Sofya Andreevna Tolstaya kundaliklaridan

0
473
marta koʻrilgan.

(1862–1910 yillar)

 

1862 yil 8 oktyabr. Yana kundalikka yozish. Men bu zerikarli odatni turmushga chiqishdan oldin tashlab yuborgandim. Men odatda siqilgan paytlarda kundalik yozaman, hozir ham xuddi shunday. Men u bilan, yaʼni turmush oʻrtogʻim bilan ikki hafta baxtiyor yashadim. Mening sirdoshim ham, kundaligim ham u edi. Men undan hech narsani yashirmasdim. Biroq kecha u menga: “Sening tuygʻularingga ishonmayman”, deb aytdi. Men dahshatdan dong qotib qoldim. Menimcha, men oʻz hislarimni toʻla ifodalab berolmayman. Nazarimda, shu sabab menga ishonmasa kerak. Men avvallari boʻlgʻusi turmush oʻrtogʻimni sof, ochiqkoʻngil, hamisha koʻz oʻngimda boʻladi, yolgʻiz oʻzimni sevadi, biz u bilan hech qachon urishib qolmaymiz, deb xayol qilardim va bu xayollar garchand bolalarcha boʻlsa-da, hali ham meni tark etmagan. Balki men qachonlardir shu xayollarimga ergashib, P. ni sevishga uringandirman. Endi bu xayollardan voz kechmoq kerak, negadir bu mening qoʻlimdan kelmayapti. Erimning oʻtmishi meni shu qadar dahshatga soladiki, nazarimda, u bilan hech qachon yarashmasam kerak. Men boʻlajak farzandlarimda, erimning oʻtmishidagi yaramas illatlarni, undagi chidab boʻlmas nuqsonlarni emas, oʻsha soflikni, oʻsha poklikni koʻrishni istayman. U turfa xil yaxshi-yomon hislarga toʻla boʻlgan oʻtmishini, oʻsha borligʻini, Xudo biladi, kimlar yoki nimalarga sarf etilgan yoshligini endi sira meniki boʻla olmasligini, menga begona ekanligini tushunmaydi. U yana men unga borligʻimni baxshida etganimni, mendagi sof pokizalik isrof etilmaganini, faqat bolalik xotiralarimgina uniki emasligini anglamaydi. Oʻsha xotiralarim, ilk tuygʻularim ham unga baxshida edi, biroq u bu xotiralarni yoʻq qildi. Nima uchun, axir, ularda biror yomon gap yoʻq edi-ku?! U vaqtini, kuchini sarf etib erishganlarini, menikidek tuygʻulari olis-olislarda qolib ketganini aytadi. Toʻgʻri, mening ham oʻtmishimda turli voqealar boʻlgan, lekin unikichalik emas. U meni qiynab huzur qiladi. U meni ham oq-qorani tanishim uchun oʻsha botqoqlardan oʻtishimni istaydi. U mening iztirob chekmay, osonlik bilan baxtga erishganimga xusumat qiladi. Endi uning xudbinligi dastidan yigʻlab oʻtirmayman, koʻzyoshimni koʻrishini ham istamayman. Mayli, menga hamisha hamma narsa oson, yengil boʻlgan, deb oʻylayversin. Kecha bobomnikidan uni koʻrish uchun atay ot ustida keldim, uni koʻrgan onimdayoq meni allaqanday kuch, allaqanday his chulgʻadi. Men shu lahzalarda uni naqadar sevishimni his etdim, yoniga borgim keldi, ammo hozir unga yaqinlashsam, hafsalam pir boʻlishini, bu unga xuddi tilyogʻlamalikday koʻrinishini angladim. Negadir men ochiq aytmayman, ayta olmayman ham. Menda shu qadar ahmoqona xudbinlik borki, agar kimningdir oʻzimga nisbatan salgina ishonchsizligini yoki tushunmasligini his etsam, toʻnimni teskari kiyib olaman. Nafratim ortgandan ortib bormoqda: axir, u nima qilmoqda?! Axir, shu ketishda uning ham, oʻzimning ham hayotimni gʻurbatga aylantiraman-ku! Uning qaygʻuli nigohlarini koʻrib oʻzimning ham rahmim keladi. Oʻsha lahzada men uni oʻlardek sevganimdan oʻldirib qoʻygan boʻlardim, biroq ishonmaydi, baribir, ishonmaydi, degan oʻy tinchlik bermasdi. Bugun shuni his qildimki, ikkimiz ham oʻz-oʻzimizcha boshqa olamlar yasab olganmiz. Darhaqiqat, munosabatlarimiz menga tuban boʻlib tuyuladi. Men ham uning sevgisiga ishonmayman, u meni oʻparkan, shunchaki maylga berilyapti, deb oʻylayman. Shu tariqa u norozi boʻlsa ham, ilk, sof hislaring haqoratlanganday, toptalganday boʻladi. Toʻgʻri, men ham maylga berilganman, biroq faqat tasavvurlarimda, u esa xuddi hozir meni sevib turganidek qachonlardir goʻzal ayollarni sevgan, ular bilan ishrat qilgan. Shuning uchun mening emas, uning oʻtmishi jirkanch. Nima ham qila olardim?! Agar inson rostmana inson boʻlish uchun dastlab iblis boʻlishi kerak boʻlsa, bilmadim. Erimning shunday odamlar toifasiga kirishi men uchun ogʻir, darhaqiqat, ogʻir. U esa mening sevgimga ishonmaydi, axir, hatto biror lahza boʻlmasin oʻtmishimga boqib, unga turmushga chiqqanimdan achindimmi yoki uni yomon koʻrib, sevganimdan pushaymon boʻldimmi? Aslo! Nahotki, unga mening koʻzyosh toʻkib oʻtirishim, ajralib ketishimizga sabab boʻlayotgan oʻrtamizdagi chigal munosabatlarni oʻylab siqilishim yoqsa?! Meni tobora egovlab, azob berishiga toqat qilolmayman. U esa oʻzicha oliyjanob, rahmdil, har qanday tubanlikdan nafratlanadi, unga toqat qila olmaydi. Avvallari unda bor fazilatlarni ardoqlardim, qalbim bilan sevardim, hozir esa bu hislar sovib, tugab qolganday.

9 oktyabr. Kecha yarashib oldik. Ancha yengil tortdim, hatto juda xursandman. Boyagina otda sayr qildik. Bugun ogʻir tush koʻrdim, hatto nima koʻrganimni ham eslay olmayman, shundanmi, dilim xira. Onam yodimga tushdi, koʻnglim buzildi. Umuman olganda, hayotim yaxshi, biroq oʻtmishni qaytarib boʻlarmidi… Hayotda baxtli kunlarim koʻp boʻlgan. Hozircha esa erimning kayfiyati chogʻ, menga ishonadi, koʻz tegmasin. Toʻgʻri, nazarimda, men unga toʻla baxt bera olmayapman. Goʻyo men ogʻir uyqudaman-u, negadir uygʻonib keta olmayapman, agar bu lohaslikdan chiqib ketolsam edi, butunlay boshqacha odamga aylanardim. Buning uchun nima qilish kerakligini bilmayman. Agar shunday boʻlsa, u mening hislarimni koʻrgan boʻlardi, men unga, uni qanchalar sevishimni aytgan, uni avvalgidek baxtli qilgan boʻlardim. Tezroq, tezroq bu lohaslikdan xalos boʻlish kerak, tezroq uygʻonish kerak. Men bu lohaslikka yozda Pokrovskiyga borgan vaqtimda chalindim. Men dam-badam yengil tortardim, biroq Moskvaga kelganimda yana oʻsha mudroqlik meni chulgʻab oldi va oʻshandan buyon hamon uygʻonganim yoʻq. Meni qandaydir ogʻir hislar oʻziga tortadi, nazarimda, yaqinda oʻladigandayman. Ayniqsa, hozir turmushga chiqqan paytda bu juda gʻalati. Men uning uxlayotganini eshitib, yolgʻizligimdan dahshatga tushaman. Baʼzan u meni yoniga yaqin qoʻymaydi, bu esa koʻnglimga ogʻir botadi.

