Oltinday yaraqlagan iroda

0
169
marta koʻrilgan.

XX asr oʻzbek adabiyotining isteʼdodli namoyandalaridan biri shoir, nosir va dramaturg Shuhratdir. Adib nasrda barakali ijod qilgan boʻlsa-da, barcha asarlarida avvalo shoirligi boʻyu basti bilan koʻrinib turdi. Shu bois domlaning nasriy asarlarini oʻqigan oʻquvchini nazmning goʻzal ohanglari maftun etmay qoʻymaydi. Ammo yana shunisi ham qiziqki, adib hayotda qancha murakkab vaziyatlarni, urushning dahshatli kunlarini boshdan kechirgan boʻlmasin, yozganlarida, his va kechinmalarida norizolik, siniqlikni koʻrmaysiz, uchratmaysiz. Aksincha, adibning mard va toʻgʻrisoʻz, odil hamda adolatli shaxsi oltinday yarqirab turadi. 

Shu kunlarda Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Shuhrat tavalludining 100 yilligi adabiy jamoatchilik tomonidan keng nishonlanmoqda. Ana shu ayyom munosabati bilan oʻzbek xalqining tanti farzandi, ulkan qalb sohibi Shuhratning fotosuratlarini, zamondoshlari va shogirdlarining adib shaxsiyati hamda ijodi haqidagi fikr-mulohazalarini Siz aziz jurnalxonlarga taqdim etmoqdamiz.

 

Shuhrat akaning nomlarini tilga olishim bilan koʻz oldimda baquvvat, barvasta, oppoq sochlari silliq taralgan, koʻkragi qalqondek magʻrur va harakatchan inson keladi. “Inson” dedim, oʻzimdan uzoqlatganday boʻldim, insonim keladi.

Shukur Xolmirzayev

 

Shuhrat katta shoir, mohir romannavis. U har qanday sharoitda ham ijod masʼuliyatini unutmaydigan halol yozuvchidir.

Said Ahmad

 

Shuhrat aka adabiyotga ham, teatrga ham shuhrat keltirgan asarlar yaratdi.

Odil Yoqubov

 

Shuhrat aka tabiatan halol, pok inson edi. U yoshlarga xayrixohligini yashirib oʻtirmas, qoʻlidan kelgancha yordam qilardi.

Abdulla Oripov

 

Har bir odamning bir oʻzak xislati boʻladi. Boshqa barcha xislatlarni shu oʻzak xislat boshqaradi va oʻz ortidan ergashtiradi.

Shoir, adib, dramaturg Shuhratning ham shunday oʻzak xislati boʻlgan.

Uning haqgoʻyligi, odamiyligi adiblik faoliyatining oʻzak-negizi edi.

Ibrohim Gʻafurov

 

Shuhrat zamonaviy madaniy aqidalar bilan bir qatorda, milliy rasm-rusumlarni, xalqning maʼnaviy ehtiyojini qondiradigan urf-odatlarni yaxshi baladigan, umuman, odamlar orasidagi munosabatni joyiga qoʻya biladigan inson edi…

Matyoqub Qoʻshjonov

 

Shuhrat sheʼriyatini oʻquvchilarga ardoqli etgan narsa, fazilat, bu – ulardagi teran samimiyatdir. Samimiyat shoir sheʼrlaridan ufurib turadi. Haqiqiy shoirning oʻz oʻquvchisidan yashiradigan siri boʻlmaydi, balki bor siri, dardi, niyati, maqsadini bemalol oʻrtoqlashadi. Shuhrat aka sheʼriyati shu maʼnoda samimiy sheʼriyatdir.

Muhammad Ali

 

Shuhrat  aka hamisha hayot, adabiyot bilan hamnafas, hamqadam, adabiyot olamidagi yangiliklardan xabardor, adabiy hodisalarga, asarlarga odil baho bera oladigan, oʻz asarlari, ularning darajasi, adabiyotdagi oʻrni, kam-koʻstlarini nozik fahmlay biladigan, haqqoniy tanqidga doimo tan beradigan zukko, mard qalamkash edi.

Umarali Normatov

 

Adamiz tabiatan kamtar, oʻzlarining asarlarini koʻz-koʻz qilishni unchalik yoqtirmaydigan odam edilar. Adolatparvarlik, toʻgʻrisoʻzlikni ulardan oʻrganmoq kerak edi. Otamizning loyi bardosh va kamtarlikdan olingan ekan, maʼnaviy goʻzallik qarshisida asrning ogʻriqlari, jabru jafolarini tan olmadilar. U kishining ruhi esa ijoddan charchamas edi.

Bobur Alimov

 

Gʻiyosiddin OʻNAROV tayyorladi.

 

“Yoshlik”, 2018/4

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.