“Oling yozuvchiligingizni”

0
160
marta koʻrilgan.

Bir guruh adib va olimlar poyezdda Qoʻqonga boradigan boʻlishdi. Vagon odatdagidek gavjum. Bunaqa paytda taniqli shaxslar bilan “qoʻl berib koʻrishgani” uchun faxrlanadigan muxlislar koʻp boʻladi. Bu safar ham Oʻtkir Hoshimovning “shu yerda” ketayotgani tezda butun vagonga ovoza boʻldi. Sal oʻtmay toʻladan kelgan, sodda odamligi koʻrinib turgan bir yigit iymanibroq kupega kirib keldi. Salom berdi.

– Oʻtkir aka shu yerdamilar? – deb soʻradi. Oʻtkir Hoshimov “shumlik” bilan koʻz qisib qoʻydi-da, deraza oldida oʻtirgan olim Malik Murodovni koʻrsatdi.

– Shu yerdalar. Mana shu kishi Oʻtkir akangiz boʻladilar. Muxlis yigit Malik Murodov bilan qoʻshqoʻllab soʻrashdi.

– Toʻlishibsizmi, domla? – dedi ikkilanibroq.

– Yaqinda kurortdan keldilar, – dedi Oʻtkir aka “tushuntirib”. Paytdan foydalanib, yuqori oʻrindiqqa chiqib oldi-da, bemalol pinakka ketdi. Muxlis yigit Oʻtkir Hoshimovning hamma kitoblarini oʻqigan ekan. Malik Murodovni savolga tutaverib, enka-tenkasini chiqarib yubordi. Bu ham yetmagandek, yozuvchining qayerda ishlashi, tarjimai holi, oila aʼzolari, qancha qalam haqi olgani va hokazolar haqida ham savol-javoblar boʻlib oʻtdi. Yarim kecha boʻlsa hamki, savollar tugamasdi. Oxiri toqati toq boʻlgan Malik Murodov oʻrnidan irgʻib turdi:

– Hoy, Oʻtkirjon, jon doʻstim, turing oʻrningizdan, oling yozuvchiligingizni! Men ham bir oz mizgʻib olay.

 

Nosir MUHAMMAD

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.