Abdurahmon jevachi – erk va ozodlik kurashchisi

2
752
marta koʻrilgan.

Mustaqillik yoʻli uzoq va mashaqqatli boʻlib, xalqimizning zoʻravonlik, zulm va mutelikka qarshi isyonlari davomli ravishda roʻy berib turgan. Ana shunday ozodlik uchun kurashlardan biri 1916 yil Jizzaxda boʻlganini barcha yurtdoshlarimiz yaxshi bilishmasa kerak. Chor Rossiyasi mustamlakachilarining jabr-zulmidan azob chekkan xalqning koʻchaga chiqishi tarixda Jizzax qoʻzgʻoloni nomi bilan qoldi. Uning tarixiy ahamiyati shundaki, u ezilgan xalqning erk va ozodligi, haq-huquqi uchun mardonavor kurashchilarni maydonga chiqardi. Jafokash elning ongu tafakkurida mustamlakachilik va zulmga qarshi birlashib kurashish orqaligina ozodlikka erishish mumkinligi haqida umid uygʻotdi.

Chor Rossiyasi podshosi Nikolay II ning “Turkiston oʻlkasining 19 yoshdan 43 yoshgacha boʻlgan aholisini mardikorlikka olish (aslida birinchi jahon urushiga joʻnatish) haqida”gi farmoni aholining keskin noroziligiga sabab boʻldi. Natijada oʻlkaning Xoʻjand, Samarqand, Fargʻona, Kattaqoʻrgʻon va Jizzax shaharlarida namoyishlar boshlandi. Jizzaxda boshlangan namoyish esa 13 iyulda qoʻzgʻolon tusini oldi. Shahar xalqi Jizzax uyezdi hokimi podpolkovnik Rukindan mardikorlikka yozilganlar roʻyxatini talab qildi. Hokim bunga javoban shahar xalqiga qarshi qurol ishga solmoqchi boʻlganida qoʻzgʻolonchilar tomonidan oʻldirildi. Qoʻzgʻolonni bostirish uchun Turkiston general gubernatori tomonidan safarbar etilgan harbiy kuchlarga qarshi xalq mardonavor jang qildi. Oʻsha davrda Samarqand viloyatining Jizzax uyezdidagi bu voqealar aniq maqsad – Rossiyadan ajralib, mustaqillikka erishish uchun uyushgan tarzda olib borilgan.

Qoʻzgʻolon arafasida Jizzaxda ham butun oʻlkadagi kabi zulm-zoʻravonlik, adolatsizlik hukmron edi. Aholi asosan, don, gʻalla yetishtirish bilan mashgʻul boʻlgan. Chor Rossiyasi tomonidan saylangan hokimlarning turli soliq yigʻimlari xalqni butunlay holdan toydirgan. Mahalliy aholi yerlari tortib olinib, rus askarlari oilalariga berilgan. Odamlar turmushi va oilada qora qozonni qaynatishda katta qiyinchilikka duch kelgan.

Jizzax uyezdi boshligʻining maʼlumotnomasida qayd etilishicha, aholining iqtisodiy ahvoli shu darajada ogʻir boʻlganki, ular qishdan bahorga chiqquncha, gadoy darajasiga tushib qolgan. Sadaqa bilan kun koʻrib, bir burda non u yoqda tursin, tariqqa ham zor boʻlgan.

Sobiq Sovet davrida Jizzax qoʻzgʻoloni haqida yozilgan barcha maqola, tarixiy risola, ilmiy dissertatsiyalarda bu isyon din peshvolarining qutqusi bilan roʻy bergan, deb notoʻgʻri talqin qilindi.

Aslida qoʻzgʻolon milliy ozodlik harakati koʻrinishida edi. Qoʻzgʻolonning boshida xalq ozodligini koʻrishni orzu qilgan oʻzbek elining mard oʻgʻlonlari turardilar. Ulardan biri Abdurahmon jevachi (Abdujabborov) edi. U boy ham, dindor ham emasdi. U Forishning Koʻhnabozor qishlogʻida yashagan, askarlar jang vaqtida kiyadigan kiyim – jeva toʻqib, dehqonchilik qilib kun kechirgan. Shuning uchun boʻlsa kerak, xalq oʻrtasida ham Jevachi laqabi bilan tanilgandi.

1916 yil 15 iyul kuni Abdurahmon jevachi boshliq qoʻzgʻolonchilar Forishdagi pristav Borillani qoʻlga olish uchun mahkama binosiga yurish boshlaydi. Ammo u choʻl orqali Jizzaxga qochib ketadi, qoʻzgʻolonchilar esa boshqa rus amaldorini oʻldiradilar. Jevachi boshliq qoʻzgʻolonchilarni Sangzordan Toʻraqul Toʻrabekov rahbarligidagi aholi ham qoʻllab-quvvatlab ularga qoʻshiladi. Zomin xalqi ham jizzaxlik ozodlik harakati aʼzolariga xayrixohlik bildiradilar. Mustaqillik uchun kurashayotganlar Buxoro amiriga maktub yoʻllab yordam soʻraydilar. Biroq bu maktub sotqin mirshablar qoʻliga tushib, amirga yetib bormaydi. Rus bosqinchilariga qarshi kurashda Jizzax atrofidan toʻrt ming odam yigʻiladi. Kimdir qoʻliga ketmon, loʻm bilan ozchilik xaloyiq esa miltiq bilan dushmanga qarshi chiqadi.

