Olisdagi baxt iztiroblari

0
342
marta koʻrilgan.

Bolalik – begʻuborlik. Har qanday orzular, oʻy-xayollar shu faslga yarashadi. Shuning uchun ham yoshi katta boʻlsa-da, xayoliy narsalarni koʻzlayotgan odamni koʻrsak, ichimizda “Haliyam ulgʻaymabdi shoʻrlik”, deb qoʻyamiz. Men ham qoʻlimga qalam olib, ilk qogʻoz qoralagan paytlarim, ul-bul mashqlarim bilan uch-toʻrt kishining, masalan, ota-onam, opa-singillarim eʼtiborini qozonganimda, bola ekanman-da, zavqim ichimga sigʻmay, hayqirib yuboribman: “Bir kun kelib Nobel mukofotini olaman!”.

Yillar oʻtdi. “Maktab”, “Universitet” degan bekatlar oralab hayot daryosining serqatnov oʻzaniga qoʻshildim. Qancha zarra, qancha pufak, qancha nuqtalar. Koʻpincha oʻzim bilan oʻzim ovora boʻlib, bolalik orzularini, boringki, begʻuborligini unutdim. Ammo har yili Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan adabiyot vakiliga zoriqib qarayman. Xuddi tengdoshining qoʻlida muzqaymoq koʻrib, tamshangan bolakay kabi…

Bu safar ham britaniyalik adib Kazuo Ishiguro nomini oʻqidim-u, oʻsha tanish holatga duch keldim. Asli Yaponiyaning Nagasaki shahridan boʻlgan bu ulkan yozuvchi suratidagi nigohlarni bir qarashda tushunish mushkul. Olis yoʻl, vatandan ayrolik va omonat baxt iztirobi aks etgan qarashlar… Nahot bu nufuzli xalqaro sovrin visoli kindik qon toʻkilgan muqaddas zamindan ayroliqni taqozo etadi? Yoʻq, deyman. Yasunari Kavabata, Kenzaburo Oe kunchiqar yurtda yashab, oʻsha yerda ijod qilib, bu “marra”ga yeta olgan. Yoʻq-yoʻq! Bunin, Brodskiy, Pasternak, Soljenitsin degan roʻyxatni tuzish shart emas. Hammasi joyida. Sizning shuuringizdan oʻtgan “nohalol oʻyin” tushunchasi Kazuo Ishiguroga aslo tegishli emas. Aytish joizki, ushbu ulkan eʼtirof chinakam sohibini topdi.

Unga Nobel mukofoti, Shvetsiya akademiyasining doimiy kotibi Sara Daniusning aytishicha, “oʻz romanlarida xayoliy hissiyotlar hamda dunyo oʻrtasidagi yashirin bogʻliqlikni, tubsizlikni katta emotsional kuch bilan ochib bergani uchun” taqdim etilmoqda. Adabiyotshunoslar shu paytga qadar Nobel olgan-u, biroq oradan oʻttiz yil oʻtib asarlari ommalashgan bir necha ijodkorlarni koʻrgan. Kazuo esa noodatiy syujet hamda kutilmagan yechimlari bilan millionlab oʻquvchilar qalbini rom etgan, aksariyati kino tasmalariga koʻchgan kitoblari orqali jahon adabiyotidan munosib oʻrin egallashga ulgurgan adib, barkamol yozuvchi! Har holda, oʻtgan yilgi amerikalik taniqli qoʻshiqchi-shoir va sozanda Bob Dilanga oʻxshamagan siymo.

Qiziq jihati shuki, ana shu Bob ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida boshqa yapon yozuvchisi Haruki Murakamiga “ovoz” berib, uni navbatdagi Nobel sovrindori sifatida tanishtirishga ham ulgurgan ekan. Oʻtgan yili aynan Murakami Nobel olishini dunyo adabiyot ixlosmandlari kutishgandi. Bu yil ham kutishdi. Uning yoniga suriyalik shoir Ali Ahmad Said Asbar (Adonis), keniyalik novellachi Ngugi Va Txiongo, somalilik yozuvchi Nuruddin Farah, kanadalik yozuvchi Margaret Etvud, isroillik jurnalist Amos Oz, hatto amerikalik repper Kanye Uest ham qoʻshildi. Biroq “nobelchilar” oʻz bilganidan qolmadi.

