Professorga dashnom

0
100
marta koʻrilgan.

Toʻqsoninchi yillarning boshrogʻi edi, chamasi. Bir kuni Erkin aka menga sinchkovlik bilan tikilib turib, nega hech semirmaysiz, birorta jiddiy kasalingiz yoʻqmi, deb soʻradi. Eski revmatizm, sariq kasalligining ayrim asoratlari borligini hisobga olmaganda soppa-sogʻman, dedim.

– Bilasiz, Toshkent Meditsina instituti professori, terapiya boʻlimi boshligʻi Erkin Qosimov qudam boʻladi, – deb jonkuyarlik qilishni boshladi ustoz. – Shu kishiga tayinlab qoʻyaman, sizni kasalxonasiga yotqizib, chuqur koʻrikdan oʻtkazadi. Har ehtimolga qarshi-da.

Kasalxonaga borib yotdim. Birorta dori ichmadim, birorta ukol olmadim. Oʻn kun mobaynida turli ixtisosdagi toʻrtta professor, uchta fan nomzodi meni astarimdan avramgacha tekshirishdi, yetti-sakkiz xil apparatlarga solib koʻrishdi. Oxiri, bari birgalikda konsilium tashkil etib, bir toʻxtamga kelishdi – jiddiyroq tashvishga sabab boʻlguvchi hech qanday kasallik yoʻq.

Qaytgach, buni ustozga maʼlum qilsam, u kishi qudasi Erkin Qosimovga sim qoqib, dashnom bergan boʻldi:

– Bu qanaqasi? Professorligingizga ishonib joʻnatsam, Anvarjondan bittaginayam kasallik topolmabsiz-a! Hech yoʻq, vahimali tikilib turib, sheʼr toʻqishdek xavfli dardga chalinibsiz-ku, uka, deb qoʻrqitsangiz boʻlmasmidi?!

 

Anvar OBIDJON

 

“Yoshlik”, 2017 yil 10-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.