Pushkinning qizi, shahzodaning rafiqasi

0
789
marta koʻrilgan.

(Bu hikoya shoirning kichik qizi – Natalyaning hayoti, taqdiri toʻgʻrisida)

 

1836 yilning 27 mayida Aleksandr Pushkin Pavel Nashʼokinga maktub bitadi:

“Qadrligim Pavel Voinovich, men dala hovlimga 23-kuni yarim tunda keldim va ostonada Natalya Nikolayevnaning eson-omon koʻzi yoribdi, men kelishimdan bir necha soat oldin qizimiz Natalya tugʻildi… Keyingi kuni men uni tabrikladim va chervon oʻrniga u juda yoqtirib qolgan sening marjoningni sovgʻa qildim. Iloyo ularni yomon koʻzdan asrasin, hammasi yaxshi ketayapti…”

Shoir duelda ogʻir jarohat olib, vafot etganida, Natasha endigina 8 oylik boʻlgandi, shuning uchun u otasini eslolmagan. Biroq, zamondoshlari esdaliklarida yozilishicha, u boshqa farzandlaridan koʻra koʻproq Pushkinga oʻxshardi: otasining tabiatidagi joʻshqinlik va oʻzboshimchalikni meros qilib olgandi. Tashqi koʻrinishi ota-onasi qiyofasini hayratomuz tarzda uygʻunlashtirgandi: notekis yuz bichimi bilan u otasini eslatar, biroq sohibjamolligining maqtovi onasining tillarda doston goʻzalligidan kam emasdi. “Shoir Pushkinning qizi baland boʻyi, favqulodda sarvqomatligi, kelishgan yelkalari va oq yuzi bilan koʻzni qamashtiradigan darajada goʻzal. Garchi uning chehrasi mashhur otasining afrikalik tipiga xosligini eslatuvchi notekis bichimli boʻlsa-da, uni bemalol haqiqiy sohibjamol deyish mumkin. Mabodo bu goʻzallikka aql va navozish ham qoʻshilsa, u holda tasavvur qilish mushkul emaski, Natalya Aleksandrovna oliymaqom ballarning guli edi va atrofida Peterburgning barcha navqiron yoshlari oʻralashardi”, deb yozgandi taniqli romannavis M. Zagoskin.

 

OMADSIZ NIKOH

 

Natasha oʻsmirligida Uchinchi qism boshligʻi graf A. Orlov (Benkendorf vorisi)ning oʻgʻli Nikolay Orlovni sevib qoladi. Yosh yigit ham uni es-hushidan ayrilar darajada sevib qolgan va hatto qizning qoʻlini soʻrashga chogʻlanib turgandi. Biroq qudratli zot sanalmish ota oʻgʻlining “duelda oʻldirilgan allaqanday qalamkashning qizi” bilan yaqin rishta bogʻlashiga qatʼiyan qarshi edi va qulay bir bahona topib, Nikolayni Rossiyadan joʻnatib yuboradi.

Tutgan yeridan kesadigan Natalya kutilmagan ish qiladi: u juda qisqa fursatda yangi mahbub topadi. Bu – Mixail Dubelt, jandarmlar korpusi shtabi boshligʻi general Dubelt (Nikolay Orlovning otasi qoʻl ostida ishlovchi)ning oʻgʻli edi. Natalyaning yaqinlari bu tanlovdan xursand emasdilar, chunki Mixail havoyiligi va qimorbozligi bilan nom chiqargandi, ammo Natalyani qaroridan qaytarish imkonsiz edi. 16 yoshida u turmushga chiqdi. Moʻjiza esa yuz bermadi. Mixail kelinning 28 ming kumush puldan iborat sepini tez orada qimorda sovurib boʻladi. U rafiqasi bilan qoʻpol muomalada boʻlar, chidab boʻlmas darajada rashkchi edi. Tez-tez janjal qoʻzgʻar, hatto qoʻl koʻtarardi. Ahvol shu darajada ediki, Dubelt xonim hatto yoz kunlari ham koʻchaga yengi uzun yopiq koʻylakda yuziga qop-qora qalin parda tutgan holda chiqardi.

