Aprel oyida tugʻilgan madaniyat va sanʼat namoyandalari

0
2783
marta koʻrilgan.

4 APREL

 

1818 yil. Tomas Mayn Rid, ingliz yozuvchisi. U “Erkin oʻqchilar”, “Kvarteronka”, hindularning mustamlakachilarga qarshi olib borgan kurashini aks ettiruvchi “Oq tanli yoʻlboshchi”, “Oseola, seminollar yoʻlboshchisi” hamda “Oʻsimlik ishqibozlari”, “Yosh ovchilar”, “Qoyaga chiquvchilar”, “Jirafa ovlovchilar”, “Ajal oʻqi”, “Ofat belgisi”, “Gʻoyib boʻlgan togʻ” asarlarini yozgan. Adibning “Boshsiz chavandoz” romani jahon sarguzasht adabiyotining mumtoz namunasi sifatida eʼtirof etilgan.

 

11 APREL

 

1891 yil. Sergey Prokofyev, rus kompozitori. Uning ijodida musiqali sahna asarlari asosiy oʻrin tutadi. Uning “3 apelsinga muhabbat”, “Urush va tinchlik”, “Olovli farishta” operalari, “Romeo va Julyetta”, “Zolushka”, “Tosh gul haqida hikoya” baletlari, “Aleksandr Nevskiy” kantatasi, koʻpgina cholgʻu asarlari, kinofilmlarga yozgan musiqalari XX asr musiqa sanʼatining mumtoz namunalaridir.

 

1894 yil. Emil Kio, koʻzboyloqchi. Rossiya xalq artisti. Zamonaviy sirk va koʻzboyloqchilik tomoshalarining muallifi, sirk jihozlarini qayta ishlab, zamonaviylashtirgan.

 

12 APREL

 

1949 yil. Murod Muhammad Doʻst, yozuvchi. U “Qaydasan, quvonch sadosi?”, “Mustafo”, “Bir toychoqning xuni”, “Dashtu dalalarda”, “Galatepaga qaytish” singari hikoya va qissalar muallifi. Adib “Lolazor” romanida turgʻunlik yillaridagi murakkab hayotiy jarayonlarni yuksak badiiyat bilan tasvirlagan.

 

13 APREL

 

1900 yil. Sobit Muqonov, qozoq adibi. U “Boy oʻgʻli”, “Sof sevgi”, “Temirtosh, “Boʻtakoʻz”, “Sirdaryo”, “Boʻz toʻlqinlari” romanlari, “Mening maktabim” avtobiografik qissasi, “Zamondoshlar haqida afsona”lari, “Choʻqon Valixonov”, “Saken Sayfullin” dramalari muallifi. Adib Oybek, Hamid Olimjon, Abdulla Qahhor, Zulfiya asarlarini qozoq tiliga oʻgirgan.

 

14 APREL

 

1744 yil. Denis Fonvizin, yozuvchi. Rus adabiyotida ijtimoiy kulgi va dramaturgiyaning asoschisi. Uning “Xizmatkorimga maktub”, “Brigadir” kabi satirik komediyalari sahnalashtirilgan. Adib “Birinchi sayohat xotiralari”, “Zaruriy davlat qonunlari haqida mulohazalar”, “Dumbul”, “Kallisfen” singari asarlarni yozgan.

 

1916 yil. Sulaymon Yudakov, Oʻzbekiston xalq artisti, kompozitor. “Maysaraning ishi” operasi, “Nasriddinning yoshligi” va “Jonli alanga” baleti, “Mening Vatanim”, “Muborakbod”, “Alyor” kantatalarini, 6 qismdan iborat “Mirzachoʻl” vokal-syuitasining, vokal-simfonik poemalarining muallifi. “Furqat”, “Ona xotirasiga” poema rapsodiyasini, “Xoreografik syuita”, “Tantanali uvertyura”, “Festival uvertyurasi” singari qoʻshiqlarni, romanslarni bastalagan, dramatik spektakllar va kinofilmlarga musiqalar yozgan.

