“Bizni kemirguvchi illatlar”

0
208
marta koʻrilgan.

Oʻttizga toʻlgan kursdoshim bor. Haligacha uylangani yoʻq. Non sindirib fotiha qilinganiga toʻrt yil boʻldi. Ammo «hali u kam, hali bu kam, falon sanʼatkorga pul yetmaydi, bu toʻyxonani choʻntak koʻtarmaydi», degan sabablar bilan yuribdi. «Dardi» ichida. Ota-onasining keksaligi, xastaligi, qolaversa, oʻzining yoshi ulgʻayib, yuzini ajin bosayotgani koʻziga koʻrinmaydi. Oʻzi va boʻlajak yorining bir kunlik orzusi butun xayolini egallagan. Tinmay yosh umrini egovlaydi. Zoʻr toʻy havasi bilan tirishadi, zoʻriqadi. Shu bir kunlik orzular ketida sarson-sargardon…

 Xoʻsh, ota-onalar-chi? Ular orasida toʻy qilolmayotganlar, qiziga koʻproq sep yigʻaman, deb sovchilarni qaytaryotganlar ham, afsuski, uchraydi. Mol-dunyo, hoy-havas, tanish-bilishlar oldida obroʻ orttirishga ruju qoʻyganlar tufayli esa, qanchadan-qancha yosh baxtsiz. Nafs, koʻz-koʻzga oʻchlik, quloqlarimiz esa shirin maqtovlarga tashna ekanining oqibati bu.

Ming afsuslar boʻlsinki, bunday kaltabinlik kecha yoki bugun paydo boʻlgani yoʻq. Bu illat bizga anchadan beri «meros» boʻlib kelmoqda. Tanamizda misli yara kabi shu qadar chuqur ildiz otgan ekanki, oradan shuncha vaqt oʻtsa-da, tuzalish oʻrniga, qaytaga yiringlab, kattalashmoqda.

Oʻtgan asr boshlarida ham toʻy va maʼraka kabi marosimlarga odamlar haddan tashqari katta mablagʻ sarflashi oqibatida uyidan ayrilib xoru zor qolgan. Bu esa, jadid bobolarni oʻylashga, isrofgarlarni insofga chaqirishga undagan.

Zero, Behbudiy bobomiz aytganidek: «Toʻy va taʼziyagʻa sarf qilinaturgon oqchalarimizni biz, turoniylar, ilm va din yoʻligʻa sarf etsak, anqarib ovrupoyilardek taraqqiy etarmiz…»

Eʼtiboringizga Behbudiy bobomizning yuz yil ilgari jonkuyarlik bilan yozgan maqolasini havola etmoqdamiz.


 

Mahmudxoʻja BEHBUDIY

(“Oyina” jurnali, 1915 yil, 13-son. Maqola ayrim qisqartirishlar bilan berilmoqda)

Bizni kemirguvchi illatlar deganda, zaxmu maraznimi gumon etarsiz? Yoyinki, sil, silariya (oʻpka sili) va maxavliknimi dersiz? Yoʻq, andan ham yamonroq va andan ham jonxarosh (jon azobi), bevoya, xonavayron va gʻarib etguvchi bir dard, biz – turkistoniylarni shahri va qishloqi yoyinki yarim madaniy, yarim vahshiy sinflarimizgʻacha istilo etib, butun tirikligimizgʻa sorilgan va bizni inqirozgʻa va tahlikagʻa va jahannamgʻa yumalaturgʻon toʻy, azo ismindagi ikki qattol dushmanni derman.

Atomizdan mehribon Tangrimiz jalla va aʼlo Qurʼoni karimda “Lo talaqqu bi yadikum ala tahlikkatihi”, yaʼni oʻz qoʻllaringiz ila oʻzingizni tahlikaga otmangiz, der. Biz boʻlsa, badbaxtona va Xudoning amrigʻa boʻyun qoʻymasdan kofirona bir suratda toʻy va azo degan, yoʻq boʻlushimizgʻa sabab boʻlgan odatlarga boru yoʻqimizni sarf va isrof etarmiz…

Maʼlum bir shaharda yahudiylar baʼzan oʻluklarini oqshom elitib koʻmarlar. Na uchun? Kunduzi ishdan qolarlar. Biz boʻlsa, oʻluk va toʻy uchun haftalar, hatto, oylar ila ishdan qolurmiz. Holbuki, shoreʼi aʼzam, paygʻambari akram sallollohi alayhi vasallam hazratlari oʻlganni tez koʻmub va koʻmgandan soʻngra tez tarqalib, ishgʻa ketmoqgʻa va oʻlukxona xalqini uch kundan ziyoda taʼziya tutmasgʻa, qaro kiymasgʻa, kir, falokat boʻlmasgʻa amr etarlar. Ey xalq! Ey musulmonlar! Biz na uchun Xudo va rasulni soʻzigʻa va oʻzimizni naʼfimizgʻa amal qilmaymiz? Biz devonami? Biz taklifdan tashqarimi? Xudo uchun soʻylangiz? Biz nima?