Shunga qaramasdan, jufti haloliga uch ajoyib farzand hadya etgan Natalya poytaxtdagi eng yaxshi uylardan birining sohibasi edi va ballar, tantanali ziyofatlarga koʻrk bagʻishlardi. Erining beboshligi toʻgʻrisidagi gaplar tez orada imperator Aleksandr II ning qulogʻiga yetib boradi va general ota ham oʻz vazifasidan ozod qilinib, muddatsiz taʼtilga joʻnatiladi. 1862 yilda Natalya bolalari bilan birga avstriyalik baronga turmushga chiqqan xolasinikida – Slovakiyaga koʻchib oʻtadi. Eridan yaqin orada ajrashish haqidagi xabarni olgach, u farzandlarini yaqinlari gʻamxoʻrligiga topshirib, Yevropa boʻylab sayohatga yoʻl oladi.

 

SALKAM MALIKA

 

Germaniyada Natalya shahzoda Nikolay Vilgelm Nassauskiy bilan uchrashadi. Ular avvaldan tanish edilar – 1855 yilda shahzoda Rossiyada boʻlgan va Aleksandr II ning toj kiyish marosimida ishtirok etgandi. Oʻshanda u 18 yoshli Natalyaga maftun boʻlgandi. 10 yildan keyingi uchrashuv esa uning hislari oʻzgarmaganini koʻrsatadi. Tez orada shahzoda sohibjamolning qoʻlini soʻraydi. Yana deng, uch farzandi bilan eridan ajrashgan, ustiga-ustak, baobroʻ suloladan boʻlmagan va yot ellik bir ayolning qoʻlini.

1867 yilning 1 iyulida Londonda ular nikohdan oʻtadilar. Oʻz muhabbatini deb shahzoda taxtga boʻlgan huquqidan voz kechadi. U rafiqasiga grafinya Merenberg unvonini hadya etadi, “Merenberg” Nassau shahzodalarining nasliy mulki boʻlgan qalʼa nomi boʻlib, er-xotin Visbaden mulkiga koʻchib oʻtishadi. Natalyaning yangi nikohi birinchisidan farqli oʻlaroq uzoq va baxtli kechdi. Shahzoda rafiqasini juda sevardi! Natalya bir oʻgʻil va ikki qiz koʻradi. Ular yashayotgan qasr Natalyaning saʼy-harakati bilan muzeyga aylanadi. Saroy sohibasini muhabbat va qadr-qimmat muhiti qurshagandi. Ularning uyiga adabiyot ahli va musiqachilar tashrif buyurar, galereyada noyob suratlarning boy kolleksiyasi toʻplangan, bogʻdagi gullarni sohiba oʻz qoʻllari bilan parvarishlardi. U Yevropaning deyarli barcha tillarida asarlar mutolaa qilar, sayohatga chiqar, mohir chavandoz edi.

 

PUSHKINNING MAKTUBI

 

Bir necha yildan soʻng Natalya Pushkinning Goncharovaga yozgan maktubini nashr ettirishga qaror qiladi. U otasining uslubini keyingi avlodlargacha yetkazishni istardi. Bu borada yordam soʻrab Ivan Sergeevich Turgenevga murojaat qiladi. “Bu mening adabiy karyeramdagi eng faxrli faktlardan biri, – deb yozgandi Turgenev. – Ushbu maktubga Pushkinga xos yorqin va mardona shuur shiddatli oqim kabi quyilgan, uning qarashlaridagi rostlik va ishonch, ifodaning oʻtkir va gʻayriixtiyoriy goʻzalligi kishini lol qoldiradi. Oilaviy munosabatlarning zarracha tuzatish, izohlarsiz va yashirmasdan berilgan roʻyi rost tasviri bizga shoirning maʼnaviy qiyofasini aniq-ravshan koʻrsatib beradi”. Ivan Sergeevich grafinya Merenbergga “shaksiz, bir qadar ikkilanishlardan soʻng qaror bergan” bu ishi uchun samimiy minnatdorlik bildiradi va umid qiladiki, “keng jamoatchilik ham xuddi shunday minnatdorlik tuyganini izhor etadi”.