 

15 APREL

 

1878 yil. Sadriddin AYNIY, tojik va oʻzbek adabiyotining atoqli vakili. “Odina”, “Qiz bola yoki Xolida”, “Tojik adabiyotidan namunalar”, “Qul bobo yoki ikki ozod” kabi qissa, hikoya, ocherklarining muallifi. Adib “Doxunda”, “Qullar”, “Eski maktab” romanlari, “Yana bu qaysi goʻrdan chiqdi”, “Puling halol boʻlsa, toʻy qil”, “Mashrab bobo”, “Ye, toʻnim”, “Bilganim yoʻq”, “Kengash” kabi hajviy sheʼr va maqolalar, felyetonlar, “Sudxoʻrning oʻlimi” singari hajviy qissalar muallifi.

 

1949 yil. Alla Pugachyova, Rossiya xalq artisti, rus estrada xonandasi. U “Arlekino”, “Million qizil atirgul”, “Maestro”, “Paromchi”, “Bu dunyo”, “Menga yoqadi”, “Aysberg” singari koʻplab qoʻshiqlarni ijro etgan. Xalqaro estrada tanlovlarida, xususan, Bolgariya (1975), Polsha (1978) qatnashib, Bosh sovrinlarga sazovor boʻlgan.

 

16 APREL

 

1921 yil. Shoislom Shomuhamedov, sharqshunos-eronshunos olim. U mumtoz va hozirgi zamon eron adabiyoti boʻyicha tadqiqotlar, oʻquv qoʻllanmalari muallifi. Fors-tojik adabiyoti mumtoz shoirlari asarlaridan tarjimalar qilgan. Olim Firdavsiyning “Shohnoma” asarining 3 jildli yangi tarjimasi va nashrining chop etilishiga ulkan hissa qoʻshgan. Umar Xayyom ruboyilarini oʻzbek tiliga mahorat bilan oʻgirgan.

 

19 APREL

 

1911 yil. Mirzo Tursunzoda, Tojikiston xalq shoiri. Uning Dehotiy bilan hamkorlikda yaratilgan “Xisrav va Shirin” sheʼriy dramasi, “Voseʼ qoʻzgʻoloni” opera librettosi tojik dramaturgiyasining dastlabki asarlaridan sanaladi. “Mamlakat oftobi”, “Xazon va bahor”, “Dushanba – Xorog quruvchilariga maktub”, “Jonbaxsh suv”, “Vatan farzandi” dostonlari unga katta shuhrat keltirgan. “Tohir va Zuhra” musiqali dramasi, “Hindiston qissasi”, “Men ozod Sharqdanman” singari sheʼriy turkumlarga kirgan asarlar, shuningdek,”Hasan aravakash”, “Osiyo ovozi” dostonlari oʻquvchilarga yaxshi tanish.

 

20 APREL

 

1904 yil. Maʼmurjon Uzoqov, Oʻzbekiston xalq hofizi. Xonanda ijrosidagi “Ul kun jonon”, “Nasihat”, “Jonon kelur”, “Koʻzlaring”, “Parvo etib ket”, “Yolgʻiz”, “Sayding qoʻyaber sayyod”, “Yakka bu Fargʻonada”, “Dogʻman”, “Yor istab”,”Qachon boʻlgʻaykim”, “Mustahzod”, “Jonon boʻlaman deb”, “Feruz”, “Bayot V”, “Bir kelib ketsin” va boshqa koʻplab yalla hamda mumtoz ashulalari xalq ijrochiligining oltin xazinasidan joy olgan.

