Sanʼatdagi hayot

0
1563
marta koʻrilgan.

Konstantin Sergeevich Stanislavskiy 1863 yil 17 yanvarda Moskvada tugʻildi. Jahon teatr sanʼatining buyuk islohotchisi Konstantin Stanislavskiyning teatr sahnasidagi soʻnggi roli 1917 yilda Dostoyevskiyning”Stepanchenko qishlogʻi” nomli povesti asosida sahnalashtirilgan spektaklda boʻldi. Stanislavskiy bu spektaklda polkovnik Rostanev rolini ijro etish uchun tayyorgarlik koʻradi. Hali rol tayyor boʻlmasa-da, teatrning ish jadvali boʻyicha spektakl tomoshabinga oʻynalishi oldidan soʻnggi repetitsiya oʻtkaziladi. Serafima Germanovna Birmanning yozishicha (1911–24 yillarda teatrda aktrisa, rejissyor boʻlib ishlagan), “Stepanchenko qishlogʻi” spektaklining soʻnggi repetitsiyasi belgilangan vaqtda boshlanmaydi. Ishtirokchilarning spektakl namoyishiga tayyor boʻlib turganliklariga qaramay, parda uzoq vaqt ochilmaydi. Sababi, Polkovnik roli ijrochisi Stanislavskiy diqqatini bir joyga toʻplay olmay qiynalar, uni ich-ichidan nimadir siqib turar, Polkovnik qiyofasini gavdalantirishga ruhan tayyor emas edi. Juda qiyin ahvolga tushib qolgan Stanislavskiy koʻz yoshini qanchalik tiyishga urinmasin, qoʻlidan hech bir ish kelmaydi. Nihoyat u, oʻzini qoʻlga olib, pardani ochishga ishora qiladi. Repetitsiyadan keyin boshqa ijrochilar qoniqarli baho oladilar. Ammo Stanislavskiy ijrosidagi Polkovnik roli tayyor emasligi taʼkidlanib, rol boshqa aktyorga topshiriladi. Bu Stanislavskiy uchun nihoyatda ogʻir zarba boʻlib, shu kundan boshlab u, Moskva Badiiy teatr sahnasida avvalgi yillarida sahnalashtirilgan spektakllardagi Astrov, Famusov, Satin rollaridan tashqari birorta boshqa yangi rol ijro etmaydi.

Umrida bor-yoʻgʻi ikkitagina kitob yozgan Stanislavskiyning nomini hatto janubiy Amerikada ham yaxshi bilishadi. “Mening sanʼatdagi hayotim” deb nomlangan birinchi kitobi Amerikada 1924 yilda bosmadan chiqib, dunyo yuzini koʻradi. Stanislavskiyning oʻynagan rollari oʻzini ham, atrofidagilarini ham koʻp hollarda qoniqtirmagan. 1906 yilda Moskva badiiy teatrining ilk bor Ovrupo safariga chiqishi chogʻida Stanislavskiy sevib ijro etib kelgan Shekspirning “Otello” spektaklidagi bosh rol ijrochisining talqini qoniqarli boʻlmaganidan bu asar gastrol repertuaridan olib tashlanadi.

Xoʻsh, Stanislavskiyni qaysi shamollar uchirib teatr sanʼatiga oshno qildi ekan, degan tabiiy savol tugʻiladi. 1877 yilda Moskvaga italyan tragik aktyori E. Rossi gas-trol safariga kelganida 14 yoshli Konstantin mashhur aktyorning ijrosidan shu qadar taʼsirlanadiki, oʻz kelajagini teatr sanʼatiga bagʻishlashga qaror qiladi. U boshlangʻich taʼlimni oilasida, soʻngra gimnaziya va sharq tillari institutida oʻqib yurgan chogʻlarida ham “Kichik teatr”ning bironta spektaklini qoldirmay tomosha qilar, goh balet sanʼatiga qiziqar, goh sayyor truppa aktyor va masxarabozlariga taqlidan spektakllar sahnalashtirib, oʻzi bosh rollarni ijro etardi. 1877 yilning sentyabr oyida u ilk bora uyida oilaviy spektakl namoyish etadi. Bu, oʻsha davrda ziyolilar orasida shov-shuvga sabab boʻlgan “Alekseev teatr toʻgaragi” boʻlib, bu Stanislavskiyning hayotida tub burilishlar yasaydi.

