Joʻshqin hayot, toshqin ijod sarvari

0
351
marta koʻrilgan.

XIX asr fransuz madaniyati tarixida siyosatga, sanʼatga, adabiyotga daxldor shaxs – davlat arbobi, tarjimon, olim va katta yozuvchi sifatida yorqin iz qoldirgan Prosper Merime sarhadlar osha qadr topgan, yozganlarini xalqlar sevib mutolaa qilishga munosib ijodkorlardan. Uning katta yozuvchi ekanligini taʼkidlashimizning boisi shuki, har bir asari bilan oʻz davri kishilarining qalbiga toʻgʻridan-toʻgʻri kirib borish, oʻtkir badiiy tasvirlarda ifodalangan, teran, taʼsirchan fikrlari bilan jamiyat hayotining muayyan nuqtalarini yorita bilish xislati faqat u singari katta va chinakam qobiliyat sohiblariga xosdir. Adabiy merosining tarkibi va koʻlamiga eʼtibor qilsak, Merime ijodida hajmi katta romanlar kam uchraydi. Aksincha, u adabiyotning dramaturgiya va asosan qissanavislik yoʻnalishlarida koʻproq qalam tebratgani maʼlum. Bu yoʻnalishlarda yozilgan barcha asarlari – garchi ular shaklan kichik, hajman oz boʻlsin – muallifga ulkan shuhrat, omadu iqbol keltirolgan. Bugun ham Merime adabiy merosidagi ana shu oʻlmas asarlar jahon adabiyotida, nasr va dramaturgiyada, ayniqsa kino va teatr sanʼatida zanglamas qurol, eskirmas manba boʻlib xizmat qilayotir.

Hayot yoʻlini faqat ilmu ijod dardida gʻoyat joʻshqin va mazmundor oʻtkazgan bu ijodkor 1803 yilning 28 sentyabrida Fransiya poytaxti Parijda kimyogar va rassom Jan Fransua Leonor Merime oilasida dunyoga keldi. Uning onasi ham tasviriy sanʼat sohasida ijod qilar, shu sababdan ularning xonadonida sanʼatga munosabat doim jiddiy va yuqori darajada edi. Ota-onasi yosh Prosperning yaxshi taʼlim-tarbiya olishi va kamol topishi uchun zarur imkoniyatlarni yaratib berishga harakat qilgan. Boʻlajak yozuvchini 1811 yilda imperatorlik litseyiga oʻqishga beradilar. Tahsilni tamomlagach, 1819 yildan otasining maslahati bilan oʻqishni Parijdagi oliygohda yuridik soha boʻyicha davom ettiradi va toʻrt yildan soʻng advokatlik diplomiga ega boʻladi. Prosper oʻqish davomida bir necha xorijiy tillarni, tarixni jiddiy oʻrganadi. Oʻz uyida sanʼat va fanlar toʻgaragini tashkil etadi. U uyida tashkil qilgan ilmiy-adabiy kechalarda nafaqat fransuzlar, balki, ingliz, nemis va rus ijodkorlari ham qatnashadi. Yosh Merimening oʻzi Amper, Alber Shtapfer kabi olimlar, Stendal va Deleklyuz singari yozuvchilar bilan mustahkam ijodiy doʻstlik rishtalarini bogʻlaydi. Uning badiiy didi va dunyoqarashi shakllanishida ayniqsa, Shtapfer va Deleklyuzlarning taʼsiri katta boʻldi. Merime ulardan koʻp saboqlar oldi.

