Anglashning olis yoʻllari

0
236
marta koʻrilgan.
  1. Oʻzni anglash degani nima?
  2. Baxt deganda nimani tushunasiz?
  3. Isteʼdod va imkoniyat: qay biri muhim?
  4. Ijodkorning jamiyatdagi oʻrni qanday boʻlishi kerak deb oʻylaysiz?
  5. Yozganlaringizning hammasi rostmi?

 

  1. Yaratgan zot insonni Oʻzining ulugʻ sifatlari bilan sharaflantirdi. Yaʼni, unga bilish, eshitish, koʻrish, soʻzlash singari neʼmatlar ato etdi. Shuningdek, nasl-nasabi koʻpaymogʻi va zavol topmasligi uchun insonlarni juft-juft qilib yaratdi. Bu “juftlik” dunyoi azimda bir-biriga doʻst, suyanch boʻldi. Oʻzini tanimogʻi, har bir narsaning mohiyatini anglamogʻi, nuqsonlarini ochib tashlamogʻi, qalbidagi yomon illatlarni sugʻurib tashlashi uchun Aql, Salohiyat, Vijdon, Iroda va Imon-eʼtiqod berildi. Qalbini zavq-shavqqa toʻldirish uchun orzu-istak, muhabbat ato etildi. Biroq inson mukammal boʻla oldimi?

Odam zoti zohiran yaratganga xushomad qiladi-yu, ruhan iblisdan umidvor, zimdan undan kuch-quvvat oladi. Toʻgʻri, bu gaplar yangilik emas, dunyo yaralganidan beri ezgulik va yomonlik oʻrtasiga chiziq tortilganini, bir qism odamlar avvaldan chiziqning bir tomonida boʻlsa, bir qism odamlar ikkinchi tomonida turishi hammaga maʼlum va bu tabiiydek tuyuladi. Ammo bugungi kunda chiziqdan oʻtish ikki tomonlama yoʻlga aylanganday. Odamlar u yoqqa ham, bu yoqqa ham bemalol borib-kelib yotishibdi. Xuddi ariqning goh u tomoniga, goh bu tomoniga sakrayotgan misol. Buning boisi balki gʻoya va mafkuralarning xilma-xillashib ketganidir. Albatta, dunyo bir zarb bilan ostin-ustun boʻlmaydi. Hammasi asta-sekin boshlanadi. Ilgari mumkin boʻlmagan narsa endi mumkin. Ilgari yomon boʻlgan narsa endi yaxshi yoki aksincha… Ilgari ayollar xorijdagi ulgurji bozor qayerdaligini bilishmasdi, endi bir qadam. Ilgari boylikdan hazar qilinardi, endi boylik farovonlik mezoni boʻlib qoldi.

Ehtimol, bu sinovlarning hammasi ham oʻzlikni anglash yoʻlidagi olis yoʻl mashaqqatlaridir. Mashaqqatlar ortidan kelgan zafar esa totli va qadrli boʻladi. Bir soʻz bilan aytganda, inson nima uchun yaratilganini anglab yetgandagina oʻzini anglab yetadi. Va ana shundagina u Komil Insonga aylanadi!

Hozircha inson uzoq dengiz safariga chiqqan kema misol yoʻlda. Manzil esa yiroq.

 

  1. Bugungi odamlarning baxt haqidagi tasavvuri bundan yigirma besh, ellik yil avval yashagan odamlarning baxt haqidagi tasavvurlaridan ancha-muncha farq qiladi. Yangi davr, oʻzgarish va yangiliklar, roʻy berayotgan turli hodisalar inson kayfiyatiga, fikr tarziga taʼsir qilmayapti deb boʻlmaydi, albatta.

Bolaligimda muzqaymoq yegan kunim oʻzimni hammadan baxtli his qilardim. Chunki menga har doim ham muzqaymoq olib berishmasdi, tomogʻim ogʻrib, haftalab yotib qoladigan, ota-onamning yuragini yoradigan odatim boʻlgan. Keyinroq pulim koʻp boʻlsa, oʻzimni baxtli his qiladigan boʻldim. Chunki avtobusdagi yoʻlovchilardan pul yigʻib yurgan konduktorni koʻrib shu fikrga kelgandim. Onam esa dadam har oyda kolxoz tomonidan beriladigan yetmish soʻm maoshini olib kelgan kuni oʻzini baxtiyor his qilardi. Yillar oʻtishi bilan shart-sharoitga qarab mening baxt haqidagi tasavvurlarim oʻzgarib bordi: ota-onamning, jigarlarimning borligi, ishonsam, suyansam boʻladigan odam yonimda ekanligi va eng muhimi, toʻgʻrirogʻi, hammasidan yaxshisi bolalarimning borligi! Bolalarimsiz baxt hech nima!