11 oktyabr. Dahshat! Dahshatning oʻzginasi! Tobora oʻzimni yoʻqotib boryapman. Erim betob, kayfiyati yoʻq, nazarimda, menga koʻngilsiz. Xudoga nima yozgandim, shunaqa boʻlishini oʻylaganmidim, umuman, mening baxt-saodatim haqida birov oʻylaydimi? Men na oʻzimni, na uni baxtiyor etaman. Baʼzan oʻylab qolasan, oʻzingni ham, birovni ham baxtsiz qilib yashashning nima hojati bor?! Ha, bu oʻy meni koʻpdan azobga solmoqda. U kundan-kun mendan sovib, uzoqlashib bormoqda. Men esa unga aksincha, kundan-kun qattiqroq bogʻlanib qolmoqdaman. Agar u mendan uzoqlashib ketsa, bunga mutlaqo toqat qila olmayman. U esa oʻta samimiy: koʻngli yoʻqmi, ikkiyuzlamachilik qilmaydi, sevadimi, bas, buni butun xatti-harakatida koʻrsatadi. Qizlik uyimni sogʻindim, qanday baxtli edim! Hozir esa koʻnglingga qil ham sigʻmaydi, hamma sendan norozi, qayinxolam ham (Yergolskaya) qandaydir begonasiragan, erimning-ku, mutlaqo men bilan ishi yoʻq. Onaginam, jonajonim, singlim Tanya, qanday yaxshi edi u kunlar! Bechora Lizani esa tinmay qiynardim, nega ularni tark etdim?! Hozir-chi, alamimdan yozgʻirib, siqilib oʻtiribman. Lyovochka (Tolstoy) esa qanday oliyjanob, nazarimda, hammasiga oʻzim aybdordayman. Men unga tushkun kayfiyatda koʻrinishni istamayman, bu kabi ahmoqona injiqliklar erkaklarning joniga tegishini ham yaxshi bilaman. Hammasi oʻtib ketadi, hammasi joyiga tushadi, deb oʻylaysan, ammo hech narsa oʻtib ketmasligini, aksincha, kundan-kun ahvoling yomonlashib borayotganini sezasan. Otam oʻz xatida: “Ering seni qattiq sevadi”, deb yozadi. Ha, toʻgʻri, sevardi, endi esa yoʻq, buni hech kim anglamaydi. Sezishimcha, unda menga nisbatan faqat mayl, ehtiros boʻlgan, ehtirosning esa umri qisqa. Ha, bu ehtirosi uchun u koʻp afsuslanadi, chunki sevmagan kishing bilan bir umr yashash azob. Hamma uchun aziz, qadrli bir insonning umrini barbod etamanmi?! Men xudbinlik qilib unga turmushga chiqdim. U men haqimda: “Ha, men bu ayolni sevmoqchi edim, ammo ortiq seva olmayman”, deb oʻylasa kerak.

Baxtli kunlarim tush kabi oʻtdi-ketdi. Koʻrasan, hali hammasi yaxshi boʻladi, deb menga uqtirmoqchidek boʻlishadi. Turmush tashvishlari sabab hayotga boʻlgan avvalgi ishtiyoqim, qiziqishlarim soʻnganday. Ertadan kechgacha ogʻir xayollarga berilib, qoʻl qovushtirib indamaygina oʻtirsam, deyman. Qoʻlim hech ishga bormaydi. Nima ham qilardim, shu dahmaza chepchikni[1] tikib?! Oʻtirib musiqa chalgim kelgandi, yuqoridagi royal band, pastdagi fortepiano esa buzuq. U bugun oʻzining Nikolskiyga joʻnab ketishini, mening esa uyda qolishim kerakligini aytdi. Unga mendan qutilishiga imkon berishim kerak edi, biroq men unday qilolmadim, chunki kuchim yetmadi. Hozir u yuqorida, Slenova[2] bilan royal chalmoqda. Bechora, mendan qutulish uchun oʻziga ermak izlaydi.

13 noyabr. Yoqimsiz son, yoqimsiz sana. Xayolimga kelgan birinchi fikr shu boʻldi. U bilan suhbatlashgan paytlarim yengil tortaman. Uni faqat oʻzimniki deb bilaman, xudbinlarcha yengil tortaman. Toʻgʻrisi, men nima bilan ovunishni bilmayman. U esa juda isteʼdodli va aqlli. Menda unisi ham, bunisi ham yoʻq. Sirasini aytganda, faqat sevgi bilangina yashab boʻlmaydi, axir. Ammo men shu qadar notavonmanki, ertadan kechgacha uni oʻylayman. U betob boʻlib qolsa, “oʻlib qolsa-chi”, deb yomon xayollarga boraman. U quvonganda esa “qani endi, bu hol hech tugamasa…” deb orziqaman. Oʻzim ham quvonaman, ortiq hech nimani oʻylamayman. Agar u uyda boʻlmasa yoxud biror nima bilan mashgʻul boʻlsa, yana u haqida oʻylayman, “kelmayaptimikan?” deb quloq solaman, yuzidagi har bitta ifodani kuzataman. Balki mendagi bu hol homiladorligim tufaylidir. Men hozir yomon ahvoldaman, shuning uchun unga malol kelmoqdaman. Roʻzgʻor ishlari bilan oʻralashib ketish oson, biroq oldin shu yumushlarga ishtiyoq, qiziqish kerak. Keyin xoʻjalik yuritish, fortepiano chalish, ayrim yaxshi narsalarni hisobga olmaganda, bir talay oldi-qochdi kitoblar oʻqish va bodring tuzlash kabi ishlar koʻngilga sigʻadi. Men bularning hammasi oʻz vaqti-soati bilan boʻlishini, qizlikdagi erka hayotim unutilib, qishloqda yashashga koʻnikishim kerakligini yaxshi bilaman. Hammaga mazax boʻlib, siqilishni istamayman. Ishonamanki, bunday boʻlmaydi. Erim menga koʻproq eʼtibor berishini istayman! Qiziq, men uni borligʻim bilan sevaman, ammo uning eʼtiborini kam his qilaman. Baʼzan shunday yorugʻ lahzalar boʻladiki, tiriklikning, yashashning naqadar baxt ekanligini his qilaman, anglayman. Zimmamda nechogʻlik masʼuliyat borligini koʻraman. Shu masʼuliyat, shu burchning borligiga shukr ham qilaman, ammo oʻsha lahzalar oʻtib ketgach, yana bari yodimdan chiqadi. Hali oʻsha yaxshi kunlar kelishini, batamom men bilan qolishini bilaman, ularni intizorlik bilan kutaman. Hali hammasi oʻz iziga tushadi, turmush gʻildiragi aylanadiyu meni oʻz domiga oladi. Oʻshanda men ham gʻayrat ila hayotga shoʻngʻiyman. Tavba, bu narsalarni men xuddi bayram yoki yozning kelishidek kutyapman. Hozir Moskvaga borish ham, kutayotgan farzandim ham menda hech qanday hayajon: na shodlik, na xafalik uygʻotmayapti. Bu tushkunlikdan xalos etadigan, ruhimni tetiklashtiradigan biror chora topsam edi…

