Asalning nimasi shirin yoxud toʻylarda meʼyordan chiqish oqibatlari

0
54
marta koʻrilgan.

Xoʻja Nasriddin umrida birinchi marta bozordan qand xarid qilayotganda baqqol buni koʻp isteʼmol qilsa, ogʻizni taxir boʻlishini taʼkidlagan ekan. Afandi bunga qanday javob bergani oʻz yoʻliga. Lekin bugungi toʻylarni koʻrib, dabdababozliklarni eshitib, beixtiyor kishi xayoliga baqqolning ibratli gapi kelishi aniq.

Binobarin, keyingi paytlarda dabdabali toʻy qilaman, deb boshiga ortiqcha tashvishlarni orttirib olayotgan yurtdoshlarimiz soni kam emas. “Sendan men kammi?” qabilida ish tutib, kimoʻzarga ish koʻrayotganlar bisyor. Toʻyxonalar tirband. Ilgari odamlar doʻkondan noyob mol olishga turnaqator tizilishar edi, endi esa toʻylarga xizmat qiladigan otarchilar uyiga yaqin borib boʻlmaydi. Toʻy roʻyxati bilan liq toʻldirilgan semiz-semiz daftarlar kuniga bir necha marta ochilib-yopiladi. “Menikiga boring”, deya yalinishlar… Bularning hammasi bir kunda oʻtadigan toʻylar uchun, oʻzini koʻrsatib qoʻyish uchun, “menday toʻy qilish uchun senga yoʻl boʻlsin”, degan pisandalar uchun… Nahot, shunday xashaki tuygʻular quli boʻlib qoldik, deya yoqangni ushlamaslikning iloji yoʻq.

Toʻyga taklif etilgan bejirim qogʻozlardagi soʻzlarni oʻqib, gʻururlanasiz. Siz uchun yoʻllarga intizor koʻzlar, toʻkin dasturxonlar. Tantanada ishtirok etgach havasingiz keladi: toʻyni shunday toʻkin qildi, mezbonning uyi jannat boʻlsa kerak?..

Chuchvarani xom sanabsiz. Bir toʻyda shahardan kelgan mehmon uyiga qaytib ketolmay tunab qolishiga toʻgʻri kelibdi. Aqalli qoʻliga birorta ohorli sochiq tutolmabdi butun elni chaqirgan shovvoz… Uyi ham aftodahol. Oʻqishga kitob soʻragan ekan, topilmabdi. Ertasiga ogʻaynisiga achchiq gaplar aytibdi:

 – Mendan xafa boʻlma, doʻst achitib gapiradi. Shuncha noz-neʼmatni isrof qilib toʻy berguncha, tuzukroq imorat qursang boʻlmaydimi? Bolalaringni oʻqitsang, uyingda sharoit qilsang…

 – E ogʻayni, odamlarning toʻyida koʻp boʻlganman, vaqti kelganda davralarda katta gapirganman, – degan javobni olib, unga ortiqcha gapirish befoyda ekanini sezibdi.

Bundaylar misqollab yiqqan, jonini jabborga berib toʻplagan boyligini bir kunda xazon bargiday sochsa, yana biri qishlogʻiga toʻy berishni ep bilmay uzoq shahardagi toʻyxonada bazmu jamshid uyushtiradi. Toʻyda koʻrsatilgan hotamtoylikni aytib kelishi uchun qishlogʻidan odamlarni terib-terib chaqiradi. Nima niyatda bunday qilganini hamma biladi, lekin indamaydi. Chunki u qishlogʻidagi tadbirlarga qoʻshilmaydi. U oʻz vaqtida uzatganlarini yigʻib olsa, bas. Qoshiq ham moy, tovoq ham. Ishqilib, bir kunda oʻtadigan toʻyda oʻzini koʻrsatib qolsa boʻldi-da…

… Dunyoning rivojlangan mamlakatidagi doʻstining toʻyida ishtirok etib kelgan kishi gapirib bergan mana bu holatga eʼtibor bering: U yerdagi toʻyga bor-yoʻgʻi 40-50 nafar odam yigʻildi. Uy egalari va ularning yaqin mehmonlari. Toʻy tamom boʻlgach, boʻlayotgan voqealardan hayratlanib, doʻstimdan soʻradim:

 – Ey, uyalmaysanmi, “millioner” degan noming bor. Shu ham toʻymi?

 – Ha, nima boʻpti, nimasi kam?..

 – Men kamida ming nafar odam qatnashadi, 7-8 joydan sanʼatkor keladi, deb oʻylasam…

Shu joyda gapim ogʻzimda qoldi.

 – Men ne-ne mashaqqatlar bilan yiqqan daromadimni bir kunda sochib yuborsam, ertaga tadbirkorligim qanday rivojlanadi?.. Moliyaning qonuni: Foyda olmasang kasodga uchraysan, tiyinlardan soʻmlar hosil boʻladi. Men iqtisod talablariga amal qilmasam, millioner boʻlolmas edim. E, yiqqan odam sarflashni ham bilishi kerak-da…

Bu gaplar mehmondoʻst, tanti, bagʻri keng oʻzbekka aslo taʼna emas. Toʻgʻri, hamma ham bir xil emas, topgan boyligini eʼzozlab, uni yanada koʻpaytirish uchun jon kuydirayotganlar juda koʻp. Lekin baʼzi bir yurtdoshlarimiz ulardan oʻrnak olish oʻrniga manmanlik, bir kunlik hotamtoylik, toʻy orqali soxta obroʻ orttirish yoʻliga kirib qolayapti.

Rosti, koʻnglida saxovat qilish tuygʻusi bor ekan, toʻyga sarflanadigan mablagʻning bir qismiga maktab kutubxonalari uchun kitoblar olib bersin, mahallasidagi beva-bechora, yetim-yesirlarga qarashsin. Bu bilan ham kimgadir yaxshilik ulashgan, ham savobga qolgan boʻladi-ku?!

… Bir kunlik toʻy oʻtadi-ketadi. Qarz evaziga soxta obroʻ orttirish uchun qilingan harakatlar hech qanday ahamiyatga ega boʻlmaydi. Ortidan qarzni toʻlash muammosi boʻy koʻrsatadi. Kelinning chillasi chiqmasdan turib, kuyov boʻlmish xorijga yoʻl oladi. Dardi ichida boʻlgan ota mahalla-koʻydagi tadbirlarga koʻkragini koʻtarib borolmaydi…

Hammani toʻyga yetkazsin. Toʻyda birgina meʼyorga amal qilinsa, olam guliston. Yoʻqsa, baqqol Xoʻja Nasriddinga taʼkidlagani kabi shirinning taxiri chiqadi.

 

Pardaboy TOJIBOYEV,

jurnalist

 

ishonch.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.