1830 yilga kelib mamlakatda hokimiyat qirol Lui Filipp (1848 yilga qadar hukmronlik qilgan) qoʻliga oʻtishi bilan Merimening siyosiy martabasi yanada yuksaldi. 1831 yildan Merime davlat ishlarida qatnashib, savdo-sotiq vaziri lavozimida faoliyat olib bordi, 1834 yilda esa tarixiy yodgorliklar boʻyicha komissiyaning bosh inspektori etib tayinlanadi. Merime uzoq yillar turli lavozimlarda ishlab, siyosiy arbob boʻlib tanildi, noshir sifatida koʻplab siyosiy-ijtimoiy kitoblar, tarixiy solnomalar nashr ettiradi. Bu xizmatlari uchun 1844 yilda qirq bir yoshidayoq Fransiya Fanlar Akademiyasi aʼzosiga aylanadi, 1852 yilda Faxriy legion ordeni bilan mukofotlanadi, keyinchalik senator boʻlib saylanadi. Mamlakat boshqaruvida taniqli shaxsga aylangan Prosper Merime 1860 yilga qadar uzluksiz mehnat bilan shugʻullanadi. Hayotining soʻnggi yillarida astma kasalligiga duchor boʻlib, mamlakatning janubiy hududlariga borib yashashga majbur boʻladi. Merime 1870 yilning 23 sentyabrida aynan shu xastalik tufayli vafot etdi.

Oʻzining oltmish yetti yillik umri davomida yurt uchun halovat bilmay yashagan, mehnat qilgan, asarlar yaratgan yozuvchining adabiy faoliyati bir necha yoʻnalishlarga boʻlib oʻrgangulik serqirra va sermahsul edi. Merime badiiy tafakkuri boy ijodkor sifatida bir umr toʻxtovsiz ijodiy faoliyatda boʻldi, yozish-yaratishni bir zum toʻxtatmadi. U yuqorida aytganimizdek, adabiyot sohasiga juda erta kirib keldi. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, u adabiyot maydoniga kirib kelishi bilanoq (yigirma yoshida!) adabiy davralar qahramoniga aylandi, nazarga tushdi.

Uning ilk ijod namunasi “Kromvel” tarixiy dramasi edi. Bu birinchi asar doʻstlari tomonidan unchalik yuqori baholanmagani uchun dramani nashr qildirishga shoshilmadi. Keyinchalik, 1820 yillarning oʻrtalarida ispan tilidan bir qancha mumtoz dramalarni fransuz tiliga tarjima qiladi va ularni bir muqova ostida chop ettiradi (uning mazkur tarjimalariga ispan sayyor teatri aktrisalaridan biri taqriz ham yozdi). 1827 yili Merimening “Gusli” deb nomlangan xalq ogʻzaki ijodidagi afsonalar va mashhur latifalardan iborat ikkinchi toʻplami chop etildi. Toʻplam ancha-muncha shov-shuvlarga sabab boʻldi.

Merime ijodida tarix mavzusi hamisha muhim oʻrin tutardi. Chunki u tarixni juda koʻp oʻqigan va tarixiy voqealarni badiiy asarlarda aks ettirishni xush koʻrardi. 1928–1829 yillarda dunyoga kelgan “Jakeriya”, “Karvaxallar oilasi” kabi dramalari, “Karl IX davri xronikasi” romani Fransiya tarixini teran aks ettiruvchi ana shunday solnoma-asarlaridan hisoblanadi.

Merime nashriyotlarda ham maʼlum yillarda faoliyat yuritgan, “Revue de Paris”, “National” kabi yirik nashriyotlar bilan juda yaqin aloqada boʻlgan. Aynan mana shu nashriyotlar uning “Tamango”, “Perl Toledo”, “Etrusklar vazasi”, “Qoʻsh xato” kabi qissalarini chop qiladi. 1839 yilda u Korsika oroliga sayohat qiladi. Bu sayohat davrida uning “Kolombo” qissasi dunyoga keldi.

Uning eng mashhur asari – “Karmen” novellasi 1845 yil yoziladi. Loʻli qiz Karmen obrazi orqali shuhrat qozongan mazkur asar motivlari boʻyicha Lyudovik Galevi va Andre Melyaklar tomonidan yaratilgan libretto fransiyalik kompozitor Jorj Bizening shu nomli operasiga asos boʻldi. Opera va unga yozilgan musiqa ohanglari bugungi kunda ham dunyoga juda mashhurdir. “Norozilik”, “Ikki voris yoxud Don Kixot”, “Afrika sevgisi” dramalari ham boshqa asarlari singari Yevropa va jahon teatrlari sahnalarida muvaffaqiyat qozonadi. Pyesalari jamlangan “Klara Gasul teatri” kitobi esa dunyoning juda koʻp tillariga tarjima qilingan.