Men koʻpdan buyon ibodat qilmay qoʻydim. Avvallari meni ibodat qilishning hatto zohiriy tomonlari ham qiziqtirardi. Men bolaligimda hammadan yashirinib, eshikni ichkaridan berkitgancha sanam qarshisiga sham yoqarkanman, tiz choʻkkancha soatlab ibodat qilardim. Hozir bularning barchasi menga kulgili va ahmoqona boʻlib koʻrinadi, ammo ularni eslash juda maroqli. Turmushga chiqqaningdan soʻng hamma narsa jiddiy, qizlik hayotingdagi hislaring yoqimli, ajralish ogʻir, ortga qaytishga esa yoʻl yoʻq. Yillar oʻtib, men oʻzimga badastir oilaviy hayot yarataman va bu turmushga yana chin dildan koʻnikaman. Chunki bunda men uchun ota-onamdan, aka-ukalarimdan ham qadrliroq bolalarim, turmush oʻrtogʻim boʻladi. Hozir esa oʻtmish, kelajak va bugun oʻrtasida sargardonman. Erim juda mehribon, u menga hozirgi tushkunligimdan xalos boʻlishim uchun gʻamxoʻrlik qiladi. Mayli, oʻzim bir amallarman. Qiziq, men hamon oʻsha-oʻshaman, biroq men hozir qiz bola emas, ayolman. Ha, bunga sabr qilish kerak.

Balki Moskvaga borsam, ruhim ancha tetiklashar, balki shunda oʻtmishni unutib, bugunni his etarman. Chunki hamma gap oʻzimda, oʻzimni qanday tutishimda. Faqat u mening injiqliklarimga sabr qilsa bas, hozirgi ogʻir paytda biroz toqat qilsa kifoya.

Mana, hozir ham yolgʻiz oʻtiribman. Atrofga qarasang, yuraging siqiladi. Yolgʻizlik haddan ziyod ogʻir. Men bunga sira koʻnikmaganman. Qizlik uyimda hayot qaynardi, bu yerda esa uningsiz atrof oʻlik sukunat. U hamisha yolgʻiz, yolgʻizlikka koʻnikib ketgan, menga oʻxshab yaqinlaridan emas, ishdan taskin topadi. Balki men ham koʻnikarman. Tavba, goʻyo hamma oʻlib ketgandek, endi hech qachon oʻyin-kulgi ovozi eshitilmaydigandek, hammayoq jimjit. Uningsiz yolgʻiz qolishni istamasam, baʼzan u mendan koyinadi. U bu borada adolatsizlik qiladi. Toʻgʻri, u buni tushunmaydi, chunki ota-onasidan juda erta ayrilgan. Men unga yaxshi boʻlishi uchun qoʻlimdan kelgan barcha ishni qilaman, chunki u juda oliyjanob. U mendan koʻra oliyjanob, balki men shuning uchun ham uni sevarman, mening undan boʻlak hech kimim yoʻq.

Zerikishimning sababi, men juda notavonman, oʻzimda yashashga kuch topa olmayman. Shundanmi, gʻala-gʻovur hayotga koʻnikkanman, bu yerda esa sukunat, oʻlik sukunat. Koʻnikaman, axir, inson hamma narsaga koʻnikadi. Nasib qilsa, men ham bola-chaqaga toʻla gʻala-gʻovurli roʻzgʻor butlayman, oʻzim, erim, bolalarim uchun yashayman, farzandlarimni ulgʻaytiraman, axir, buning uchun birmuncha qadam tashladim.

1863 yil 17 yanvar. Moskva. U hammani yaxshi koʻradi, bu esa mening gʻazabimni qoʻzgʻaydi. U faqat meni, yolgʻiz meni sevishini istayman. Bundoq oʻylab qarasam, men yana injiqlik qilyapman. U oliyjanob, oqkoʻngil, oʻylab koʻrsam, mening alam va achchigʻlanishim sababi – injiqligim. U faqat meni desin, faqat men uchun yashasin deyish bu – xudbinlik. Turgan gapki, men xudbinlikni oʻzimga kasb qilib olganman. Men kimni yoxud nimani emas, faqat Lyovochkani sevaman. Biroq bu ham toʻgʻri emas, chunki u menga eʼtiborsiz boʻlgan paytlarda mashgʻul boʻlish uchun nimagadir qiziqishim kerak. Axir, u ham oʻz ishini, mashgʻulotlarini sevadi-ku! Hayotda bu kabi koʻngil sovishlar boʻlishi mumkin. Munosabatlarimiz haqida Lyovochkadan koʻra koʻproq bosh qotirishim ham bekorchiligimdan, shuning uchun ham bu munosabatlardan koʻp narsani oʻrganaman. Biror maqsad bilan emas, shunchaki gʻayriixtiyoriy oʻrganaman. Qani edi, bu oʻrganganlarimni amalda ham qoʻllay olsam. Mayli, hamma narsa vaqti-soati bilan.

Tezroq Yasnaya Polyanaga ketaqolsak edi. U yerda u faqat men uchun, men bilan yashardi. Sirasini aytganda, qayinxolam, men va u! Boshqa kimsaning hojati ham yoʻq. Bu hayot menga juda yoqadi. Oʻlsam ham, uni hech narsaga almashmayman. Bu turmush, bu hayot uchun har nimaga tayyorman. Bora-bora hayotim yana ham goʻzalroq boʻladi va men juda baxtiyor boʻlaman.

Uyda agar Lyovochka xohlasa, mehmon kutishimiz ham mumkin. U yoqda biror kimni topish amri mahol, oʻzim ham odamovi boʻlib qolganman. Ha, mayli, agar u xohlasa, mehmondoʻst ham boʻlaman. Muhimi, u zerikmasa, xursand boʻlsa boʻlgani. Shunda u meni yana ham koʻproq sevadi, menga esa bundan ortiq hech narsa kerakmas.

Sirasini aytganda, urishmasdan yashash ham qiyin, mening esa urishish niyatim yoʻq, boʻlmasa, u: “Yana janjalmi?” deb xunob boʻladi. Hamma balo mening rashkchiligimda. U bunga yoʻl qoʻymasligi kerak, men esa biroz ogʻirroq boʻlganim maʼqul. U meni oʻzi bilan biror yoqqa olib borgisi kelmaydi. Ayollar koʻylagining keng etaklari, shlyapalar uni diqqinafas qiladi. Men esa uningsiz hech qayoqqa borgim kelmaydi. Oʻrganib qolsang ham yomon ekan, uning sensiz ham yashay olishini bilish ogʻir.

Uni kun boʻyi kutdim, kelmagach, yana yozishga oʻtirdim. Hayotda yolgʻiz yashaydigan odamlar qanday koʻnikarkin, yolgʻiz qolish bu – dahshatning oʻzi! Biz bugun leksiyaga bormasligimiz aniq, balki men uning joniga tekkandirman. Bu oʻy menga hech tinchlik bermaydi, men xuddi unga malol kelgandek oʻzimni aybdor his qilaman.

