Tanbeh

0
49
marta koʻrilgan.

Ikki ijodkorning boshi bir yerga kelsa, Matnazar ogʻa Navoiyni sharhlar edi. Bir kuni xorazmlik ijodkor Qadam ogʻa Solayev gurung tashkil etdi. Davra katta. Qadam ogʻaning sinfdoshlari, qoʻshnilari, bir-ikki qorindosh-tuqqanlari ham bor. Ularning hammasi Matnazar ogʻa sharhlarining ishqibozlari. Matnazar ogʻaning mazasi qochib yurgan kezlar. Ustoz bilan negadir sal kechikibroq bordik, u kishi oʻtirganlardan kechirim soʻradilar:

– Elashtirmaysizlar endi… Men biroz dam olguncha Jumanazar sharhlab turadi. Qadamboy olib keling…

Qadamboy ogʻa Navoiy asarlarining tomlaridan bittasini keltirdi. Jumanazar Yusupov hazrat gʻazallarini sharhlay boshladi. Matnazar ogʻa choy hoʻplar ekan, Jumanazar akaning fikrlarini bosh silkib maʼqullar edi. Buni koʻrgan Jumanazar aka gapim chiroyliroq chiqsin debmi, gʻazallarni tobora koʻproq oʻz taxmin va toʻqigan-bichganlari asosida sharhlay boshladi. Jumanazar ogʻaning chiroyli soʻzlari oʻtirganlarga xush yoqib olqishlar yogʻila ketdi. Matnazar akaga bunday “sharhlar”, tabiiy, yoqmas edi. Jumanazar aka tobora joʻshar, tinglovchilar tobora toʻlqinlanar edi. Matnazar aka bir-ikki marta Jumanazar ogʻaga oʻqrayib qarab qoʻydi. Ammo olqishlardan ruhlangan Jumanazar aka bu qarashlarga koʻpam eʼtibor berib oʻtirmay, oʻzidan oʻzi ruhlanib “sharhlash”da davom etaverdi. Nihoyat bu hol Matnazar ogʻaning jahlini chiqardi. Qoʻlidagi piyolani “toʻq” etkazib dasturxonga qoʻydi.

– Toʻxta! – dedi jahl bilan Jumanazar akaga. – Oʻtlab ketding! Oʻzim sharhlayman…

 

Shuhrat Matkarim

 

“Ijod olami”, 2018/5

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.