Puankare kim?

0
534
marta koʻrilgan.

Jyul Anri PUANKARE (1854-1912) – mashhur matematik, fizik, astronom va faylasuf. Parij Fanlar akademiyasi rahbari, dunyoning oʻttizdan ortiq akademiyalari aʼzosi.

Puankare dunyoning eng ulugʻ matematiklaridan hisoblanadi. U besh yuzdan ortiq maqola va kitoblar muallifi. “Puankare oʻz hissasini qoʻshmagan, boyitmagan matematikaning biron sohasi qolmagan”, degan eʼtirof allaqachon aksiomaga aylanib ulgurgan. Olim topologiya yoʻnalishining asoschisi, differensial tenglamalar hamda avtomorf funksiyalar boʻyicha mutlaqo yangi nazariyalar yaratgan, fazo mexanikasining favqulodda ahamiyatga molik usullarini amaliyotga tadbiq etgan, nisbiylik nazariyasining matematik asoslarini ishlab chiqqan va hokazo va hokazo…

Vaholanki, boʻgʻma xastaligini boshidan oʻtkazgan Anrining bolaligi ogʻir kechgan. Uni koʻpchilik hardamxayol, faromushxotir bolakay sifatida tanishardi. Ustiga-ustak, oyoqlari vaqtincha ishlamay qoldi, til ham falajlandi. Buni qarangki, ogʻir azoblar bolakayda tovushlarni rangli qabul qilishdek ayricha salohiyatini yuzaga keltirdi. Bu iqtidor olimga bir umr hamroh boʻldi.

Uydagi puxta tayyorgarlik tufayli Anri sakkiz yarim yoshida litseyning ikkinchi bosqichiga qabul qilinadi. 1871 yili bakalavr unvoniga ega boʻlish uchun imtihon topshirganida Puankare bor-yoʻgʻi “qoniqarli” baho oladi (u hardamxayolligi bois boshqa savolga javob bergandi).

Tez orada Anrining matematik iqtidori oʻzini koʻrsata boshlaydi. 1873 yili u Parijdagi Politexnika maktabiga oʻqishga kiradi. Keyingi yili esa differensial geometriya boʻyicha ilk ilmiy ishini eʼlon qiladi.

1879 yili Puankare himoya qilgan doktorlik ishi koʻplab mutaxassislarning eʼtiborini tortadi. 1881 yili u Parij universitetiga ishga taklif etiladi. Universitet Puankare uchun haqiqiy kashfiyotlar dargohiga aylanadi.

1885 yili Shvetsiya qiroli Oskar II eʼlon qilgan matematik tanlovda Puankare gʻolib chiqadi. Hakamlar uning tadqiqotlari fazo mexanikasida yangi davrni boshlab berganini bir ovozdan eʼlon qilishadi.

1889 yili Puankarening mashhur 10 jildlik “Matematik fizika kursi” chop etiladi. Keyingi ikki yilda esa fazo mexanikasi boʻyicha uch jildlik asar…

Erishilgan olamshumul yutuqlarga qaramasdan, Puankare kamtarin, samimiy, ochiqkoʻngil va tortinchoq inson boʻlib qolaverdi. Uning kamsuqumligi shu darajada boʻlganki, nisbiylik nazariyasining tap-tayyor matematik asosini qoʻshqoʻllab Eynshteynga topshirgan-qoʻygan… Olim mamlakatning buyukligi uning farzandlarining axloqiy fazilatlarida, adabiyot va sanʼatdagi yutuqlarida, ilm-fandagi kashfiyotlarida namoyon boʻladi, deb hisoblardi.

Fransiyada Puankare nomidagi nazariy fizika instituti ishlab turibdi.

 

Qarang: Abduqayum Yoʻldosh. Puankare

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.