Asoratlari toʻliq oʻrganilmagan

0
1069
marta koʻrilgan.

Bosh miya chayqalganda birinchi yordam qanday koʻrsatilishi kerak?

Bosh miya chayqalishi boshga biror jarohat yetkazilganda, balandlikdan yiqilganda sodir boʻladi. Hatto bugunga qadar uning asoratlari toʻliq oʻrganilmagan. Maxsus tekshiruvlar natijasi ham miyaning zarbdan keyingi holatini, oʻzgarishlarni koʻrsatib bera olmasligi mumkin. Baʼzi olimlarning fikricha, qattiq zarb taʼsirida toʻqimalar trofikasi (oziqlanishi) buziladi va markaziy asab tizimi bilan bogʻliqlik uziladi.

 – Bosh miyaga yetgan zarb taʼsirida inson hushini yoʻqotishi mumkin, – deydi shifokor Dilfuza OCHILOVA. – Bu qisqa muddat yoki uzoq davom etadi. Biroq koʻp hollarda bemor hushida boʻladi va quloqqa eshitilayotgan turli shovqinlar, bosh aylanishi, umumiy holsizlikdan shikoyat qiladi.

Jarohat olgandan soʻng boshning ensa sohasida loʻqillovchi ogʻriq, koʻngil aynishi ham kuzatiladi, lekin tana harorati koʻtarilmaydi. Bemorda teri rangining oqarishi, nafas olish va yurak urishining tezlashishi, qayt qilish holatlari kuzatiladi. Bosh miya chayqalgandan soʻng qisqa muddatlarda kelib chiqadigan bu belgilar bir necha kundan keyin oʻtib ketadi. Hatto bemor jarohatning ertasiga ahvoli yaxshilanganini sezadi. Ammo bosh miya chayqalishida koʻruv nervlari zararlanib, bemor koʻzini harakatlantirganda ogʻriq sezishi, qorachiqlar torayishi yoki kengayishi, assimetrik boʻlishi, bir nuqtaga qarash qiyinlashishi mumkin.

 

Yorugʻlik va shovqindan qoʻrqish

Oradan biroz vaqt oʻtgach, bemor zarb taʼsirida boshqa belgilarni ham seza boshlashi mumkin. Masalan, yorugʻlik va baland tovushlardan qoʻrqish. Bunga sabab bosh miya jarohatlangandan keyin qorachiq mushaklarini boshqaruvchi nerv zararlanadi va tushayotgan nurga taʼsirchanlik ortib ketadi. Eshituv nervining ezilishi hisobiga turli shovqinlarga ham sezuvchanlik oshib ketadi. Hissiyotlarni boshqaruvchi markazlarning zararlanishi injiqlik, kayfiyatning oʻzgaruvchanligi, harakat qilishga ishtiyoq yoʻqolishiga olib keladi. Uyqusizlik, tunda oʻz-oʻzidan uygʻonib ketishni esa bosh miyada qon aylanishining buzilishi, stress va depressiyani keltirib chiqaradi. Baʼzan bemor jarohat olishdan avval nima boʻlganini eslay olmaydi, zarb qanchalik kuchli boʻlsa, xotira ham shunchalik pasayadi. Jarayonlarni esda saqlash va ularni esga tushirish bir necha bosqichda amalga oshiriladi.

 

Birinchi yordam

Agar bosh miya jarohatlangan boʻlsa, zudlik bilan tez tibbiy yordamga murojaat qilish kerak. Ular kelgunga qadar, bemorning boshi ostiga baland boʻlmagan yostiq qoʻyib yotqizish, ovqat va suv bermaslik, toza havo kelishini (oyna ochilib, yoqa tugmalar yechiladi), tinch holatda boʻlishini taʼminlash kerak.

Agar bemor hushini yoʻqotgan boʻlsa, harakatlantirish, joyidan qoʻzgʻatish mumkin emas. Uni oʻng yonboshi bilan yotqiziladi, chap oyoq va chap qoʻl bukiladi, boshni oʻng tomonga burib, iyakni koʻkrak qafasi tomonga biroz egib qoʻyish kerak. Shunday holatda bemorga havo kelishi oson boʻladi.

 

Tekshiruvdan oʻtish kerak

Bosh miya chayqalishini davolash faqatgina maxsus tekshiruvlar oʻtkazilgandan keyin qatʼiy tarzda shifokor buyurgan tavsiyalar asosida olib boriladi. Bemorni tinch joyda yotqizish, jismoniy zoʻriqishlardan cheklash kerak. Belgilar kuzatilmasa ham, umumiy tekshiruvdan oʻtish talab etiladi.

 

Ozoda VALIYEVA

yozib oldi.

 

od-press.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.