Xaridorgir nom

0
120
marta koʻrilgan.

Saksoninchi yillarning boshrogʻi edi. Yoshlar nashriyotida Erkin akaning bir kitobi bosiladigan boʻlib, dovruqli shoirning asariga muharrirlik qilishdek ulkan sharaf menga hadya etildi.

Sheʼrlar, kimsan, Erkin Vohidovniki! Soʻz tugul, hatto birorta vergulni oʻzgartirishga kimning haddi sigʻarkan?

Shunga qaramay, qoʻlyozmani bosmaxonaga berish orqaga surilaverdi. Boisi – muallif kunda-kunora fikrini oʻzgartirib, topshirishga shoshmay turing, kitobga boshqacha nom qoʻymoqchiman, degani-degan.

– Oʻzingizning kimligingizni oʻzingiz bilmaysiz, shekilli, ustoz, – dedim oxiri. – Kitobingizga sarlavhaning umuman keragi yoʻq, sheʼrxonlarga “Erkin Vohidov” degan yozuvning oʻzi yetib ortadi.

Erkin aka keng manglayini silab turib, mayli, unaqa boʻlsa, bu – soʻnggi oʻzgartirishim, deya koʻnglimni tinchlantirdi. Toʻplamga boshqacha nom qoʻygach, xonadan chiqib ketayotib, eshik oldida ozgina toʻxtalib qoldi. Keyin menga oʻychanlik bilan oʻgirilib, sarlavhaning umuman keragi yoʻq degan gapni jiddiy aytyapsizmi, deya, odatdagidek, sokin odimlaganicha, ortga qaytdi.

– Jiddiy aytyapman, ustoz.

– Bunaqa oson yoʻllari borligini bilmaganakanman, – dedi Erkin aka, koʻzlari porpirab. – Endi sheʼr toʻqib ovora boʻlmasdan, faqat muqovagamas, ichki betlargayam “Erkin Vohidov, Erkin Vohidov” deb yozib, yiliga toʻrttadan kitob chiqaraversammikin?

 

Oʻshanda bu soʻz hazilga yoʻyib aytilgan esa-da, aslida, Erkin Vohidov degan nomning oʻziyoq, chindan ham, behad suyukli, juda-juda xaridorgir edi. Hanuz shundayligicha qolmoqda.

El orasida bu qadar qadrli, koʻrganlar yoniqib havas qiladigan darajada eʼzozli boʻlish baxti barcha-barcha oydindil kishilarga birdek nasib etaversin, iloyim…

 

Anvar OBIDJON

 

“Yoshlik”, 2017 yil 10-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.