A. S. Pushkin nomidagi Samarqand viloyat axborot-kutubxona markazi

0
915
marta koʻrilgan.

1911-yil 6-dekabrda Samarqandda taniqli arxeolog V. L. Vyatkin tashabbusi bilan polkovnik G. A. Brejezitskiy, agronom Y. N. Grushanovskiy, Y. M. Volnev va boshqalar yordami bilan shahar ommaviy kutubxonasi ochildi. Kutubxonaning dastlabki kitob fondi, asosan, turli tashkilotlar va fuqarolardan hadya tariqasida olingan 2 ming nusxaga yaqin adabiyotlardan iborat edi.

Dastlab kutubxona muzey bilan bir imoratda joylashgan. Hozirgi kunda bu chiroyli, kichik bino A. Temur va M. Qoshgʻariy koʻchalari kesishgan burchakda, uning fasadida yirik qilib yozilgan “Qiroatxona” yozuvi saqlanib qolgan. Kutubxonaning birinchi direktori V. A. Andreev ishni kutubxona katalogini tuzishdan boshlagan.

Kutubxona faoliyatining dastlabki davrida uning xizmatidan 200–300 kishi foydalangan boʻlsa, oʻtgan asrning 40-yillarida kutubxona aʼzolari soni 3800 nafarga yetdi, 50-yillarda esa 6 mingdan oshib ketdi.

1917-yildan Samarqand shahar ommaviy kutubxonasi oʻlka maorif boʻlimining markaziy kutubxonasi, 1920-yildan asosiy kutubxona, 1927-yili Xalq komissarlari qoʻmitasi tasarrufiga oʻtib, davlat kutubxonasi maqomiga ega boʻldi.

1937-yil ulugʻ rus shoiri A. S. Pushkin oʻlimining yuz yilligi va kutubxona tashkil topganiga 25 yil toʻlishi munosabati bilan Oʻzbekiston hukumatining qaroriga binoan, unga A. S. Pushkin nomi va davlat kutubxonasi maqomi berildi. Yildan yilga kitob fondi oʻsib, boʻlimlar ham oʻzgarib, kengayib bordi. 1960-yili fond turli bilim sohalariga oid 150 mingdan oshiq nusxadagi adabiyotlarga ega boʻldi. Oʻsha yillari koʻhna Afrosiyobdagi katta arxeologik qazishmalar yakuniga yetib, Samarqand shahrining tashkil topgan yiliga aniqlik kiritildi. 1970-yili dunyo jamoatchiligi shaharning 2500 yilligini nishonladi. Yubiley obekt sifatida universitet xiyobonida joylashgan viloyat kutubxonasining binosi hisobiga kiritildi.

1970-yil viloyat kutubxonasi 500 ming jild kitobga moljallangan yangi binoga koʻchib oʻtdi. Shu davrda yangi ixtisoslashgan oʻquv zallari, chunonchi, texnika va qishloq xoʻjaligiga oid adabiyotlar, chet tilidagi adabiyotlar, davriy nashrlar, sanʼatga oid adabiyotlar, oʻquv zallari, shuningdek, oʻsmirlar boʻlimi tashkil etildi. Viloyatdagi 18 ma markazlashtirilgan kutubxonalar tizimi tarkibidagi 740 ta davlat kutubxonalari uchun uslubiy markazga aylandi. Hozirgi paytda kitob fondi 700 ming nusxadan oshgan, har yili 29 ming kitobxonga xizmat koʻrsatadi, kitob berilishi 600 ming birlikni tashkil etadi.

Viloyat kutubxonasining uslubiy markaz sifatidagi roli ham kuchayib bordi. XX asrning 70-yillari boshida viloyatda kitob fondlari 3124,7 ming birlikdan iborat 631 ta kutubxona aholiga kutubxonachilik xizmati koʻrsatdi. Shu yillar ichida viloyat kutubxonalaridan foydalanuvchilar soni 332,8 ming kishiga yetdi, ularga jami 3456 ming nusxa adabiyotlar berildi.

Oʻtgan asrning 70–80-yillari viloyat kutubxonalar tarmogʻining rivojlanish va tartibga solinish davri boʻldi. Shu davr ichida davlat ommaviy kutubxonalar tarmogʻi 220 birlikka koʻpaydi va 1990-yilga kelib 850 taga yetdi.

