Soʻzi va aʼmoli bir shoir

0
89
marta koʻrilgan.

Matnazar Abdulhakimning birgina sheʼrini oʻqigan har qanday oʻquvchi asl sheʼr taʼmini tuygandek boʻladi. Adabiyotimiz tarixida oʻzidan ham avval sheʼriga haykal qoʻyilgan shoir bir umr koʻngil kishisi boʻlib yashadi, ijod qildi. Eng muhimi, soʻzni sharafladi, uning shaʼnini yuksaklarga koʻtardi.

Shoirning qalb ibodatlarida ham xokisorlik, yaxshilik, tantilik bor edi:

 

Qoʻralarga soladi qiron,

Uyalarda qiladi buzgʻun.

Bola koʻrsin, baribir, boʻri,

Joʻja ochsin, baribir, quzgʻun.

 

Shoirning mumtoz adabiyotimiz namoyandalari ijodi xususidagi jiddiy tadqiqotlari, ilmiy maqolalari ham borki, undagi oydin qarashlar, tahlillar sizni ularga-da shaydo qiladi.

Matnazar Abdulhakim oʻz ijodi, ezgu eʼtiqodi va ixlosi bilan inson ruhiyatining chin tarbiyachisi, kuychisi boʻlib qoladi.

 

Men Matnazar Abdulhakim bilan qayerda, qachon tanishganimni eslay olmayman. Bu shoir bir, ikki, uch va hokazo sheʼrlari hamda adabiy-ilmiy maqolalari orqali mening yuragimga, ongimga, ruhiyatimga sekin-asta singib boravergan. Uning ijodida chiqit yoʻq. Yozganlarining bari kelajak avlodga qoladi.

Matnazar Abdulhakim butun vujudi, borligʻi isteʼdod ganjiga toʻliq inson edi. Bu maʼnaviy boylik esa sira zavol topmagay.

Abdulla ORIPOV

 

Matnazar Abdulhakimning Xorazmda turib pichirlagan ovozi Toshkent adabiy muhitida gumburlagan aks-sado berar edi. Shoirning xalqqa sevimli boʻlib, sheʼriyat muhiblari yuragidan oʻrin olishi, oʻzidan abadiyatga daxldor goʻzal yozgʻichlar meros qoldirishi va umuman adabiyot tarixidan munosib joy olishi uchun qalbi butun shaxs boʻlishi kerakligini, hatto buning uchun mamlakat poytaxtida yashab, ijod qilish ham shart emasligini Matnazar Abdulhakim qoyilmaqom qilib isbotlab ketdi.

Bahodir KARIMOV

 

Matnazar aka bilan har gal uchrashganimizdagi birinchi gapi, albatta, “Falonchi bir zoʻr sheʼr yoki hikoya yozibdi”, degan soʻzlari boʻlar edi va shaksiz, uning izidan qoʻliga qalam tutgan har bir kishini “qamchilab” turadigan soʻrogʻi boʻlar edi: “Yozib turibsanmi?” Bu savol Matnazar akani ustoz bilgan qalamkash uchun boshi uzra doimo oʻtkir oyboltaday yaltillab turadigan “xavf” edi. Sababi, Matnazar aka hech qachon oʻz qalamiga xiyonat qilmas, ijodni hayot mazmuni bilar va bu maydonga kirgan yoki kirish daʼvosida boʻlganlardan ham xuddi shunday sadoqatni talab etar edi.

Shuhrat Matkarim

 

Matnazar Abdulhakim shaxsiga xos yana bir xususiyat shu ediki, agar yaxshi asar boʻlsa yoki shogirdlarining yaxshi sheʼri boʻlsa, xuddi oʻzinikidek quvonar va ularni targʻib qilishdan lazzatlanar edi. U bir ishga kirishsa, astoydil kirishar, ish bitmaguncha tinib-tinchimas, biror mansabdor shaxs oldigami yoki mutasaddi tashkilotgami qatnab charchamasdi.

Madrahim SAFARBOYEV

 

Shoir va oʻlim

 

(Matnazar Abdulhakimni xotirlab)

 

Qavatlidir oʻzbekning tili,

“Oʻlim” degan soʻzning ham

Oʻrindoshi koʻp:

Omonatin topshirdi,

Olamdan oʻtdi,

Vafot etdi,

Rahmatli boʻldi,

Bandachilik qildi,

Baqoga ketdi…

Ammo bu gaplarning birortasin,

Kitobning juldur varaqlarida

Bitiklari uzra

Kezib yurguvchi

Sirli shivirlab turguvchi

Shoirga nisbatan qoʻllaging kelmas.

Esga tushsa,

Xorazmlik ogʻaynim goho,

Tilga olgim kelmas “oʻlim” soʻzini.

Beixtiyor dilda balqir bir jumla:

– Ming afsus,

Matnazar

Sheʼr yozmay qoʻydi…

Anvar OBIDJON

 

Men bu kunlarimiz Bedilsiz qolmayotganidan baxtiyorman. Chunki Matnazar kabilar bor. U dilini berib Bedilni tarjima qilyapti. Menga bugun sigʻinayotganimiz soʻfiylarni eslatadi bu odam: kamtar, isteʼdodli, kamsuqum, kuchli. U zamonaga boqmaydi. Inshoolloh, zamona unga boqqusidir!

Usmon AZIM

1996 yil

 

Matnazar Abdulhakim sheʼriyat boʻstonining ulkan, serhosil namoyandalaridan biri edi. Hali biz uning mehnatlari mahsulidan koʻp yillar bahramand boʻlamiz. Uning ajoyib sheʼrlari va ilmiy asarlari mamlakatimizga, xalqimizga, kelajagimizga xizmat qilishi shubhasiz.

Qoʻzi ISMOIL

 

Biz yoshligimizda sururvash edik. Yoʻllarimiz koʻp, ammo qay biridan ketishni bilmay yurganimizda ustozning istehzoli suhbatlari koʻnglimizga oro kirdi. Soʻzi bilan aʼmoli bir edi. Ana shunday mehr taʼsirida biz oʻz yoʻlimizni topdik. Ustoz Matnazar Abdulhakim bizga adabiyotni chin maʼnoda sevishni oʻrgatdi.

Davron RAJAB

 

 

“Yoshlik”, 2018/2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.