Ahmad al-Fargʻoniy nomidagi Fargʻona viloyat axborot-kutubxona markazi

1
1760
marta koʻrilgan.

Fargʻona viloyat axborot-kutubxona markazi Oʻzbekiston Respublikasining eng qadimgi kutubxonalaridan biri. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, yangi Margʻilon (Fargʻona shahrining oldingi nomi) kutubxonasi 1899-yil iyunda ulugʻ rus shoiri A. S. Pushkin tavalludining 100 yilligi nishonlanayotgan kunlarda birinchi shahar kutubxonasi ommaviy muzeyining bir boʻlimi sifatida ochilgan. Kutubxona shahar ommaviy muzeyining ikkita xonasida joylashgan boʻlib, uning dastlabki kitob fondi 853 nusxadan iborat, kitobxonlar soni 200 nafar, u ham boʻlsa, shaharlik ziyolilar boʻlib, keng xalq ommasiga hali ruxsat yoʻq edi. 1913-yilga kelib, fonddagi adabiyotlar soni 5600 nusxaga yetdi. 1920-yilda kutubxona Fargʻona shahar kutubxonasi nomini oldi.

1926-yildan eʼtiboran Toshkent shahar kutubxonasi bilan kitob almashinuvi yoʻlga qoʻyildi. Fargʻona kutubxonasidan rus imperatori Yekaterina II davriga oid kitoblar berilib, oʻrniga oʻzbek tilidagi adabiyotlar olinadi va oʻzbek adabiyotlari boʻlimi ochildi, ammo tezda uyushmalararo klubga tarqatib yuboriladi. Faqat 1931-yili yana qaytadan tashkil topdi. 1933-yili bolalar boʻlimi ochiladi, 1935-yili fonddagi kitoblar tekshiruvdan oʻtkaziladi, 1-oktabrga kelib uning soni 25080 kitobdan iborat edi.

1939-yili shahar kutubxonasi negizida viloyat kutubxonasi tashkil topadi. Ammo 1941-yilda boshlangan urush kutubxonani takomillashtirish boʻyicha boshlangan ishlarni toʻxtatib qoʻydi. Urush yillarida kutubxona Fargʻona shahriga koʻchirib kelingan Moskva sharqshunoslik instituti, Moskva tibbiyot instituti, yoshlar instituti talabalariga, shuningdek, yozuvchilar, shoirlar va ilmiy xodimlarga xizmat koʻrsatdi.

1956-yili Fargʻona viloyati tarixi, iqtisodi, madaniyati, mashhur shaxslari haqida oʻlkashunoslik adabiyotlari yigʻilib, targʻib qilina boshlandi. Oʻlkashunoslik kartotekasi tashkil topib, hozirgi kunda unda oʻlka haqida 150000 kartochkalar toʻplangan. 1959-yilga kelib, kitob fondi 100000 nusxaga yetdi. 1961-yilda kutubxona fondida 107908 nusxa kitob boʻlib, shundan 16755 tasi oʻzbek tilida edi. 1967-yilga kelib, kitob fondi 138 ming nusxadan oshib ketdi.

1970-yil viloyat kutubxonasi tarixida oʻchmas iz qoldirdi. Kutubxona uchun maxsus qurilgan va jihozlangan, 500 ming tomga moʻljallangan, hamma sharoitga ega uch qavatli binoga koʻchib oʻtdi. Kutubxona tarkibi oʻzgardi, xodimlar shtati kengaydi. Unga oʻrta asrlarda Osiyoning koʻzga koʻringan qomuschi olimi, astronomi, geografi, matematik Ahmad al-Fargʻoniy nomi berildi.

