Asqar togʻni koʻzlab…

0
249
marta koʻrilgan.

Chinakam rejissyor davr va tomoshabin talabiga mos keladigan asarlar sahnalashtirishi, butun jamoani oʻz ortidan ergashtira olishi zarur. Oʻzbek Milliy akademik drama teatrida faoliyat yuritayotgan Asqar Xolmoʻminov ana shunday kamsonli yosh rejissyorlar sirasiga kiradi. “Yosh rejissyor” jumlasi, tabiiyki, ushbu soha kishisining yoshidan kelib chiqib belgilanmaydi. Aktyor uchun oʻttiz yosh yetuklik bosqichi, eng gullagan payt boʻlishi mumkin. Biroq rejissyor bu yoshda sohaga endi kirib keladi. Chunki maʼlum tajribaga ega boʻlmay, hayotning past-balandini koʻrmay turib yaxshi spektakl sahnalashtirish amrimahol. Qahramonimiz rejissyorlik sohasiga kirib kelishdan oldin tayyorgarlik davrini oʻtadi. Institutga oʻqishga kirguniga qadar bir necha yil davomida Respublika Yosh tomoshabinlar teatrida aktyor sifatida faoliyat olib bordi. Oʻsha paytlarda teatrning badiiy rahbari boʻlgan Olimjon Salimov qoʻlida tarbiya topdi. Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining dramatik teatr rejissyorligi yoʻnalishi talabasi boʻlganida ham shu kishining kursida oʻqidi. Ustoz endi unga rejissyor sifatida saboq bera boshladi. Shogird ustozining ijodiy ishlaridan taʼsirlansa-da, oʻz yoʻlini, oʻz “men”ini topishga intilardi. Shu bois Asqar oʻzini qiziqtirgan mavzular, gʻoyalar haqida, ularni roʻyobga chiqarish haqida bosh qotira boshladi.

Ustoz shogirdlariga Navoiy asarlarini qunt bilan oʻqishni uqtirar, Navoiyni bilmay turib rejissyor boʻlish haqida oʻylash uyat ekanini bot-bot taʼkidlardi. Asqar esa Navoiy asarlarini qayta-qayta oʻqisa-da, ularning sahna koʻrinishlari qanday boʻlishi mumkinligini tasavvur qilolmay boshi qotardi. Nihoyat, uni topganday boʻldi…

“Xamsa”ga yuzlanib…

Taʼtillarda qishloqqa borib, dehqonchilik ishlari bilan band boʻldi. Issiqdan horib, salqinda dam olarkan, nogohon koʻzi Hazrat Navoiyning tavalludi munosabati bilan chop etilgan kitobchaga tushdi. Uni varaqlab spektakl qilmoqchi boʻlib yurgani “Saddi Iskandariy” dostonining sahnaviy variantini topganday boʻldi. Tabiiyki, doston sahnaga toʻgʻridan-toʻgʻri koʻchirilmaydi. Bundan tashqari, bu asar asosida oldin ham sahna asarlari yaratilgan, ular “panjasiga panja urmoq”ning oʻzi mushkul ish.

Asqar qalbidagi qoʻrquvu ishtibohlarni yengib, ishga kirishdi. Bu ishda unga mumtoz adabiyotni, ayniqsa, Navoiy ijodini yaxshi biluvchi tengqur bir hamfikr kerak edi. Shunday kishi ham topildi. Bahodir Bozorov bilan hamkorlikda dostonning sahnaviy variantini yaratish ishlari boshlandi. “Saddi Iskandariy”ning oldingi sahna koʻrinishlaridan farqli ravishda yangisi monospektakl uslubida ishlandi. Yaʼni rejissyor spektakl voqealarini, ular asosidagi fikr, gʻoyani faqat birgina aktyor ijrosi orqali yetkazib berishga intildi.

Asqar Xolmoʻminovning “Iskandar” spektakli sahnaga Darveshning kirib kelishi bilan boshlanadi. Sahna toʻridan, qorongʻilik qaʼridan chiqib kelgan Darvesh hikoyat aytib beradi… Darvesh, Faylaqus, Iskandar boʻlib gavdalanayotgan aktyor yuz ifodasi, xatti-harakatlari orqali bir qiyofadan boshqa qiyofaga oʻtib turadi. Teatrning shartlilik xususiyatiga koʻra, aktyorning turli obrazlarda bir xil libosda boʻlishi tabiiy hol. Garchi spektakl bir aktyor ijrosiga asoslansa-da, tomoshaning muhim ikki omili – xarakter va konflikt masalasiga alohida eʼtibor qaratilgani seziladi.

Spektakldagi asosiy konflikt insonning oʻz-oʻzi bilan ichki kurashi sifatida aks etadi. Soʻnggi sahnada Darvesh tomoshabinlarga qarata xulosa chiqaradi: yashashdan maqsad – yaxshilik qilish, yaxshi nom chiqarish. Bu qaysidir maʼnoda Navoiy aytmoqchi boʻlgan fikr. Zero, har bir banda bu yorugʻ olamda yashar ekan, oʻz hayotining mohiyati nimadan iborat ekanini anglashga, oʻzligini anglashga intiladi. Har narsa oʻtkinchi boʻlgan dunyoda inson oʻzidan keyin qoladigan yaxshi nom bilangina asrlar osha yashashi mumkin.