Shu bilan tugatsam boʻlardi, ammo yaqinda qarindoshlarimizdan birining hayajon bilan: “Qanday boʻlmasin ikki gektar yer olsaydim!” degan gapini eshitib qoldim. Ijarachi qoʻshnimning esa erta-yu kech oʻylagani ijara haqqini toʻlash va yana “Zulfiya opa, bir xonalik boʻlsayam uy olsaydim! Agar bu yil ham uy ololmasam…” Kursdosh oʻrtogʻimning tashvishi esa Rossiyaga ishlagani ketib, qaytishni istamay, oʻsha yurt fuqaroligini qabul qilgan erini qanday boʻlmasin uyga qaytarish.

Menimcha, biz inson ehtiyojlari oshgan asrda yashayapmiz. Odamlar koʻngilni sururga chulgʻaydigan haqiqiy baxt haqida kamroq oʻylaydigan boʻlib qolishdi. Aks holda, kimlar uchundir bir parcha yerga ega boʻlish, uy olish yoki xiyonatkor erni uyga qaytarish baxt hisoblanmasdi. Yana kimlardir chiroyli narsalarning, hasham-hushamning quliga aylanib qolgan, oʻshalarga ega boʻlishni baxt deb bilishadi.

Baxt oʻtgan yoki oʻtayotgan umrdan pushaymonsiz huzur qilishdir. Ammo bunday “huzur” hammaga ham nasib qilavermaydi.

 

  1. Isteʼdod – samoviy tuhfa.

Har narsada boshqa hech kim koʻrmagan, oʻzga hech bir kishi bosh qotirmagan jihatni topgan kishi isteʼdodlidir.

Isteʼdodning chegarasi yoʻq. Kishi hech qachon oʻziga oʻzi: “Toʻxta, bas, boshqa boradigan manzil yoʻq!” demaydi. Isteʼdod bor ekan, insoniyat taraqqiyotida yangi davrlar ochilaveradi, shon-shuhrat keltiradigan buyuk fikrlar, kashfiyotlar, ixtirolar yaratilaveradi.

Imkoniyat – baxtli tasodif ham deydilar. Haqqost rost, dunyoda isteʼdodli kishilar koʻp. Lekin ularning hammasi ham oʻz isteʼdodini yuzaga chiqara oladimi? Imkoniyatning oʻrni (yoki mohiyati) shunda shekilli.

Isteʼdodsiz odam yoʻq. Ammo imkoniyat qurgʻur boʻlmasa-chi? Demak, ikkalasi bir-birini toʻldirib, boyitib boradi chogʻi.

 

  1. Har qanday davrda ham xaloyiqdan bir necha qadam oldinda boʻlishi lozim. Ammo illo-billo aldamchi tushunchalarning soʻqir xizmatchisiga aylanib qolmasligi kerak. Bizning na yoshlikka, na keksalikka daʼvo qila oladigan avlod Konfutsiy “qargʻishi”ga uchragan shekilli: “Sen ham evrilishlar davrida yashagin!” Maktabda kommunistik ruhida tarbiyalandik. Institutda oshkoralik davrida oʻqidik. Mustaqil hayotga qadam qoʻyganimizda qayta qurish davri boshlandi. Bir muddat bozor iqtisodining – oʻtish davrining boshboshdoqliklarini boshdan kechirdik. Nihoyat, mafkuraviy qoliplardan xoli, eng yaxshi, jahon adabiyoti bilan boʻylashadigan asarlar yozish uchun muhit yaratildi. Lekin bizning “koʻpni koʻrgan” avlod garangsib, bir joyda depsinib turganday. Katta avlod esa negadir viqorli sukutda…

Xudo xohlasa, yangi oʻsib kelayotgan avlod haqiqiy adabiyotga munosib hissa qoʻshadi, deb oʻylayman. Negaki, bugungi kunda birgina yil davomida bir qancha adabiy tanlovlar oʻtkazilmoqda. Bir qator yosh ijodkorlar oʻz asarlari bilan bu tanlovlarda faol ishtirok etmoqdalar, gʻolib boʻlmoqdalar, taqdirlanmoqdalar, ularning kitoblari katta-katta adadlarda chop etilmoqda. Tanlovdan keyin ularning asarlari qancha vaqt yashaydi, bu yogʻi nomaʼlum, ammo umid bor…

 

  1. Adabiyot va sanʼat avvalo inson hissiyotini tarbiyalaydi. Shunday ekan, qanday qilib, qaysi yuz, qaysi qoʻl bilan yolgʻonni yozib boʻladi? Lekin rostni yozaman deb, duch kelgan narsani ham qalamga olib boʻlmaydi albatta. Yozganlaringiz oʻzgalar qalbida aks-sado bermogʻi uchun ularda faqat rostlik emas, ozgina aytiladigan gap, “yuk” ham boʻlishi kerak, deb oʻylayman. Insoniy dard, oʻz qalbi va atrofida yuz berayotgan hodisalarga befarq boʻla olmaslik tuygʻusi hamisha ijodkorni rost yozishga undaydi.

 

Zulfiya QUROLBOY qizi

 

“Yoshlik”, 2014 yil 3-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.