1977-yil Fargʻona shahrida roʻy bergan tabiiy ofat – suv toshqini kutubxona uchun chinakam fojia boʻldi. Kutubxonaning asosiy kitob ombori suv ostida qoldi. Kutubxonaning 300 ming nusxadan ortiq kitob, risola va jurnallardan iborat fondining uchdan ikki qismi nobud boʻldi. Ular orasida 1917-yilgacha davrga oid adabiyotlar, 1920–1930-yillarga taalluqli bebaho adabiyotlar va vaqtli matbuot nashrlari ham boʻlgan. Kutubxona xodimlari oldiga kitob fondini qisqa vaqt ichida tiklash vazifasi qoʻyildi. Kutubxona jamoasi bu vazifani sharaf bilan uddaladi. Bugungi kunda kitob fondi 290 ming nusxadan ortiq boʻlib, shulardan 2372 tasi noyob kitoblardir.

1980-yili mahalliy haykaltarosh Aydar Aliyev tomonidan kutubxona fasadiga Ahmad al-Fargʻoniyning qoʻlida kitob ushlagan va osmonga qaragan holdagi qiyofasi metallga ishlangan portret shaklida qoʻyildi. 1980-yildan kutubxona uslubiy faoliyatini boshladi.

1990-yillarda xoʻjalik hisobi evaziga kutubxonaning moddiy-texnik negizini mustahkamlash maqsadida pulli ish usullari amaliyotga kiritildi, bular – tungi abonement, fonddan chiqarilgan adabiyotlarning sotuvi, til boʻyicha oʻquv kurslari, kutubxonachilik kurslari va boshqalar.

1991–yildan soʻng, yaʼni mustaqillikka erishganimizdan keyin oʻlkashunoslik ishlariga, viloyat tarixini, til va madaniy merosini oʻrganishga eʼtibor kuchaytirildi. 1999-yildan loyihalar bilan ishlash takomillashdi. AKM shu vaqt ichida 10 dan ortiq loyihalar doirasida ish olib bordi. Bu kutubxona uchun juda katta moddiy va maʼnaviy yordam keltirdi. 2005-yildan kutubxonaning elektron katalogi tuzila boshlandi va dastlab nodir adabiyotlar fondi olindi.

2006-yilgi 381-sonli Qaror asosida ilmiy-universal kutubxona axborot-kutubxona markazi sifatida qaytadan tashkil topadi. Yangi axborot texnologiyalari, elektron oʻquv zali, yoshlar bilan maʼnaviy va maʼrifiy ishlar boʻlimi tashkil topdi. 53 nuqtadan iborat ichki tarmoq ishga tushdi, avtomatlashtirilgan ishchi oʻrinlari oʻrnatildi. 2008-yil 21-25-oktabrda xalqaro V “Central Asia – 2008” konferensiyasi oʻtkazildi.

 

Zuhra Berdiyeva

 

Kutubxonashunoslik” (Kasb-hunar kollejlari uchun. Toshkent, “Ilm ziyo”, 2014) darsligidan.

1 mulohaza

  1. Assalom Aleykum. Ismim Rasulov Raxmatillo. Kitob o’qishni yaxshi ko’rganim sababli 2004- 2008 yil davomida man shu kutubxonaga a’zo bo’lganman. 2008 yilda maktabni bitirdim. Ulg’aygan odamning g’ami ko’payadi degandek, kutubxonaga vaqt qolmadi. Lekin esimdan chiqarmadim. Oxirgi marotaba 9 yil avval yonidan ko’rib, tashqaridan tomosha qilib o’tib ketgandim. Xozirgi kunda man anchadan beri boshqa davlatda joylashganman. Hudo hohlasa uyga,ona vatanimga qaytishimga 20 kun qolibdi. Ahmad al- Farg’oniy kutubxonasi tarixi haqida shu sayt sahifalaridan o’qib chiqib, kutubxona shu kungacha mavjud bo’lib kelayotganini bilib hursand bo’ldim. Qaytadan a’zo bo’lish nasib qilib qolar deb o’ylayman. Qiziqarli sahifalar uchun sayt adminiga o’z minnatdorchiligimi bildiraman.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.