Jan Jak Russo

0
728
marta koʻrilgan.

Mashhur fransuz maʼrifatparvarlaridan biri Jan Jak Russo 1712 yilda Jeneva shahrida protestantlar oilasida tugʻiladi. Uning otasi soatsoz va musiqa muallimi boʻlgan, onasi esa Russo goʻdaklik chogʻida vafot etgan.

Russo tabiatan gʻoyat taʼsirchan va hassos edi. Bu hassoslik uning asarlarida, qarashlarida oʻz aksini topadi. Uning qarashlari Yevropada romantizm gʻoyalarini shakllantirishga ulkan taʼsir koʻrsatgan. U inson tabiatidagi hissiyotlarni, rango-rang tuygʻularni, ehtiroslarni ratsional aqldan ustun koʻradi. Uning deyarli barcha asarlari sivilizatsiyaga muxolif ruhda yozilgan.

1750 yilda Dijon akademiyasi “Ilm-fan taraqqiyoti insoniyatga nima berdi?” mavzusida maqolalar tanlovini eʼlon qiladi. Russoning mazkur mavzudagi maqolasi akademiyaning mukofotiga loyiq, deb topiladi. Bu maqola unga katta shuhrat keltiradi. Russo ilm-fan taraqqiyoti insoniyatni baxt-saodatga emas, aksincha, halokatga olib borayotganini taʼkidlaydi. Uning fikriga koʻra, shuhratparastlik, hashamdorlik asosiga qurilgan fan va sanʼatning taraqqiyoti insondagi barcha muqaddas hislarning aynishiga, toptalishiga sabab boʻladi. Russoning bu boradagi oʻziga xos gʻoyalarini XX asrdagi antisiyentizm falsafiy oqimining qarashlarida ham uchratish mumkin. Umuman olganda, Russoning koʻplab gʻoyalari keyingi davr falsafiy, siyosiy, badiiy qarashlariga katta taʼsir koʻrsatgan.

Uning “Iqrornoma”, “Yangi Eloiza”, “Emiliya”, “Ijtimoiy tengsizlik haqida mulohazalar” kabi asarlari keng jamoatchilikda katta qiziqish uygʻotdi va unga mashhurlik olib keldi. Biroq, shunga qaramay, aynan shu asarlari uchun Russo Fransiya hukumati tomonidan tazyiqqa uchradi hamda Fransiyani tashlab Angliyaga ketishga majbur boʻldi. U 1778 yilda ruhiy xastaligi bois Parijga qaytib keladi va u yerda ogʻir xastalikka dosh bera olmay vafot etadi.

 

Oygul Asilbek qizi

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–3

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.