Negadir onamga shu kunlarda qattiq oʻrganib qolganman va bu meni xiyla xavotirga solmoqda, chunki birga yashashimizning sira iloji yoʻq. Singlim Tanyani esa xuddi katta odamlardek yuqoridan turib yaxshi koʻraman. Tavba, bunday huquqni menga kim berdi?! Ular bilan xayrlashish nihoyatda ogʻir. Lyovochka buni tushunmaydi, men ham biror nima deb eʼtiroz bildirmayman. Qayinxolamni juda sogʻindim, kecha Lyovochka bilan u haqida gaplashdik. U juda adolatli ayol, men uning oldida uyatliman. Men unga mehribonlik qilishim lozim, chunki u Lyovochkaga enagalik qilgan. Nasib qilsa, mening bolalarimni ham katta qiladi. Birovga mehribonlik qilish yaxshi, buning uchun sendan minnatdor boʻlishadi. Faqat nosamimiy boʻlib koʻrinishdan va tilyogʻlamalik qilishdan qoʻrqaman. Sirasini aytganda, keksayib qolgan kamsuqum ayolga gʻamxoʻrlik qilishning hech qanday nosamimiy yeri yoʻq.

Men tobora biryoqlama boʻlib qolayotgandayman. Meni faqat oʻzimning turmush hayotimdan boʻlak hech nima qiziqtirmaydi. Soat uch boʻldi. Nega u vaʼda berib, soʻzining ustidan chiqmaydi? Mayli, badastir emasligi ham yaxshi, har holda, maydagap emas. Menga uning serzardaligi yoqmaydi, jahldor, asabiy, koʻzidan nari boʻlmasang, naq baloga qolasan. Biroq oʻziga kelgach, hammasini unutadi, kek saqlamaydi.

3 mart. Yana yolgʻiz qoldim va yozishga tutindim. Yana oʻsha bir xil gap. Biroq bu safar yolgʻizligimdan xafa emasman, koʻnikdim, shekilli. Menga u sevadi, albatta sevadi, degan shirin xayol hamroh. Uyga kelgach, menga yaqin kelib biror nima soʻraydi yoki oʻzi nimadir haqida gapiradi, deya oʻy suraman. Men uchun yorugʻ olamda yashashdan oʻzga baxt yoʻq! Uning kundaliklarini oʻqib, juda quvondim. Uning xayolida ijod va men, ortiq boshqa narsa emas! Kecha ham, bugun ham nimadir haqida oʻylamoqda, xalal berishdan qoʻrqaman. U ijod qilyapti. Uning: “Koʻngilni qoldirishdan, xalal berishdan oʻzgasiga yaramaydi”, deb oʻylashidan juda qoʻrqaman.

Men uning ijod qilayotganidan mamnunman. Bugun cherkovga bormoqchi edim, biroq fikrimdan qaytib, uyda ibodat qildim. Turmushga chiqqanimdan buyon “xoʻja koʻrsin”ga qilinadigan har xil marosimlardan koʻnglim qolgan. Biror ermak topib boʻlsa ham, roʻzgʻor ishlari bilan band boʻlgim keladi. Uquvsizligimdanmi, hozircha ishni nimadan boshlashni bilmayman, oʻzimni nimadir bilan band qilib koʻrsatib, boshqalarni ham, oʻzimni ham aldash oʻta jirkanch! Kimga, nima uchun oʻzimni koʻrsatishim kerak?! Baʼzan menga nima qilishim, foydali ishlarga vaqtimni qanday sarf qilishim kerakligi ayondek koʻrinadi, ammo vaqt oʻtgach, xayollaring tarqab ketadi. Shunchaki yashash, hayotingni, masʼuliyatingni, senga ortiq hech narsa kerak emasligini his etish juda farahli tuyuladi. Agar hozir gʻamgin boʻlganimda ham, “Hayotdan nima istaysan?” deb soʻrasalar, toʻgʻrisi, nima deb javob berishni bilmagan boʻlardim.

Qayinxolamga boʻlgan munosabatim nosamimiy, bu meni iztirobga soladi. Uning keksalik injiqliklari meni quyushqondan chiqarib, asabiylashtirmoqda, bu juda yomon. U tez-tez xafa boʻladi, nosamimiylik qiladi. Ha, agar uying charogʻon boʻlsa, qalbing ham charogʻon boʻladi, deb bejiz aytishmagan. Men tobora hamma narsaga: avvallari yozgʻirganlarim, uyimizga tez-tez kelib turuvchi talabalarga ham, kambagʻallarga ham, qayinxolamga ham koʻnikib boryapman. Bularning hammasi Lyovochkaning kuchli taʼsiri ostida va men bu taʼsirdan juda baxtiyorman!

24 aprel. Lyovochka keksayib qolgan yoxud juda baxtsiz. Nahotki, uni xoʻjalik yuritish, uzumzorga qarashdan boshqa narsalar qiziqtirmasa?! Ovqatlanish, uxlash, biroz suhbatlashishni aytmasa, u uzzukun xoʻjalik ishlari bilan yuraveradi, yuraveradi. Men esa yolgʻizlikdan zerikkanim-zerikkan. Uning menga boʻlgan muhabbati, gʻayrishuuriy tarzda qoʻlimni oʻpishi va menga yomonlik emas, yaxshilik qilayotganligi chegaralanadi. Bugun havo kayfiyatni koʻtaradigan darajada soz, mening esa negadir koʻnglim gʻash. Ilgarilari Tatyana bilan birga bahordan, yozdan birday zavq olardik. Oʻylarimiz, hislarimiz bir xilligidan, zavodlaru apparatlarni qancha turishi haqidagi zerikarli suhbatlardan yiroqligimizdan baxtiyor edik. Tanyaning uyimizga kelayotganligidan juda xursandman. Umuman olganda, men yosh, quvnoq kishilarni yoqtiraman, ayniqsa, Tanyaga oʻxshaganlarni.

Lyovani oldida negadir oʻzimni noqulay his qilmoqdaman. Buni oʻylasam, oʻz-oʻzimdan uyalaman, vijdonim qiynaladi. Nega? Vijdonim toza, uning oldida aybdor emasman. Men bularni faqat shunday his qilayotganim uchun yozyapman. U bularni oʻqishi mumkinligini oʻylasam, ichimni it timdalaydi. Men uni qattiq sevishdan, buni unga koʻrsatishdan, uning koʻnglini qoldirishdan qoʻrqaman. Agar mendan “nima istaysan?” deb soʻrashsa, nima deb javob berishni-da bilmayman.

9 may. Soat oʻn ikkida kelaman degandi, ikki boʻldi, biror nima boʻlmadimikan? Menga azob berish shunchalik rohatlimi unga? Axir, mungʻayib turgan itga ham rahming keladi-ku! Onamning turmushga chiqqan vaqtdagi ilk yillari goʻyo xuddi menikiga oʻxshash boʻlgan ekan. U boyaqishga mendan ham ogʻir boʻlgan: otam bemor koʻrishga yoki qarta oʻynashga tez-tez ketib turgan. Lyova esa hamisha xoʻjalik yumushlari bilan band. Men oʻsha-oʻsha yolgʻiz, siqilgan, homilador, betob ahvoldaman, kishi boshidan oʻtkazmaguncha hech narsani bila olmas ekan. Turmushga chiqish ham, yoshlik ham baxtiyorlik emas, gʻurbatning oʻzi. Axir, faqatgina tikish-bichish, fortepiano chalish boʻlmaydi-ku, ustiga ustak, erimning mendan koʻngli qoldimikan, endi qoʻl-oyogʻim bogʻliq, hech qayoqqa borolmayman, deb oʻylash – bu dahshat! Onam yoshim oʻtib, bolalar ulgʻayib, ularning hayoti izga tushgach, halovat topdim, deydi. Darhaqiqat, xuddi shunday. Men yaramas va erka insonman, biroq hozir yozgʻirib, siqilib oʻtirishim, uni soat oʻn ikkidan beri qoʻrquv va xavotir bilan koʻzim toʻrt boʻlib kutishimdan. U shunaqangi yomon insonki, bechora kishilarga nisbatan har qanday odamda ham boʻladigan shafqat hissi unda yoʻq.

