Iztirob ulgʻaytirgan adib

0
329
marta koʻrilgan.

Rus adabiyotining ulkan namoyandasi Fyodor Dostoyevskiy hayotining soʻnggi damlaridagina mashhurlikka erishgan boʻlsa, olamshumul shuhratga oʻlimidan soʻng erishdi.

Tarixiy manbalarga koʻra, Fyodor Dostoyevskiy ota tomondan dvoryanlarga mansub boʻlib, ularning mulki boʻlmish Dostoyevo yerlari XVI-XVII asrlarda hozirgi Belarus respublikasi hududida joylashgan ekan. Bu mulkiy yerlar 1506 yilda buyuk knyaz Fyodor Yaroslavich tomonidan qilgan xizmatlari uchun Danila Rtishevga tortiq qilingan. Shundan keyin Rtishev va uning avlodlari oʻzlarini Dostoyevskiy deb atay boshlashdi.

Yozuvchining bobosi Andrey Dostoyevskiy ruhoniy boʻlgan. Otasi Mixail Dostoyevskiy imperatorlik tibbiy-jarrohlik akademiyasida tahsil olgan. Onasi Mariya Nechayeva badavlat savdogar oilasida tugʻilgan edi. 1812 yilgi urushdan soʻng oila mol-mulkining katta qismini yoʻqotdi. Fyodor onasining mehribon va xokisor ekanligini bot-bot takrorlaydi. Fidoyi ayol turmush oʻrtogʻiga sakkiz farzand – toʻrt oʻgʻil va toʻrt qizni hadya etadi. Buyuk adib ijodini tadqiq qilgan mutaxassislar Dostoyevskiy volidai muhtaramasi timsolida koʻpgina obrazlar yaratganligini eʼtirof etishadi.

Fyodor Mixaylovich Dostoyevskiy 1821 yilning oktyabr oyida Moskva shahrida tavallud topdi. U serfarzand oilaning ikkinchi farzandi edi. 1828 yilda Fyodor nasliy dvoryan maqomini oldi. Onasi taqvodor ayol edi. U har yili farzandlarini Troitsa Sergiyev lavriga olib borar, ularga “Koʻhna va Yangi oʻgitlarning bir yuzu toʻrtta muqaddas voqealari” kitobini oʻqishni oʻrgatardi. Keyinchalik yozuvchi “Aka-uka Karamazovlar” romanida qariya Zosimning bolaligi hikoyasida ushbu kitob haqida aytib oʻtgan. Ularning uylarida Karamzin, Derjavin, Jukovskiy, Pushkin asarlari koʻp mutolaa qilinardi. Dostoyevskiy ulgʻaygach, Yevangeliye muqaddas kitobini tili chiqishi bilan yod olganini eslaydi. 1832 yildan boshlab, Dostoyevskiylar yozni Tula guberniyasidagi Darovoye qishlogʻida (otasi bu yerni sotib olgandi) oʻtkazishardi.

Dastlab uy sharoitida taʼlim olgan Fyodor, 1833 yilda akasi Mixail bilan Drashusov pansionida tahsil oladi. 1837 yilda onasi sil kasalligidan vafot etadi. Bu kichik Fyodor uchun ulkan zarba boʻldi. Bu boʻshliqni faqat adabiyotga boʻlgan muhabbatgina toʻldira oldi. Aka-ukalar oʻqishni Peterburgda davom ettirishdi. Fyodor muhandislar bosh bilim yurtida oʻqiy boshlaydi. 1839 yilda oila boshligʻi – Mixail Dostoyevskiy ham vafot etadi.

1844 yilda Dostoyevskiy “Bechora odamlar” romani gʻoyasini oʻylab qoʻydi. Uning hamxonasi Grigorovich qoʻlyozmalarni Nekrasovga yetkazdi. Ular kechasi bilan uxlamay, “Bechora odamlar”ni oʻqib chiqishdi. Tong saharlab Dostoyevskiy huzuriga oshiqishdi va qalblarini chulgʻab olgan hissiyotlarni ulashishga harakat qilishdi.

“Yangi Gogol tugʻildi!” deya Nekrasov qoʻlyozmalarni Belinskiyga topshirdi. U ham oʻz navbatida “Ushbu roman rus hayotining shu paytgacha hech kimning hatto tushiga kirmagan sir-asrorlari, feʼl-atvori va tabiatini ochib berdi”, deya asarni yuqori baholadi.

