Mahmudxoʻja Behbudiyning vakolati

0
476
marta koʻrilgan.

Atoqli davlat va jamoat arbobi, noshir va publitsist, dramaturg Mahmudxoʻja Behbudiyning 1919 yil mart oyidagi, yaʼni Samarqanddan chiqib ketguncha boʻlgan hayoti va faoliyati koʻpchilik mutaxassis va tarixchilarga mavhum.

1919–1920 yillar matbuoti, ayrim zamondoshlar xotira va esdaliklarida Behbudiy nima sababdan Samarqanddan chiqib ketgani haqida aniq maʼlumot uchramaydi. Faqatgina Hoji Muʼin Shukrulloning Hojimurod Xudoyberdiyevning “Maʼrifat qurbonlari” pesasi zaminida tayyorlagan shu nomli besh pardali dramasida ayrim dalillar bor. Shu spektakl haqida maxfiy xizmat idorasiga xabar bergan “Somnitelniy” laqabli agent oʻz axborotida pesada Behbudiyning Yevropa sayohatiga chiqmoqchi ekani, yoʻlda Nuriddin Ogʻaliqning uyida toʻxtagani haqida fikrlar borligini xabar qiladi. Binobarin, Hoji Muʼin Behbudiyning oʻlimini taftish qilish komissiyasining xulosasidan xabardor boʻlgan va ustoziga bagʻishlangan maqolalarida bor haqiqatni yoza olmagan. Shu bois asl voqeani pesa tarzida maʼlum qilishga intilgan. Bu masalada H. Xudoyberdiyevning pesasi qoʻl kelgan. Behbudiyning Yevropaga safarga chiqmoqchi ekani, Nuriddin Ogʻaliqning uyida toʻxtashi haqidagi maʼlumotlar boshqa biron joyda uchramaydi, hatto S. Ayniy, A. Shohmansurzoda va boshqalar maqolasida ham.

“Somnitelniy”ning maʼlumotidan va pesadan maʼlum boʻlishicha, M. Behbudiy oʻzining doimiy hamrohlari Mardonquli Oʻrinboy oʻgʻli va Mardonqul Shomuhammad oʻgʻli bilan birga Yevropaga otlangan. Ammo yoʻlda… Buxoro amirligi hududida qoʻlga olingan…

Xoʻsh, Mahmudxoʻja Behbudiy Yevropaga nima uchun ketayotgan edi?!

Endi 1919 yil mart oyiga qaytaylik. Ayrim manbalarda Behbudiyning Turkiston bolsheviklari boshligʻi Tobolin bilan uchrashgani, oziq-ovqat muammosi, shaharlarda avj olayotgan ocharchilikning oldini olish masalasi haqida suhbatlashilgani haqida maʼlumotlar uchraydi. Ammo bolsheviklar lideri bilan boʻlgan uchrashuvda Behbudiy Muxtoriyat masalasini koʻtarganmi, asosiy maqsadga erisha olganmi, bu maʼlum emas. Ammo Behbudiy yana kimlar bilan uchrashdi, qanday masalalarni hal qilmoqchi boʻldi – bular haqida maʼlumot yoʻq. Munavvar qori Abdurashidxonov “Xotiralar”ida M. Behbudiyning xorijga ketayotganini va tashkilot majlisida ishtirok etganini, soʻng Buxoroda qoʻlga tushib, sheriklari bilan amir tomonidan mahv etilganini aniq yozadi. Ammo Behbudiy oilasini bolsheviklar tajovuzidan muhofaza qilish uchun maqsadni sir saqlaydi. Binobarin, M. Behbudiy 1919 yil mart boshidagi “Milliy ittihod” tashkiloti yigʻilishida ishtirok etgan.

Voqealarning siyosiy tadrijiga qaraganda, yigʻilishda Behbudiy va Turkiston Muxtoriyati nozirlari bolsheviklarining Fargʻonadagi jazo ekspeditsiyasini toʻxtatmoqchi va Muxtoriyatni himoya qilmoqchi boʻlishgan. Shu bois tashkilotning Turkiston Muxtoriyati ayrim aʼzolari ishtirokidagi yigʻilishda jahon afkor ommasini bor haqiqat bilan tanishtirish maqsadga muvofiq topilgan. Bu masalani bolshevik tarixchilari ham tan oladilar.