6 iyun. Bir toʻda yoshlar mehmon boʻlib keldi, tinchimizni buzishdi, nachora?! Negadir ularning shashti past, balki havoning sovuqligi taʼsir qilgandir? Ularning tashrifi kutganimdek koʻnglimni koʻtarmadi, aksincha, meni shoshirib qoʻydi. Ular menda zerikarli taassurot qoldirishdi.

Men Lyovani borligʻim bilan sevaman, ammo oʻzimni undan past koʻrishim gʻazabimni keltiradi. Men unga muteʼman, uning muhabbatini nechogʻlik qadrlashim Xudogagina ayon. U yo mening sevishimni bilib, koʻngli toʻq, yoki muhabbatimga muhtoj emas. Nazarimda, kuz keladiyu hammasi tugaydi, biroq nimaning tugashini oʻzim ham bilmayman. Kuz ortidan keladigan qishning qanday oʻtishini, umuman, qishning kelishini tasavvur ham qila olmayman. Goʻyo qarib qolgan kampirlardek hech narsa meni quvontirmayotganligi, yoqmayotganligi dilimni xira qiladi. Bu yoshimda qarib qolish esa dahshat. Mehmonlar bilan aravada sayr qilishni xohlamadim, chunki u: “Ikkalamiz endi qarib qoldik, uyda oʻtirganimiz maʼqul”, dedi. Men, goʻyo menga birov sevishni taʼqiqlayotgandek u bilan birga qolishimni oʻylab quvondim. Biroq mehmonlar sayrga, Lyova ishiga ketdi, men esa bir oʻzim soʻppayib qoldim. Ich-ichimdan gʻazabim kelgan vaqtda hatto unga sayr qilishga ekipajim yoʻqligini, men haqimda sira qaygʻurmasligini aytib, malomat qilgim keladi. Meni uyda bir uyum kitoblar bilan qoldirib, men haqimda zarracha oʻylamasligini yuziga solgim keladi. Gʻazabim bosilgach esa, chindan ham, ishi boshidan oshib yotganini, menga vaqt ajrata olmayotganligini, roʻzgʻor, tirikchilik odamning qoʻl-oyogʻini bogʻlab qoʻyishini oʻylayman. Ustiga ustak, och-yalangʻoch kambagʻallarning diydiyosi, allaqanday Anatolning balo-qazodek yopishib olganligi… Nima boʻlganda ham, Lyovochka oliyjanob, men uni bor-yoʻgʻim bilan sevaman.

14 iyul. Hammasi kutilganidek boʻldi. Koʻzim yoridi! Ancha-muncha qiynaldim, oyoqqa turdim. Bolamdan, yana ayniqsa, erimdan doimiy xavotirlangancha asta-sekin hayot ogʻushiga kirib bormoqdaman. Nazarimda, yelkamga ogʻir bir yuk quladi, bu ogʻirlik meni hech qachon tark etmaydi. Menimcha, bu oilam oldidagi masʼuliyatni bajara olmayman, degan qoʻrquv hissi boʻlsa kerak. Men goʻyo uning oldida aybdordek, oʻzimni juda noqulay his qilmoqdaman. Nazarimda, men uning boʻyniga osilgan toshman, koʻziga ahmoq boʻlib koʻrinaman. Tavba, yana eski qoʻshigʻimni boshladim. Men oʻzimga oʻxshamay qolgandayman, chunki koʻzi yorigan ayolga qilinadigan siyqa gʻamxoʻrlikdan va erimga boʻlgan gʻayritabiiy muhabbatimdan qoʻrqaman, men bu qoʻrquvni yolgʻon, ahmoqona uyalish hissi bilan niqoblayman. Baʼzan bu hislarni turmush oʻrtogʻingni, bolalaringni sevishga loyiqliging, deb aytishadi-ku, deya oʻzimni ovutaman. Baʼzan bu kabi narsalarni oʻrgana olmayman. Yaxshi ona, yaxshi umr yoʻldosh boʻla olmasam kerak, deb oʻylayman. Ona boʻlishning qudrati nimada? Oʻzimning ham ona boʻlganligim avvalgidek gʻalati emas, tabiiy tuyulmoqda. Men Lyovaning zurriyodiga onaman, shuning uchun ham uni sevaman!

Lyovaning ruhiy ahvoli meni tashvishga solmoqda, uning oʻtkir hissiyoti, boy tasavvurlari biroz soʻnganday, men uning kamolotidan, buyukligidan qanday zavqlanardim! Xudo guvoh, uning bu jihatdan ham baxtli boʻlishi uchun borimni ayamagan boʻlardim!

31 iyul. U men bilan quruq, oʻta rasmiy muomalada. Rosti, oʻlgudek alam qilmoqda. Qovogʻidan qor yogʻadi. Nega? Kim aybdor? Baxtga qarshi, munosabatlarimiz keskin. U shu qadar qoʻrqinchliki, uzzukun koʻziga koʻrinmaslikka harakat qilaman. U uxlayman yoki choʻmilgani ketdim desa, ichimda Xudoga shukr, deyman. Yuragim siqilgancha oʻgʻlimning oldida oʻtirarkanman, baxtli kunlarimizni Xudo koʻp koʻrdi, deb oʻylayman. Hammasi batamom tugaganday. Sabr qilish kerak. Oʻtgan baxtli kunlarimga ham shukr qilaman. Men uni juda qattiq sevgandim, barchasi uchun undan roziman.

Uning kundaliklarini oʻqidim. Goʻzal betakror onlar koʻzimga xunuk boʻlib koʻrindi. “Bu toʻqqiz oy hayotimdagi eng yomon kunlar boʻldi, oʻninchi oy haqida gapirmasa ham boʻladi”. U: “Nega uylandim?” deb koʻnglidan necha bor oʻtkazdi ekan?! Necha bor: “Qani mening avvalgi paytlarim”, deb takrorladi ekan?!

2 avgust. Uning kundaligidan oʻzim haqdagi quyidagilarni oʻqib qoldim: “Osmonga tikilib oʻtiribman, Sofya Andreevna keta qolsa, yaxshi boʻlardi…” Dahshat! Ichimni it tirnamoqda! Bu haqda ogʻiz ochmaslikka oʻz-oʻzimga soʻz berdim.

3 avgust. Koʻpdan beri oʻylaganlarim toʻgʻri chiqqanidanmi, u bilan suhbatlashib biroz yengil tortdim. U menga bolani ham, oʻzingni ham majruh qilma, deydi. Hech kim bunga eʼtiroz bildirayotgani yoʻq, ammo jismonan holsizlikka qarshi nima ham qila olardim? U menga nisbatan adolatsizlik qilayotganini bor vujudim bilan his qilmoqdaman. Odamga qayta-qayta azob berishning nima hojati bor? Gʻazabim qaynadi, toza havoda bola bilan sayr qilish ham koʻnglimga sigʻmadi. U meni oʻz ayollik burchimni bajarmay, betoblikdan iztirob chekayotganim uchun yer yuzidan uloqtirib tashlagisi kelgandek, men ham uni qaygʻurmay, xotirjam yozib oʻtirganligi uchun koʻrgani koʻzim yoʻq! Mana, erlarning asl basharasi qanday boʻladi, hech bunaqa boʻladi deb oʻylamagan edim! Shu lahzalarda uni hech qachon yaxshi koʻrmaydigandayman! Axir, har lahza nishini sanchib turadigan chivinni kim ham yaxshi koʻrardi?! Bolaga qarashga kuchim yetadi, biroq roʻzgʻor ishlarini hozircha qila olmayman. Albatta, qoʻlimdan kelgancha harakat qilaman, ammo Lyova uchun emas! U menga azob berishdan boshqani bilmaydi! Nahotki, sogʻayib ketishim uchun biroz sabr qilish shunchalik qiyin boʻlsa? Axir, men sabr qilaman-ku, yana oʻn karra ortiq sabr qilaman. Gʻazablanganligim uchun ham bularni yozgim keldi.