1897 yilda Moskva badiiy teatri tashkil etilganidan soʻng, 1906 yilda bu teatr sanʼatkorlari Stanislavskiy boshchiligida Rus teatri sanʼati bilan Ovruponing yuragi hisoblangan Germaniyaga gastrol safariga otlanadilar. A. P. Chexovning “Vanya togʻa”, Gorkiyning “Tubanlikda”, Ibsenning”Shtokman”, Tolstoyning “Shoh Fedor Ivanovich” asarlari repertuardan joy oladi. Repertuar tanlashda esa eng avvalo V. I. Nemirovich-Danchenkoning xizmati katta boʻladi. “Vanya togʻa” spektaklidagi Stanislavskiy ijro etgan Astrov obrazi buyuk nemis dramaturgi Gauptmanga shu qadar taʼsir etadiki, u spektakl soʻngida dastroʻmolini tishlaganicha, uzoq vaqt oʻrnidan turolmay oʻtirib qoladi va, “Shu paytgacha sahnada koʻrgan asarlarim ichida eng taʼsirli spektakl shu boʻldi. Sahnada odamlar emas, badiiy koʻrinishdagi Xudolar harakat qilishmoqda”, – deya eʼtirof etadi.

Chexiyalik jurnalist Rujena Svobodova Stanislavskiy ijrosidan qattiq taʼsirlanib: “U jim turgan holda fikrlaydi. Fikrlash orqali goʻyo sening yuragingga qoʻl solib koʻrayotganga oʻxshaydi. Beixtiyor oʻzing ham yuragingga quloq solayotganingni sezmay qolasan. Haqiqiy sanʼatning buyuk qudrati shunda boʻlsa kerak”, – deb yozadi.

Ana shu gastrol safari Ovrupoda Stanislavskiy nomini mashhur qilib yubordi. Shu bilan birga aktyorning ichki imkoniyatlarini ishga solish, ulardan oʻz oʻrnida unumli foydadanish yoʻllarini ochib beradi. “Teatr sanʼati, – deb yozadi u, – bizning davrimizga kelib boshqa sanʼatlardan juda orqada qolib ketdi, lekin shunga qaramay, boshqa sanʼatlar uslubiyatini teatr sanʼatiga qiyoslash oʻta xato boʻlur edi. Stanislavskiy sistemasi sahnada hissiyotni tashqi tomonidan koʻrsatib, aktyor ijrochiligini kasb (hunar)ga, qolipga aylantiruvchi, aktyor ijodiga ilhomning oʻzi yetarli deb qarovchi sanʼatga qarshi qaratilgan. Sahna xatti-harakati hususidagi taʼlimoti Stanislavskiy sistemasining asosini tashkil qiladi. U diqqatini asosiy masala – teatrda aktyorning tabiiy, ijodiy kayfiyati va sahnaviy obraz yaratish masalasiga qaratib, oʻz sistemasini ikki qismga: aktyorning oʻz ustida hamda rol ustida ichki va tashqi tomonidan ishlashiga ajratadi. U “jismoniy harakat metodi”, “qalb koʻzi bilan koʻra bilish”, “harakat tahlili” va “oliy maqsad” qoidalarini ishlab chiqdi. Teatrni teatrdan haydash uchun soxtalik oʻrniga haqiqiy iztirob, ichki dard, kechinmalarni, haqiqiy hayotiy voqelikni aks ettirish, inson ruhiyatini koʻrsata bilish tomoshabin koʻz oʻngida gavdalantirish teatr sanʼatining eng asosiy vazifasi boʻlmogʻi kerak”, – deya taʼkidlaydi u.

1897 yilda Nemirovich-Danchenko bilan Stanislavskiy “Moskva badiiy teatri”ni tashkil etish haqida oʻzaro muzokara olib borishadi. Stanislavskiy har bir kelishilgan masalani yon daftarchasiga yozib borar edi. Sababi Stanislavskiyning soʻzlarni xotirasida saqlab qolish qobiliyati ancha sust edi. Shuning uchun ham u har bir voqea va holatlarni albattta qogʻozga tushirib qoʻyishni odat qilgan boʻlib, keyinchalik oʻz “sistema”sini tartibga solish hamda kitob holatiga keltirishda shu qogʻozlar juda qoʻl keladi. Moskva badiiy teatrining tashkil etilishi nafaqat spektakllarning badiiyligi, ijroning yuksakligini namoyish etdi, ayni chogʻda Rus teatri tarixida ilk bora teatrda rejissyorning mavqeini kutilmagan darajada yuqoriga koʻtardi. Chexov, Gorkiy, Tolstoy asarlarida aktyorlar ansambli, asar gʻoyasi, ijodkorning oliy maqsadi degan tushunchalar keng isteʼmolga kiradi. Bundan teatr, uning repertuari uchun alohida shaxs – yetkachi aktyor yoki aktrisa emas, teatrning badiiy rahbarlari masʼul boʻladilar. Stanislavskiy uchun vaqt tushunchasi umuman mavhum narsa boʻlib, uning oʻz maqsadiga erishmogʻi, biron-bir ijrodan koʻngli toʻlmaguncha tinmay repetitsiya qilishi, takrorlashdan sira ham charchamasligi kishini hayratga solar edi. Repetitsiya jarayonlari ertalabdan to kechgacha ham tugamas edi. Bitta spektakldagi birgina soʻz koʻngildagidek chiqishi uchun qariyb uch oy repetitsiya qilingani koʻpchilikka maʼlum. Ayrim spektakllarda asarning hayotiyligi – realistik kayfiyatni paydo qilish uchun Stanislavskiy spektakl davomida turli tabiiy tovushlar, suvning jildirashi, yomgʻirning quyishi, uy hayvonlarining ovozi, chigirtka, hatto pashsha va chivinlarning gʻingʻillashi sahnadan eshitilib turishini talab qilar, ayrim hollarda ulardan oʻrinsiz ham foydalanar, bu esa baʼzan tomoshabinni spektaklni qabul qilishiga xalaqit ham berardi. Shunday kunlarning birida A. P. Chexov yarim hazil, yarim chin maʼnoda: “Endi men asar yozsam unda na suvning, na sigirning va na pashshaning ovozi boʻlmaydi. Shunday shovqinlari bor joylarini umuman oʻchirib tashlayman”, – degan edi. Haqiqatan ham Stanislavskiy uchun spektaklning tashqi koʻrinishi, dekoratsiya, libos, musiqa, rolda esa timsolning tashqi koʻrinishi undagi mayda-chuyda unsurlarni topish, timsol qiyofasiga kirish uchun koʻprik hisoblangan. Shuning uchun ham agar spektakl yoki rolning tashqi unsurlari topilmasa, rejissyor Stanislavskiy, aktyor Stanislavskiy uchun nihoyatda qiyin, tashvishli kunlar boshlanar edi. Baʼzan fikri – yodi shu unsurlarni qidirish bilan band boʻlganligidan asarning nima maqsadda qoʻyilishi ham xayolidan koʻtarilib ketar edi.

