Axsikentning uchar arg‘umoqlari

0
19
marta ko‘rilgan.

Sankt-Peterburgning markazida, mavjlanib oqayotgan Niva daryosi sohilidagi xiyobonni kezish odamga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishlaydi.

Kamina shu odatga amal qilib katta suvlik bo‘yidagi so‘lim manzillarni ortda qoldirib, Ermitajning muhtasham zallarini aylanib yuribman. Ermitajda dunyoning bor osori-atiqasi, ajoyibotlari jamlangan. Shulardan biriga san’at koshonasini sinchiklab kezish asnosida duch keldim. Bu Axsikentdan topilgan noyob g‘ishtlardir. Ularning soni xiylagina ko‘p ekan. G‘ishtlarki, pishiq va o‘ta chidamli qilib tayyorlangan. Nazarimda, ularning qaddini na tabiat, na oradan kechgan yillar to‘foni buka olgan. Bu qadimiy topilma yonidan bir zum bo‘lsa-da, sayyohlar arimaydi. Ana o‘shanda qalbimni ajdodlarimizning shavkatli nomi bilan faxrlanish hissi chulg‘aydi. Buni ochiqcha sezgan boshqa millat vakillari menga havasu hayrat bilan qaraydi. Shu-shu ota-bobolarimizning aql-tafakkuri bilan II–III asrlarda tiklangan, jahon ahlini lol qoldirgan Axsikent qal’asiga qiziqish battar olovlandi.

Axsikent qal’asi. Uning shundoqqina yaqinidan pishqirib, o‘ynoqlab azim Sirdaryo oqib o‘tadi. Suv bo‘yi ham, qal’a atrofi ham jarliklardan iborat. Bu g‘animlarni qal’aga yaqinlashtirmaslik uchun, ayniqsa, juda qo‘l kelgan. Shamol dimoqqa turfa xil giyohlarning muattar va xushbo‘yini keltirib uradi. Qushlar chug‘ur-chug‘uri zum ham tinmaydi. Aslida II-III asrda barpo etilgan qal’a to‘rt yuz gektardan oshiq maydonni egallagan. Qal’aga kiradigan beshta darvoza bo‘lgan, devorning qalinligi besh yarim metrni tashkil etgan. Yer osti yo‘li qattiq qo‘riqlangan, suv sopol quvirlar yordamida tog‘dan keltirilgan ekan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1620 yildagi kuchli va dahshatli zilzila qal’aning vayron bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Shundan so‘ng bu maskanda hech kim istiqomat qilmagan.

Bunday qaraganda mazkur qal’aning taqdiri ham Dabusiya va Shohruhiya qal’alari tarixiga o‘xshab ketadi. Negaki, har ikki qal’a katta suvlik bo‘yida, ya’ni daryoning shundoqqina yoqasida tiklangan. Qiziq, hayotda insonlar qismatiga qal’alar kechmishi ham juda yaqin bo‘lar ekan-da. Bundan hayratlanmay iloj yo‘q.

… Ana, Umarshayx Mirzo o‘g‘li kichkina Bobur Mirzo bilan oldinma-keyin kelyapti. Har ikkisining ham ostida afsonaviy Farg‘ona arg‘umog‘i. Ularni sal narida kuzatib kelayotgan suvoriylarning qo‘lida Axsikent zaminida mehr bilan tayyorlangan Damashq qilichlari yaltillab turibdi. Chindan ham o‘sha kezlari bu joyda ishlangan qilich va Farg‘ona tulporlarining dovrug‘i olam aro yoyilgan edi.

Ota va o‘g‘ilning maqsadi bir mahallar Temuriyzodalar sulolasining munosib davomchisi Mirzo Ulug‘bek xiyla vaqt bo‘lgan, u hayrat va o‘zgacha hayajon ila sitoralarni kuzatgan Axsikent qal’asini obdon tomosha qilish edi. Shundan keyin ham Umarshayx Mirzo o‘g‘li bilan bu joyda ko‘p bor bo‘ldi. Hatto, Bobur oradan yillar o‘tib dunyoning eng katta va qudratli davlatlaridan biri – Hindistonga hukmron bo‘lganida ham Axsikentni va bu zamin bilan bog‘liq uyg‘oq xotiralarini aslo unutmadi. Tushlarida daryo sohillarini ko‘rib chiqardi. Ota yurtidan kelgan karvonboshidan Axsikent manzaralarini qayta-qayta so‘rashdan sira erinmasdi. “Boburnomada” ham Axsikent manzarasi, Band soluv yo‘li yorqin bo‘yoqlarda tasvirlanganidan ham Mirzo Boburning bu maskanga ishqi nechog‘li ekanini anglash qiyin emas.

Sollanib, shitob bilan oqayotgan daryo yaqinidagi (Namangan viloyatida) Axsikent qal’asiga tegishli bo‘lgan yer maydoni yetmish olti gektar ekani tarixiy manbaalarda aniqlangan. Uzoq vaqt e’tiborsizlik va loqaydlik tufayli zavol topib yotgan bu manzil mahalliy va xorijiy sayyohlarning qadami arimaydigan, ularga olam-olam zavq ulashadigan tabarruk, qadimiy maskanga aylanib ulgurdi. Axir, ota-bobolaridan qolgan osori-atiqalarni, bitmas-tuganmas merosni asraydigan xalq aslo zavol topmagay.

 

Ulug‘bek AKTAMOV

 

od-press.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.