Bir oilaning barbod bo‘lishi o‘nlab muammolarning boshlanishidir

0
35
marta ko‘rilgan.

O‘quvchilarimdan biri darslarga kelmay qo‘ydi. Telefon orqali u bilan bog‘lanishga ham imkon bo‘lmadi. Hatto uyiga daraklab borganimizda uni topolmadik.

U yosh bo‘lishiga qaramay allaqachon oila qurganini bilardim. U oilasining ta’minoti uchun o‘qishdan keyin qayerdadir ishlardi. So‘rab-surishtirishlardan so‘ng u shu kunlarda ishga ham bormayotgani ma’lum bo‘ldi. Kollejning yuqori sinf o‘quvchisi, esli-hushli yigit qayerlarda yurgani meni tashvishga sola boshladi. Ishxonasi va uyidagilarga men bilan tezroq bog‘lanishi haqida xabar qoldirdim.

Oradan ikki kun o‘tgach, ish vaqtim tugab endi uyga ketmoqchi bo‘lib turganimda o‘sha o‘quvchim xonamga kirib keldi. Ko‘rinishi bir ahvol. Yuz-ko‘zi qizargan. Oldin uni o‘tirishga taklif qilib, hol-ahvol so‘radim. Hayotida nimalar sodir bo‘layotganini yotig‘i bilan surishtira boshladim. U biroz jim turdi-da, so‘ng oilasida bo‘layotgan ko‘ngilsiz voqealarni aytib, mendan maslahat so‘radi…

Ota-onasi vafot etgandan keyin qarindoshlari uylantirib qo‘ygan ekan. “O‘zim ko‘ngil qo‘ygan qizga uylansam, bir umr baxtli bo‘laman, deb o‘ylagan edim”, dedi u ko‘zidagi yoshni yashirishga harakat qilib. Xullas, bir xonadonning erka-tantiq qizi erining topganini yelga sovurib, bolalarga ham yaxshi qaramay, hayotini faqat o‘yin-kulgi bilan o‘tkazib kelayotgan ekan. “Umr yo‘ldoshi tanlashda juda qattiq adashgan ekanman, ustoz, mana endi azobini tortyapman. Agar o‘rtada farzand bo‘lmaganda bunday ayol bilan bir kun ham yashamagan bo‘lardim”, degan gaplari mening ham ko‘nglimni qiymaladi. Shunda bildimki, biz pedogoglar har bir o‘quvchiga faqat ta’lim berarkanmizu uning kelajagi uchun eng muhim bo‘lgan hayotiy masalalarni o‘rgatishga ahamiyat bermas ekanmiz. Masalan, kun bo‘yi o‘qishda bo‘lgan o‘smir yoshlar uchun turmush qurish, oila sabog‘i yoki baxtli va mustahkam oila yo‘riqlari haqida deyarli hech narsa o‘rgatilmas ekan. Shuning oqibatida oila qurish mahaliga yetgan yigit-qizlar o‘zini bola hisoblab, hayotning zalvorli imtihonlari oldida ilojsiz qolaveradi. Bu holat oxir-oqibatda bir oilaning barbod bo‘lishi bilan nihoya topadi. Oilaning barbod bo‘lishi esa muammoning yechimi emas, aksincha, boshlanishidir.

Hayotda yoshlar xuddi o‘zlari kabi umr yo‘ldosh tanlashga intilishadi. Lekin xuddi mana shu narsa ularning tajribasizliklari orqali biroz noto‘g‘ri xulosa chiqarishiga sabab bo‘ladi. Ikki yorti – bir butun, degan maqol bor. Bundan maqsad shuki, turli qarama-qarshi xususiyatlarga ega bo‘lgan ikki inson bir-birining xato-kamchiliklarini tuzatib, aybini yopib yashaydi. Biri jahldor bo‘lsa, ikkinchisi muloyim, biri serzarda bo‘lsa, boshqasi og‘ir-bosiq, biri uquvsiz bo‘lsa, yana biri tajribaliroq bo‘lishi talab etiladi. Ya’ni, erkak va ayol ikkalasi birgalikda bir butunni tashkil qiladi. Masalan, bir varaq qog‘ozni istalgan shaklda yirtib, ikkiga ajratib ko‘ring. Agar qog‘oz teng yirtilmasa, bir bo‘lagi ikkinchisidan kattaroq bo‘lishi shubhasiz. Endi o‘ylab ko‘ring-chi, shu katta bo‘lak erkakni anglatadimi yo ayolni?

Erkak har jihatdan ayoldan ustun bo‘lishi shart. Bu ustunlik, ayniqsa, nasabi, bo‘yi, yoshi, bilimi, boyligi kabilarda ham bo‘lishi zarur. Aks holda u oila ustuni bo‘lishga yaramaydi. Erkak qanchalik go‘zal axloqli, og‘ir-bosiq, aqlli, bilim va tajribali, salobatli, farosatli va uquvli bo‘lsa, ayoli bilan shuncha baxtli yashay oladi. Shu bilan birga, erkak ayolning huda-behuda g‘ishavalarini, erkalik va injiqliklarini-da ko‘tara oladigan darajada fe’li keng bo‘lishi talab etiladi. Ayol kishi o‘zini, farzandlar va oilani turli tomonlarga boshlashi, shubhasiz. Erkak esa butun oilani faqatgina to‘g‘ri yo‘lga va adolatga boshlashga mas’ul.

Afsuski, turmush qurgandan keyin oilada nima birlamchi o‘rinda turishi kerakligi bugun turmush qurayotgan yoshlarga ma’lum emas. Shuning uchun bugun faqatgina hoyu havaslar ilinjida qurilayotgan va ko‘p o‘tmay suvko‘pikday bir zumda yo‘q bo‘lib ketayotgan oilalar yo‘q emas.

O‘quvchi darslarga qatnashishi va uni yaxshi o‘zlashtirishi uchun birinchi navbatda u yashayotgan muhit barqaror bo‘lishi zarur ekan. Agar oilada har kuni janjalu ko‘ngilsizliklar bo‘lib tursa, o‘quvchining o‘zi qanchalik harakat qilsa ham darslarni muntazam o‘zlashtirolmaydi. O‘quvchi darsga kelmayotgani sababini odatda, biz faqat uning o‘zidan qidiramiz. Uning ta’lim dargohida olgan bilimi oilasi farovonligiga ham xizmat qiladimi, degan savol bugun kun tartibiga qo‘yilishi zarur. Farzandlarimiz oila nimaligiyu uni idora qilish qanday bo‘lishini maktab davridayoq tushunib-anglab borsagina ertaga o‘zi oila qurganda olgan bilimiga tayanib baxtiyor hayot kechira olishi mumkin. To‘g‘ri, har bir farzandga oilada ota-ona beradigan yo‘l-yo‘riq birinchi o‘rinda turadi. Shu bilan birga, ustoz-murabbiylar ham bu masalaga befarq qarashga haqli emasligini yana bir karra tushunib yetdim. Oila hamma bir yoqadan bosh chiqarib himoya qilinadigan muqaddas qo‘rg‘on ekanini esdan chiqarishning oqibati xatarli bo‘lishi tayin ekan.

 

Dilrabo BOBOJONOVA,

Urganch politexnika va kompyuter texnologiyalari kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi

 

od-press.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.