1846 yilda Dostoyevskiy aka-uka Beketovlar toʻgaragiga qatnay boshlaydi. Bu yerda nafaqat adabiyotga doir, balki siyosiy masalalar ham muhokama qilinardi. Bunday yigʻinlarga 1849 yil 23 aprel kuni barham berildi. Hibsga olinganlar orasida Dostoyevskiy ham bor edi. Mahbuslar Petropavlovsk qalʼasiga zindonband qilindi. Dastlab oʻlimga mahkum etilgan Dostoyevskiyning jazosi 4 yillik surgun bilan almashtirildi. U dvoryanlik maqomi va bor-budidan ayrildi. Surgunda ashaddiy kallakesar jinoyatchilar qurshovida boʻlgan yozuvchi oʻsha paytdagi ruhiyatini quyidagicha tasvirlaydi: “Soʻz bilan ifoda etib boʻlmaydigan, cheki yoʻq azobli kunlar… Har bir daqiqa goʻyo asrga tatirdi… Ruhiy iztiroblar, yolgʻizlik, sogʻinch, “oʻz ustimdan sud qilish”, “oʻtgan hayotimni tahlil qilish”, tushkunlik va ishonchgacha boʻlgan hissiyotlarning murakkab uygʻunlashuvi meni buyuk taqdir sohibiga aylantirdi…” Keyinchalik bunday “ruhiy holat” tajribasi Dostoyevskiyning “Halokat uyidan yozishmalar” (1860–1862) romanining biografik asosi boʻldi.

1854 yilda Dostoyevskiy askar, 1855 yilda unter-ofitser, 1856 yilda praporshik unvonlarini oladi. 1857 yilda u dvoryanlik maqomini tiklaydi va asarlarini nashr ettirish huquqini oladi. Surgunda boʻlgan Dostoyevskiy Qurʼoni karimni oʻqiydi, buyuk faylasuflar I. Kant, Gegel asarlari bilan tanishadi, fizika, fiziologiya fanlarini, nemis tilini mukammal oʻrganadi. Fyodor Mixaylovich uchun mahalliy aholining eshiklari doim ochiq edi. U hatto, harbiy gubernator uyining aziz mehmoni boʻladi. Juda koʻp doʻst-birodarlar orttiradi. Ular orasida bojxona mansabdori Aleksandr Isayev ham bor edi. U vijdonli, oliyjanob boʻlishiga qaramay, ichkilikka mukkasidan ketgandi. Uning rafiqasi xushroʻy va aqlli Mariya tez orada Dostoyevskiyning doʻstiga aylanadi. Aytishlaricha, Mariyaning Dostoyevskiyga boʻlgan doʻstona munosabatini yozuvchi notoʻgʻri tushunadi va unga oshiqu beqaror boʻladi. Bu sevgi unga faqat azob keltiradi. Isayevlar Kuznetskka koʻchib oʻtadi. Ishq azobi endi faqat misralarga jo boʻladi. 1855 yilda Isayev vafot etadi. Endi sevgimga erishdim deganda Mariyaning uyezd oʻqituvchisi Vergunov bilan qiziqib qolganligi maʼlum boʻladi. Sevgisi uchun kurashgan Dostoyevskiy juda koʻp qiyinchilik va ogʻir ruhiy kechinmalarni boshidan kechiradi.

1856 yilda Dostoyevskiy doʻstlari yordamida (ular shaxsan imperator Aleksandr IIga murojaat qilishadi) praporshik unvonini oladi. Toʻliq erkinlikka erishgan praporshik Dostoyevskiy Kuznetsk shahriga borib, sevgilisining qoʻlini soʻraydi. 1857 yilda ularning toʻylari boʻladi. Xuddi shu yili u dvoryanlik maqomini tiklaydi va asarlarini nashr ettirish huquqini oladi. Ularning turmushini baxtli deb boʻlmasdi. Chunki Kuznetskdan Semipalatinskka qaytayotganda, Mariya erining tutqanoq tutishiga guvoh boʻladi (Dostoyevskiy yoshligidan bu kasallikka chalingandi, lekin vaqt oʻtishi bilan bunday “xurujlar” dahshatli epilepsiyaga aylana bordi). Bunday manzaradan dahshatga tushgan Mariya shu-shu turmush oʻrtogʻiga nisbatan hech qanaqa hislarni tuymaydi. Rafiqasining oʻlimidan keyin Dostoyevskiy Vrangelga yozadi: “Oh, mening doʻstim, u meni benihoya sevardi. Men ham uni cheksiz sevardim, biroq biz baxtli boʻlolmadik…”

