka xuddi narkotik moddalarga koʻnikkan kabi moslashib, oʻrganib boradi, endi u oʻldirish va zoʻrlik qilishning yangidan yangi porsiyalarini his qilish va koʻrishga ehtiyoj seza boshlaydi. Oʻsmirlik yoshida esa bunday bolalar ezgulikni targʻib qiladigan odatiy filmlarni tomosha qilish, qiziqarli, sermazmun kitoblar oʻqishga boʻlgan qobiliyatini yoʻqotadi. Ular uning uchun zerikarli tuyuladi.

Bolalikdan hozirgi odamlar noreal – haqiqatdan yiroq hayot tarzida yashashga oʻrgatilayapti. Real hayotdan uzoqlashish – bu koʻpchilik multfilm va kompyuter oʻyinlarining asosi. Ilgari ham ertaklarda noreal, xayoliy mavjudotlar boʻlgan, biroq ular hamisha real qahramonlar bilan birgalikda harakat qilishgan, ularga yordam berishgan. Hozir hammasi boshqacha: oʻylab topilgan fazoviy kemalar, uydirma personajlar, yolgʻondakam qurollar… Bular taʼsirida real hayoti ham bolaga xuddi bosh maqsadi hokimiyat uchun kurash va pul topishdan iborat boʻlgan oʻyin va koʻngilxushlik kabi koʻrinadi.

Yana, hozirgi multfilmlardagi deyarli barcha personajlarning jinsiy belgilari ataylab boʻrttirib koʻrsatiladi: yarim ochiq koʻkrak yoki boʻksa. Agar bunday boʻlmagan taqdirda ham bosh qahramon striptizchi, agar bu qoʻgʻirchoq boʻlsa, albatta, xuddi Barbi qoʻgʻirchoqlari singari ayollik belgilari nihoyatda boʻrttirilgan “jonon”. Bunday kuchli bosimga ega targʻibot bolada yanglish jinsiy dunyoqarash shakllanishiga turtki boʻladi.

Gomoseksualizmni targʻibot qilish esa taraqqiylashgan davlatlarda hukumat tomonidan tavsiya etilayapti. Bolalar bogʻchalarida allaqachon Yevroittifoq tomonidan tavsiya etilgan, goʻdakka ikki sevishgan shahzoda haqidagi ertakni oʻqib berish koʻzda tutilgan dastur joriy qilinmoqda. Mana, shunday “ertak”lardan birining qisqacha mazmuni: “Bir shahzoda yashagan ekan, u malikani sevarkan va uning qalbini zabt etishga bor kuchi bilan urinibdi, ammo malika unga iltifot qilmabdi, shunda shahzoda oʻz doʻstini chaqiribdi va u bilan muhabbatga boy umr kechira boshlabdi”.

Litvalik ota-onalar mamlakat mehnat va ijtimoiy himoya vazirligiga murojaat qilishgandi. Ular “Gender Loops” deb ataluvchi taʼlim loyihasini bekor qilishni talab etishgan. Maʼlum boʻlishicha, bu dastur murgʻaklarga noanʼanaviy jinsiy munosabatlar haqida tushuncha berishni ham oʻz ichiga olgan ekan. Vaholanki, bunday dasturning qoʻllanishi umumiy patologiya (buzilish, aynish)ni yuzaga keltirishi hech gap emas…

 

BARBI QOʻGʻIRCHOQLARI

Barbi qoʻgʻirchoqlari alohida diqqatga sazovor. Multfilmlarning namoyish etilishida televideniyeni ayblasa boʻlar, biroq Barbi qoʻgʻirchoqlarini ota-onalarning oʻzlari farzandlariga sotib olib berishadi. Va AQSHda 1959 yilda ixtiro qilingan, bir qarashda beozor koʻrinadigan bu oʻyinchoqdan yopirilayotgan xatarni bilishmaydi. Avvaliga Barbining tarixi haqida toʻxtalsak.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, Barbining muallifi amerikalik Rut Xandler sanaladi. Qoʻgʻirchoqlarni tadqiq qilgan professor M. G. Lord shunday yozadi: “Barbining ilk oʻtmishdoshi qoʻgʻirchoq Lillidir. Lilli birinchi marta 1952 yilning 24 iyulida paydo boʻlgan va juda tez ommalashib ketgan. Unga prototip boʻlgan yengiltak ayol – Lilli ikki narsani – koʻngilxushlik va pulni xush koʻrar, puldor jazmanlarini tez-tez almashtirib turardi”.

Rut Xandler ilk marta Lilli qoʻgʻirchogʻini taʼtilini oʻtkazayotganida Shveysariyada koʻrgan. “Biz koʻchada ketayotgandik, doʻkonlarga qarab, men yuzi va qomati xuddi katta yoshli ayolnikiday yasalgan gʻaroyib qoʻgʻirchoqni koʻrib qoldim”, deya oʻz biznes-momentini ayricha havas bilan eslaydi Rut.

Hatto gʻarblik ruhshunoslar ham Barbi qoʻgʻirchogʻi qizaloqlarda shaxs va jamiyatga zarar yetkazadigan xulq-atvorni shakllantirishi mumkinligidan jiddiy xavotirdalar. Qizchalarning ruhiyati oʻzgara boshlaydi – “ularda bolalarga xos boʻlmagan istigʻno, sovuqlik va erta ulgʻayish belgilari namoyon boʻladi”. Barbisini yasantirar ekan, murgʻak qizaloq oʻz hayotiy maslagini tuza boshlaydi – u ham kimningdir qoʻlida qoʻgʻirchoq boʻlishni xayol qiladi.

Avvallari qizchalar qoʻgʻirchogʻi bilan “qiz-ona” oʻyinini oʻynardi. Qoʻgʻirchoq goʻdak koʻrinishida boʻlgani uchun murgʻak qizaloqqa yaqin va tushunarli edi. Va u qizginani eng asosiy vazifaga – ona boʻlishga tayyorlardi. Endi esa bu oʻyin butunlay oʻzgacha tus olayapti. Barbi qoʻgʻirchogʻi qizchalarga ona rolini oʻrgatmaydi. Bu yerda ota-ona bilishi shart boʻlgan eng muhim jihat shuki, Barbiga enagalik qilish kerak emas, uni yasantirish kerak. Bolaligidanoq qizchalarga qandaydir oʻrtamiyona goʻzallik ideali singdirilishi oqibatida ular sal ulgʻaygach, oʻzlari oʻynagan “sohibjamol”ga oʻxshashga intiladilar. Oʻta ozgʻin, ramaqijon, hurpaygan sochli Barbi qoʻgʻirchogʻi goʻyo zamonaviy maneken ayollarning qiyofasini masxara qilayotganday…

 

Rus tilidan Xurshida ABDULLAYEVA tarjimasi.

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.