Baxtiyor Abdugʻafurning “Kibr minorasi” asari haqida

0
259
marta koʻrilgan.

Bir vaqtlar dunyoda odamlar bitta tilda gaplashib, bir-birlarini tarjimonsiz tushuna olishar ekan. Odamlar oʻz yakdilliklari isboti uchun Bobilda baland minora qurishga qaror qilishibdi. Minoraki, samolarga yetsin! Va u inson qudratining ulugʻvor timsoliga aylansin!

Minora bitgani sayin odamning oʻz qudratiga boʻlgan ishonchi osha boribdi. Qurilgan minora esa samolarga doʻq urgan kabi qad koʻtaribdi. Endi uning qubbasi oʻrnatilsa bas, bitar ekan. Insonning bu qadar havolanib ketishidan dargʻazab boʻlgan Yagve (iudaizm va xristianlikda Xudoning koʻplab ismlaridan biri) buyuk boʻronni joʻnatibdi. Boʻron quturgan mahal shamol odamlarning soʻzlarini uchirib olib ketibdi. Quruvchilar endi bir-birlarining gaplariga tushuna olmay qolishibdi-yu, shu bilan minora chala qolib ketibdi, ustalar esa tarqab ketishibdi…

Hali ham yer yuzining turli burchaklarida Bobil minorasi gʻishtlarining siniqlarini topish mumkin ekan. Chunki quruvchilar yer yuzida odamlar bir tilda gaplashgan, bir-birlarini tarjimonsiz tushungan farovon damlarni eslatib tursin, deya minora gʻishtlarini tashib ketishgan ekan…

“Injil”dagi bu asotir koʻplab ijodkorlar qatori yosh yozuvchi Baxtiyor Abdugʻafurni ham qiziqtiribdiki, natijada “Kibr minorasi” nomli qissa yaralibdi.

“Kibr minorasi” Bobil afsonasini shunchaki talqin etish bilan cheklanib qolmagan. Asarda qadim Atlantida sivilizatsiyasi haqidagi asotirlar, Shumer, Lemuriya, Giperboreya sivilizatsiyalariga oid ilmiy farazlar izi ham koʻrinadi.

Hammuda va uning bobosi, qadim bitiklar bilimdoni Ehudr sopolaklarga bitilgan bashoratlarni Ulugʻshahar ahliga yetkazish umidida. Avval ham xuddi shunday minoralar qurilgan, lekin barining oqibati bexayr boʻlgan. Buning boisi odamning botinidagi illatdir. Anglashiladiki, koʻk qadar yuksalishni istagan odam avvalo oʻz botiniga nazar tashlashi kerak.

Asar hajman kichik, uni hikoya deb belgilasa ham boʻlardi. Ammo koʻlami jihatidan kichik janr doirasidan chiqib, “toshib” ketganki, uni qissa deb atagan toʻgʻriroq. “Kibr minorasi” “Sharq yulduzi” oʻquvchilari uchun yaxshi tuhfa boʻla oladi, deb oʻylaymiz.

 

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Nasr kengashi

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–7

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.