Shariat kitoblaridan “Faroiz, yaʼni Xudoni buyrugʻi degan kitoblargʻa: “Oʻlukni molidan avvalan oʻlukgʻa kerakli muvofiq sunnat va isrofsiz kafan qilib, dafn qilmoqgʻa sarf qilinsun, soʻngra qarzi berilur. Soʻngra ortgan mollarni – varasasigʻa muvofiqi shariat taqsim qilinib berilur”, – deyilgan ekan, biz bilʼaks kafandan soʻngra qarzga bermay va hatto, sagʻir va benavo xotunlarni merosini yirtish, azoyi, sadaqa, xayrot, bilmayman, nimalar ujrasi deb, qarzdan vorisidan ilgari taqsim qilib olarmiz. Besh-olti maʼraka va xudoyi, 8-10 jumʼa oqshomi deb butun mahalla va qishloq xalqigʻa palov berarmiz. Baʼzi bir bechora sagʻir va mushtipar ayollar merosdan va haqlaridan noqis olurlar. Baʼzi qarzxohlarni haqqi xudoyi va xayrot, noxudoyi va sharrot sababi ila kuyub ketar. Bechora oʻlukni zimmasi qarzdan qutulolmay qolur. Xudo uchun aytingiz, bu xayrotmi, bu xudoyimi?

Besh-olti kun soʻngra bu xudoyi va xayrotlar uchun varasani haqqi boʻlgan mol va yerlar sotulur. Berilgan dangga adras, azoyi va gʻanilarni olgan yirtish va sadaqalari uchun berilur. Endi bechora varisa darbadar, ham otadan, ham vatandan ayrildi-ketdi. Bir oʻrtahol, bir bechora faqir oʻlar. Oning gʻani yaqini oʻlukni egasi boʻlub, varisa molini “obroʻy” etarman, deb isrof va barbod etar. Natijada bechora varisa darbadar.

Astagʻfurillo, subhonollo. Bizni qilaturgon aqlsizligimizni qaysi millat qilur? Nikoh, xatna, bu ikki balo shundogʻ qattiq bir illatki, oʻlmaguncha qutulub boʻlmaydur. Shaharlarda oʻrtahol, yaʼni oʻturargʻa xona va bogʻi bor bir kishi nikoh uchun ikki ming soʻm sarf etar va oʻgʻul xatnasi uchun hech boʻlmaganda ming soʻm. Har bir benavo kishi bu mavridlarga 200 soʻmdan 1000 soʻmgacha sarf etar. Boy va zoʻraki boylar esa besh ming, oʻn minglab sarf etar. Oxiri nima boʻlur? Nima boʻlur deysiz? Ota-bobosidan qolgan mulk va vatanini oʻz ixtiyori ilan zoʻraki boyni oʻzi oʻlgandan soʻngra bir yahudiy yo bir armani ajnabiygʻa sotib, toʻy va taʼziya qarzini berar. Oʻzi sotmaganda sudgʻa sotilur. Mana, yuqoridagi sarlavhada “Bizni kemirguvchi illatlar” degan odatlarimiz, shu toʻy va taʼziya ismindagi devonaligimizdan iboratdur.

Bir doʻkonchi, bir gulkor, bir faqirhol, bir kosib uchun bu toʻy va taʼziyalar oʻlumdan qatigʻdurki, muning uchun bechora har kun oʻlur. Har kun oʻlgon ilada qutulmas. Oʻzidan soʻngra ahlu ayoligʻa bu yoʻqsullik va bu musibatni meros qoʻyar. Xoʻb, yaxshi, oʻz molini toʻy va taʼziyagʻa isrof etsun, barbod etsun, koʻzi chiqsun. Hay, bonka oqchasini, birov pulini na uchun barbod etar. Bu devonalikni u tarafi emasmi? Bu hol ila 20-30 sana oʻtsa, yer va havlilar ajnabiylargʻa oʻtub, aksar xalqimiz gadoylik darajasigʻa inur. Ellik sana muqaddam yer sotilsa, bir musulmon olardi, endi boshqalar olur. Mana, endi biz shu hol ilan yana yigirma – oʻttuz yil oʻtkarsak, xalqimizni yarmidan ziyodasi vatansiz, yersiz darbadar boʻlaturgoni maʼlum va oshkordur. Bir havlida, bir roʻzgʻorda, masalan, ikki oʻgʻul, ikki qiz bor. Ato oʻlsa, ani moli toʻrt boʻlunur. Alarni har birigʻa nikoh va xatna va oʻlum mavridlari muqarrardur. Oʻzlarini zamoncha ilmi va hunari yoʻqki, konturgʻa, mahkamagʻa, bonkagʻa kirib vazifa olsa. Endi noiloj attorlik va yo baqqollik va u boʻlmasa, muzdurlik va mardikorlik qilishi lozim kelib, bu ishlardan faqat alarni qorni toʻyadur. Ortdurmoqqa yoʻq. Muning ustigʻa toʻy va taʼziya degan dahshatlik balolar kelgandan soʻngra bu aziz oila va roʻzgʻorgʻa yonib kul boʻlmoqdan boshqa iloj yoʻqdur.

Biz bir tanob yerimizni 200 soʻm sotib toʻy qilmoqchi boʻlsak, “erni xoʻb pulgʻa urdum” deb majnunona shodlanurmiz. Insonni bu qadar ahmoqligi ajibdur. Bizgʻa lozimki, toʻy va taʼziyalarni kichik qilib va holimizcha harakatda boʻlub, kelar zamonamizni oʻylayluk. Valloh, xoru zoru munqariz boʻlmoq ertagʻa oftobni chiqishidek muqarrardur…

Qola: eʼtabaru yo avval ul-absar!

 

Javlon JOVLIYEV

tayyorladi.

 

“Oila davrasida” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.