Omadli aktyorning omadsiz hayoti

0
306
marta koʻrilgan.

(Mashhur rus kinoaktyori Vsyacheslav Tixonov tavalludining 85 yilligiga)

 

Uni oʻz davridagi eng omadli, eng baxti kulgan sanʼatkorlardan biri deyishadi.

Bu gapda jon bor, albatta. Vyacheslav Tixonov sobiq shoʻro zamonining barcha oliy mukofotlariyu eng nufuzli unvonlarini olgan, tom maʼnoda shon-shuhratga burkangan aktyor edi. U hali 20 yoshga toʻmasidanoq boshiga baxt qushi qoʻngandi. Oʻshanda u Ikkinchi jahon urushi qahramonlariga bagʻishlangan, oʻz vaqtida katta shov-shuvlarga sabab boʻlgan “Yosh gvardiya” badiiy filmida Volodya Osmuxin roli bilan ilk bor nazarga tushdi. Vyacheslav Tixonov avvaliga Qishloq xoʻjaligi Akademiyasida oʻqigan, keyinchalik Moskvada Kino institutini tugatgan. Oʻsha paytlardayoq bu kelishgan, xushsurat yigitga “Buyurtmalar” koʻp boʻlgan. Shu tahlit u “Bu Penʼkovda boʻlgan edi” (Morozov), “Faqulodda hodisa” (Rayskiy), “Michman Panin” (Mixail), “Hayotbaxsh oʻlim”, (Aleksey), “Urush va tinchlik”, (Andrey Bolkonskiy), “Dushanbagacha omon boʻlsak”, (Melnikov), “Ular vatan uchun jang qildilar”, (Strelsov), “Oq Bim Qoraquloq”, (Ivan Ivanovich), “Oʻzaro suhbat” (Yershov) singari filmlarda suratga tushdi.

Sir emas, bu aktyorning koʻrkam qiyofasi, kelishgan qaddi-basti, yoqimli tabassumi koʻplab kinochliarni ham, tomoshabinlarni ham oʻziga maftun etib kelgan. Aslida esa, Vyacheslav Tixonov kinokamera oldida oʻzini tuta biladigan, masʼuliyatni chuqur his qiladigan, nihoyatda jiddiy va sokin, ichki madaniyati kuchli inson edi.

“Urush va tinchlik” badiiy filmi postanovkachi-rejissyori Sergey Bondarchukning hikoya qilishicha, Andrey Bolkonskiy roliga talabgor aktyorlar juda koʻp boʻlgan ekan.

Kirill Lavrovdan tortib Innokentiy Smaktunovskiy, Vasiliy Lanovoydan tortib, Anatoliy Kuznetsovu Rodiom Naxapetovgacha!.. Ammo omad Vyacheslav Tixonovga kulib boqqan.

“Biz filmda knyaz Andrey Bolkonskiy bilan Pyer Bezuxovning suhbatini istagan joyda syomka qilishimiz mumkin edi, – deb yozgandi Sergey Bondorchuk”. – Ammo Vyacheslav Tixonov bu sahnani Yasnaya Polyanada, Lev Tolstoyning oʻzi shu asarni yozgan hovlisida suratga olaylik, deb taklif qilib qoldi. “Graf Tolstoyni koʻrgan keksa eman daraxtlari, Tolstoyning ruhi bizga madadkor boʻladi”, dedi. Va bu kadrlar nihoyatda muvaffaqiyatli chiqdi. Agar bu takliqni boshqa biron bir aktyor aytganida, oʻlaqolsam rozi boʻlmasdim. Chunki Tixonov bu obrazning “ich-ichiga” kirib ketgandi…”

Yoki “Dushanbagacha omon boʻlsak” badiiy filmidagi maktab direktori Melnikov, “Oq Bim Qoraquloq” badiiy filmidagi yozuvchi Ivan Ivanovich… bu qahramonlarning murakkab taqdiri, hayoti, oʻy va kechinmalari, ogʻriq va iztiroblari, muhabbati va nafrati Vyacheslav Tixonovning allanechuk maʼyus va gʻamgin koʻzlarida shundoq koʻrinib turardi.

