Adabiyotimizning oltin xazinasi. Undan qay darajada bahramandmiz?

0
50
marta koʻrilgan.

Shunday davrlar boʻladiki, mamlakat ham, xalq ham erkin va osuda turmush kechiradi; shoirlar goʻzal sheʼrlarini, bastakorlar dilrabo kuylarini, meʼmorlar mahobatli inshootlarini yaratishda davom etadilar. Yana shunday davrlar boʻladiki, mamlakat boshida ham, xalq boshida ham chaqmoqlar chaqib, momoguldiraklar naʼra tortadi; shoirlarning qalam ushlashga, bastakorlarning tanbur chertishga, meʼmorlarning yangi inshoot tarhini chizishga qoʻllari bormaydi. Davr tahlikalari shunday qudratli kuchga ega.

Tarix davrga boshqa huquqni ham bergan. Har bir yangi evrilish avvalgisiga xolisona baho beradi; koʻkraklari nishonlar bilan toʻlgan yozuvchilar, musavvirlar, bastakorlarning savlatlariga emas, asarlariga qaraydi; muqovasi tilla harflarda tovlangan, lekin mazmun-mohiyati sayoz asarlarning bahridan oʻtadi.

Davrning ana shu hakamlik huquqi yozuvchilar va ularning asarlariga munosabatda, ayniqsa, yaqqol koʻrinadi. “Jadid adabiyoti” deganimizda oʻn – oʻn besh nafar yozuvchigina yodimizga keladi. Vaholanki, jadid yozuvchilari soni oz boʻlmagan. Lekin ularning saralarigina adabiyot tarixida qolgan.

1917–1918 yillardan keyin oʻzbek adabiyotiga kirib kelgan ijodkor yoshlar bolsheviklar oʻylab topgan proletar adabiyoti bagʻrida ulgʻaya boshladi. Shu “adabiy” muhitda yashab turib, Abdulla Qodiriy va Choʻlponlarning asarlaridan koʻproq oziq olgan yozuvchilar keyinchalik proletar adabiyotining temir devorlarini buzib, maydonga chiqib oldi. Lekin qolganlari 50–60-yillarga qadar ijod qilgan boʻlishlariga qaramay, unutib yuborildi. Yangi tarixiy-adabiy davr ularning bahridan oʻtdi. Bu – hayot qonuni. Bu har bir yangi tarixiy davrning hakamlik huquqidir.

XX asr oʻzbek adabiyoti tarixiga nazar tashlasak, Behbudiy va Avloniy avlodidan keyin Abdulla Qodiriy va Choʻlpon avlodi, undan keyin Gʻafur Gʻulom va Oybek avlodi, keyin Asqad Muxtor va Shuhrat avlodi, ulardan keyin esa Erkin Vohidov va Abdulla Oripov avlodlari… vakillarini koʻramiz. Bu avlodlarning ijodiy mehnati bilan oʻzbek adabiyoti yangi adabiy tur va janrlar bilan boyidi. Adabiyotimizning oʻnlab asarlari Gʻarb va Sharq xalqlari tillariga tarjima qilindi. XX asr oʻzbek adabiyoti koʻp asrlik milliy adabiyotimiz tarixiga “adabiyotimizning oltin asri” sifatida kirdi.

Hozirning oʻzidayoq bir paytlar ittifoq yozuvchilar sʼyezdlariga delegat boʻlib saylangan, adabiy kechalar va anjumanlar hayʼatida savlat toʻkib oʻtirgan yozuvchilarning yarmidan koʻpi unutildi, ular ham davr sinovidan oʻtisha olmadi. Bugun: roʻyxati tuzilsa bir necha qogʻoz isrof boʻladigan yozuvchilarning asarlari nashr etilmaydi, – deb dagʻdagʻa qilish, chamamda, oʻrinli emas. Zero, hozirgi oʻzbek adabiyoti bu yozuvchilarning asarlari zabt etgan marradan shu qadar uzoqlashib, yuksak bosqichga koʻtarilganki, ularni Abdulla Qodiriy, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Shukur Xolmirzayev, Erkin Aʼzam, Togʻay Murod asarlarini oʻqiyotgan kitobxonlarga tavsiya qilishga uyalasan kishi. Sirasini aytganda, bu yozuvchilarning asarlari oʻz gʻoyaviy va badiiy-estetik vazifalarini bajarib boʻlgan koʻrinadi.