Yomgʻir yogʻa boshladi, shamollab qolmasa edi! Jahl otidan tushdim, gʻazabim bosildi. Men uni yaxshi koʻraman! Ey Xudo, uni oʻzing asra!

“Sonya, azizam, meni kechir, oldingda aybdorligimni bilaman. Baʼzan shunday kunlar boʻladiki, oʻz ixtiyoringchamas, yengib boʻlmas tashqi bir kuch taʼsirida yashayotganday boʻlasan. Bu kunlarda men shunday onlarni kechirdim. Men oʻz illatlarimni yaxshi bilaman, ruhiyatimning oʻndan bir qismidagina sof tuygʻular, oliyjanoblik bor, deb oʻylayman. Men qoʻpollik va toshbagʻirlik qildim. Yana kimga degin, hayotimga baxt olib kirgan, yolgʻiz meni sevuvchi bir xilqatga. Sonya, men buni unutib, kechirib boʻlmasligini bilaman, men seni yaxshi tushunaman, oʻzimning tubanligimni ham bilaman. Sonya, jonginam, men aybdorman, men razil odamman, biroq qalbimning tubida bir yaxshi odam ham borki, u baʼzan uxlab qoladi. Sen uni sev va hech qachon malomat qilma, Sonya” (Lev Tolstoyning qaydlari).

Bu soʻzlarni menga Lyovochka yozgandi, kechirim soʻragandi, biroq keyin feʼli aynib ularni oʻchirib tashlagandi. U vaqtlari men betob edim, koʻkragim ogʻrib Seryojani emiza olmasdim, bu esa uning zardasini qaynatardi. Nahotki, men bolamni emizishni xohlamasam, axir, bu mening oliy istagim-ku! Men uning ikki ogʻiz shirin soʻziga, afsuslanishiga, achinishiga zor edim, biroq bu satrlarni oʻqib ulgurmasimdanoq u meni bulardan mahrum qildi.

22 sentyabr. Ertaga turmush qurganimga bir yil boʻladi. Bir yil oldin baxtli boʻlishga umid qilgandim, endi esa baxtdan nasibam qolmadi. Shu paytgacha hazil deb oʻylagandim, sira hazillashayotgani yoʻq. Urushga ketarmish, bu nimasi?! Yengiltaklikdan oʻzga narsa emas! Toʻgʻrirogʻi, beqarorlik. Bilmadim, nazarimda, u bilibmi, bilmaymi, doimo meni baxtiqaro qilishga urinadi. Bugun boʻlmasa, ertaga bola bilan bir oʻzing beva boʻlib qolishni oʻylab yashash dahshat! Yoki uning uchun hamma narsa hazil, oʻyinchoq, xayoliy bir istakmi? Bugun bittasi yoqib qoldi, uylanding, bolali boʻlding, ertaga urushga borging kebqoldi, tashlaysanu ketasan! Nima, endi bolamning oʻlimini istaymi?! Yoʻq, bunga toqat qilib boʻlmaydi! Men uning vatanparvarligiga, oʻttiz besh yoshida qilayotgan hoyu-havaslariga sira ishonmayman. Axir, farzandlar ham vatanning bir boʻlagi, rus xalqining bir parchasi. Ot ustida oʻynoqlab, urushga maftun boʻlish, har tomondan uchayotgan oʻqlarni tomosha qilish uchun ularni tashlab ketish yaxshi emas! U oʻzining beqarorligi, goʻdak tabiatliligi bilan hafsalamni pir qilmoqda. Daholik oiladan ustun emish! U menga oʻz istaklarini nima deb izohlasa, izohlayversin! Qayoqdanam unga turmushga chiqdim, tuygʻularimni toptab nima qilardim?! Oʻzimning ham aybim borligini bilaman. U esa jahl qiladi. Aybim uni sevganim, oʻlimini tilamay, undan ayrilishni istamaganimmi?! Jahl qilsa, qilaversin! Keyin unutish oson boʻlishi uchun undan koʻnglim qolishini xohlardim. Mayli, u ham meni oʻzidan uzoqlashtiraversin, koʻnikaman. Bir yil baxtli yashadim, endi u oʻziga yangi ermak topdi, bunday xayot mening ham jonimga tegdi. Endi uning bolalari boʻlmaydi, men bolalarimni otasi tashlab ketishi uchun tugʻmoqchi emasman. Qanday istibdod! Men shuni istayman! Sening gapirishga haqqing yoʻq!

Urush-ku, boshlangani yoʻq. U hozircha shu yerda. Dard ustiga chipqon, kutasan, siqilasan. Hammasi bir yoʻla tamom boʻlsa edi… Hamma balo shundaki, sevasan!

Uni kuzataman: soʻniq, zerikarli. Qarab yuraging eziladi.

17 oktyabr. Men oʻzimni uni toʻla tushunishga qobil emasdek his qilaman, uning oʻy-xayollarini, xatti-harakatini, oʻtmishini, bugunini rashk bilan taʼqib qilaman. Men uning butun borligʻini qamrab olishni, menga ham Aleksandringa qilgan samimiy munosabatda boʻlishini xohlayman. Bilaman, buning sira iloji yoʻq. Buning uchun men oʻzimni haqoratlangandek his qilmayman, aksincha, yoshligimni, beboshligimni, uni tushunish uchun yetarli darajada shoirtabiat emasligimni ham yaxshi bilaman. Aleksandrindek boʻlish uchun tugʻma qobiliyatdan tashqari, yoshing ancha katta, befarzand, uning ustiga, turmushga chiqmagan boʻlishing kerak. Ularning avvalgidek yozishmalari menga haqoratdek tuyulmaydi, faqat Aleksandrin Lyovaning xotini bola-chaqa, roʻzgʻor tashvishidan boshqa narsaga arzimaydi, deb oʻylashidan qoʻrqaman. Qanchalik rashkchiligimga qaramay, uning hayotidan Aleksandrinni oʻchirish imkonsiz, bunga hojat ham yoʻq, chunki u Lyovaga men bera olmaydigan narsalarni bergan, uning hayotida muhim ahamiyat kasb etgan.

Lyova unga yozgan xatlarini atay joʻnatmagan. Men Lyova unga avvallari men eshitmagan narsalarni yozgani uchun, aynan u yozgani uchun yigʻladim. “Men faqat oʻzim haqimdagina bilaman. Sizga shuni aytamanki, xotinimning bunga daxli yoʻq”.