Turkistondagi fuqarolar urushi tarixini oʻrgangan A. I. Zevelev, Yu. A. Polyakov, A. I. Chugunov “Bosmachilik: tashkili, mohiyat, inqiroz” asarida bor haqiqatni boʻyab yozishar ekan, “musulmon delegatsiyasi” “Frantsiyaga borib”, “Turkistonni bolsheviklar zulmidan ozod qilish” talabini qoʻymoqchi edilar” degan fikrni bildiradilar. Biz mualliflarning tarixiy haqiqatni nechogʻlik boʻyaganliklari va tarixiy shaxslar haqida boʻhtonlar yogʻdirganlari, “musulmon delegatsiyasi” tarkibini yashirganlari ustida toʻxtalib oʻtirmaymiz. Binobarin, maqsad aniq. Mahmudxoʻja Behbudiy Sharq va oʻarb olamida oʻz obroʻ-eʼtiboriga ega adib edi. Ana shu dalil eʼtiborda tutilgan holda Parijga borib xalqaro tinchlik konferentsiyasiga murojaat qilish topshirilgan. Xalqaro konferentsiyaga Mahmudxoʻja Behbudiy, Mustafo Choʻqayev, Ubaydulla Xoʻjayev, Sayyid Nosir Mirjalilovdan iborat vakolatli vakillar Parijga yoʻl olishgan. Delegatsiya uch guruhga boʻlingan: Behbudiy guruhi va Sayyid Nosir Mirjalilov hamda Ubaydulla Xoʻjayev, Mustafo Choʻqayev Tiflis shahrida uchrashib, u yerdan Yevropaga bormoqchi boʻlishgan.

Turkistonda milliy qarshilik koʻrsatish harakati vakillaridan biri Ahmad Rajab Boytursun “Turkiston istiqlol harakatlari…” xotira kitobida “Mahmudxoʻja Behbudiy, Sayyid Nosir afandi, Mardonquli va doʻstlari Xoʻqand hukumatining tom bir vakolati ila sulh konferentsiyasiga ketishar ekan, yoʻlda Qarshi viloyatinda Buxoro amirining amri ila oʻldirildilar”. “Bunlardan Sayyid Nasir afandi Chorjoʻy yoʻli bilan Tiflisga bordi” deydi.

Ahmad Rajab Boytursun va A. Zevelev, Yu. Polyakov, A. Chugunov fikrlari bir nuqtada kesishgani bois ochiq aytish mumkinki, Mahmudxoʻja Behbudiy va hamrohlari Turkiston Muxtoriyati hukumatining toʻliq vakolati bilan Parijga, jahon tinchlik sulhi konferentsiyasiga yoʻl olishgan. Maqsad Yevropa davlatlarini kengashlar hukumati Fargʻonada olib borayotgan jazo ekspeditsiyasining qonli harakatiga eʼtiborini tortish, Muxtoriyatni tiklash masalasini konferentsiya majlisiga kundalik vazifa qilib qoʻyish boʻlgan. Afsuski, shoʻro josuslari Buxoro amiri qoʻli bilan bu jarayonni toʻxtatgan. Natijada maqsad amalga oshmagan va shoʻro hukumati jahon afkor ommasi oldida oʻzining sharmandali va qonli tajovuzini yashirishga erishgan. Mustabid hokimiyat oʻz niyatiga yetmoq uchun Mahmudxoʻja Behbudiy kabi diktaturaga qarshi tura oladigan va faqatgina Oʻrta Osiyoda emas, balki nomi oʻarbiy Osiyo va Yevropada mashhur boʻlgan mutafakkir, siyosiy arbob hamda adibni mahv etishdan qaytmagan. Shu bois uning nomi uzoq muddat parda ostida saqlandi. Ammo, tarixda hech narsani yashirib boʻlmaydi. Bir kunmas-bir kun har qanday tarixiy sir oshkor boʻladi. Bu oddiy tarix haqiqati.

 

Sirojiddin AHMAD

 

“Hurriyat”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.