U oʻzi orzu qilgan rollarning qoniqarsiz chiqishiga tashqi koʻrinishi, boʻyi uzunligi, qoʻl va oyoqlarining anchayin besoʻnaqay ekanligi sabab deb bilar va aziyat chekar edi. Hatto talaffuzini toʻgʻrilash, barcha unli harflarning eshitimli boʻlishi uchun mashhur qoʻshiqchi Shalyapin ham shugʻullanishiga toʻgʻri kelgan edi. Nemirovich-Danchenko “Yuliy Sezar” spektaklini sahnalashtirish jarayonida unga Brut rolini topshiradi va oʻziga juda yarashadigan moʻylovi bilan vidolashishga majbur qiladi. Stanislavskiy rejissyor sifatida aktyorlarga nisbatan oʻta talabchan boʻlgan. Bir spektakl repetitsiyasi vaqtida sahnada harakat qilayotgan aktyor “M” bir ogʻiz gapni takror va taror qaytarar, Stanislavskiy esa pastdan turib”Ishonmayman, ishonmayman!” deb, aktyorni oʻsha soʻzni qayta-qayta takrorlashga majbur etadi. Sabr kosasi tugagan aktyor “M”, Konstantin Sergeevich, mendan nima talab qilayotganingizni sira tushunmayapman, mumkin boʻlsa, shu sahnani oʻzingiz koʻrsatib bersangiz, deb iltimos qiladi. Aktyorning bu qadar ters muomalasidan bir oz oʻngʻaysizlikka tushgan Stanislavskiy noiloj sahnaga koʻtariladi va qahramonning soʻzini endi boshlashi bilan pastdan aktyor “M”ning “Konstantin Sergeevich, ishonmayman” degan xitobi eshitiladi. Bu holat bir necha bor takrorlanadi. Qariyb oʻn martalarcha takrorlangan bu sahnadan keyin Stanislavskiy noiloj”Hmm… Shu parchani uyda ishlab kelib ertaga sizga koʻrsataman”, – deydi. Ke-yinchalik shogirdlari bilan boʻlgan suhbatlarning birida Stanislavskiy “Men gunohkorman, qanchadan-qancha odamlarni behuda ranjitib qoʻydim-a”, deb afsuslanganini eslashadi. 1878–79 yillarda hali oʻn olti yoshga toʻlib-toʻlmagan Konstantinning yosh qalbini havaskorlar sahnasidagi spektakllarda bosh rollarni ijro etib yuradigan Aleksey Fedorovich Markovning samiymiyligi, sahnadagi yoqimtoyligi, begʻubor zavq-shavq bilan sugʻorilgan rollari rom etgan boʻlsa ajab emas. Chunki Konstantin Markovning “Stanislavskiy” nomini keyinchalik u oʻziga taxallus qilib oladi va shu kundan uning kundaliklarida Konstantin Sergeevich Stanislavskiy degan yozuv paydo boʻladi…

Uning orzulari cheksiz edi. U oʻz rollari bilan jahonga mashhur boʻlishni istagandi. Ammo uning nomini mashhur qilgan “Mening sanʼatdagi hayotim” hamda “Aktyorning oʻz ustida ishlashi” kitoblari sanʼatkorning tarix sahifalaridan munosib oʻrin olishiga sabab boʻldi.

 

Joʻra MAHMUDOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Sanʼat arbobi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.