Biroq bu fikrga hamma ham qoʻshilavermaydi. “Yevropa xabarnomasi”ning 1878 yilgi ilk sonida maktub chop etilganida shoirning qiziga jamoatchilikning qahr-gʻazab toʻlqini yogʻiladi. Natalyaning akalari Aleksandr va Grigoriy esa hatto oila shaʼnini haqoratlagani uchun Turgenevni duelga chorlashga chogʻlanadilar. Ammo, xayriyatki, bora-bora bu mojaro tinchiydi. Natalya Aleksandrovna uzoq va yorqin hayot kechirdi, umrining soʻngiga qadar oʻz yurtiga boʻlgan qiziqish-eʼtibori susaymadi, bolalariga oʻz ona tilini oʻrgatadi.

Natalya Aleksandrovna Pushkina-Merenberg Kann shahrida 1913 yilning 10 martida vafot etdi. Nasl-nasab jihatidan tengsizlik uning jasadini jufti haloli qabri yoniga dafn etishlari uchun imkon bermasdi, shu bois Natalya xokini Nikolay Nassauskiyning Visbadendagi qabri ustiga sepishlarini vasiyat qiladi.

 

PUSHKIN NASLINING INGLIZ NOVDASI

 

Pushkin avlodlari biografiyasi bilan tanish kishini bir dalil hayratga solishi tayin: Natalyaning qizlaridan biri – Sofiya Merenberg Mixail Mixaylovich Romanovga, Nikolay I ning nabirasiga turmushga chiqqan, vaholanki, koʻpchilik imperator ochiq-oshkora shoirni kamsitar va hatto uning rafiqasiga befarq boʻlmagani bois Pushkinning oʻlimiga aloqador, deb gumon qilardi.

Mixail va Sofiya nikohi Rossiyada tan olinmagan. Imperator Aleksandr III amakivachchasining bu oʻzboshimchaligidan shu qadar gʻazablanadiki, unga vataniga kelishni man qiladi, oila roʻyxatidan oʻchiradi, xizmatdan boʻshatib, merosdan mahrum qiladi. 1908 yilda knyaz Mixail Mixaylovich Londonda rafiqasiga atalgan biografik roman chop ettiradi, bu asarda “hech bir qirol muhabbat bilan uylana olmasligi”dek shafqatsiz qoidani ham muhokama qiladi.

Ikkinchi qiz – grafinya Aleksandrina Merenberg turmushga chiqqach, Argentinada yashagan. 1940-yillarda u Yevropadagi qondoshlariga qoʻlyozma solingan paket joʻnatadi. Bu – Natalya Pushkina, grafinya fon Merenberg tomonidan yozilgan, oʻz hayotidagi voqealar asos qilib olingan roman edi. 2000-yillar boshida qoʻlyozma Natalyaning evarasi Klotilda fon Rintelenning qoʻliga tushib qoladi va 2004 yilda “Vera Petrovna. Peterburg qissasi” nomi bilan kitob holida dunyo yuzini koʻradi.

Shunisi qiziqki, Pushkinning nabira, evara-chevaralari nafaqat Romanovlar sulolasi bilan, balki inglizlarning mashhur hukmdorlar sulolasi boʻlgan Vindzorlar bilan ham tutashgan. Buyuk knyaz Mixail Mixaylovich va Sofi de Torbining qizi Nadejda markiz Milford Xevenga turmushga chiqib, oʻz taqdirini Angliya qirollari oilasi bilan bogʻlaydi. Grafinya Nada shahzoda Filipp Grecheskiy – Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II ning boʻlajak turmush oʻrtogʻini bir muddat oʻz tarbiyasi va gʻamxoʻrligiga olgan. Filipp uning eriga jiyan edi va Gretsiyada monarxiya agʻdarilganidan soʻng Angliya fuqaroligini olgandi. Shahzoda Filipp odatda dam olish kunlarini togʻasinikida oʻtkazardi.

Bugungi kunda Buyuk Britaniyada yashayotgan Pushkin avlodlarini faqatgina eng kuchli pushkinshunoslar sanab berishi mumkin. Ularning aksariyati Angliyaning eng badavlat va taniqli oilalariga mansub. Biz faqat shuni taʼkidlashimiz mumkinki, Aleksandr Sergeevichning duvarasi gersoginya Natali Vestminsterskaya qirolicha Yelizaveta Ikkinchining nevarasi – hozirgi shahzoda Uelskiy, yaʼni ser Uilyamning choʻqintirgan onasi.

 

Rus tilidan Xurshida ABDULLAYEVA tarjimasi

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.