“Men artist emasman”

0
207
marta koʻrilgan.

Sadriddin Ayniyning taʼlimini olgan, uning rahbarligida juda katta ijodiy maktablardan oʻtgan oʻnlab taniqli shoiru yozuvchilarni, allomalarni bilamiz.

Domla Ayniyning oʻta talabchanligi, ayniqsa, chinakamiga isteʼdodi bor yoshlar bilan shugʻullanganida koʻproq sezilar ekan. Mashhur kinorejissyor Boris Kimyogarov “Yosh yozuvchilar bilan ish” mavzusida hujjatli film tayyorlamoqchi boʻladi. Domlani zoʻrgʻa koʻndiradi. Ana, boʻlajak adib oʻz qoʻlyozmasini oʻqib berayapti.

– Toʻxta.

Bir qalqqan shogird oʻqishdan toʻxtaydi.

– Soʻnggi jumlani qaytar.

Shogirdning rangi oqaradi. U battar oʻzini yoʻqotarkan, jumlani takrorlaydi-yu, qoʻli musht boʻlib tugiladi ustozning. Hozir ayamay doʻbboslamasa boʻlgani.

– Stop, stop! – deydi norozi ohangda Kimyogarov. – Ustoz, unchalikmas-da! Suratga olyapmiz, axir. Xudo haqqi, sal qovogʻingizni oching!

– Nima? – rejissyorga oʻqrayib qaraydi domla Ayniy.

– Film, olyapmiz, film! Koʻrgan nima deydi? Tanbehni keyinroqqa qoldirib… tabassum qilsangiz. Iltimos!

– Tabassum qilaymi? Manavi landovur qon qilib yuboryapti-yu, kulaymi sen film olyapsan, deb? Men senga artistmidim yo masxarabozmi? Yigʻishtir ashqol-dashqolingni!

 

Muhammad ShODIY

 

“Hurriyat”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.