Behuda narsani tark qilish – goʻzal xulqdir

1
504
marta koʻrilgan.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Behuda narsani tark qilish insonning musulmonligini mukammal qiladigan va imonini tasdiqlaydigan goʻzal xulqdir”, dedilar” (Imom Termiziy rivoyati).

Ushbu hadisda Paygʻambarimiz ummatlarga qisqa soʻz bilan goʻzal xulqni oʻrgatmoqdalar. Banda bu bilan dunyo yaxshiliklari va oxirat saodatiga erishadi. Olimlar: “Rasululloh muborak hadislarida islom dinining yarmini ifodaladilar. Chunki din solih amalni bajarish va gunohni tark qilishdan iborat. Mazkur hadis yomonlik va manfaati yoʻq amallarni tark qilish lozim ekaniga dalildir”, deyishadi. Imom Abu Dovud (rahmatullohi alayh) mazkur hadis fazilati haqida bunday deydi: “Sunan asarlarining asosi boʻlgan toʻrtta hadis bor. Ulardan biri yuqoridagi hadisdir”.

Darhaqiqat, kishilarning behuda narsalarga berilib ketishi baxtsiz boʻlishning asosiy omilidir. Imom Shofeiy (rahmatullohi alayh) aytadi: “Insonning aqli uch narsa bilan ziyoda boʻladi. Olimlarning suhbatida boʻlish, yaxshilar bilan birga oʻtirish va behuda soʻzni tark qilish”. Qurʼoni karimda bunday marhamat qilinadi: “Moʻminlar najot topdilar… Ular behuda (soʻz va ishlar)dan yuz oʻgiruvchidirlar”.

Islom dini jamiyatning tinch-osoyishta boʻlishi, odamlar nizo va xusumat qilmay, dunyoda baxtli hayot kechirishiga zamin yaratadi. Jamiyat aʼzolari baxtli boʻlishi uchun esa ular bir-birlariga mehr-oqibatli boʻlishlari, boshqalar bilan doʻstlashib, hurmat qilishlari darkor. Oʻz navbatida dunyo va oxiratda manfaati bor narsalar bilan band boʻlish kerak.

Foydasiz narsalar bilan shugʻullanish insonning iymoni zaif ekaniga ishoradir. Odam dunyoda yasharkan, atrofida turli kishilar va har xil mashgʻulotlarga duch keladi. Inson atrofidagi barcha bilan aloqa qilaversa, foydasiz ishlar bilan shugʻullanaversa, zimmasidagi asosiy vazifa, burch va majburiyatlarini bajara olmaydi. Buning natijasi esa yaxshi boʻlmaydi. Qurʼoni karimda bunday marhamat qilinadi: “(Ey inson!) Oʻzing (aniq) bilmagan narsaga ergashma! Chunki quloq, koʻz, dilning har biri toʻgʻrisida (har bir inson) masʼul boʻlur (javob berur)” (“Isro” surasi, 36-oyat).

Har bir kishi aytgan soʻzi, oʻtkazgan soniyasidan soʻraladi. Vaqtni zoye qilib, lagʻv soʻzlarni gapirib umr oʻtkazganlar najot topmaydi. Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Bir sahoba vafot etdi. Bir kishi: “Jannat muborak boʻlsin”, dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Unday dema! Sen bilmaysan, balki, u behuda soʻzlarni gapirgandir”, dedilar” (Imom Termiziy rivoyati).

Manfaatli yumush bilan band boʻlish salomatlik va najot yoʻlidir. Inson zimmasidagi majburiyatlarini bilsa va masʼuliyatini his etsa, u oʻzini shu ish bilan band qiladi. Shuningdek, dunyo va oxiratda baxtli boʻlishiga sabab boʻladigan ishga mashgʻul boʻladi, ortiqcha narsalarni tark qiladi. Luqmoni Hakim (rahimahulloh)dan “Bunday fazilatga yetishishingizga nima sabab boʻldi?”, deb soʻrashganida “Foydasiz narsalarni tark qilish”, deb javob bergan ekan.

Agar kishi foydali ish bilan band boʻlsa, yomonlik va gunohlardan tiyiladi. Natijada xulqi goʻzal, iymoni mustahkam va taqvosi quvvatli boʻladi. Bu haqda Paygʻambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Kim dinini goʻzal qilsa, bajargan bitta yaxshi amali oʻntadan yetti yuztagacha koʻpaytirib yoziladi”, deganlar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Manbalarda taom, ichimlik, kiyim, yashash joyi kabi inson hayoti uchun zarur ashyolar hamda dunyo va oxiratda salomat boʻlishiga bogʻliq ishlar foydali amallar sirasiga kirishi zikr qilinadi. Bundan boshqa narsalar behudadir. Demak, inson hojatidan tashqari dunyoviy maqsadlarning keragi yoʻq. Jumladan, ortiqcha boyishni orzu qilish, mansab xohlash, boshqalarning maqtovini yaxshi koʻrish kabilardan saqlanish foydalidir. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Siz (kofirlardan ayrim) toifalarni sinashimiz uchun bahramand qilgan dunyo hayoti goʻzalliklaridan iborat narsalarga koʻzlaringizni termultirmang! Rabbingizning rizqi yaxshiroq va boqiyroqdir” (“Toho” surasi, 131-oyat).

Shu bilan birga, kishiga manfaati yoʻq turli oʻyinlar, hazil-mutoyiba kabi muboh amallar ham foydasizdir. Moʻmin-musulmonlar bunday ishlarni tark qilishlari goʻzal xulq sanaladi. Chunki mazkur ishlar bebaho vaqtni zoye ketkizadi. Hasan Basriy (rahmatullohi alayh) aytadi: “Bandaning behuda narsalar bilan band boʻlib qolishi undan Alloh taolo yuz oʻgirganining belgisidir”.

Bundan koʻrinadiki, foydali ish bilan band boʻlish bandani Alloh taologa yaqin qiladi. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Foydali narsaga haris boʻlgin”, dedilar” (Imom Muslim rivoyati).

Umr – qisqa, bir zumlik soyadek oʻtadi-ketadi. Shunday ekan, bu qisqa umrni faqat foydali, manfaatli ishlar bilan oʻtkazaylik!

 

Muhammadi MUKARRAMOV,

Koson tumani bosh imom-xatibi

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

1 mulohaza

  1. Foydasiz ishlardan, so’zlardan butunlay uzoq bo’lgan kishi, foydali ishlarga, so’zlarga butunlay yaqin bo’ladi. Bu – qanday yaxshi!!!

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.