Nobelning oʻn uchinchi ayol sohibi

0
936
marta koʻrilgan.

Xalqaro Nobel mukofoti. 1900 yildan beri har oktyabr oyining birinchi yarmida butun dunyo nigohi bir nuqtaga jam boʻladi. Chunki shu kunlarda xalqaro Nobel mukofoti sovrindorlari roʻyxati eʼlon qilinadi. Dastavval, mazkur mukofot kimlarga nasib etishi, fan-texnika, adabiyot va tinchlik sohasida qanday umumjahoniy eʼtirofga arzigulik ishlar qilinganligi yil davomida turli bahsu munozaralarga sabab boʻladi. Bu borada har kim oʻzicha fikr yuritadi: kimdir bu mukofot haqiqiy egasiga beriladi desa, kimdir bu mukofot anchayin nisbiy, uning ostida qandaydir siyosiy kuchlarning ichki manfaatlari yotadi, deya mulohaza yuritadi.

Nobel mukofotiga koʻrsatilgan nomzodlar qoʻmita tomonidan ellik yilgacha qatʼiy sir tutilishiga qaramasdan, turli nashr va saytlardagi adabiy “folbin”larning bashorati boʻyicha bu yil yapon adibi Xaruki Murakami, kanadalik Elis Munro va belorussiyalik yozuvchi va jurnalist Svetlana Aleksiyevich mukofot uchun asosiy daʼvogarlar edi.

Nima boʻlganda ham, mukofot kimga nasib etmasin, bu borada turli fikrlar, bahsu munozaralar, tanqidiy qarashlar avj olgan taqdirda ham haqiqat bitta – Ezgulik, ilmu fan, adabiyot sohasi har yili oʻz yulduzlarini kashf etadi, ular nomini dunyoga tanitadi, adabiyot va ilmu fan rivoji yoʻlida qilingan qanchadan-qancha mehnatlar samarasi roʻyobga chiqadi.

Odatdagi anʼanaga koʻra, bu yil ham shved Akademiyasi tomonidan taqdirlanganlar roʻyxati eʼlon qilindi. Dunyo adabiyoti muxlislari olis Shimoliy Amerika qitʼasidagi sakson ikki yildan buyon oʻz qalbi, oʻz dunyosi, oʻz ruhiyatini tahlil qilib, hayot haqiqatini izlab yashayotgan bir yozuvchi ayolni shu bahonada yana-da yaqindan tanidi. Uni oldindan taniganlar yana bir bor yodga oldi, adiba asarlarini muntazam oʻqib boruvchi chinakam muxlislari esa shodlikdan yuraklari yorilgudek boʻlib, millat, ayol, adabiyot shaʼnini yuksaklarga koʻtargan adiba nomini qayta-qayta sharafladi.

Shunday qilib, bu yilgi adabiyot sohasidagi mukofot kanadalik yozuvchi Elis Enn Munroga taqdim etildi.

Olis Kanadaning Uingem dahasi Ontario shahrida fermer Robert Erik va oʻqituvchi Enn Klark Leydlou oilasida qiz farzand dunyoga keldi. 1931 yil 10 iyulda tavallud topgan murgʻakkina chaqaloqqa Elis Munro deb ism qoʻyishdi. Ushbu xilqatning vaqti kelib jahoniy shov-shuvlarga sabab boʻladigan adiba boʻlib yetishuvini kim ham xayoliga keltiribdi, deysiz.

Boʻlgʻusi yozuvchi hayotga juda erta kirib keldi. 1950 yilda Gʻarbiy Ontariodagi Universitetda tahsil olayotgan Elis Munro oʻsha paytda ofitsiantkalik orqasidan tirikchilik qilardi. Uning “Bulutlar mezoni” nomli ilk hikoyasi shu yillarda yozildi. Baribir ham Elis Munroga oʻqishni tugallab, diplom olish baxti nasib etmadi: u 1951 yili universitetni tashlab, Jeyms Manro ismli yigitga turmushga chiqdi. Ular shu yili Vankuver shahriga ketishadi va turmushlari davomida uch farzand koʻrishadi. 1963 yili oila Viktoriya shahriga keladi va yozuvchi bu yerda “Manro kitoblari” nomli kitob doʻkonini tashkil etadi.

Shu tariqa yillar oʻtib borar, yosh Elis doʻkonda tinimsiz mutolaa orqali oʻz adabiy bilimlarini oshirib, shu bilan birga roʻzgʻor ishlarida eriga yordam berardi.

1966 yili ularning toʻrtinchi farzandi (farzandlarining barchasi qizaloqlar edi) dunyoga keldi.

Adibaning hayoti bir tekis kechmadi. Turfa taqdirlar, gʻaroyib xarakterlar, obrazlar, voqealar, fojialar aks etgan kitoblar ichida hayot kechirgan Elis asarlarida goʻzal va baxtli hayotni tinimsiz tarannum etdi-yu, ammo oʻz hayotidan sira qoniqmadi.