1859 yilda Fyodor Dostoyevskiy kasalligi tufayli isteʼfoga chiqadi. Oʻsha yil oxirida Peterburgga koʻchib oʻtadi va akasi Mixail bilan birga “Vremya”, keyinchalik “Epoxa” jurnallarini nashr ettiradi. Bu paytda u muharrirlik ishini ijodiy faoliyati bilan uygʻunlikda olib boradi: publitsistik, adabiy-tanqidiy maqolalar, munozarali qaydlar, badiiy asarlar yozadi. “Vremya” jurnalining mavqeini koʻtarish maqsadida Dostoyevskiy oʻzining “Xoʻrlanganlar va haqoratlanganlar” romanini chop etadi. Asarning birgina nomi XIX asr tanqidchilari tomonidan yozuvchi ijodining yorqin timsoli va hatto, rus adabiyotining haqiqiy insoniylik shavqi ramziga aylandi.

1864 yil Dostoyevskiy uchun birin-ketin ogʻir zarbalarni hozirlab qoʻygandi. Bahorda suyukli ayoli sil kasalligidan vafot etadi, yozda esa suyangan togʻi – akasi Mixail ham dunyodan koʻz yumadi. “Mana, bu dunyoda men ham yolgʻiz qoldim. Negadir, qoʻrqib ketayapman… Sevgan insonlarimning oʻrnini hech kim bosa olmasligini endi anglayapman. Bu dunyoda faqatgina ularni yaxshi koʻrgan ekanman… Chor atrofim sovuq va qorongʻu…” deb yozgandi u kundaliklarida. Ruhiyatini sindirgan ayriliq damlarida uning hayotiga Appolona Suslova kirib keladi. Appolona bilan Yevropaga yoʻl olgan yozuvchi Baden-Baden qimorxonalarining doimiy mijoziga aylanadi. Bunday aysh-ishratli hayot “Qimorboz” romanining yaratilishiga turtki boʻladi. Bu orada uning jurnallari ham inqirozga uchradi. Akasining oilasi xonavayron boʻlmasligi uchun u nashrlarining veksellarini sotadi. Oʻshanda moliyaviy ishlarni yaxshi tushunmaydigan Dostoyevskiy orqasidan ayrim kimsalar boylik orttirishdi. Bor-budidan ayrilib, qarzlarga botgan Dostoyevskiy qamoqqa tushmaslik uchun noshir Stellovskiyga asarlarini nashr etish huquqini sotishga majbur boʻladi. 1866 yilning 1 noyabrigacha yangi roman yozish majburiyatini oladi. Dostoyevskiy kreditorlar, politsiyadan uzoqroq boʻlish maqsadida chet elga ketadi. U bu yerda tinch va sokin muhitda romanini yozishga kirishadi. Biroq qimorga boʻlgan ulkan ishtiyoq uni yana oʻsha joylarga boshlaydi. Visbadenda besh kun ichida u hamma narsasini, hatto, qoʻl soatini ham yutqazadi. Ana shunday sharoitda Dostoyevskiyning buyuk asari – “Jinoyat va jazo” yaratiladi. Romanning birinchi qismi 1866 yil “Russkiy vestnik” jurnalida chop etiladi. Asarga yuqori baho berildi. Hatto, Dostoyevskiyning dushmanlari ham “Jinoyat va jazo” rus adabiyotining buyuk asarlaridan biri ekanligini eʼtirof etishdi. Belgilangan muddatga bir oy qolganda yozuvchi “Jinoyat va jazo”ni toʻxtatib turishga va “Qimorboz” romanini yozishga majbur boʻladi. Kitobni tezroq yozish maqsadida Fyodor Mixaylovich stenografiya boʻyicha taniqli oʻqituvchi Olxendan unga stenografistkachi topib berishni iltimos qiladi. Olxen eng yaxshi talabalaridan biri boʻlgan, 20 yashar Anna Snitkinani unga yordamchi qilib yuboradi. Ular birgalikda asarni 26 kunda yozib tugatishga muvaffaq boʻlishadi. Bu vaqt oraligʻida Annushka (Fyodor Mixaylovich qizni shunday deb erkalardi) adib uchun eng qadrli insonga aylanib ulgurgandi. Endi Dostoyevskiy Annaga javob berishi kerak edi. Ammo… Dostoyevskiy qalbini nurlarga toʻldirgan qizdan ayrilishni istamasdi. Shunda u qalbi guldek begʻubor Annani sevib qolganligini anglaydi, biroq rad etilishidan qoʻrqib, u bilan birga oʻtkazayotgan vaqtni iloji boricha uzaytirishga harakat qiladi. Ana shunday kunlarning birida Fyodor Mixaylovich Annaga, yoshgina qizni sevib qolgan qari rassom haqidagi voqeani aytib beradi. Hikoyasi soʻnggida, “Agarda oʻsha qizning oʻrnida siz boʻlganingizda qanday yoʻl tutardingiz? Uning sevgisiga javob berarmidingiz?” deb unga murojaat qiladi. Ziyrak Anna adibning yuz ifodasidan gap nima haqida ketayotganligini darrov tushunadi. Bu voqeaning haqiqiy qahramonlari kim ekanligini ham biladi. U shunday deb javob beradi: “Men… men ham unga sevishimni aytardim… Bir umr uning yonida qolishga rozi boʻlardim…” 1867 yilning fevralida ular nikohdan oʻtishadi.

