Barakani qochirib, oʻzaro ishonchga putur yetkazadigan illatlar

0
411
marta koʻrilgan.

Sharq kishilari uchun gʻiybat va chaqimchilik katta gunoh hisoblanadi. Undan tiyilishga harakat qilib, farzandlariga ham bu zararli illatning ayanchli oqibatlari haqida tushuntirishadi.

Gʻiybat – biror kishi yoʻqligida uning axloqi, koʻrinishi, moddiy va maʼnaviy jihati haqida gapirish. U nafaqat soʻz bilan, balki yozuv, imo-ishora va taqlid kabi harakatlar bilan ham ifodalanadi.

Bir kishi paygʻambardan soʻradi: “Gʻiybat nima?” Paygʻambar (s. a. v.): “Bir kishini eshitsa, xafa boʻladigan gaplar bilan gapirishing gʻiybat boʻladi”, dedilar. U kishi yana soʻradi: “Aytilgan gaplar oʻsha insonda boʻlsa-chi?” Paygʻambarimiz (s. a. v.): “Agar aytilgan narsa oʻsha odamda boʻlsa, gʻiybat qilgan boʻlasan, boʻlmasa esa tuhmat qilgan boʻlasan”, dedilar.

Islom dinida hech bir gunohga gʻiybatdan yomonroq taʼrif berilmagan. Gʻiybatchilar oʻlaksaxoʻrlarga tenglashtiriladi.

Rivoyat qilishlaricha, paygʻambar (s. a. v.) odamlar oldidan oʻtib ketayotgan ikki kishini toʻxtatib, yerga tupurmoqni buyurdilar. Ular yerga tupurishgan edi, tupuklari qip-qizil qon boʻlib tushdi. Paygʻambar (s. a. v.) atrofdagilarga ibrat boʻlishi uchun shunday dedilar: “Bu ikki kishining tupugi qon boʻlish sababi ularning gʻiybat qilganliklaridandir. Bilinglarki, kimki gʻiybat qilsa, oʻlganning goʻshtini yegan bilan barobardir”.

Agar gʻiybat qilingan odam gʻiybat qilinganligini eshitsa, unga sabr qilsa, u katta ajrni qoʻlga kiritadi. Birov gʻiybat yoki tuhmat qilish bilan oʻsha gʻiybat va tuhmat qilingan odamning gunohini oladi. Buni quyidagi rivoyatdan koʻrish mumkin.

Bir kuni paygʻambar (s. a. v.)ga odamlar: “Sizga tuhmat va gʻiybat qiladigan falon kishi vafot etdi”, deb xabar berishdi. Shunda paygʻambar (s. a. v.) xafa boʻlib, boshlarini qimirlatib qoʻydilar. Odamlar esa: “Sizni gʻiybat qiladigan odam oʻldi, deb xabar bersak, siz xafa boʻldingiz, buning boisi nima?”, deb soʻrashadi. Shunda paygʻambar (s. a. v.): “U odam meni gʻiybat qilib, evaziga mening gunohimni olar edi, endi u oʻlgan boʻlsa, gunohimni kim oladi?”, degan ekanlar.

Donishmandlar gʻiybat qilgan kishi qilmishi uchun ikki ishni qilsa, kechirilishini taʼkidlashadi. Bular: gʻiybat qilganiga afsuslanib, Alloh taologa tavba qilish va gʻiybat qilgan kishini uchratib, undan gʻiybati uchun kechirim soʻrashdir.

Islom dinida chaqimchilik ham gunoh hisoblanadi. “Qurʼoni karim”da: “Barcha (kishilarga dilozorlik qilib, chaqimchilik bilan ularning obroʻlarini toʻkib yuradigan) boʻhton-gʻiybatchiga halokat boʻlgay”, deyiladi.

Chaqimchilar bor joydan baraka koʻtariladi, ular bor boʻlgan paytda duolar ham qabul boʻlmaydi. Rivoyat qilishlaricha, qadim zamonda bir shaharda koʻp yillar yomgʻir yogʻmaydi. Yillar qurgʻoqchil keladi. Xalq Muso (a. s.) dan duo qilib xudodan yomgʻir soʻrab berishni iltimos qilishadi. Muso (a. s.) xalqni uch kun shahardan tashqariga olib chiqib, duo qiladi. Ammo bu duolar ijobat boʻlmaydi. Shunda Muso (a. s.) Alloh taologa murojaat qilib: “Ey Alloh, men senga ishonib, uch kun xalqni shahardan tashqariga olib chiqib duo qildim. Nega duolarimizni qabul qilmading?”, deb soʻraydi. Alloh taolo: “Ey Muso, men orasida chaqimchi bor boʻlgan odamlarning duosini qabul qilmayman. Senga ergashganlar orasida chaqimchi bor”, deydi. Muso (a. s.) Xudodan oʻsha chaqimchini kim ekanligini aytishni soʻrabdi. Alloh taolo esa: “Ey Muso, senga chaqimchilikni qoralab turib, oʻzim chaqimchilik qilaymi?”, degan ekan.

Oʻz davrida hazrati Alisher Navoiy ham chaqimchilik omonatga xiyonat ekanligini aytadi. Xususan, “Arbain” asarida quyidagicha bayon qilingan:

Qaysi majlisdakim eshitsang soʻz,

Bilgilki ul soʻz sanga amonatdur,

Gar ani oʻzga yerda naql qilsang,

Ul amonatga bu xiyonatdur.

Insonlarni chaqimchilik qilishga undaydigan salbiy sabablar koʻp.

Ayrim kishilar oʻzga kishilarga yaxshi koʻrinish, ular oldida oʻz martabalarini koʻtarish uchun chaqimchilik qiladilar. Ayrim kishilar odamlar orasidagi inoqlikni, hamjihatlikni, ahillikni, mehr-muhabbatni yoʻqqa chiqarish uchun bu gunohga qoʻl uradilar. Baʼzilar esa birovlarning baxti, yutugʻiga hasad qilganliklaridan, koʻrolmasliklari tufayli ular haqida chaqimchilik qiladilar. Yana boshqalar oʻzgalarning ustidan kulish, ularni mazax qilish niyatida bu jirkanch ishni oʻzlariga ravo koʻrishadi.

Rivoyat qilishlaricha, bir kishi Hasan Basriy hazratlarining oldiga kelib: “Falonchi sening haqingda falonday-pistonday nomaqbul gaplarni gapirdi”, dedi.

– Qachon?

– Bugun.

– Qayerda?

– Uyida.

– Uning uyida nima qilayotgan eding?

– Ziyofatga boruvdim.

– Ziyofatda nima yeding?

Haligi kishi sakkiz xil taomning nomini sanadi. Shunda Hasan Basriy (r. a): “Oʻsha odamning sakkiz xil ovqati qorningga sigʻibdi, uni hazm qilayapsan, ammo bir ogʻiz soʻzi sigʻmadimi? Uni menga sotayapsan, tur, ket bu yerdan!” dedilar.

Gʻiybat va chaqimchilik odamlar orasida oʻzaro ishonch, hurmat va mehr-oqibatga putur yetkazadi. Shu sababli bu illatlardan qancha uzoq boʻlsak, ikki dunyo saodatiga shunchalik yaqinlashamiz.

 

Manbalar asosida

Ruhiddin AKBAROV

tayyorladi.

 

qashqadaryogz.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.