Asqar Xolmoʻminovning “Iskandar” spektakli avval institut sahnasida tomoshabinlarga namoyish etildi. Ustozlarning yoʻl-yoʻriqlari bilan yanada takomillashdi. 2012 yili “Debyut” anʼanaviy yosh rejissyorlar festivalida qatnashdi va gʻolib boʻldi, tomoshabinlar eʼtibori va eʼtirofini qozondi. 2012 yili Qozogʻistonning Olmaota shahrida boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo mamlakatlarining IV Xalqaro teatr festivalida “Eng yaxshi debyut” nominatsiyasida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Dastlabki spektakldan keyin anchagina tanilgan Asqar Xolmoʻminov toʻxtab qolmasligi shart edi. Uning oldida bitiruv malakaviy ishi uchun spektakl topshirish vazifasi turardi. U birinchi ishi bahonasida Navoiy “Xamsa”sini oʻqib chiqqan va ikkinchi ish uchun ham taxminiy rejalar tuzgan edi. Uni oldindan qiziqtirib kelgan, mutolaa jarayonida yanada oʻziga tortgan doston “Layli va Majnun” boʻldi.

Ushbu doston asosida ham oʻzbek teatrining ustoz namoyandalari spektakl yaratgan. Butun dunyoda ham bu asar asosida koʻplab filmlar, spektakllar ishlangan edi. Asqar Xolmoʻminov sahnalashtirgan spektaklning gʻoyaviy asosi insonning ichki goʻzalligini, koʻngilning betakrorligini ulugʻlashga qaratildi. Bu asar ham eʼtirofga sazovor boʻldi.

 

Yaxshi spektaklning asosi – yaxshi asar

Asqar Xolmoʻminovning ijodiy ishlari jamoatchilikning eʼtiborini tortgach, unga katta imkoniyatlar eshigi ochildi. Oʻzbek Milliy akademik drama teatriga ishga qabul qilindi.

Asqar Xolmoʻminov birinchi oʻrinda oʻzini taʼsirlantirgan asarlarni sahnalashtirishga harakat qilardi. Chunki spektakl avvalo oʻzingga huzur, zavq bagʻishlashi kerak, deb hisoblaydi u. Xuddi mana shu yoʻlda, pyesalar, nasriy asarlarni tinimsiz mutolaa qildi. Hadeganda unga yoqadigan asar topilavermadi. Nihoyat u teatrdagi dastlabki ishini Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azim qalamiga mansub “Tong otgan taraflarda” pyesasi asosida sahnalashtirdi. Ushbu asar xalq ogʻzaki ijodi motivlariga asoslanadi. Unda “Alpomish” dostonida uchraydigan Shakaman mergan bilan bogʻliq original voqea tasvirlanadi. Spektaklda oriyat bosh gʻoya boʻlib qalqib chiqadi. Insonning, millatning, xalqning gʻururi doim ustuvor boʻlishi kerak!

Spektakl Belorasning Minsk shahrida boʻlib oʻtgan II Yoshlar teatr forumida original dramaturgiyasi, oʻziga xos dekoratsiyasi bilan yigʻilganlarning eʼtiborini tortdi. Spektakl 2014 yili “Debyut” festivalida “Eng yaxshi spektakl” nominatsiyasida gʻolib deb topildi.

Asqar Xolmoʻminovdan asar tanlashda nimalarga eʼtibor berishini soʻraganimda u: “Asarni oʻqigach, uni sahnalashtiramanmi-yoʻqmi, bundan qatʼi nazar, uning talqin shaklini, badiiy ifoda vositalarini qidiraman. Matn holidagi asarni qaysi vositalar orqali teatrga koʻchiraman, voqeaga aylantiraman, xuddi mana shu narsa men uchun muhim boʻladi”, deb javob berdi. Uning taʼkidlashicha, “Bu borada asosiy omil bosh qahramon va unga mutanosib obrazni topishdan iborat boʻladi. Misol uchun, “Iskandar”da bosh qahramonga parallel arqonlar fikr tashiydi va ular oʻzaro goʻyo bir fikrni ifoda etishga xizmat qiladi. “Tong otgan taraflarda” spektaklida esa Ona bilan birga koʻkka tutashgan oq mato; “Kuzgi maktublar”da Muallif va daraxtlar oʻrtasida ruhiy yaqinlik mavjud…”

Yangi izlanishlar

Shu kunlarda premyerasi boʻlgan “Kuzgi maktublar” spektakli mana shunday izlanishlarining samarasidir. Oʻlmas Umarbekovning qariyb oʻttiz besh yil muqaddam sahnalashtirilgan “Kuzning birinchi kuni” pyesasi va “Qizimga maktublar” asari asosida yosh dramaturg Maftuna Muhammadaminova sahna asari tayyorladi. Garchi ikki asarning bu taxlit birlashuvi biroz sunʼiydek taassurot uygʻotsa-da, spektaklning umumiy ruhiyati tomoshabinni oʻziga tortadi. Oʻsmirlarning begʻamlik, oxirini oʻylamaslik natijasida sodir etgan jinoyatlariga ota-onalarning javob berishi sahnasi esa ogohlikka chaqiruvchi qoʻngʻiroqqa oʻxshaydi. Zero, bugun bezovta qalqib turgan Kurrai Zaminning kelajagi yoshlarga bogʻliq boʻlib qolmoqda. Yosh rejissyor teatrning ijtimoiy vazifalarini ham unutmaydi. Tomoshabinlarga oyna tutadi, ularni ogohlikka chaqiradi. Ushbu spektakl borasida, uning kelajagi haqida gapirishga hali erta. Albatta, asarning taqdirini tomoshabinlar, vaqt belgilaydi…

 

Baxtiyor YOQUBOV

 

“Yoshlik”, 2015 yil 12-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.