Ammo Dostoyevskiy rafiqasini har qancha sevmasin, Annaning hayoti noxushliklardan boshlanadi. Gap moddiy yetishmovchilikda emasdi. Erining qarindoshlari Annaga yomon munosabatda boʻlishdi. Ayniqsa, Fyodor Mixaylovichning oʻgay oʻgʻli (Mariyaning birinchi turmushidan farzandi) Pyotr Isayev Annani oʻziga raqib deb bildi. Hech qayerda ishlamaydigan, oʻgay otasining hisobiga yashaydigan Pyotr, goʻyoki tugʻilajak uka-singillari uni merosdan mahrum qilayotgandek, Annani qanday qilib boʻlmasin, bu uydan siqib chiqarishga urinardi. Kelinoyisi ham turli bahonalar bilan Annaning hayotini doʻzaxga aylantirdi. Boshqa bunday yashab boʻlmasligini anglagan Anna oilasini saqlab qolish maqsadida turmush oʻrtogʻini chet elga koʻchib ketishga koʻndiradi.

Shundan keyin ular begona yurtlarda sarson-sargardonlikda umr kechirishadi. Toʻrt yil davom etgan bunday hayot qaytanga ularning nikohini yanada mustahkamladi. Germaniyada Dostoyevskiy yana qimor oʻyinlariga oʻralashib qoladi. U yana hamma narsasini qimorga tikadi. Uyga hech narsasiz kelgan erini Anna yana kechiradi. U biladi: suyuklisi qimor girdobidan chiqa olmayotganini tushunadi. Dostoyevskiy boshqa oʻynamaslikka soʻz beradi. Baden-Badenga koʻchib ketishadi. Yana qimor. Hammasi boshidan boshlanadi. Faqat bu safar yutqazadigan pulning oʻzi yoʻq edi. Hali yozilmagan asari uchun noshir Katkovdan 500 rubl miqdorida avans oladi. Bu pulni ham bir kunda yutqazadi. Endi nima qilish kerak? Rafiqasiga sovgʻa qilgan zirak va nikoh uzugini pullaydi.

Jenevaga koʻchib oʻtishgach, Dostoyevskiy “Telba” asarini yoza boshlaydi. Tanqidchilar Dostoyevskiy asarlarini tugallanmaganlikda ayblashadi. Syujetlar tizgini shunchalik tiqilinch ediki, ular asar oʻrtasiga borib deyarli unutilib ketardi. Gap shundaki, Dostoyevskiy badavlat Turgenev va Tolstoydan farqli oʻlaroq, nashriyotlarga asarlarining xomaki nusxasini berishga majbur edi. Chunki u ana shu qoʻlyozmalarga toʻlanadigan avanslar hisobiga yashardi. Noshirlar qoʻygan muddatda tugatish uchun u yashin tezligida ishlashga majbur edi. Uch oylik qizalogʻi – Sonyaning oʻlimi yozuvchiga qattiq taʼsir qildi. Tushkun holatdan uni faqat ish chalgʻita olardi. Mana shunday sharoitda tanbeh-asar deb nom olgan “Shaytonlar” asari yaratiladi. “Telba” va “Shaytonlar” yozuvchining vatanida katta shov-shuvlarga sabab boʻladi. Unga navbatdagi mashhurlikni olib keladi.

1871 yilda Peterburgga qaytgan Dostoyevskiyning hayoti iziga tushadi. U “Yozuvchining kundaligi” asari ustida ishlaydi, mashhur romani “Aka-uka Karamazovlar”ni yozadi. Birin-ketin farzandlari tugʻiladi. Uni bir umr sevgan, tushungan ayoli – Anna doimo yonida edi. Yozuvchining baxtli onlari shu edi aslida…

 

Dildora TURDIYEVA

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 10-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.