Raqiblari tan olgan rassom

0
285
marta koʻrilgan.

Mashhur fransuz rassomi, imressionizm asoschisi va grafika ustasi Eduard Mane 1832 yil 23 yanvarda Parij shahrida tugʻilib voyaga yetdi. Ota-si Ogyust Mane adliya vazirligining bosh departamenti boshligʻi, onasi Ejeni-Dezire Furunye sobiq fransuz diplomatining qizi edi. 1839 yilda Maneni Abbat Pualu nomidagi pansionatga oʻqishga berishadi, ammo oʻqishga ishtiyoqi boʻlmaganligi bois otasi uni Rollen kollejiga oʻtkazadi. Mane u yerda 1848 yilgacha oʻqiydi, biroq bu yerdagi muhit ham uning oʻqishga boʻlgan ishtiyoqini uygʻotmaydi.

Mane rasm chizishga qiziqar edi. Huquqshunos boʻlishini ich-ichidan istagan otasi uning qiziqishlariga qattiq qarshilik koʻrsatardi. Amakisi Edmon-Eduard Furunye bolaning sanʼatga boʻlgan muhabbatini sezib, unga maxsus maʼruzalarga borishni maslahat berar va xarajatlarini oʻz yonidan toʻlar edi. Amakisi uni qoʻllab-quvvatlab turgani uchun Manening hayoti butunlay oʻzgara boradi. Qizigʻi shundaki, Mane bu mashgʻulotlarga qatnab ham oʻzi izlagan narsani topolmaydi. Nazariy bilimlarga qiziqish sezmagan rassom zerikarli mashgʻulotlardan koʻra doʻstlarining portretini chizishni maʼqul koʻradi.

1848 yilda oʻqishini tamomlagach, yosh Mane otasi bilan oʻrtasidagi kelishmovchiliklarni hal qilish maqsadida dengiz bilim yurtiga kirishga ahd qiladi, ammo kirish imtihonlaridan yiqiladi. Boʻlajak rassomga imtihonlarni qayta topshirish uchun ruxsat beriladi.

Mane sayohat qilishni joni dilidan sevar, shu sabab u juda koʻp yurtlarni kezadi. Braziliyaga qilgan sayohati davomida koʻplab etyudlar va xomaki rasmlarni chizadi. Mane Braziliyada boʻlib oʻtgan Rio karnavali hamda mahalliy ayollar unda katta taassurot qoldirganligi haqida yaqinlariga koʻplab maktublar yozadi. 1849 yilda Parijga qaytgandan soʻng u yana imtihon topshirib koʻradi, ammo bu safar ham omad kulib boqmaydi. Otasi Manening sayohat davomida chizgan suratlarini koʻrib, yuqori baho beradi va unga Nafis sanʼatlar maktabiga kirib oʻqishni maslahat beradi. Akademik taʼlim dasturini oʻziga ep bilmagan rassom 1850 yilda mashhur Tom Kutyur ustaxonasiga oʻqishga kiradi. 1847 yilda Tom Kutyurning “Rim davrdagi inqiroz” nomli polotnosi muallifga katta shuhrat keltiradi. Oʻsha paytdagi burjua yoʻnalishidagi hokimlik uslubi oxir oqibat Mane va Kutyur oʻrtasidagi munosbatning buzilishiga olib keladi.

Biroq otasining qistovi bilan Mane Kutyurdan kechirim soʻraydi va ustaxonaga qaytib borishga majbur boʻladi.

Doimiy izlanishda boʻlgan rassom naturachi ayol Viktorina-Luiza Meranga bagʻishlangan “Koʻcha qoʻshiqchisi” asarini yaratadi. Bu ayol turli yoʻllar bilan qashshoqlikdan qutulishga harakat qilgan edi. Koʻp oʻtmay, rassom va naturachi ayol oʻrtasida nafaqat ijodiy, balki undan-da yaqinroq munosabatlar yuzaga keladi. Bu haqdagi mish-mishlar butun Parijga tarqalib ketadi.

1873 yilda Eduard Mane “Bir finjon pivo ustida” deb nomlangan mashhur asarini chizadi va bu asar 15 yil davomida rassom shuhratini taʼminlaydi. Ammo bu bilan Mane oʻzi istagan nufuzga baribir erisholmaydi. 1874 yilda uning “Operadagi bal-maskarad” surati rad qilinadi.

1879 yil sentyabr oyida Maneni birinchi bor revmatizmi xuruji bezovta qiladi. Koʻp oʻtmay, ataksey (harakat qilish tizimining yoʻqolishi) bilan kassallanganligi aniqlanadi. Kasallik juda tez avj oladi. Bu esa uning ijodiga taʼsir etmay qolmasdi. Bu payt turli xil natyurmort va akvarellar paydo boʻla boshlagan payt edi. 1881 yil dekabrida rassom bolalikdagi doʻsti hamda mamlakat madaniyat vaziri Antonen Prustning tashabbusi bilan Faxriy legion ordeni bilan taqdirlanadi.

Mane xastaligiga qaramay, 1882 yilda oʻzining “Foli Berjer barida” nomli asarini yaratadi. Bu asar salonlarda zoʻr shavq-zavq bilan qabul qilinadi. Shu yillarda Maneni bir umr tanqid qilgan va u bilan kurashib kelgan raqiblar uni oʻz ishining ustasi sifatida tan olishadi. 1883 yil Manening chap oyogʻi kesib tashlanadi va 11 kun oʻtgach, yaʼni 30 aprelda u dunyodan koʻz yumadi. Eduard Mane ijodkor sifatida faqatgina 1890 yillardan tan olina boshlaydi.

 

Nargiza MAVLONOVA tayyorladi.

 

 “Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.