 

22 APREL

 

1912 yil. Malik Qayumov, Oʻzbekiston xalq artisti, kinorejissyor, kinooperator. Ijodkorning “Qudratli oqim”, “Ona diyor”, “Farhod chiroqlari”, “Insoniyatning besh qoʻli”, “Vyetnam – mening mamlakatim”, “Goʻzallikning uch siri”, “Sanʼatga baxshida umr”, “Oltin Bengaliya”, “Sharqda shunday shahar bor”, “Oʻzbek atlasi”, “Samarqand hamisha men bilan” Afgʻoniston haqidagi va boshqa koʻplab qisqa va toʻla metrajli filmlari oʻzbek hujjatli kinosi rivojiga beqiyos hissa boʻlib qoʻshildi.

 

23 APREL

 

1918 yil. Moris Dryuon, fransuz adibi, romannavis. Uning “Laʼnati qirollar” turkumini tashkil qilgan romanlari (“Temir qirol”, “Ogʻu va toj”, “Farang ona boʻri”, “Liliya va arslon”, “Qirol Fransiyani vayron qilganda”), “Hokimiyat”, “Baxtiyorlar” hikoyalar toʻplami jahon kitobxonlari orasida mashhur.

 

25 APREL

 

1840 yil. Pyotr Chaykovskiy, rus kompozitori, yirik simfoniyalar bastakori, dirijyor. Ijodkorning “Francheska da Rimini” va “Romeo va Julyetta” simfonik uvertyura – fantaziyalari, “Yevgeniy Onegin”, “Qargʻa motkasi”, “Iolanta” operalari, “Oqqush koʻli”, “Uyqudagi goʻzal”, “Shelkunchik” baletlari jahon musiqa sanʼatining choʻqqisi hisoblanadi. Ijodkor 10 opera, 3 balet, 6 simfoniya, uvertyura va syuitalar, fortepyano uchun uchta, skripka uchun bitta konsert asarlari yaratgan.

 

26 APREL

 

1954 yil. Muhammad Yusuf, Oʻzbekiston xalq shoiri. “Bulbulga bir gapim bor mening”, “Iltijo”, “Uyqudagi qiz”, Halima enam allalari”, “Ishq kemasi”, “Koʻnglimda bir yor”, “Bevafo koʻp ekan”, “Yolgʻonchi yor”, “Erka kiyik”, “Osmonimga olib ketaman” sheʼriy kitoblarining muallifi.

 

1936 yil. Botir Zokirov, Oʻzbekiston Xalq artisti. Sanʼatkor ijrosida oʻzbek kompozitorlarining romans va qoʻshiqlari butun dunyoga taralgan. Xonanda “Maftun boʻldim”, “Yor, kel”, “Raʼno”, “Gazli koʻhliklari”, “Seni eslayman”, “Majnun monologi”, “Kechalar yulduz sanab” singari qoʻshiqlarni katta mahorat bilan ijro etgan. Uning ijrosidagi hindcha “Nechun xayolga choʻmding”, “Dil orzusi”, “Meychale”, eroncha “Maro bebus”, “Ayriliq”, ”Arabcha tango”, “Uyqum oʻgʻrisi”, meksikancha “Alvido, muhabbat”, italyancha “Yashasin, muhabbat” qoʻshiqlari xalq olqishiga sazovor boʻlgan.

 

27 APREL

 

1926 yil. Abduqodir Hayitmetov, adabiyotshunos olim. “Alisher Navoiyning adabiy-tanqidiy qarashlari”, “Navoiy lirikasi”, “Navoiyning ijodiy metodi”, “Sharq adabiyotining ijodiy metodi tarixi”, “Navoiy dahosi”, “Hayotbaxsh chashma”, “Navoiyxonlik suhbatlari” singari asarlari bilan navoiyshunoslik fanining yangi bosqichga koʻtarilishiga katta hissa qoʻshgan.

 

1791 yil. Semyuel Morze, amerikalik rassom, ixtirochi. Tarixiy kompozitsiyalar va portretlar muallifi. 1837 yili elektromagnit telegraf apparati – “Morze alifbosi”ni ham ixtiro qilgan.

 

M. MAHKAMOVA tayyorladi.

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–4

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.