“Nomim oʻzimdan koʻra baxtliroq boʻladi…”

0
847
marta koʻrilgan.

Ulugʻ rus adibi N. V. Gogolning biografiyasi bilan tanishsangiz, uning dunyoga kelishi, umr kechirishi, asarlarining yozilish tarixi, zamondoshlari bilan munosabatlari va, hatto vafoti borasida ham ajabtovur maʼlumotlarga duch kelasiz.

Nikolay Vasilyevich Gogol tugʻilishidan birmuncha oldinroq (taxminan XIX asr boshlarida), otasi Vasiliy Afanasyevich Gogolning qayligʻiga – Mariya Ivanovnaga yozgan xatidan bir parcha manbalarda saqlanib qolgan: “Azizim Mashenka! deb yozadi yosh oshiq oʻz maʼshuqasiga, – Oramizga tushgan koʻpgina toʻsiqlar bugun meni sizning yoningizda boʻlishdek baxtdan mosuvo qildi. Sogʻligimning zaiflashayotganligi koʻnglimni dahshatli xavotirga solayotir, yuragimni gʻam-tashvish yemirib tashlayotir. Alvido, ey dunyodagi eng aʼlo doʻst! Salomat boʻling, men haqimda hech xavotirlanmasligingizni oʻtinaman. Shuni komil ishonch ila ayta olamanki, sizning sodiq doʻstingiz – bu bandayi baxtiqora Vasiliy dunyoda hech kimni sizni sevganchalik seva olmagay va izzat qila olmagay… Ushbu mahzun maktubimni ota-onangizga koʻrsatmasligingizni oʻtinaman. Nimalar deb yozayotganimni oʻzim ham bilmayman”. Mazkur parcha koʻpchilik gogolshunos tadqiqotchilarning taxminicha, aynan mana shu oshiq – maʼshuqlar (yaʼni, adibning ota-onasi)ning nazokatli, noyob – nodir muomalalari yozuvchining “Mirgorod” kitobidan oʻrin olgan “Qadimgi zamon pomeshchiklari” qissasidagi Afanasiy Ivanovich va Pulxeriya Ivanovnalar timsolida tasvirlangan.

N. V. Gogol 1809 yil 1 aprel kuni Mirgorod uyezdining Katta Sorochino qishlogʻida mana shu aslzoda pomeshchiklar oilasida tavallud topdi. Uning bobosi Afanasiy Gogol – Yanovskiy Kiyevdagi diniy akademiyani tamomlab, Mirgoroddagi polk devonxonasida ishlagan. Uylanganida xotini uchun bir qishloqni sep oʻrnida olgan (bu qishloq keyinchalik Nikolayning otasi Vasiliy Afanasyevichning sharafiga “Vasilyevka” deb atalib ketadi). Vasiliy Afanasyevichning oʻzi ham ukrain tilida komediyalar ijod qilgani maʼlum. 1805 yilda u qoʻshni qishloqlik pomeshchik Kosyarovskiylarning qizi Mariya Ivanovnaga uylanadi. Bu oilada birin-ketin oʻgʻil-qizlar (Nikolay, Ivan, Anna, Yelizaveta, Olga) tugʻilib, voyaga yeta boshlaydi. 1818 yilda Nikolay va Ivanni Poltavadagi uyezd bilim yurtiga oʻqishga beradilar. Keyinchalik Nikolay oʻqishini Nejin shahridagi Oliy fanlar gimnaziyasida davom ettiradi. Badiiy ijodga qiziqish, xalq ogʻzaki ijodi namunalarini yigʻish ishtiyoqi Gogolda oʻsha yillarda boshlanganini sezish mumkin. Gimnaziyachi Nikolay shu yillari bobolarining familiyasidagi polyakcha-ukraincha ohangdagi “Gogol – Yanovskiy” degan soʻzlarni qisqartirib, oʻziga faqat “Gogol” degan soʻznigina familiya sifatida qoldiradi. Nikolay 16 yoshga toʻlganida otasi vafot etadi.

Nikolay 19 yoshida Nejindagi gimnaziyani tamomlagach, aktyor boʻlish umidida Peterburgga yoʻl oladi. Shu shaharda yashab yurib Ukraina dehqonlari hayoti tasvirlangan “Dikanka qishlogʻi oqshomlari” kitobini yozadi. Endi uning niyati Ukrainaning oʻrta asrlardagi tarixiga bagʻishlangan kitob yozish edi. Gogolning niyati amalga oshmadi-yu, lekin u shu niyatda toʻplagan materiallari asosida Peterburg universitetida talabalarga maʼruzalar oʻqiydi. Gogolning “Malorossiya tarixidan parchalar” asari oʻsha yillar mehnatining samarasidir. Uning “Mirgorod” kitobiga kirgan “Taras Bulba”, “Viy”, “Shinel” va boshqa qator hikoya va qissalari yosh adibni tezda Rossiya ziyolilari orasida maʼlum va mashhur qilib yubordi.