Kazuo Ishiguro 1954 yili 8 noyabrda (63 yosh) Yaponiyada ummonshunos Shizuo Ishiguro oilasida tugʻilgan. 1960 yili Britaniyadagi Okeanografiya milliy universiteti taklifi bilan oilasini olib, Surrey grafligi maʼmuriy markazi boʻlgan Gilford shahriga koʻchib ketadi. Boʻlgʻusi adib savodini Staftondagi maktabda chiqargan boʻlsa, keyin taʼlimni Surreydagi Grammatika gimnaziyasida davom ettirdi. Maktabni bitirgach, bir yilga akademik taʼtil olib, AQSH va Kanadaga sayr qilib keladi. Aslida uning orzusi navozanda boʻlish edi. Kazuo bu yoʻlda hatto bir qator demo-yozuvlarini qudratli prodyuserlarga taklif qilib ham koʻrgan. Ammo u kutgan natija boʻlmadi.

1974 yili Kazuo Kent universitetiga kirib, toʻrt yildan soʻng ingliz tili va falsafa boʻyicha bakalavrlik diplomiga ega boʻldi. Londonda duch kelgan ishni qildi. 1980 yili Sharqiy Angliya universitetini tamomlab, sanʼat yoʻnalishi boʻyicha magistrlik diplomini oldi. Aynan oʻsha talabalik yillari mahalliy adib, taniqli yozuvchi Anjela Karter yosh Kazuoda adabiyotga mehr uygʻotdi. Oradan uch yil oʻtib, Ishiguroga Britaniya fuqaroligi pasporti berildi.

Garchi filologiya yoʻnalishida tahsil olsa-da, Kazuoning sanʼatga mehri bir zum ham soʻnmadi. Aksincha, tobora olovlanib boraverdi. Bu chinakam isteʼdodning ulgʻayish iztirobi yangligʻ holat edi – hayot yerda-yu, xayol fazo bagʻrida.

Darvoqe, Ishiguro amerikalik jaz ijrochisi Steysi Kentning 2007 yilgi “Tonggi tramvaydagi nonushta” (“Breakfast On the Morning Tram”) hamda 2013 yilgi “Oʻzgaruvchan chiroqlar” (“The Changing Lights”) albomlaridan joy olgan bir qator qoʻshiqlar matnining hammuallifi sifatida ham nom qozongan. U qoʻshiq uchun yozilgan matn(sheʼr)lari haqida soʻzlarkan, murakkab yozish uslubini hatto omma uchun atalgan oson shou-mahsulotlarga ham singdirganini yashirmaydi: “… ishqiy, maxfiy, oʻta shaxsiy, bir qarashda aniq koʻzga tashlanmaydigan soʻzlar. Ular qandaydir tumanli, sizni satrma-satr oʻqishga majbur qiladi”.

Boʻlgʻusi yozuvchi 1986 yili Lorne Makdugall bilan turmush qurdi. Eʼtiborlisi, ular sotsial ishchi boʻlib yurgan kezlari Notting-Xilldagi uysizlarga beriladigan boshpanada koʻrishib, tanishib qolgandi. Ayni kez rafiqasi, qizi Naomi bilan birga Londonda istiqomat qilayotgan Kazuo oʻsha paytlarda bugungi omad haqida oʻylaganmikan?

Kagio Ishiguro adabiyot va sanʼat haqida oʻylarkan, bu ikkisi aslida bir-birisiz mavjud emasligini anglab yetdi. Ammo bu ikki qudratli toʻlqin birlashuvi, uygʻunlashuvida ishtirok etish uning ham chekiga tushganini sal kechroq, 27 yoshida ilgʻadi. Ilk hikoyalaridan uchtasi 1981 yili “Muqaddima 7: yangi yozuvchilarning hikoyalari” (“Introduction 7: Stories by New Writers”) bayoziga kiritildi. 1982 yili birinchi romani – “Tepaliklarning xira koʻrinishi” (“A Pale View of Hills”)ni yozdi va u bir yil oʻtib chop etildi. Bu asari uchun unga “Britaniyalik eng yaxshi yosh adib”lardan biri sifatida grant ajratildi.