Yana bir yorqin misol sifatida aktyorga olamshumul shuhrat olib kelgan “Bahorning oʻn yetti lahzasi” serialidagi rus razvedkachisi Isayev – “Shtirlits” obrazini keltirish mumkin. Bu obraz aktyorning “shoh roli” boʻlib qolgan deyish joiz.

Chunki, uning oʻzi keyinchalik tan olishicha, millionlab odamlar uni boshqa rollari emas, aynan Shtirlits obrazi orqali bilishar va sevisharkan.

Vyacheslav Tixonov Rossiya kinostudiyalari bilan cheklanib qolmadi va takliflarga koʻra Chexiya, Germaniya, Shveysariya va boshqa xorijiy davlatlarda suratga olingan filmlarda ham ishtirok etdi. Taqdirning “achchiq hazili” ni qarangki, shunchalar obroʻ eʼtibor, shon-shuhratga erishganiga qaramay, bu aktyorni hayotda juda baxtli, omadi kulib boqqan deb boʻlmasdi.

Maʼlum boʻlishicha Vyacheslav Tixonov hali talabalik paytidayoq boʻlajak kinoaktrisa, rossiya xalq artisti Nonna Mordyukova bilan tanishib qolib, turmush qurishgan ekan. Biz bu aktrisani “Turnaxon”, “Balzaminovning uylanishi”, “Brilliant qoʻl”, “Ikki kishilik vokzal” filmidagi rollari orqali bilamiz. Nonna Mordyukovaning keyinchalik yozgan xotiralariga qaraganda, ular “Yosh gvardiya” filmi suratga olinayotganda tanishib, sevishib qolishgan. Toʻgʻrirogʻi oʻsha kezlari nihoyatda jozibali boʻlgan aktrisa yosh va chiroyli Vyacheslavni ancha vaqtgacha boshini aylantirgan va oxir oqibat niyatiga yetgan ekan. Shu sababdanmi yoki shunchaki taqdir taqozosimi, koʻp oʻtmay ularning turmushi buzilgan. Aslida esa ular oilasi bilan kichkinagina, tor xujrada qiynalib yashashar va shunga qaramay koʻplarning ularga havasi kelarkan. Oʻylab qaralsa, bu juftlikning aslida “xarakterlari” bir-biriga umuman toʻgʻri kelmagan koʻrinadi. Shoʻx va shaddod Nonna Mordyukovaning feʼl-atvori nihoyatda ogʻir va bosiq Vyacheslav Tixonovga yoqmagani aniq. Ular hatto Volodya ismli oʻgʻilchali ham boʻlishgan. Oʻgʻil ham ota-onasining izidan ketmoqchi boʻlganu, ammo giyohvand moddalarga ruju qoʻygani bois oʻzining boshiga yetgan va vafot etgan. Tixonovning keyingi, ikkinchi oilasi ham omadsiz kechgan deyishadi. U ikkinchi xotinidan qiz koʻrgan. Ammo shunga qaramay, ular hamisha jiqqamusht boʻlib yashashgan, kelisholmagan. Shuning oqibatida, Vyacheslav Tixonov lash-lushlarini yigʻishtirib, “Bahorning oʻn yetti lahzasi” filmida ishlab topgan gonarariga sotib olgan kvartirasini xotini va qiziga tashlab, oʻzi uydan bosh olib chiqib ketgan ekan.

“Omadli” aktyorning “omadsiz” shaxsiy hayoti shu taxlit poyoniga yetgan deyish mumkin va bu koʻngilsizliklar oʻz vaqtida kino olamida ancha gap-soʻzlarga sabab boʻlgan.

Vyacheslav Tixonov 2010 yili 4 dekabrda 82 yoshida hayotdan koʻz yumdi. Koʻrgan-bilganlarning xotirlashlaricha, oʻsha kezlari uni qariyb tanib boʻlmas, allanechuk maʼyus bir ifoda muxrlanib qolgan koʻzlarigina uni eslatar ekan, xolos.

“Hayotda baxt bilan baxtsizlik hamisha yonma-yon, qoʻl ushlashib yuradi” deganlari shu boʻlsa kerak-da?!…

 

Usmon MAHKAM,

sanʼatshunos

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.