Yolgʻizlik kuychisi

0
311
marta koʻrilgan.

“Shoirlar qishloqda tugʻilib, Parijda vafot etadilar”. Bu ibora mashhur rus shoiri Ivan Bunin haqida aytilgandek goʻyo. Uning bolaligi ham Rossiyaning Orlov guberniyasidagi Butirka qishlogʻida kechdi va hayoti dunyoning eng goʻzal shaharlaridan biri boʻlmish Parijda nihoyasiga yetdi.

Ivan Alekseevich Bunin 1870 yilning 22 oktyabrida nasl-nasabli zodagon oilasida dunyoga keldi. Buninlar shajarasidan Rossiyada taniqli boʻlgan koʻplab davlat va jamoat arboblari, ziyolilar yetishib chiqqan boʻlib, shulardan biri Pushkinning doʻsti – shoir V. A. Jukovskiy edi. Buninlar oilasi oʻz ajdodlari bilan faxrlanishar, Pushkin va Jukovskiy portretlari esa doimo uyning toʻrida osigʻliq turardi.

Bunin ijod olamiga juda erta kirib keldi, 20 yoshidayoq ilk kitobini nashr qildirdi. Garchi bu kitob Buninga unchalik shuhrat keltirmagan boʻlsa-da, unda boshqa ijodkorlardan yaqqol ajralib turadigan bir xususiyat koʻzga tashlanardi, bu – qadrdon yurt tabiatiga boʻlgan cheksiz muhabbat tuygʻusi boʻlib, shoir umrining oxirigacha bu mavzuga sadoqatini yoʻqotmadi. Uni “Yolgʻizlik kuychisi”, “Rus qishlogʻi va kuzgi soʻlgʻinlik kuychisi” deya taʼriflashardi. U ham xuddi Pushkin singari kuzni sevardi. Bu fasl shoir sheʼrlarida tiniqib, sokingina oqayotgan kuzgi ariqlardagi suvdek pokiza, yaproqlarini birma-bir boy berayotgan daraxtzordek maʼyus, dunyoning achchiq-chuchugini koʻp totgan moʻysafidning koʻzlaridek oʻychan, alla qoʻshigʻidek mahzun va shuning bilan birgalikda umidbaxsh tarzda aks etardi. Uning 1901 yilda nashr etilgan “Xazonrezgi” toʻplami rus sheʼriyatidagi kuz manzaralarining qomusi boʻldi, deyish mumkin. Bu toʻplam rus adabiyotida butun bir sheʼriy davrga – rus sheʼriyatining “kumush” davriga mukammal yakun yasagan edi.

Sheʼr yozish bilan bir vaqtda Bunin nasrda ham ijod qilardi. Umuman, u adabiyotni nazm va nasrga ajratishni xush koʻrmasdi. Shuning uchun boʻlsa kerak, hikoyalarida lirizm nihoyatda boʻrtib turadi. Uning 1900 yilda eʼlon qilingan “Antonov olmalari” asari adabiy jamoatchilik tomonidan iliq kutib olindi. Asarda qishloq hayotining qashshoqlashuvi, tobora fayzini yoʻqotayotganligi alamli iztirob bilan tasvirlanadi.

Buninning Oktyabr toʻntarishigacha boʻlgan davrdagi eng mashhur asari “Qishloq” qissasidir. Asarda XX asr boshlaridagi qishloq odamlarining ogʻir qismati aks ettirilgan. Yozuvchining boshqa biror asari “Qishloq” qissasi kabi koʻp bahsu munozaralarga sabab boʻlgan emas. Oʻsha davr ilgʻor adabiy tanqidchiligi asarda tanazzulga yuz tutayotgan qishloq turmushining haqqoniy aks ettirilganligi, uning qorongʻi manzaralari, illatlari ochiq-oydin yoritib berilganligi kabi muhim jihatlarni toʻgʻri angladi va yozuvchini qoʻllab-quvvatladi.

Bunin oʻz ona yurtini, bepoyon Rossiya oʻlkasini juda sevar, shu bilan birgalikda uning qashshoq, gʻarib va xarob mamlakatga aylanib borayotganidan kuyunardi: “Rusim mening, ming yillik faqiru haqirliging, notavonligingni, ayt, qanday yaxshi koʻray men? Lekin bu xoch, yagʻlogʻi, moʻmintoy, aziz bichim… bularning hammasidan qanday yuz oʻgiray men!” deb yozgandi u bir sheʼrida.

Bunin Oktyabr toʻntarishini, yangi tuzum gʻoyalarini qabul qilolmadi va umrining oxirigacha bu tuzumga dushman boʻlib qoldi. Shoʻrolar tuzumiga qarshi kayfiyat uning 1918–1925 yillarda yozilgan kundalik tarzidagi “Badbaxt kunlar” asarida yaqqol aks etgan.

Vatandan ayro yashash qanchalik ogʻir boʻlmasin, u musofirlik qismatini tanlashga majbur boʻldi. Muhojirlikda ham ijodini davom ettirgan Bunin, asosan, nasriy asarlar yozdi. “Arsenyevning hayoti” romani uning bu davrdagi eng yaxshi asarlaridan biri hisoblanadi. Adib oʻzining ijodkorlik, shoirlik xususiyatlarini mazkur asar bosh qahramoni Aleksey Arsenyev obraziga singdirib yuborgan. Tadqiqotchilarning fikricha, asarda Buninning avvalgi davrdagi butun ijodining asosiy mavzulari, oʻsha davrdagi kayfiyati umumlashtirib aks ettirilgan.

Buninning muhojirlikdagi ijodida sevgi mavzusi katta oʻrin egallaydi. Oʻzida 38 ta hikoyani jamlagan “Qorongʻi xiyobonlar” kitobining aksar hikoyalari shu mavzuda yozilgan. Bu hikoyalar syujeti qiziqarliligi bilan Buninning boshqa asarlaridan ajralib turadi. Adibning oʻzi bu kitobini koʻproq yoqtirar, “Qorongʻi xiyobonlar” – siqiqligi, jonliligi va badiiyligi jihatidan mening eng yaxshi kitobim”, deb taʼkidlardi.

Bunin muhojirlikda bundan boshqa ham bir qator asarlar yozdi, gohi shukuhli, gohi qaygʻuli kunlarni boshidan kechirdi; Nobel mukofotiga sazovor boʻldi (1933), ammo hayotining soʻnggi yillarigacha vatanini sogʻinib yashadi.

Bunin hayotining 33 yili musofirchilikda kechdi. Mana shu vaqt mobaynida u doimo qalban, ruhan Vatani tomon talpindi, shoʻrolar tuzumining tanazzulga uchrashiga ishondi va shuni kutib yashadi.

U 1953 yil 8 noyabrda Parij shahrida vafot etdi.

 

Olim USMONOV,

 filologiya fanlari nomzodi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–10

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.