1836 yilda uning shoh asari – “Revizor” dunyoga keldi. “Revizor” (1835 yilda yozilgan, soʻnggi tahriri 1842 y). “Bir ajoyib komediya yaratayki!” deb, Pushkindan syujet soʻrab olgan Gogol endi yozilajak komediyasining “dunyodagi eng gʻaroyib tomosha” boʻla olishini bashorat qildi. Gogol bu komediyasini ikki oy ichida yozdi, bir necha marotaba tahrir qildi. Nihoyat, 1842 yilgi oltinchi tahriridan soʻng bu komediyani eʼlon qildi. Asar Rossiyadagi yiroq shaharlardan biriga “inkognito” (yashirin, maxfiy) tarzda tashrif buyurgan, maxfiy koʻrsatmalarga binoan kelgan taftishchi haqida. Agar adib bu shahardagi amaldorlar taftishchi deb gumon qilinayotgan kishi oldiga kelib, oʻzlarining ish faoliyatlarida yoʻl qoʻyayotgan, amalga oshirayotgan jinoyatlari uchun pora taklif qilishlarini, atrofida ming aylanib, oʻrgilib, parvona boʻlishlarinigina tasvirlab qoʻya qolganida edi, komediya joʻngina bir asarga aylanib qolgan boʻlardi. Yoʻq, Gogolning mahorati shundaki, ularning xatti-harakatlari orqali zamona amaldorlarining nihoyatda nodon va dumbulligini ham, beqiyos jirkanch qilmishlarining sababini ham, qahramonlarning ham ayanchli, ham kulgili qirralarini dunyo koʻzi oldida fosh qilib tashladi.

Bu komediyaning sahnaga chiqishi Gogolning shuhratiga shuhrat qoʻshdi Shundan keyin u “Oʻlik jonlar” romanini yoza boshlaydi, Rossiyada yozila boshlagan roman keyinchalik Gogol chet el sayohatiga joʻnab ketgan paytda ham (1836 yil, iyun) davom etib, muttasil olti yil mobaynida qogʻozga tusha borgan. Bu yillarda N. V. Gogol Germaniya, Shveysariya, Fransiya, Italiya mamlakatlarida (oʻn ikki yil) yashaydi, ora-orada Rossiyaga ham kelib – ketib turadi.

“Oʻlik jonlar” asarining syujetini ham Gogolga A. S. Pushkin aytib bergan edi. Gogol oʻzini Pushkinning shogirdiman deb bilar, “Oʻlik jonlar”ni shoirning tabarruk vasiyati deb atardi. Umuman olganda, bu asar – Pushkin ijodi bilan XIX asrning ikkinchi yarmida ijod qilgan rus realist adiblari oʻrtasidagi koʻprikdir. Gogol bu asari bilan adabiyotga tanqidiy ruh bagʻishladi va bu ruh ijtimoiy tafakkur taraqqiyotida juda ulugʻ oʻrin tutdi. Kitobning birinchi jildi 1841 yil may oyida “Oʻlik jonlar yoki “Chichikovning sarguzashtlari” nomi ostida chop etildi.

Tadqiqotchilar fikricha, Gogol umrining oxirlarida asab kasalligi, jizzakilik (nevrasteniya) kasalligiga yoʻliqadi, bu kasallikdan qutulolmay, koʻp hollarda ogʻir depressiya holatiga ham tushib qoladi. Yoshlik yillarida, kamolot pillapoyalarida tevarak atrofga, hayotga, odamlarga kinoya koʻzi bilan qarab, oddiy voqealar mazmunidan ham oʻtkir kulgi topa oladigan ulugʻ adib endi sal narsadan gʻalva chiqaradigan, jizzaki, hammani axloqsizlikda ayblaydigan odat chiqaradi. Hayotining soʻnggi yillarida u “Revizor”ning davomini,”Oʻlik jonlar” romanining ikkinchi qismini (Chichikovning qayta tarbiyalanish jarayonini) yozdi, “Doʻstlar bilan yozishmalardan tanlangan sahifalar” (1847) kitobini eʼlon qildi. Soʻnggi asari uchun u tanqidchi Belinskiyning keskin tanqidiga uchradi. 1850 yilning bahorida grafinya Anna Mixaylovna Viyelgorskaya (1823–1861) ga oila qurish maʼnosida ogʻiz soladi. Ammo uning bu taklifi rad qilinadi.

Shu kabi muvaffaqiyatsizliklar sabab boʻlib, Gogolning oʻziga boʻlgan ishonchi butkul soʻnadi. 1852 yil fevral oyining sovuq bir tunida u hayotidagi eng qaltis ishga qoʻl uradi – oʻn yillab yozib kelgan “Oʻlik jonlar” romanining ikkinchi qismini, boshqa asarlarining qoʻlyozmalarini olovga tashlaydi. Uyida xizmat qilib yurgan Semyon degan bolakay xoʻjayini nima qilayotganini koʻrib, oyoqlariga yiqilib, bunday qilmasligini soʻrab yigʻlab-yolvoradi. Ammo Gogol ortga chekinmadi. Qoʻlyozmalar yonib, kulga aylangach, aqldan ozay deb qolgan adib, choʻqinib, Semyonning peshonasidan oʻpadi-da, toʻshakka agʻdarilib, hoʻngrab yuboradi. Uning yashagisi kelmay qolgan edi. Gogol holdan toyib, eng dahshatli depressiya holatiga tushib qoladi, yetib kelgan shifokorlarni xonaga kiritmaydi. Oradan oʻn kun oʻtib, Gogol dunyo bilan xayrlashadi.

Gogol qisqa, mashaqqatli hayot kechirdi. Shu qisqagina umri mobaynida yozgan asarlari bilanoq rus adabiyotida ham, jahon adabiyotida ham zabt etib boʻlmas choʻqqi, mohir adib darajasiga erisha oldi. Gogol ijodi va hayotini tadqiq qilgan olimlar, adiblar uning taqdiriga xos boʻlgan bir-biridan gʻaroyib voqealarni qalamga olganlar. Yozuvchining soʻnggi kunlari, vafoti bilan bogʻliq xotiralarning qanchalik rost yo yolgʻonligidan qati nazar, u oʻlimi oldidan yozib qoldirgan iqrornomasida shunday deydi: “Bilamanki, mening nomim oʻzimdan koʻra baxtliroq boʻladi…” Gogolning mana shu bashorati haqiqat boʻlib chiqdi.

 

Muzaffar AHMAD tayyorladi.

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–4

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.