1972 yilda eri bilan ajrashib, yana Gʻarbiy Ontario universiteti sari yoʻl oldi. U yerda adiba maslahatchi vazifasida ishlay boshladi. Bu paytda u ayol ruhiyati, uning qalbida kechayotgan turli holatlarni mohirona aks ettirgan, Kanada adabiyotida oʻziga xos oʻringa ega yozuvchi sifatida tanilib boʻlgan edi. Uning “Baxtli soyalar raqsi” nomli hikoyalar toʻplami turli adabiyotshunoslar tomonidan yuqori baholandi va Kanadaning general-gubernator mukofotiga loyiq deb topildi. Toʻplamdan joy olgan hikoyalar adiba tugʻilib oʻsgan kichkinagina shaharchadagi ijtimoiy muhit, unda yozuvchining koʻrgan-kechirganlari, kundalik hayotimizda uchraydigan, ammo biz koʻpda eʼtibor bermaydigan mayda-chuyda voqealarning inson hayotiga taʼsiri haqida edi, bundan tashqari, urugʻlariyu, tanish-bilishlari hayoti haqida yozilgan realistik uslubdagi biografik qaydlar ham uning ijodiy faoliyatining bir qismini tashkil etardi.

Elis Munro 1976 yilda geograf Jerald Fremlinga turmushga chiqadi.

1978 yilda chop etilgan “Aslida, kimsan oʻzi?” nomli hikoyalar toʻplami unga olamshumul shuhrat keltirdi. Shu toʻplam orqali u Shimoliy Amerika, Yevropa olamini zabt etdi. Shundan keyin adiba asarlari ketma-ket dunyoning yigirmadan ortiq tiliga tarjima qilindi.

Inson qalbini yuksak pardalarda kuylagan adiba 1968,1978,1986 yillarda Kanada milliy general-gubernator mukofoti, 1995 yilda Angliyaning U. G. Smit nomidagi adabiy mukofoti, 2008 yilda AQSHning O. Genri mukofoti bilan taqdirlandi. Adiba 1979 yildan 1982 yilgacha Avstraliya, Xitoy va Skandinaviyaga qilgan ijodiy safarlaridan ilhomlanib, qator esselar va xotiralar insho qildiki, ular adiba ijod xazinasidan munosib oʻrin egalladi. Munroning “Sizga bir gap aytmoqchiman”, “Oshkora sirlar”, “Nafrat, doʻstlik, mulozamat, muhabbat va nikoh”, “Qochqin” kabi insonlardagi turfa munosabatlar, xarakteru kayfiyatlar, ayniqsa ayol ruhiyatidagi murakkab kechinmalar chuqur badiiy tahlil qilingan toʻplamlari uning “kanadaliklarning Chexovi” deb nomlanishiga sabab boʻldi.

Adiba asarlari turli mamlakatlarda qayta-qayta chop etilishidan tashqari, hikoyalari syujeti asosida bir qancha kinoasarlar ham yaratildi. Uning “Togʻ oralab kelayotgan ayiq” nomli hikoyasi asosida suratga olingan “Undan olisda” filmi rejissyor Saroy Polliga ham, Elis Munroga ham kutilmagan quvonch baxsh etdi. Ushbu kinokartina 2006 yil Oskar mukofotiga sazovor boʻldi. 2009 yilda esa adiba ijodi xalqaro “Buker” mukofotiga loyiq topildi. Shu yili eʼlon qilingan “Baxtga toʻla olam” va 2012 yil nashr etilgan “Qadrli hayot” hikoyalar toʻplamlari ayol psixologiyasi, ichki kechinmalari goʻzal poetik tilda ifodalangani bilan oʻquvchilar mehrini qozondi. 2012 yilda “Qadrli hayot” kitobi taqdimoti marosimida mana shu toʻplam ijodining yuksak choʻqqisi ekanligi, unda hayot, dunyo, inson va ayol haqidagi qarashlari, koʻp yillik ijodiy izlanishlari, iztiroblariyu falsafiy xulosalari jam boʻlganini eʼtirof etgan holda boshqa asar yozmasligini eʼlon qildi.

Shved akademiyasining doimiy kotibi, professor Peter Englund sovrindor ismi eʼlon qilingandan keyin: “U ildizi Chexovga borib taqaladigan anʼanalar ruhida ishlaydi hamda hikoya janrini yuksak maqomga koʻtardi” deya taʼkidlab, shved Akademiyasi “Zamonaviy hikoyalar ustasi” sifatida adabiyot sohasi boʻyicha oʻn uchinchi ayolni mazkur mukofot bilan taqdirlanganini qayd etadi.

Adib va tarjimon, “Inostrannaya literatura” jurnalining bosh muharriri, Munro hikoyalarining shu jurnalda eʼlon qilingan tarjimalari muallifi Aleksandr Livergant Munroning Chexov bilan qiyoslanishini “kulguli” deya hisoblaydi. Chunki uning fikricha, “Munro juda quyi darajadagi adiba, ammo uning jiddiy gʻarbparast ijodkor, yaxshi ruhshunos, aʼlo darajadagi uslubshunos ekanligidan yuz oʻgirib boʻlmaydi”, deydi. Yuqorida aytib oʻtilganidek, bu ham bir munosabat. Oʻzini adabiyot dunyosiga ruhan taalluqli bilgan kishi borki, munosabat bildirishga, tanqidiy fikr aytishga, keskin inkor qilishga haqli. Zero, adabiyotning maydoni keng, u kurashlar, bahslar, fikrlar, gʻoyalar maydonidir.

 

Alimurod TOJIYEV tayyorladi.

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–10

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.