“Tepaliklarning xira koʻrinishi” romani Yaponiyadan Angliyaga koʻchib kelgan beva Esuko haqida. AQSH tomonidan Nagasaki shahri yadroviy bombardimon qilingan ilk davrlar dahshati eridan ayrilgan, qizi oʻz joniga qasd qilgan, oʻzi esa quvgʻinga uchragan Esuko fojiasi orqali gavdalantiriladi.

Yozuvchi mazkur mavzuni keyingi, 1986 yili yozgan ikkinchi romani – “Beqaror dunyo musavviri” (“An Artist of the Floating World”)da ham davom ettirdi. Asarda yapon askarlarining jangovar ruhini tadqiq etish va janggohdan turib “jonli” rasm chizish ishtiyoqida oʻz ixtiyori bilan Ikkinchi jahon urushiga borgan musavvir Matsui Ono haqida hikoya qilinadi. Yapon ommasining urush haqidagi tasavvuri, ongi inkishofiga bagʻishlangan romanda yadro bombardimonidan bir necha yil oʻtib, vatanidan vaqtincha ayro yashashga majbur boʻlgan Ishiguro nishonga bexato urdi. Insonning eng jiddiy va nozik tuygʻulari torini chertuvchi ushbu roman Buyuk Britaniyada “Yil kitobi” deya ulugʻlandi, Buker mukofotining birinchi nominatsiyasiga loyiq koʻrildi.

Eʼtiborlisi, shu vaqtga qadar Kazuo oʻzini angliyalik deb bilmagan ekan: “Ota-onam yapon, uyda yapon tilida suhbatlashardik. Ular bu mamlakatda qancha qolishimizni bilmagani uchun meni ham yapon qadriyatlari ruhida tarbiyalagan”. Aslida-chi? U na yapon, na ingliz – tobora madaniyatlar qorishib, chegaralar nisbiylashib, irqlar, millatlar va xalqlar orasidagi tafovut xiralashib borayotgan “yangi dunyoning zamonaviy fuqarosi” sifatida yashay boshladi.

Taniqli adabiyotshunos Sara Danius uning mahoratiga taʼrif berarkan: “Frans Kafka va Jeyn Ostin qorishmasiga biroz Marsel Prustdan qoʻshamiz, balki shunda Ishiguro paydo boʻlar. Balki boʻlmas”, deganicha bor.

Kazuo Ishiguro 1989 yili nihoyat yapon libosini yechdi va sof inglizcha, boringki, Gʻarb anʼanalariga mos romani – “Kunning qolgan qismi” (The Remains of the Day)ni yozdi. Monolog-esdalik tariqasidagi bu asarda Ikkinchi jahon urushi boshlangungacha boʻlgan davr va fashizm qulatilgan yillar aks ettirilgan. Bu roman muallif hayotida oʻzgacha qiymatga ega. Ishiguro uni bir oyda yozib tugatdi. Haftaning olti kuni mobaynida erta tongdan qaznoqqa biqinib olib, aqlga sigʻmas shiddat bilan ishlagan, tanaffusda yengil tamaddi va kechki ovqat bilan qanoatlangan adibga “Kunning qolgan qismi” romani ulkan shuhrat keltirdi.

Oʻzga millat, oʻzga qarash va oʻzga dunyo vakilining ingliz tilida yaratgan sanʼat asari tomirida haqiqiy ingliz qoni oqayotgan yozuvchilarni ham titratib yubordi. Tanqidchilar bu romanga yuksak baho berib, “XX asrning eng sara inglizcha romanlaridan biri” deyishdi, muallifni esa polyak adibi Jozef Konrad va rus yozuvchisi Vladimir Nabokovga (mazkur adiblar ham oʻz ona tilida ijod qilmagan) tenglashtira boshlashdi. Ishiguro kolleksiyasiga yana bir Buker mukofoti qoʻshildi. Qolaversa, roman asosida “Kun poyonida” badiiy filmi suratga olinib, bosh rollarni mashhur aktyorlar Entoni Xopkins va Emma Tompson ijro etdi.