Men Aleksandrin bilan yaqindan tanishishni istardim. Qiziq, u meni Lyovaga munosib deb bilarmikan? Axir, u Lyovani hammadan yaxshi tushungan, yaqindan bilgan. Men stol ustidan uning Lyovaga yozgan xatlarini topib oldim. Xatlarni oʻqib, uning Lyovaga boʻlgan munosabati haqida oʻyladim. Uning bitta xati menga juda yoqdi. Oʻzimni goʻyo Lyovaning xatidan bexabar koʻrsatib, unga bir necha marta xat yozishga tutindim, lekin jurʼatim yetmadi. Aleksandrin menga juda yoqadi, unga qiziqib qolganman. Lyovaning unga yozgan xatini oʻqiganimdan buyon u haqida oʻylayman. Men ham uni yaxshi koʻrib qolgan boʻlardim.

Men Lyovani jonimdan ortiq sevaman, unga boʻlgan muhabbatim, gʻamxoʻrligim tobora ortib borayotganini his etyapman. Bugun kayfiyatim juda yaxshi, ruhim osuda. Balki bu uning sevgisini his qilib turganimdandir.

Men uni ruhiyati choʻkib, butunlay tushkunlikka tushib qoladi, deb oʻylamayman. Undagi oniy ruhiy halovatsizliklar, oʻz-oʻzidan qoniqmaslik hissi oʻtib ketishini sabrsizlik bilan kutaman. Uning ruhan tetikligi, ijodga nisbatan zavq-shavqi meni quvontiradi, baʼzan tashvishga ham soladi. Aynan shu ijodiy mehnat uning men uchun aziz boʻlgan umrini qisqartiradi.[3]

1865 yil 16 mart. Bosh ogʻrigʻi qattiq bezovta qilmoqda, bolalarim ham betob. Seryoja isitmalayapti, nima qilishga hayronman. Lyovochka ertalab ketganicha yoʻq – qayoqqa ketgan bilmayman. Kecha singlim Tanyadan xat oldim, u biznikiga kelishini aytib, narsalarini yuboribdi. Men tez orada uni koʻrishimni oʻylab quvondim, uning buyumlari orasida oʻzimning qizlik kiyimlarimni koʻrib boshqacha boʻlib ketdim. Tuladan Seryojaning oʻgʻli oʻldi, degan xabar keldi. Boyaqishga juda achindim, koʻz yoshlarimni tiyib turolmadim.[4] Biror nima bilan mashgʻul boʻlay desam, bosh ogʻrigʻim xalal bermoqda

24 mart. Bugun isitmam tushdi, ruhim ham ancha tetik, faqat bosh ogʻrigʻi bezovta qilmoqda. Bolalar ham hali butunlay sogʻaygani yoʻq. Levochka doktor chaqirgani Tulaga ketdi. U bilan munosabatlarimiz yaxshi. Yana avvalgiday quvnoq va xotirjamman, oramizda hech qanday rashk, shubha, janjal yoʻq. Havo ochiq, irmoqlar toʻlib-toshgan. Bahor. Men esa toʻrt devor orasidaman. Levochka hozircha ogʻilxonadagi ishlar bilan band, romanni davom ettirishga unchalik hafsala qilayotgani yoʻq. Ertadan kechgacha oʻylagani-oʻylagan, qachon yozib tugatadi – bilmayman. U baʼzan ijodiy rejalari, qarashlarini men bilan oʻrtoqlashadi – men oʻzimda yoʻq quvonib ketaman. Hamisha uni tushunishga harakat qilganman. Oxiri baxayr boʻlsin, bu haqida yozmaganim maʼqul.

16 iyul. Bugun bolalarimning enagasi bilan janjallashib qoldim. Kechirib boʻlmas xato, vijdonim qiynalmoqda. U juda yaxshi ayol. Aybimni yuvmoqchi boʻlib, kechirim soʻradim. Mayli, koʻngli boʻshlik qilmagan maʼqul, baribir, seni tushunishmaydi.

Biznikiga Fet[5] oilasi bilan mehmonga keldi. Menga uning oʻzi oliftaroq, xotini esa aksincha, sodda, koʻngilchan boʻlib koʻrindi.

Qizim Tanya biroz betob edi, undan qattiq xavotirlandim. Hozir ahvoli ancha yaxshi. U biram shirin, koʻzlari kulib turgan jajji qizaloq. Oʻgʻlim Seryoja, betoblikdanmi, tez-tez injiqlik qilmoqda, biroq u mehribon, aqlli bola.

Qattiq guldiragan momaqaldiroq meni qoʻrqitib yubordi.

Leva romanidagi urush sahnalarini oʻqimoqda. Menga romanlardagi urush tasviri yoqmaydi.

Qayoqdanam enaga bilan janjallashib qoldim-a! Men xuddi onamga oʻxshayman. Oʻzimda onamning menga yoqmaydigan jihatlarini koʻrib, yoqa ushlayman. Uning: “Men juda yaxshi ayolman, shuning uchun kamchiliklarimni kechirsa boʻladi”, degan soʻzlari kurakda turmaydi. Men chindan ham yaxshi ayol boʻlishni, kamchiliklarimni koʻra bilishni istayman. Xatolarim uchun meni nafaqat boshqalar, inchunin, oʻz-oʻzimni hech qachon kechirmaslikni xohlayman. Nasib qilsa, shunday boʻladi ham.

1865 yil 12 mart. Olti haftalarcha Moskvada turib, yettinchi mart kuni qaytdik. Yasnaya Polyanadagi uy oʻsha-oʻsha sokin, osuda, biroz zerikarliligini aytmasa, kishiga xushnudlik beradi. Moskvada vaqtimiz chogʻ oʻtdi, oʻzimnikilarga shu qadar bogʻlanib qoldimki, chamamda, ular ham bolalarimga qattiq oʻrganib qolishdi. Qizim Tanya chaqqon, ziyrak, yoqimtoy, ancha koʻzga koʻrinib qoldi. Seryojaning esa boʻylari choʻzilib qolgan, avvalgidek muloyim emas, jiddiy, biroq mehribon. Men bolalarimga qattiqqoʻllik qila olmaslikdan qoʻrqaman, lekin baribir, ulardan koʻnglim toʻq va juda baxtiyorman. Lyovochka bilan oramiz yaxshi emas. Moskvada oʻzimni tutolmay P. ga nisbatan qilgan qoʻpolligim munosabatlarimizga putur yetkazdi. Men quyushqondan chiqdim, vijdonim qiynalmoqda, lekin turmushga chiqqanimdan buyon erimning oldida vijdonim pok, koʻnglimda zarracha gʻubor yoʻq. Lyovochka menga qattiq dashnom berdi, shunisiga ham xursandman. Chunki u meni qadrlaydi, rashk qiladi, buyogʻiga endi ehtiyotkor boʻlishim kerak. Kutilmagandagi janjal koʻngilni xira qiladi.

Moskvada hamma narsa odatdagidek, ertalabdan bolalarga kareta joʻnatish, kechgacha ota-onamnikida mehmon boʻlish, Lyovaning haykaltaroshlik va gimnastika mashgʻulotlariga qatnashi…

Tanishlardan Perfilovlar, Boshilovlar, Garchikovlar bilan uchrashdim, Obolenskiylar oilasi bilan tanishdim. Konsertga tushdim, mumtoz musiqaga oshufta boʻldim.

Moskvada menga hamma narsa yoqimli, qadrdon boʻlib qoldi. Hatto uyimizdagi diqqinafas mehmonxona, yotoqxona ham, hatto Lyova devorlariga katta qizil ot suratini yopishtirib qoʻygan mashgʻulotxona ham men uchun juda sevimli. Chunki u yerda Lyova bilan suhbatlashib, oqshomni birga oʻtkazardik.