Shu kecha-kunduzda Fanlar akademiyasining Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti deb atalayotgan tarmogʻida 50 jildli “XX asr oʻzbek adabiyoti durdonalari” turkumini yaratish ustida ish olib borilmoqda. M. Behbudiy yoki A. Avloniydan Erkin Vohidov va Abdulla Oripovgacha boʻlgan yozuvchilarning durdona asarlaridan iborat turkumga kimlarning qaysi asarlarini kiritishimiz kerak? Hozirgi navqiron va kelgusi avlodlarga qaysi yozuvchimizning qaysi asarini durdona sifatida taqdim etishimiz mumkin?.. Bor-yoʻgʻi 50 jilddan iborat nashrga 50 ta durdona asar topiladimi?!. Shunday savollar tugʻilishi tabiiy. Bu savollarga javoban dadil aytishimiz mumkin: “Topiladi, albatta, topiladi!” Abdulla Qodiriyning “Oʻtgan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romani, Choʻlponning “Kecha kunduz” romani va sheʼrlari, Fitratning yurt qaygʻusi figʻon qilib turgan sheʼrlari-yu “Abulfayzxon” tragediyasi, Oybekning “Qutlugʻ qon” va “Navoiy” romanlari hamda sheʼrlari, Gʻafur Gʻulomning “Shum bola” qissasi va sheʼrlari, Hamid Olimjon va Mirtemirning sheʼr va dostonlari… Keyin-chi? Uygʻun, Sobir Abdulla, Komil Yashin, Sharof Rashidov, Ibrohim Rahim, Rahmat Fayziy, Turob Toʻla, Hamid Gʻulom, Mirmuhsin, Shukrullo, Sunnatulla Anorboyev, Maqsud Qoriyev, Saʼdulla Karomatov, Jonrid Abdullaxonov singari yozuvchilarning qaysi asarlari davr sinoviga dosh berdi? Bu sanoqdagi yozuvchilarning qaysi asari yoki asarlarini durdona deyish mumkin? Umuman, biz XX asrda yaratilgan eng sara asarlarni durdona deb atasak, el-yurt oldida uyatli boʻlib qolmaymizmi?..

Kaminani, bir tomondan, shu masalalar oʻylantirayotgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, adabiyotimiz xazinasini avlodlarga qoldirish meʼyor va mezonlarining ishlab chiqilmaganligi, oʻrta va oliy oʻquv yurtlarida zamonaviy adabiyot va uning namoyandalari ijodini oʻrganishning gʻoyat achinarli ahvolga tushgani bezovta qilmoqda. Mustaqillikkacha boʻlgan davrda 5-sinfdan 11-sinfgacha boʻlgan adabiyot darsliklarida XX asr adabiyoti yetakchi namoyandalari ijodining ham, boshqa yozuvchilar yaratgan asarlarning ham oʻrganilishiga yetarli miqdorda dars-soatlar ajratilgan edi. Shuning uchun oʻsha davrda ulgʻaygan yoshlarning adabiy bilimini va adabiyotga munosabatini hozirgi yoshlarning bilimi va munosabati bilan mutlaqo qiyoslab boʻlmaydi. Afsuski, mustaqillik yillarida oʻquv yurtlariga bir qator yangi fanlarning kiritilishi bilan adabiyot boʻyicha dars soatlari haddan ziyod qisqartirilib, bu darslarga eʼtibor va qiziqish pasayib ketdi. Oʻrta maxsus va oliy oʻquv yurtlaridagi kutubxonalar yangi oʻquv, badiiy va ilmiy adabiyot hamda davriy nashrlar bilan yetarli darajada taʼminlanmadi. Aksar kutubxonalar va gazeta kioskalari yopildi. 200 000 nusxada chop etilgan romanlarning bugungi eng katta adadi 5000 dan, sheʼriy toʻplamlarning eng katta adadi esa 500, nari borsa 1000 nusxadan ortmasligi jahon tamaddunining shakllanishiga munosib hissa qoʻshgan, Alisher Navoiy kabi buyuk shoir va mutafakkirlarni yetishtirgan oʻzbek xalqi uchun achinarli hol emasmi?!

SSSR parchalanishi arafasida juda katta qiyinchilik bilan boʻlsa-da, manglayiga “xalq dushmani” tamgʻasi bosilgan Abdulla Qodiriy, Fitrat va Choʻlpon asarlarini toʻplash va nashr etish sharafiga muyassar boʻldik. Lekin Choʻlponning “Akademnashr” nashriyoti tomonidan nashrga tayyorlangan va bor-yoʻgʻi 1000 nusxada chop etilgan 4 jildligi, M. Behbudiyning shu nashriyot tomonidan chop etilgan 2 jildligi hali ham nashriyot omborini toʻldirib yotibdi. Holbuki, filologiya fanlari doktorlari, nomzodlari, aspirantlar, magistrlar va bakalavrlarimiz shu qadar koʻpki, ular bir nusxadan sotib olganlarida ham bu ikki nashr allaqachon sotilib-tarqalib ketgan boʻlar edi. Fan doktori yoki nomzodi boʻlgan olimlar, aspirantlar, magistrlarning shaxsiy kutubxonalarini bu va boshqa mashhur oʻzbek yozuvchilarining kulliyotlari bezab-oʻqilib turmasa, uyat boʻlmaydimi?!