Yozuvchiga ulkan sharaf keltirgan yana bir romani 2005 yili chop etilgan “Meni qoʻyib yuborma” (Never Let Me Go) boʻldi. Asar “Time” jurnali talqiniga koʻra, “Yilning eng yashi romani” deya eʼtirof etildi. Roman voqealari asosida tajribali rejissyor Mark Romanek badiiy film suratga oldi va asar nomini saqlab qoldi.

Kazuo nozik ruhiyat egasi ekanini mislsiz poʻrtanalar, dovullarni, haybatli toʻfonlarni sokinlik, vazminlik bagʻriga gʻoyat ishonarli tarzda joylashtira olishi bilan isbotladi. “Meni qoʻyib yuborma” 31 yashar Keti Sh. ismli qizning xususiy maktabda taʼlim olgan yillarida sodir boʻlgan taʼsirchan voqealar va undan keyingi hayoti asosiga qurilgan. Adib shu qadar mahorat bilan asar qahramonlari Tommi va Rutning muhabbati hamda donorlik taqdirini chizib beradiki, natijada Keti ham donorga aylanib, oʻz tana aʼzolarini kasallarga berishi tabiiy koʻrinadi. Madam nomi bilan yuritilgan oʻqituvchi nima uchun ulardan ijodiy asarlar talab qilgani, aslida Xeylshemdagi bu bolalar hech qanday klon emas, balki qalbi, yuragi bor insonlar ekanini kimlargadir uqtirmoqchi boʻlganini asar oxirlarida aniqlashadi…

Odatda bunday syujetlarni fantast yozuvchilar oʻylab topishardi. Biroq Kazuo romani snobizmdan, yaʼni oliftagarchilikdan yiroq ekani bilan ham oʻquvchini mahliyo qilib qoʻyadi.

Qiziq tomoni, Ishiguro roman qahramonlari nega bunday ishga kirishganini mukammal tushuntirmaydi, balki oʻquvchining mustaqil fikrlashi uchun, oʻylashi imkon uchun qoldiradi. Muallifning fikricha, bu savol yer yuzidagi barcha xalqlar uchun xos, begona emas. U oʻz romani haqida soʻzlarkan: “Xalqaro roman nima degani? Ishonchim komilki, u dunyoning istalgan nuqtasida istiqomat qilayotgan, kelib chiqishi har xil odamlarga birdek muhim, hayotni his ettiradigan darajada oddiy boʻladi”, deya umumiy javob bergandi.

Kazuo Ishiguro asardan asarga oʻsib boraverdi. Yoʻl-yoʻlakay, aniqrogʻi, har besh yilda bir yirik ijodiy ishi bilan jahon adabiyotini gullatib kelmoqda. Masalan, “Meni qoʻyib yuborma”dan besh yil oldin “Yetimlik chogʻlarimizda” ( When We Were Orphans), besh yil keyin “Noktyurnlar: musiqa va shom haqida besh hikoya” (Nocturnes: Five Stories of Music and Nightfall) asarlari dunyo yuzini koʻrdi. Hatto “Esquire” jurnalida bosilgan hikoyasi asosida yozgan “Oilaviy tushlik” (A Family Supper, 1990) va “Dardman” (The Unconsoled, 1995) deya nomlangan kitoblari ham besh yillik farq bilan nashr etildi.

Nihoyat, 2015 yili oʻquvchilar kutgan, ammo kutilmagan mavzudagi romani – “Dafn etilgan bahodir” (The Buried Giant) chop etildi. Ushbu asar Kazuo isteʼdodining hali ochilmagan qirralari borligini koʻrsatib qoʻydi. Romanda Artur vafotidan keyingi Britaniya hayoti tasvirlanadi. Ogrlar va ajdarlar ishtirokidagi mumtoz janrlar bilan qorishiq tarixiy sintezi bugungi Angliya va sehru jodu, Gʻarb afsonalari va deyarli samuraycha yakkakurash uygʻunlashuvi, toʻqnashuvi asosida yanada jonlanadi.

