Musiqa ilmining xazinaboni

0
552
marta koʻrilgan.

Xotiralarning eng nozik tomoni – ular hamisha “oʻtgan zamon feʼlida” yoziladi. Shu sababdan ham oʻtganlarni yod etganda odatda zamondoshlarning xotiralariga, hujjatlarga va ular haqida yozilgan bitiklaru maʼlumotlarga suyaniladi.

Benazir isteʼdod sohibi, bastakor, xonanda va sozanda, akademik Yunus Rajabiy haqida soʻz yuritganda ham huddi shunday.

1897 yilning 5 yanvari. Toshkentning Chaqar mahallasidagi bogʻbon Rajab ota hovlisida chaqaloq dunyoga keladi. Unga Yunus deb ism qoʻyishadi. Rajab ota asli bogʻbon boʻlsa-da, juda serzavq, sanʼatni jon-dilidan xush koʻradigan kishi edi. U oʻgʻlini yoshligidan turli yigʻinlarga, davralarga olib borar, jajji Yunus esa sozanda va xonandalar ijrosidagi diltortar kuy va qoʻshiqlarni maroq bilan tinglab, oʻrganishga harakat qilardi. Yunus Rajabiy dastlab akasi Rizqi Rajabiyga ergashib dutor sozida kuylar mashq qila boshlaydi. Keyinchalik esa andijonlik Mirzaqosim hofizdan Toshkent va Fargʻona vodiysida aytiladigan maqom parchalarini tinglab oʻrganadi va dutor chalib ashula ayta boshlaydi. U sekin-asta Mulla Toʻychi Toshmuhammedov, Shorahim Shoumarov singari sanʼatkorlar nazariga tushadi. Ular ijro etgan maqom ashulalarini bor diqqat-eʼtibori bilan oʻrganishga bel bogʻlaydi. 1919 yilda u Toshkentda ochilgan xalq Konservatoriyasining milliy musiqa boʻlimiga kirib oʻqiydi va xalq musiqa merosi durdonalarini, ayniqsa, maqom yoʻllarini sozanda va xonandalarga oʻrgatishda ustozlar anʼanasiga sodiq qoladi. 1923 yili Yunus Rajabiy akasi Rizqi Rajabiy, Imomjon Ikromov va Ismat changchi bilan birga Samarqand bilim yurtiga yuboriladi. Ular bu yerda Hoji Abdulaziz Abdurasulov bilan tanishadilar va toʻrt yil davomida taʼlim oladilar. Yunus Rajabiy bu toʻgʻrida oʻz xotiralarida shunday degandi: “Biz Samarqandda toʻrt yil turdik, soz chaldik, ashula va qoʻshiqlar aytdik. Hoji Abdulazizning ashula yoʻllarini oʻrgandik. Shashmaqom yoʻllari bilan shu yerda tanishdik. Xullas, Hoji Abdulaziz bizga ustoz boʻlib qoldi”.

1924 yilda Hoji Abdulaziz Yunus Rajabiyni Buxoroga olib boradi va u yerli bilimdon ustozlar Ota Jalol, Usta Shodi Azizov, Qori Kamol, Qori Najm, Abdusaid Begijon singari taniqli maqom ustalari bilan tanishtiradi.

Maqom ashulalari, kuylari uning hayoti mazmuniga aylanadi. Endi u tunlari bilan mijja qoqmay, yodida saqlab qolgan xalq kuylarini oz-ozdan notaga sola boshlaydi. U bu kuylarni shunchaki koʻr-koʻrona notaga tushiravermas, har bir musiqa asarini qayta oʻzlashtirib, oʻzining ijrochilik va bastakorlik tajribasiga suyanib ish koʻrardi. Akasi Rizqi Rajabiyning aytishicha, bastakor olti yuzga yaqin kuy, ashula va qoʻshiqlarni yoddan bilgan. 1937 yilda chop etilgan “Oʻzbek xalq qoʻshiqlari”ning ikkala jildiga bastakorning turli janrlardagi notaga olgan xalq kuylari, ashula va qoʻshiqlari kiritildi. Uning repertuaridagi “Ushshoq”, “Talqini bayot”, “Bayot 1”, “Koshki”, “Girya 1”, “Chorgoh 1”, “Qalandar 1”, “Adoyi 1-II”, “Koʻchabogʻi 1-II” kabi oʻnlab ashulalar xonanda tomonidan yuksak mahorat bilan ijro etilib, unga katta shuhrat keltirdi.