Adabiyotga muhabbat va tarjima Prosper Merime ijodining yana bir muhim, ajralmas qismi boʻlganligi sababli, uning tarjimalari ham eʼtiroflarga munosib. Merime avvalo rus adabiyotining ashaddiy muxlisi edi. Qolaversa, u rus adabiyotini va rus tilini chuqur oʻzlashtirganligi bilan Fransiyada katta obroʻga ega boʻlgan. Pushkin, Turgenov va Gogolning asarlarini aslida oʻqigan, ularning ijodiga katta ehtirom bilan qaragan, asarlarini tarjima qilib, fransuz xalqiga yetkazishga intilgan. 1849 yilda u Pushkinning “Qargʻa motkasi” asarini fransuz tiliga tarjima qildi, Gogol haqida oʻnlab maqolalar, adabiy etyudlar yozdi, 1853 yilda Gogolning “Revizor” komediyasini, Turgenevning “Otalar va bolalar” romanini fransuz tiliga oʻgirdi. U rus davlati tarixiga ham jiddiy qiziqib, shoh Pyotr I haqida juda koʻp maqolalar chop ettiradi. Bundan tashqari Gretsiya, Italiya va Rim tarixi, qirollar hayoti haqida xronik-tarixiy asarlar yozgani uchun ham tarixchi olimlar orasida doimo ardoqda boʻladi.

“Lokis” nomli qissasi Merime umrining oxirgi yillarida chop etilgan eng soʻnggi ijod namunasi boʻldi. Uning vafotidan keyin “Soʻnggi novellalar” nomi ostida eng yaxshi hikoyalari va “Moviy xona” nomli xatlar toʻplami nashr qilinadi. Yozuvchining qissalari dunyoning koʻp tillariga, shu jumladan, oʻzbek tiliga ham tarjima qilingan.

Uning qahramonlari ham oʻzi kabi hamisha joʻshqin, mehnatga va mehrga tashna, kurashuvchan obrazlardan iborat. Atoqli rus tadqiqotchisi Yu. M. Lotman maqolalarining birida yozuvchi ijodining xos jihatlari haqida shunday yozadi: “Ekzotika, fantastika, mifologiya Merime ijodida hamisha aniq makonda, aniq chiziqlarda tasvirlanadi”. Yaʼni, bir soʻz bilan aytganda, Merimening badiiy tafakkur yoʻli romantika va reallik oʻrtasidadir. Shu tufayli u hamisha qalbga yaqin, hamisha zamonaviy yozuvchi sifatida nom qozonib keldi. Bugungi kunda ham u butun dunyo nazarida, asarlari ekranlashtirilgan, teatr sahnalarida, oʻquvchilar qoʻlida takror-takror tilga olinadi. Xususan, uning birgina “Karmen” asarining oʻzi turli yillarda AQSH, Fransiya va Rossiya kinoijodkorlari tomonidan bir necha bor film qilib ekranga olib chiqildi. 2011 yilda fransuz rejissyori Jak Malatye suratga olgan “Karmen” filmi Prosper Merime filmografiyasining eng soʻnggi yangiliklaridandir. Darvoqe, yozuvchining asarlari oʻzbek teatr sahnasida ham oʻz tilimizda jaranglagan. “Yalmogʻiz xotin” asari Nabi Abduraxmonov tomonidan Oʻzbek Davlat drama (avvalgi Yosh gvardiya) teatrida, 2012 yilda Maʼmur Umarov tarjima qilgan “Afrika sevgisi” nomli kichik pyesasi Muqimiy nomidagi Davlat musiqali teatrida sahnalashtirilgan edi.

 

M. MUHAMMADAMINOVA tayyorladi.

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–9

Oldingi sahifaTomsuvoq
Keyingi sahifaIjod va eʼtiqod
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.