Jizzax qoʻzgʻolonchilariga Chor hukumati beshafqat munosabatda boʻldi. Mustabid hukumat xalqqa qarshi 13 rota soldat, 2 ta artilleriya qismi, kazak otryadlari va sapyorlarni yuboradi. Ular deyarli qurolsiz olomonni shafqatsizlik bilan qirib tashlashadi. Rus askarlari Jizzaxni, keyin Zominni egallaydi. Sangzorda qoʻzgʻolonchilar tutdek oʻqqa tutiladi.

Ozodlik uchun koʻchaga chiqqan xalq toʻqnashuvda magʻlubiyatga uchraydi. Ularga boshchilik qilgan Abdurahmon jevachi va uning sheriklaridan 50 kishi qoʻlga olinib qatl ettirilgan, uch ming fuqaro hibsga olindi. Qoʻzgʻolon ishtirokchilari beayov jazolanib, uylariga oʻt qoʻyildi. Qishloqlar vayron etildi.

Jizzax fojiasi haqida bir guruh jadidchilar Peterburgga borib podshoh dumasiga arz qilganlar. Duma oʻsha zamonda komissiya tuzib, qoʻzgʻolon sabablarini oʻrganishga yuboradi. Oʻsha komissiyaga rahbarlik qilgan Chor hukumati vakili A. Kerenskiy dumaga topshirgan hisobotida shunday yozadi: Men Jizzax vayronalarini borib koʻrdim, janoblar, men ikki frontda – Kavkaz va oʻarbiy frontda boʻlganman, lekin bunaqa qirgʻinbarotni koʻrmaganman.

Abdurahmon jevachi boshchilik qilgan ozodlik harakatining asl maqsadi – oʻlkada chorizm zulmiga, mardikorlikka odam olinishiga qarshi kurash boʻlgan. Erk va ozodlik uchun kurashgan Nazirxoʻja Eshon, Muhammad Rahim, Abduraxmon jevachi va boshqalarning xatti-harakati chor hukumati va sovet mafkurachilari tomonidan oʻsha paytda qattiq qoralandi. Biroq ularning mustamlakachilikka, zulm va qullik kishanlariga qarshi kurashi milliy mustaqillik uchun kurashlar tarixida oʻchmas sahifa boʻlib qoldi. Afsuski, tarix sahifalarida XIX asr oxiri XX asr boshlarida xalqimizning erki, mustaqilligi uchun kurashga otlanib, bu yoʻlda jonini qurbon qilgan ozodlik yalovbardorlarining hammasining ham nomlari yoʻq. Ozodlik uchun kurashganlarning aksariyati esa isyonchi, fitnachi, buzgʻunchi sifatida yosh avlod ongiga singdirildi. Oʻz yurti, jonajon qishlogʻini jabr-zulmdan xalos etishga otlangani, xalqning tinka-madorini quritgan mustabid tuzumga qarshi kurashgani uchun ularga ozodlik kurashchilari emas, bosqinchi tamgʻasi bosildi. Qariyb, sakson yildan ortiq vaqt mobaynida barchamiz bunday boʻhtonlarga ishonib keldik. Ming shukurlar boʻlsinki, mustaqillik tufayli Jizzax qoʻzgʻolonida old qatorda turganlar nomi oqlandi. Ular ozodlik, mustaqillik kurashchilari sifatida yangi oʻzbek tarixi kitoblaridan joy oldi.

Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, vatan Hurriyati yoʻlida Rus bosqiniga qarshi chiqqan ozodlik harakati aʼzolarining hayot yoʻli Oʻzbekiston mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardan boshlab qayta tiklana boshlandi. Bunday ezgu ishlar bugungi kunda ham davom etayotir. Jumladan, yaqinda forishlik ijodkor pedagog Anvar Javlonov Abdurahmon jevachi haqida yana bir tarixiy haqiqatni ruyobga chiqardi. Anvarjon Jevachining bugungi kunda hayot boʻlgan avlodlari bilan suhbatlashib, ularning xotiralarini yozib oldi. Tarixiy maʼlumotlarni qayta oʻrganib, “Togʻ burguti” deb nomlangan tarixiy qissani oʻquvchilar hukmiga havola qildi. Kitobda Abdurahmon jevachining butun oʻy-xayollari, orzu umidlari aks etgan. Albatta, xalqimiz vatan ozodligi uchun kurashganlarni unutmaydi, ularni qahramon deb biladi.

 

Ayyub JUMXUROV,

Jobir XOʻJAQULOV

 

“Hurriyat”dan olindi.

2 Mulohaza

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.