Shunday bir aqida bor edi. Bu aqidaga koʻra, biror kishining qanday inson ekanligini bilish uchun unga: “Siz kimning va qaysi asarini oʻqiyapsiz?” degan savol berish va shu savolga bergan javobiga qarab uning kimligini aniq aytish mumkin edi. Bugungi yoshlarning ilgʻor qismi Oybek, Mirtemir yoki Asqad Muxtorning emas, balki Kafka yo Joys, yoki Kadzuo Isigoro singari Gʻarb va Sharq yozuvchilarining asarlarini oʻqiyotgan boʻlishi mumkin. Umuman, oʻqimagandan koʻra xorijiy yozuvchilarning asarlarini boʻlsa-da, oʻqigan yaxshi, albatta. Lekin adabiyot shunday gʻaroyib bir olamki, bu olamning ichiga kirib, shu olam havosi bilan nafas olgan inson undan butunlay boshqa odam boʻlib chiqadi. Kitobxonni sehrlamagan asar – asar emas. Kitobxonni sehrlab olmagan yozuvchi – yozuvchi emas. Agar sizni Kafka yo Joys, yoki Isigoro sehrlab oldimi, bas, endi siz “Oʻtgan kunlar”ni oʻqib, bir olam zavq oladigan odamdan boshqa bir kishiga aylana boshlagan boʻlasiz. Agar shu jarayon davom etaversa, sizning tafakkuringiz, dunyoqarashingiz, milliy qiyofangiz va mohiyatingiz tubdan oʻzgaradi. Siz endi Oybekning Yoʻlchisiga hamdard boʻlolmaysiz, siz endi Mirtemirning qishloq oftobidan qoraygan qahramonlari bilan gurungdan lazzat ola bilmaysiz. Asqad Muxtorning Ochil buvasiga xos donishmandlik endi sizga ezmalik tuyulib, gʻashingizni keltiradi… Xullas, sizning ruhiy olamingiz, “menligingiz” tamoman oʻzgaradi. Hatto ota-onangiz uchun ham begona kishi boʻlib qolsangiz, ajab emas.

Adabiy qahramon, u xoh Otabek yoki Yoʻlchi, xoh Sholoxovning Sokolovi yoki Aytmatovning Yedigeyi boʻlsin, boshqa qahramonlar bilan birga kitobxonlarning shaxs sifatida shakllanishiga katta taʼsir koʻrsatadi. Agar siz Otabek yoki Yoʻlchi, Sokolov yoki Yedigey singari “katta” qahramonlar tasvirlangan asarlarni koʻproq oʻqisangiz, shu qahramonlarga oʻxshagan katta shaxs boʻlib shakllanasiz. Agar siz yengil-yelpi asarlarni oʻqishdan nariga oʻtmasangiz, shu asarlardagi yengil-yelpi qahramonlarning real hayotdagi nusxalaridan biri boʻlib qolasiz. Badiiy asarning estetik taʼsir doirasi shu qadar kuchliki, siz sevimli qahramonlaringizning uchqur soʻz va iboralarini takrorlabgina, ularga oʻxshab kiyinibgina qolmay, agar ular injiq boʻlsa, siz ham injiq boʻlib borasiz, agar ular tanti va saxovatli adabiy qahramonlar boʻlishsa, sizga ham shu xususiyatlar, albatta, yuqadi. Alisher, Oybek, Shuhrat, Otabek, Anvar, Yoʻlchi, Nodira, Zulfiya, Kumush, Gulnor, Hilola singari “adabiy” ismlarning xalq oʻrtasida keng tarqalgani ham bejiz emas.

Badiiy adabiyotning bu fazilatlari unutilib borayotgan Oybek va Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon va Mirtemir, Shayxzoda va Mirkarim Osim, Asqad Muxtor va Turob Toʻla kabi yozuvchilarning asarlarida, bu asarlardagi har bir obraz va har bir poetik vositada – yarim tundagi yulduzlar yangligʻ – jilvalanib turadi. Bu yozuvchilardan uzoqlashish, bu yozuvchilarni unutish, bu yozuvchilar ijodidan bahramand boʻlmaslik yangi avlodlarning shu qutlugʻ fazilatlarsiz oʻsib-ulgʻayishiga, yaʼni manqurtlashishiga sabab boʻlishi hech gap emas. Holbuki, Abdulla Qodiriy, Choʻlpon va Fitratdan keyin adabiyotimizning oltin xazinasini, birinchi navbatda, xuddi shu yozuvchilar oʻzlarining yuksak badiiy asarlari bilan boyitib berganlar.

 

Naim KARIMOV,

OʻzFA akademigi

 

uzas.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.