19 iyul. Biz yangi ishboshqaruvchi yolladik. U xotini bilan birga keldi. Ayol yosh, chiroyli, buning ustiga, nigilist ham ekan. U Lyova bilan adabiyot, turli maslaklaru gʻoyalar haqida uzundan-uzoq, qizgʻin suhbatlashdi. Juda uzoq va nooʻrin suhbat. Albatta, bu shakarguftorlik Lyova uchun serxushomad, men uchun esa qiynoqning baayni oʻzi. Lyova oila, yaqin munosabatlarga boshqalarni aralashtirmaslik kerak, deb uqtirardi. Qani edi, aytganlariga oʻzi ham amal qilsa! Men, albatta, noroziligimni koʻrsatmaslikka harakat qilyapman, biroq endi tinchim buziladiganga oʻxshaydi.

Uchinchi farzandimiz Ilyusha tugʻilgandan buyon Lyova ikkimiz boshqa-boshqa xonalarda yotibmiz, lekin bu bizning er-xotin ekanligimizga, bugungi noroziligimni unga toʻkib solishimga toʻsiq boʻla olmaydi.

Bolalarimdan juda baxtiyorman, koʻrsam, koʻzim quvnaydi. Ularga qarab, bundan ortiq baxt soʻrash ham gunoh boʻlsa kerak, deb oʻylayman. Qanchalar sevaman ularni! Faqat Lyovochkaning baʼzan oʻz burchini unutib qoʻyishi achinarli. Qiziq, nima sababdan u boya, agar ayol nihoyatda oqila boʻlsa, eri unga zarracha ozor yetkazishdan qoʻrqadi, deb lof urdi? Goʻyo ayol kishining baxti faqat shunga qarab qolganday. Agar er oʻz koʻnglida xotiniga boʻlgan tuygʻulariga bir lahza shubhada qolsa, bu ham katta baxtsizlik. Lyovochkaning Mariya Ivanovnaga qilgan vaʼzxonligi behuda.

Soat allamahal boʻldi. Uyqum kelmayapti, koʻnglim gʻash, ishboshqaruvchining nigilist xotini boshimga balo boʻlmasaydi!

12 noyabr. Lyova Tanya bilan Moskvaga joʻnab ketdi. Tanyaning betobligi meni qattiq tashvishga solmoqda. Tuzalib ketishiga umid yoʻqligini bilganim sayin unga oʻrganib qolganimni his etyapman. Menimcha, u Diakovlar bilan Italiyaga davolangani ketsa kerak. Kuz boʻyi uning kasalligini payqamabman. Sentyabr boshlangandan buyon shu uch hafta ichi biz shu qadar baxtiyor edikki, musibatning birdan kelishi, xayolimizning bir chetiga ham kelmadi. Men kundalikni ancha vaqtlargacha tashlab qoʻygan paytlarimda baxtiyor, xushnud oʻtgan kunlarimni qayd etmaganimga afsuslanaman.

Shu uch hafta ichida biznikida Diakovlar, Tanya, qizlari bilan Mashenka mehmon boʻlishdi. Biz oʻzaro dildan, ochiq, samimiy doʻstlashib qoldik. Menimcha, bunaqa munosabatlar kamdan-kam boʻlsa kerak. Men oʻsha 17 sentyabr oqshomini, koʻngilni junbishga keltiruvchi musiqa ohangini, Lyovochkaning yoqimli, mehribon nigohini, ayvondagi fonuslar va shamlar yogʻdusida oʻtgan bazmni, oppoq oqshom libosidagi shoʻx-shodon qizlarni, ayniqsa, hamma yerda hoziru-nozir boʻlib, hammaning koʻnglini topishga urinib, yelib-yugurayotgan Lyovochkaning qadrdon, xushchaqchaq chehrasini quvonib eslayman. Jiddiy, tund boʻlishimga qaramay, maza qilib raqsga tushganimga oʻzim ham hayron qolgandim. Oʻshanda havo ochiq, hammamiz baxtiyor edik. Mehmonlarni kuzatgach, bir oylarcha Tanya biznikida qoldi, shunda uning betob ekanligini bildik. Balki yonimda Lyova yoʻqligigami, unga yuragim battar achimoqda. Umuman, menga Lyovasiz hamma narsa fayzsiz, huvillab qolganday tuyuladi. Menimcha, turmush oʻrtogʻing bilan ruhan yaqin boʻlmasang, yashash qiyin. Biz haddan ziyod baxtiyormiz, munosabatlarimiz, bolalarimiz, hayotimiz – hammasi koʻngildagidek. Lyova yoʻqligida bolalarimning yonidan bir qadam ham jilmayman. Ular uxlashadi, turishadi, ovqatlanishadi, yana uxlashadi. Ularning har bitta qiliqlarini, feʼlu xoʻylarini kuzataman, oʻrganaman.

Hozir Lyovochkaning romanini koʻchirish bilan bandman, romanni oldindan oʻqib chiqqanim yoʻq. Bu ish menga iftixor, lazzat bagʻishlaydi. Lyovaning romanini qayta koʻchirarkanman, hissiyotlar, qarashlar, tuygʻularning butun bir olamini ruhan boshimdan kechiryapman. Uning fikrlari, isteʼdodidan boʻlak hech narsa haqida ortiq oʻylamay qoʻydim, yo men haddan ziyod oʻzgardim, yoki roman juda yaxshi yozilgan, yana kim biladi, deysiz. Men romanni tezroq koʻchirish, tezroq ilgʻab olish maqsadida baʼzan shoshilib, baʼzan esa uning fikrlarini, tuygʻularini his qilish, maʼnosini anglash uchun sekin, shoshilmasdan oʻqiyapman. Biz koʻpincha roman haqida suhbatlashganimizda u negadir mening mulohazalarimga ishonib, diqqat bilan quloq soladi. Men bundan juda gʻururlanib ketaman…

 

Rus tilidan Oygul Asilbek qizi tarjimasi

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–1

 


[1] Issiq bosh kiyim.

[2] Tolstaya u bilan yaqin dugona boʻlgan, biroq u 1752 yilning 12 oktyabrida singlisiga yuborgan xatida: “Bilasan, avvaldan juda rashkchiman. Slenovaning erim bilan royal chalishi, u bilan suhbatlashishi, unga yoqishi mening qahrimni keltiradi. Yakshanba kuni u joʻnab ketadi, men bundan juda xursandman”, deb yozadi.

[3] Aleksandrin – Lev Nikolayevich Tolstoyning xolavachchasi. Tolstoy u bilan 1853 yilda tanishgan. Ularning qariyb qirq yetti yil davom etgan oʻzaro yozishmalarida Tolstoyning Aleksandringa yozgan ijodiy rejalari, qarashlari ruhiy kechinmalaridan iborat turfa xil mazmundagi xatlar aks etadi. Tolstoyning oʻzi bu xatlarni “mening eng yaxshi tarjimai holim”, deb eʼtirof etgan. U umrining soʻnggi yillarida ushbu xatlarni qaytadan oʻqib chiqarkan, quyidagi soʻzlarni taʼkidlaydi: “Ortga – uzoq va qorongʻi hayotimga nazar tashlasam, Aleksandrin haqidagi xotiralarim yorugʻ, nurli chiziqday iz qoldiradi. 1753 yilning 17 oktyabrida Aleksandringa yozgan xatida Tolstoy: “Stolim ustida sizga atalgan toʻrt sahifalik xat yotibdi, biroq uni sizga joʻnatolmayman”,  deb yozadi.

[4] Sergey Nikolayevich – Lev Tolstoyning akasi.

[5] Afanasiy Fet – shoir, Tolstoyning doʻsti.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.