Tanqidchilar va yozuvchilar Ishiguroning bu “yurish”ini ham qarsak bilan kutib oldi. Nasrni chinakam sanʼat darajasiga koʻtargan adibning bu romani sheʼriy janrlar va “ulkan” adabiyot birlashuvidagi ulkan odim sifatida yuksak bahoga sazovor boʻldi.

Bu asarni bir soʻz bilan “Tarixni gʻoliblar yozadi”, degan jumla orqali ifodalash mumkin. Zero, asar qahramonlarining Artur zamonida tarqalgan tuman taʼsirida xotirasidan ayrilishi va yoʻqolib qolgan bir qizaloq bahona, aslida kasallik sababini izlab yoʻlga chiqishi, har kim har xil omillarga duch kelishi, pirovardida tarixdagi real voqealar unutilishi yoki zamonga moslashtirilishi, yaʼni oʻtmishning “dafn” etilishi hodisasi kitobxonni oʻylashga, fikrlashga undaydi.

Umuman, Kazuoning ijodida tarixiy voqelar, oʻtmishga murojaat, sirli hodisalar, jumboqlar orqali inson ruhiy olamini taftish etishga, his-tuygʻular toʻlqinini yuzaga keltirishga, kuzatishga moyillik ustuvor. U har bir asarini oʻzi taʼsirlangan, lol qolgan tarix va uning qatidagi hodisalar asnosida tiklaydi, quradi. Shuning uchun ham Ishiguro asarlarini bir oʻqishda tushunish qiyin. Kitob mohiyatini ilgʻash uchun avval muallif ruhiyatiga yoʻl topish kerak boʻladi.

Ishiguro ayni paytda Qirollik adabiy jamiyati aʼzosi boʻlib, asarlari dunyoning 30dan ortiq tillariga oʻgirilgan. “Meni qoʻyib yuborma” romani ingliz yozuvchilarining eng yaxshi asarlari oʻrin olgan “Yuztalik”ka kiritilgan. Adib, shuningdek, Uinifred Xoltbi, “Uitbred” mukofotlariga sazovor boʻlgan, Britaniya va Fransiya mamlakatlari oliy unvonlari bilan taqdirlangan.

Oltmish uchinchi kuzini qarshilagan Ishiguro ayni kuch-quvvatga, hayotiy tajriba va ijodiy mahoratga toʻlgan. Bogʻbonlar tili bilan aytganda, gʻarq yetilib pishgan. Unga nafaqat bu yil, balki umuman Nobel mukofoti berilmaydi, deb oʻylaganlar ham adibning bunday yuksak mukofot bilan taqdirlanishiga eʼtiroz bildirmaydi. U ingliz tilida qandaydir “inqilob” yasamadi, “yangi davr”ni ham boshlab bermadi. Shunchaki samimiy yozdi, qator sara asarlar yaratdi. Har bir asariga oʻzini, ruhiyatini, qaygʻu va shodliklarini singdirdi. Aynan shu jihat Ishiguro romanlarini birlashtirib, bir-biriga bogʻlab turadigandek goʻyo…

Muhimi, 6 yoshida ahvoli tobora tanglashayotgan Nagasakidan – oʻz vatanidan oʻzga zaminlarga ketgan oila taqdiri – musofirlik qismati bir buyuk nomni kashf etdi, yaratdi. Mashhur adib Ishiguro garchi bugun oltmishdan oshgan boʻlsa-da, ammo bir umrga ayrilgan oʻsha 6 yashar oddiy bola Kazuoga hamda Yaponiyasiga qaygʻu va sogʻinch bilan talpinaveradi. Buni asarlarida hadeb tarix sahifalarini varaqlayverishidan ham, bugungi kuniga – undan faxrlana boshlagan jamiyatga deyarli aloqasi yoʻqdek ijod qilishidan ham sezsa boʻladi…

 

Zohidjon OLOV

 

“Yoshlik” jurnali, 2017–11

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.