1973–1985-yillarda Samarqand viloyatida kutubxonalar tarmogʻini markazlashtirish tadbirlari amalga oshirildi. Shu davr ichida 840 kutubxonani, shu jumladan, 777 ommaviy, 44 bolalar va 19 markaziy kutubxonalarni birlashtirgan 19 ta markazlashtirilgan kutubxonalar tarmogʻi tashkil etildi. Kitobxonlar soni ham koʻpayib bordi. Markazlashtirishgacha ularning soni 332,8 ming kishini tashkil etgan boʻlsa, 80-yillarning oxiriga kelib 754,7 kishiga yetdi. Shu davr ichida foydalanish uchun berilgan kitoblar soni ham 4,5 baravar oshdi va 15303,9 ming nusxaga yetdi.

80-yillarda A. S. Pushkin nomidagi Samarqand viloyat kutubxonasi respublikaning ilmiy-uslubiy ishlar boʻyicha ilgʻor tajriba maktabiga aylandi. Uning negizida turli uchrashuvlar, seminarlar, konferensiyalar, malaka oshirish kurslari va boshqa tadbirlar doimiy oʻtkazib kelindi. Koʻplab xorijiy mamlakatlar kutubxonalari bilan hamkorlik oʻrnatildi.

Soʻnggi yillarda oʻlkashunoslik boʻlimi, kataloglar va kartotekalar boʻlimi, huquqiy axborot markazi, Gyote instituti koʻmagida nemis tilidagi adabiyotlar oʻquv zali, bolalar adabiyotlari boʻlimi tashkil etildi.

2006-yilga qadar boʻlgan holatga koʻra, viloyat kutubxonasining kitob fondi 612 ming nusxani, gramplastinkalar 3 mingni, notalar toʻplami 12 mingni, gazeta va jurnallar bogʻlanmalari 4 mingni tashkil etdi. 1920-yilgacha nashr etilgan kitoblar fondi 3 ming jildga yaqin adabiyotlarni oʻz ichiga oladi. Kitobxonlar soni 33 ming kishiga yetdi, ularga har yili 700 ming nusxaga yaqin adabiyotlar beriladi.

Kutubxonaning ilmiy-uslubiy va maʼlumot-bibliografiya boʻlimlarining har yili kutubxona tamgʻasi bilan 15 ga yaqin nomda uslubiy qoʻllanmalari, oʻlkashunoslikka oid materiallar, tavsiya roʻyxatlari nashr etiladi.

Kutubxona 2006-yildan Samarqand viloyat axborot-kutubxona markazi sifatida qayta tashkil etildi. Viloyat kutubxonasini dunyo axborot olamiga ulash imkoniyati paydo boʻldi. Kitob fondi elektron shaklga oʻtkazila boshlandi, kitobxonlar kompyuterlardan, elektron katalogdan foydalanish imkoniga ega boʻlishdi. Kitobxonlarga masofadan turib kitob fondidan foydalanish ishlari boshlandi. 2011-yil dekabrda AKM oʻzining 100 yillik yubileyini nishonladi. AKM viloyatdagi 314 ta turli muassasalarga qarashli kutubxonalar uchun uslubiy markaz sifatida ishni davom ettirdi.

2002-yili Germaniya hukumatining qoʻllab-quvvatlashi va Madaniyat ishlari vazirligining hamkorligida nemis oʻquv zali ochildi. U zamonaviy oʻquv zali boʻlib, dolzarb nemis tilidagi adabiyotlar, zamonaviy jihozlar bilan taʼminlangan madaniyat va taʼlim sohasidagi xalqaro hamkorlikning namunasidir. Nemis oʻquv zalining fondi nemis tilidagi 2246 kitobdan, audio va videokassetalardan, CD, DVD va jurnallardan iborat. Bu Samarqand shahridagi Germaniya haqida maʼlumot beruvchi yagona markaz. Adabiyotlar oʻlkashunoslik, nemis tili, sanʼat, madaniyat, iqtisodiyot, huquqshunoslik, ijtimoiy fanlar masalalariga oid va badiiy adabiyotlar, lugʻatlar, maʼlumotnomalar, ensiklopediyalardir.

 

Zuhra Berdiyeva

 

Kutubxonashunoslik” (Kasb-hunar kollejlari uchun. Toshkent, “Ilm ziyo”, 2014) darsligidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.