Shuningdek, “Eshvoy”, “Kurd”, “Qalandari”, “Shahnozi gulyor”, “Qaro koʻzim”, “Dugohi Husayniy”, “Chorgoh”, “Miskin”, “Nasrulloyi” kabi maqom yoʻllaridagi ashulalar hamda u tiklagan “Subhidam”, “Yolgʻiz”, “Sayqal”, “Segoh”, “Dugoh” va boshqa oʻzbek xalq kuy va ashulalari tinglovchilar qalbini hamon hayajonga solib, yuraklarni toʻlqinlantirib kelmoqda. Hassos sanʼatkorning saʼy-harakatlari oʻlaroq, 1939 yilda E. Romanovskaya va A. Akbarovlar tomonidan tuzilgan “Oʻzbek xalq qoʻshiqlari” toʻplamiga u notaga olgan 29 ta ashula va xalq qoʻshiqlari kiritilgan. Bir zum ham ijod va izlanishdan toʻxtamagan sanʼatkor 1955–59 yillarda (A. Akbarov tahriri ostida) 5 jildlik “Oʻzbek xalq musiqasi” toʻplamini nashr ettirdi. Unda mingga yaqin oʻzbek, tojik va uygʻur kuy ashulalari “Buxoro shashmaqomi” “Fargʻona-Toshkent” maqom yoʻllari, katta ashula va oʻnlab bastakorlarning asarlari joy olgan. 1966–74 yillarda F. Karomatov tahriri ostidagi “Shashmaqom”ning 6 jildlik yangi nashri ham Yunus Rajabiyning uzoq yillik izlanishlari samarasidir. Bastakor musiqali drama teatrlari uchun ham bir qator opera va kuylar yaratdi. Masalan, Xurshidning “Farhod va Shirin” (1922–25), U. Ismoilovning “Rustam” (1933), A. Hidoyatovning “Avaz” (1935), Hamzaning “Xolisxon” (1940) spektakllariga xalq ashulalari asosida kuylar bastalagan boʻlsa, keyinchalik S. Abdulla va Chustiyning “Qoʻchqor Turdiyev” (1942) B. Nadejdin bilan hamkorlikda A. Umariy va Uygʻunning “Qasos” (1941), G. Mushel bilan hamkorlikda H. Olimjonning “Muqanna” (1943) singari bir qator dramalariga kuylar yozib, oʻzbek musiqali drama janrining shakllanishiga oʻz hissasini qoʻshdi.

Atoqli bastakor, akademik Yu. Rajabiy Oʻzbekiston televideniyesi va radio eshittirish qoʻmitasi huzurida “Maqom” ansamblini tashkil etdi hamda badiiy rahbari sifatida uzoq yillar faoliyat koʻrsatdi. Bugungi kunda bu ansambl uning muborak nomi bilan ataladi. Bundan tashqari Jizzax musiqali drama teatriga va Toshkent musiqa pedagogika bilim yurtiga, Toshkentdagi markaziy koʻchalarning biriga hamda Toshkent metropoliteni bekatlaridan biriga uning nomi berilgan.

Oʻzbek xalqining musiqasi va qoʻshiqchilik sanʼati ravnaqiga qoʻshgan ulkan xizmatlari uchun bastakor 1958 yilda Oʻzbekiston Xalq artisti unvoni, 1973 yilda Respublika Davlat mukofoti bilan taqdirlandi. 1966 yili Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasining haqiqiy aʼzosi etib saylandi. 2000 yilda esa u “Buyuk xizmatlari uchun” ordeniga sazovor boʻldi.

Darhaqiqat, dunyoda shunday insonlar borki, ular garchi oramizda yoʻq boʻlsalar-da, ularning qilgan ezgu ishlari, oʻzlaridan qoldirgan boy madaniy va maʼnaviy merosi bizga ular haqida soʻylab turgandek tuyulaveradi. Insonning baxti ham, qadri ham ana shunda emasmikin…

 

Matluba TEMUR qizi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.